Ustozning boqiy ilmiy merosi

yoxud ulug' arabshunos olim haqida o'ylarim

 

Xalqimizning ulug' zotlaridan biri bo'lgan Ubaydulla Uvatov haqida juda ko'p fikrlarni bayon qilgim keladi: uning odamiyligi, do'stlarga mehr-muhab­bati, shogirdlariga mehribonligi, oilaparvarligi va eng muhimi buyuk yurtimizni sevuvchi, e'zoz­lovchi, ajoyib   vatanparvarligi haqida ko'p o'ylayman. Ustoz 80 yildan ko'proq umr ko'rdilar, albatta bu ulug' yosh. Shunday bo'lsa-da, hozirgi kunda jamiyatimizda, ilmiy tadqiqot ishlarida, qo'yingki, islom dini ma'naviyati masalalarida Ubaydulla akaning o'rni yaqqol sezilib turadi.

Ubaydulla Uvatovning oxiratlari obod bo'lsin deb duo qilamiz. U kishini har lahza sog'inamiz, eslaymiz, jamiyatimizda shunday bebaho insonning yetishmayotganligidan ba'zida aziyat chekamiz. O'zimga aytaman — noshukur bo'lma, axir ustozning 100 ga yaqin kitoblari, risolalari, ilmiy maqolalari borku. Nafaqat o'zimga, balki jamiki ilm ahli, ma'naviyat fidoyilari, ayniqsa, yoshlarimizga Ubaydulla aka qoldirgan ilmiy merosning targ'ibotini kuchaytirish kerakligini hamisha ta'kidlagim keladi.

Men 1973-1978 yillar mobaynida Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning tarix fakulteti xalqaro munosabatlar bo'limida tahsil olib, uni imtiyozli dip­lom bilan tugatganman. Hali talabalik yillarimdayoq Sharq masalalariga, shu bilan birga arab dunyosida bo'layotgan voqealarga katta qiziqish bilan qaraganman. O'sha davrdayoq Ubaydulla Uvatovning ilmiy risolalari va maqolalari bilan tanishib borar edim.

Taqdir taqozosi bilan o'tgan asrning 80 yillari boshlarida Ubaydulla akadek mehribon ustoz bilan tanishish va u kishining cheksiz ilmiy salohiyatidan bahra olish nasib etdi. Bu borada universitetdagi domlachiligim va televideniedagi faoliya­tim ustoz bilan yaqinlashishga asos bo'ldi. Chunki sohamiz juda yaqin, u kishi taniqli arabshunos, men esa jahonda bo'layotgan voqealarni, xususan, arab dunyosidagi voqea-hodisalarni siyosiy jihatdan tahlil etishga harakat qilar edim. Aynan shu jarayonda Ubaydulla akaning ko'rsatmalari, o'gitlari va maslahatlari men kabi siyosiy sharhlovchilar ijodiga koni foyda edi.

Bu borada dastlabki sinovlar mustaqillikka erishish ostonasida sodir bo'ldi desam xato emas. Ayrimlarini eslab qo'ysam. 1990 yilning sentyabr oyi­­da Abu Iso at-Termiziyning 1200 yilligi keng nishonlandi. U paytda jonajon O'zbekistonimiz hali mustaqillikka erishmagan bo'lsa-da, bu muqaddas g'oya uchun harakat keng quloch yoygan davr edi. Albatta, bu yo'ldagi intilishlardan biri Abu Iso at-Termiziy kabi zotlarni anglashdan boshlandi desak, mubolag'a bo'lmaydi. Ushbu yubiley munosabati bilan televidenieda turkum ko'rsatuvlar yo'lga qo'yildi. Shunday ko'rsatuvlardan bir nechtasini olib borishimga to'g'ri keldi. Diniy-ma'rifiy va ma'naviy mazmundagi turkum ko'rsatuvlarni tayyorlashda Ubaydulla Uvatov katta jonbozlik ko'rsatdilar. Darvoqe, u kezlari Ubaydulla aka Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari qo'mitasiga yetakchilik qilar edilar.

Ko'rsatuvlarni tayyorlashda menga juda og'ir bo'lgan edi degan fikrdan yiroqman. Ammo tayyorlanayotgan ko'rsatuvlarning sermazmun va xalqona bo'lishida ustoz ko'plab maslahatlar berganligini aytib o'tmoqchiman. Ubaydulla Uvatov ishtirok etgan va men boshlovchilik qilgan turkum ko'rsatuvlarda o'sha kezlardagi O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy idorasining rahbari, muftiy, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham ishtirok etganlarini faxr bilan eslayman.

Ubaydulla akaning mehr-muhabbat borasida tengsiz ekanligi haqida menda juda ko'p xotiralar bor. Avvalo, do'stlariga sadoqatli, yoshlarni himoya qiladigan va ilmni har tomonlama qadrlaydigan inson edilar. Shu o'rinda U. Uvatovning ilmiy merosidan ayrimlariga to'xtalib o'tishni maqsadga muvofiq deb topdim.

Ustoz 1994 yili “Donolardan saboqlar” nomli mo''jazgina risolani nashr qildilar. Unda Imom al-Buxoriy, at-Termiziy, Abu Nasr al- Utbiy, Muslim ibn al- Hajjoj kabi ulug' zotlar hayoti va ijodi haqida yangi ma'lumotlar e'lon qilindi. Oradan bir yil o'tib 1995 yili U. Uvatov Muslim ibn al- Hajjoj haqida alohida kitob chiqardilar. Ma'lumki, bu buyuk muhaddisning “Sahih Muslim” asari musulmon olamida katta o'rin tutadi. Shuni eslatib o'tish muhimki, ustozning zahmati evaziga dunyo yuzini ko'rgan ushbu kitobda xalqimiz orasida “Abomuslim” deb nom chiqargan muhaddis Imom Abu Muslim ibn al-Hajjojning hayoti va faoliyati haqida qiziqarli tarixiy ma'lumotlar keltirilgan.

Olimlar haqida gap ketganda “falon olim falonchi yillarda rosa gullagan” degan ibora ham qo'llaniladi. Men ustoz haqida o'ylar ekanman u yashagan 80 yildan ko'proq davrning hammasi ham gullagan, ravnaq topgan desam mubolag'a bo'lmaydi. Ubaydulla aka bilan ko'p suhbatlashganman. U kishi arab dunyosini juda chuqur bilar edi. Ayniqsa, Misr, Suriya va Iroq kabi mamlakatlarning tarixi, xalqlari, urf-odatlari, yutug'u muammolarini kishini hayratga solarli darajada gapirib bergani yodimda. Masalan, Ubaydulla aka sobiq sho'ro zamonida Iroqda faoliyat olib borayotgan harbiylarga tarjimon bo'lganligini aytib, 60-70 yillarning murakkab siyosiy jarayonlari haqida qimmatli ma'lumotlarni so'zlab berganlarini hamon yod etaman.

Ustoz 1995 yili buyuk vatandoshimiz Mahmud Az- Zamaxshariy   haqida ajoyib risola yaratdilar. Bu risolada Sharq olamining zabardast olimi — Tafsir, Hadis, Sarfu-nahv, ya'ni grammatika, ilmi aruz, mantiqqa doir kitoblar muallifi xorazmlik Zamaxshariy hazratlarining hayoti va faoliyati keng yoritilgan. Qizig'i shundaki, ustoz Ubaydulla Uvatov bu risola bilan cheklanib qolmasdan, 2006 yili “Yangi asr avlodi” nashriyotida “Xorazmlik buyuk alloma” nomli kitobini e'lon qildilar. Ushbu kitob ilmiy salohiyati va ahamiyati nuqtai-nazaridan juda yuqori turadi. Chunki ushbu kitobda Zamaxshariyning hayot va ijod yo'li batafsil yoritilgan bo'lib, daholar va tadqiqotchilarning alloma haqidagi qimmatli o'gitlari ham berilgan. Aynan shu kitobda ustoz Ubaydulla aka Zamaxshariyning “Navobig' al-kalim” (“Nozik iboralar”) asari tarjimalari ham keltirilgan. Darhaqiqat, xorazmlik buyuk vatandoshimizning ushbu kitobi milliy merosimiz xazinasini yana ham boyitmoqda.

Professor U.Uvatovning asarlarida Imom al-Buxoriy, Abu Iso at-Termiziy, Al-Hakim at-Termiziy, Abul Mu'iyn an- Nasafiy kabi ulug' donishmandlarga alohida o'rin ajratilgan. Bular orasida U. Uvatov tomonidan nashr qilingan “Imon nuri” (1996 yil), “Muhaddislar imomi” (1998 yil), “Al-Hakim at-Termiziy” (2001 yil), “Abul Mu'iyn an-Nasafiy” (2003 yil), “Ikki buyuk donishmand” (2005 yil), (aynan shu kitob 2016 yilda “Ikki ulug' donishmand” nomi bilan to'ldirilgan holda qayta nashr qilindi), “Hadis ilmining sultoni” (2009 yil) va bosh­qa o'nlab kitob­lar, risolalar va qo'llanmalarni, yuzlab ma'rifiy maqolalarni keltirishimiz mumkin.

Ustozning ilmiy merosida arab tilidan tarjima qilingan bebaho kitoblar ham bor. Bularning orasida Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi” asari, Muhammad Usmon Jamolning Abdulloh ibn al-Muborak ilmiy faoliyatiga bag'ishlangan   “Buyuk donishmand” asari, shayx Abdussalom al-Muborakfuriyning “Imom al-Buxoriy (hayoti va merosi)” nomli asari va boshqa o'nlab ilmiy asarlar uchraydi. 2015 yilda nashr qilingan “Islomda keksalar qadri” nomli pand-nasihatlarga boy ajoyib kitobning dunyo yuzini ko'rishida ham Ubaydulla akaning xizmati katta. Sovet davrida mutlaqo taqiqlangan kitoblarning nashr qilinishida ham ustozning salmoqli o'rni bor. “Hazrati Muhammad (S.A.V.) hadislari Lev Tolstoy saylanmasida” nomli katta qiymatga ega bo'lgan kitobning birinchi bor nashr etilishida ham Ubaydulla aka jonbozlik ko'rsatgan edi. Qarangki, aynan shu kitobda Lev Tols­toyning muqaddas Islom diniga muhabbati va ehtiromi bayon qilingan “Iqrornoma” asariga ham tahliliy nuqtai-nazardan yondashilgan.

Ubaydulla Uvatov keyingi 20 yil mobaynida 3 bor nashr qilingan “Islom ensiklopediyasi” kitobining xalqimiz qo'liga yetib borishida ham katta xizmat ko'rsatdi. Aynan u kishining tashabbusi va sa'y-­harakatlari bilan dastlab 2010 yilda “O'zbekiston buyuk allomalar yurti” nomli ajoyib kitob nashr qilingan bo'lsa, aynan shu kitobning davomi sifatida 2016 va 2018 yillarda “Buyuk yurt allomalari” nomli qomusiy asar xalqimiz e'tiboriga havola qilindi. Bu kitoblarni yaratishda, tuzishda va albatta nashrga tayyorlashda Ubaydulla akaning hissasi beqiyos.

U. Uvatov nafaqat arabshunos olim, yoxud tarjimon, balki u O'zbekistonning ilmiy-ma'rifiy olamida alohida o'ringa ega bo'lgan tarix fanlari doktori va professori edi. Ustoz katta ilmiy ishlarni amalga oshirish asnosida jamoat arbobi sifatida ham xalqimizning hurmat va e'tiboriga sazovor bo'ldi. Aytib o'tilganidek, Ubaydulla Uvatov O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi diniy ishlar qo'mitasining rahbari sifatida samarali faoliyat olib bordi, Imom Buxoriy va at-Termiziy xalqaro markazining direktori sifatida katta hurmat va e'tibor qozondi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ubaydulla Uvatovni juda e'zozlar va qattiq hurmat qilar edi. Islom olamining ma'naviy masalalarida Ubaydulla aka bilan uzoq suhbatlar olib borganliklarini teleekranlarda ko'rib, ro'znomalarda o'qib, ustozga juda havasimiz kelar edi. Buning yorqin misoli sifatida Prezidentimiz U.Uvatovni dastlab “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlaganliklarida, keyin esa ustozga “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonini berganliklarida ham ko'rish mumkin.

Ustozim Ubaydulla aka haqida bir necha jild­­ga yetadigan   fikr-mulohazalarim bor. Alloh umr bersa ustoz haqida hali ko'p yozaman, Inshoolloh. Men hayo­timda bir mayizni haqiqatan ham qirqqa bo'lib yeydigan inson timsolini U. Uvatovda ko'rdim. Qarangki to'y bo'ladimi, tug'ilgan kunmi yoki biron-bir do'stlar davrasimi u kishi meni taklif qilar edilar. Ubaydulla aka ana shunday davralarning, gap-gashtaklarning guli bo'lar edi. Aynan shu davralarda meni “oynai jahon”ga yetaklab kelgan ajoyib ustozim — O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist Tursunboy aka Qoratoyevning borligidan juda-juda shod bo'lar edim. Davralarning mazmundor, esda qolarli va ibratli o'tishida yana bir ustozim, tarix fanlari doktori, professor Ahad aka Hasanov ham qatnashardilar. Yig'ilishga 10 kishi keladimi, 50 kishi keladimi, bundan qat'i nazar Ubaydulla aka Uvatovning hozirjavobligi, tarixiy voqealarning bilimdoni ekanligi, ayniqsa, boshqa olimlardan farqli ravishda arab dunyosini mukammal va chuqur bilishi hammamizni lol qoldirganligi hech esimdan chiqmaydi.

Ustozimning ruhlari shod, oxiratlari obod bo'lsin!

Qobilbek KARIMBEKOV,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 14 =