Mehr sevimli mashg'uloti edi

Insonning beqiyos fazilatlari serob. Ayniqsa hayotda yaxshi va mehrli inson bo'lish katta baxt. Butun hayotini yaxshilikka va mudom mehr ko'rsatishga bag'ishlagan fidoyi va ajoyib inson, uzoq yillar res­publika bolalar nashrlarida turli vazifalarda halol va fidoyilik bilan ishlagan Manzuraxon Ubaydullayeva vafot etdi. Uning 60 yosh ostonasidan o'tganiga ko'p bo'lgani yo'q. Manzuraxon hali yashashi kerak edi. Afsuski, so'nggi yillarda unga yopishib olgan dard oldin sog'lig'iga putur yetkazdi, so'ng hayotiga yakun yasadi.

Bu kamtarin va samimiy insonni bilganlar, u bilan ishlaganlar bevaqt vafot etganini eshitib qayg'uga botdilar. “Yaxshilar u dunyoga ham kerak ekan”, deb o'zlariga taskin berib, ruhi pokiga yig'lab duolar qildilar.

To'g'risi, sira ishongim kelmayapti. Lekin Ollohning xohishi shunday bo'lsa, biz, ojiz bandalarning qo'limizdan nima ham kelardi? Shoir Maxtumquli yozganidek: “Kelib ketmoq dunyo bu”.

Manzuraxon bilan birga ishlaganlar, tahririyatlarga xizmat bilan kelganlar yoki mehmon bo'lganlar albatta bu mehribon va shirinso'z ayol qo'llarida choy emas, balki bir piyola limmo-lim mehr uzatgan ekan. Endi bu mehr to'la piyolalarni qo'msaymiz. Qo'msab yuraklarimiz o'rtanadi. Na iloj? Hamkasbimiz, taniqli ijodkor Muhabbat Hamidova aytganidek, “Manzura oddiy choy bilan ham bizga yuksak insoniy mehrini namoyon etib, hammamizga betakror saboq berib ketgan ekan…”

Haqiqatan u hamkasblariga ochiq ko'ngil bilan yaxshilik qilishni, chin dildan mehr ko'rsatishni har kunlik insoniy burchi va sevimli mashg'uloti, deb bilardi Bemor bo'lib kasalxonaga tushgan xodimlardan albatta, birinchilardan bo'lib xabar olardi. U yaxshilik va mehr ko'rsatishda odam tanlamasdi. Masalan, “Gulxan” jurnalida turli davrlarda jurnalga rahbarlik qilgan ustozlardan Abdulla Oripov, Safar Barnoyev, Omon Matjon va kamina ham bu daryodil insonning yuksak mehridan, yaxshiliklaridan, samimiy so'zlaridan bebahra qolmaganmiz. Ayniqsa, Manzuraxon Ubaydullayevaning taniqli shoir Omon Matjonga bo'lgan hurmati, mehri bo'lakcha edi. Shoirning rafiqasi Maqsudaxon opa bilan tez-tez telefonlashib, shoirning ahvolidan boxabar bo'lib turardi. Jinday tobi qochsa yo kasalxonaga tushsa, albatta borib ko'rib kelardi va ertasi kuni ishga keliboq, hammaga birma-bir shoirning samimiy salomini yetkazardi.

Shuningdek, uzoq yillar “G'uncha” jurnalida ishlagan taniqli jurnalist Tursunpo'lat Xolmuhammedovni “dodam”, taniqli bolalar shoiri Mahmud Murodovni “otam”deb, mehr ko'rsatib, ularga juda mehribon edi. Bu insonlar ham Manzuraxonga aka-otadek mehr ko'rsatib, go'yo tug'ishgan singillaridek ardoqlar edilar. Bunday beminnat mehrdan barcha ishlaganlar – Vasila Po'latova, To'lqin Hayit, Feruza Odilova, Feruza Jalilova, Mirvosil Odilov va boshqa ko'plab ijodkorlar bahramand bo'lganlar.

U biror ta'ma, xushomad uchun yoki muharrirlarga yoqish uchun bunday ishlarni aslo qilmas edi. Uning xarakteri, fe'li shunday edi. Barcha fazilatlari, muomalasi insoniy va tabiiy edi. U hech qachon odamlardan yomonlik, biror illat qidirmagan. Va “falon odam undoq, pismadonchi bundoq”, deb gapirganini birov eshitmagan. U inson zotiga yaxshilik va mehr ko'zlari bilan qaragan, hayot ham yaxshilik va mehrdan iborat, deb bilgan.

Biz ko'pincha mashhur va ulug' zotlarning sermazmun hayoti, umr yo'llari va fazilatlarini boshqalarga ibrat qilib yozamiz. Lekin oddiy insonlarning namuna bo'ladigan yorqin hayotini, insoniy amallarini kam eslaymiz.

Hazrat Jaloliddin Rumiy shunday yozganlar:

Mehri poklarni aziz tut erta-kech,

Mehri yo'qlarga ko'ngil berma hech.

Manzuraxon hamma havas qiladigan barkamol oilaning sohibasi edi. Turmush o'rtog'i Nosirjonni doim “Boy ota”, deb chaqirardi. Uning pok niyatlari ijobat bo'lib, bu ajoyib oila boy-badavlat bo'lib ketdi. O'g'li Lutfulla, qizlari Nozima, Gulchehrani o'ziday mehribon, samimiy, oilaparvar insonlar qilib tarbiyaladi. Ular turli oliy o'quv yurtlarini tamomlab, o'z kasblari bo'yicha ishlamoqdalar. Faqat shirin-shakar nabiralarning mehr-muhabbatiga to'ymay ketdi, Manzuraxon!

Bu oddiy, kamtar, xokisor inson bizlarga yaxshilik umr bezagi ekanligiga va yuksak insoniy mehrdan bebaho saboqlar berib ketdi. Mehrdan yiroq kimsalarga mehr borligini, mehr bilan yaxshilik inson umri barhayotligini o'z hayoti misolida ko'rsatib namoyon etdi.

Bolalar nashrlarida ko'p yillar texnik muharrir, xatlar bo'limi mudiri vazifalarida sidqidildan mehnat qildi. O'zining kamtarligi, samimiyligi va barchaga yaxshilik sog'inishi bilan yuraklarda qoldi. Ijodkor do'stimiz Bahrom Akbarov esa uning vafotini eshitib, hayot va umr yo'llari chin inson qissasiga arzigulikdir, deydi.

Men esa Manzuraxonning vafot etganligini eshitganimda beixtiyor xassos shoirning ushbu mis­ralarini dilimdan o'tkazdim:

Nazar etgil, yoshu keksa,

Bir malhamga zordir bu kun.

G'azabni qo'y, faqat mehr,

Faqat mehr kordir bu kun.

 

Ashurali JO'RAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 8 =