Uzoqlar olis endi…
Yoqubjon Xo'jamberdiyevni o'tgan asrning saksoninchi yillari o'rtalarida tanigan edim. Samimiy va mulohazali, qalami o'tkir jurnalist sifatida unga havas qilardim. Respublikamizning markaziy gazetalari tahririyatlari joylashgan Matbuotchilar ko'chasining 32-uyi ham u paytlar boshqacha, fayzli edi. Bir eshikdan kirib chiqadigan hamkasblar o'zaro oqibatli, bir-birlariga yelkadosh, ular o'rtasidagi ijodiy muloqotlar juda samimiy bo'lardi. Yoshi ulug', tajribali jurnalistlarning oldidan kesib o'tolmasdik. Ular ham o'z navbatida biz kabi yosh jurnalistlarga mehribon edi. Yoqubjon aka ham bag'rikeng, shogirdlariga juda g'amxo'r ijodkor edi.
Ulug'larimiz agarki, har kishi do'stlarining do'stini ko'rsa, albatta, uni hurmat qilishi lozim deb ta'lim berishgan. Rahmatli ustozimiz Tursunboy Adashboyev tufayli Yoqubjon Xo'jamberdiyev bilan aka-ukachilik rishtalarimiz yanada maxkam bog'lanib qolgandi. Tursunboy Adashboyev tashkil etgan ijodiy yig'inimiz bor edi. Haftaning har chorshanba kuni bir guruh qadrdonlar Navoiy ko'chasining o'ttizinchi uyiga tutash joylashgan mo''jazgina oshxonada tushlik payti uchrashib turar edik. Bu davrani Erkin Vohidov, Anvar Obidjon, Dadaxon Nuriy, Tursunboy Adashboyevlardan bizgacha davom etib kelayotgan adabiy muloqot – do'stlar diydori deb atasak ham bo'laveradi. Ibrohim G'ofurov, Ahmadjon Meliboyev, Hurshid Do'stmuhammad, Zuhriddin Isomiddinov kabi ma'naviyatimiz, adabiyotimiz jonkuyarlari ham shu davraning to'rida bo'lib, Yoqubjon aka Xo'jamberdiyev ham davramizga fayz kiritib turardi. U kamtarin, yumshoqko'ngil, kamgap bo'lsa-da chin so'zlaydigan, zehni-zakovati bilan ko'pchilikning hurmatiga sazovor bo'lgan adib edi.
Hayoti dunyoning o'tkinchi havaslariga istagi sustligi bilan ajralib turadigan Yoqubjon akaga zamonamizning yetuk adiblariyu islom ulamolari ham ehtirom ko'rsatishar edi. U bunday maqomga qanday erishdi degan savolga javob topganday bo'laman.
O'zbekiston va Qirg'izistondagi o'zbekzabon ijodkorlar orasida o'zining munosib o'rniga ega bo'lgan zabardast jurnalist, xalqimiz taqdiri uchun chin dildan kuygan, uning turli yillarda yo'liqqan dardlariga darmon izlagan, bu yo'lda darmonu andarmon bo'lib kelgan ustozimiz, maslakdoshimiz va akamiz Yoqubjon Xo'jamberdiyev hamisha millat, yurt qayg'usiga sherik edi…
Yoqubjon aka 1947 yilning 15 martida Qirg'iziston Respublikasi, O'sh viloyatining Suzoq qishlog'ida tug'ilgan edi. Maktabni bitirib, Toshkent Davlat universiteti jurnalistika fakultetining kechki bo'limida o'qiydi.
Talabalik yillaridayoq “Toshkent oqshomi”, “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”), “O'zbekiston madaniyati” (hozirgi “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”) gazetalarida musahhih bo'lib ishlaydi. O'qishni tamomlagach, “Qishloq haqiqati” (hozirgi “Qishloq hayoti”) gazetasiga muxbir bo'lib ishga o'tadi. 1981 yilda “O'zbekiston madaniyati” gazetasi qayta tashkil etilib, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” nomi bilan chiqa boshlaganda yosh jurnalist bir rus adibining ikkita maqolasini tarjima qilib beradi. Tarjimadan qoniqqan gazeta muharriri, yozuvchi Asqad Muxtor Yo.Xo'jamberdiyevni gazetaga ishga taklif qiladi.
Keyinroq, 1992-1996 yillarda yangi tashkil etilgan “Vatan” gazetasiga bosh muharrirlik qildi. Bu orada shoir va yozuvchi sifatida ham samarali ijod qilib ulgurdi.
Yoqubjon Xo'jamberdiyevning 1981-87 yillarda “Zarurat”, “Oy to'lgan tunlar” she'riy, “Uyda tinchi bo'lsin, yigitning” nomli publitsistik maqolalar to'plamlari chop etildi.
O'zbek xalqi boshiga tushgan bo'xtonlardan iborat “O'zbek ishi” deb nomlangan jinoiy ish kirdikorlarini o'rganib, 1990 yilda sobiq sho'rolar ittifoqi hali tarqamay turib, o'zbeklarga nisbatan turli bo'htonlar hamon yangrab turgan bir paytda Yoqubjon akaning “O'zbeklar ishi” nomli publitsistik maqolalar to'plami qirq besh ming nusxada chop etiladi. Bu kitobda muallif haqiqiy o'zbeklar ishi, ya'ni o'zbek xalqining og'ir mehnat ostida kechirayotgan turmushi haqida hikoya qiladi.
Yoqubjon Xo'jamberdiyev 1990 yilda Qirg'izistonning janubida ro'y bergan etnik to'qnashuvlar sabablari va oqibatlari haqida yozgan maqolalari bilan ham keng tanilgan edi.
Tarjimonlik sohasida ham yaxshigina tajribaga ega bo'lgan adib 1998 yilda yozuvchi Nabijon Boqiy bilan birgalikda Chingiz Aytmatov va Muxtor Shoxonov qalamiga mansub “Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori” asarni o'zbek tiliga o'giradi.
Keyingi yillarda yozuvchining “Oyning yorug' kunlari”, “Qaldirg'ochlar bahorda keladi” kabi qissalari va “Suzoqnoma” tarixiy-badiiy asari kitob bo'lib chiqdi.
Yoqubjon Xo'jamberdiyev ko'p yillar buyuk alloma, o'z davrining ulug' siymolaridan biri, “Tarixi Muhammadiy”, “Turkiston qayg'usi” asarlari muallifi Alixonto'ra Sog'uniyning hayotini o'rgandi. Sog'uniyning O'rta Osiyoda Islom dinini mustahkamlash va Turkiston xalqlari ozodligi uchun kurashda tutgan mislsiz o'rni haqida ko'p maqolalar yozdi.
Ana shu izlanishlari natijasi o'laroq yozuvchi avvaliga 2014 yilda “Sog'uniy sog'inchi” nomli qissasini chop ettirdi. 2018 yilda esa muallifning “Sog'uniy” deb nomlangan keng ko'lamli roman-manoqibi dunyo yuzini ko'rdi.
Bir voqea hech qachon yodimdan chiqmaydi. Tursunboy Adashboyevning sakson yillik ma'rakasini nishonlash uchun o'zbekistonlik bir guruh ijodkorlar O'sh shahriga borgandik. Taqdirning tuhfasini qarangki, o'shanda Erkin Malikov, Yoqubjon Xo'jamberdiyev bilan Zuhriddin Isomiddinovning ukasi Ahmadjon hoji xonadonida bir-necha kun mehmon bo'ldik. O'zbekona mehmondo'stlik, islomiy axloq nafasi ufurib turgan bu fayziyob xonadon sohiblari bizlarni juda e'zozlaganlari hali-hanuz yodimda. O'shanda to'rtovimiz yarim tungacha dildan suhbatlashdik, ibodat qildik, iborali qilib aytganda, bir-birlarimizni yangidan kashf etdik. Do'stona mehru muhabbatimiz yanada ortdi.
1990-1991 yillar o'zbek xalqi hayotida moddiy jihatdan ancha qiyin kechgan bo'lsada, ammo ma'naviyat nuqtai nazaridan juda barakali bo'lgan edi. Qur'oni Karim ulamoi kirom Alouddin Mansur hazratlari tomonidan zamonaviy o'zbek tiliga o'girilgan edi. Yoqubjon aka Tursunboy Adashboyev xotirasiga bag'ishlab o'tkaziladigan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O'sh o'zbek drama teatridagi ijodiy uchrashuvga Alouddin Mansur hazratlarini ham taklif qildi. Uzoq yillar orziqib kutgan niyatim ushaldi. Alloma Alouddin Mansur hazratlari bilan suhbatlashib, duosini oldim. Yarim asr O'shning Aravonidagi maktablarda o'zbek tili va adabiyoti fanidan muallimlik qilgan rahmatli shoir Kenjaboy otam Alouddin Mansur hazratlarini juda ham ehtirom bilan tilga olganligi sababidan ham men uchun bu tanishuv katta baxt edi.
O'shanda Alouddin Mansur bilan Yoqubjon akaning bir-birlariga jon jigardek munosabat qilganlarini ko'rib hayratlangan edim…
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Shuhrat Jabborov shunday eslaydi: “Yoqubjon Xo'jamberdiyev hamisha adolat yo'lida yurar, rostso'z uning doimiy quroli bo'lgan. Millatimizning xos xislatlarini yaxshi ko'rar, uni zo'r berib targ'ib etardi. Toshkentning Qorasuv dahasida yigirma yil qo'shni bo'lib yashaganmiz. Qo'shnilik haqqini munosib ado eta olgan, oqibatli va sadoqatli do'stimizdan ayrilish katta yo'qotish bo'ldi. U qirg'iz adabiyoti, Chingiz Aytmatov asarlarining tolmas targ'ibotchisi edi. Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Usmon A'zim, Erkin A'zam, Mirpo'lat Mirzo, Nabijon Boqiy kabi ijodkorlar bilan yaqin do'st edi. Mamlakatimizning Qoraqalpog'istonidan tortib barcha viloyatlarida Yoqubjon akani quchoq ochib kutib oladigan minglab muxlislari bor edi”.
…Yoqubjon Xo'jamberdiyevning motamsaro xonadonidamiz. Yaratgan yana ikki hafta umr ato etganida u yetmish besh bahorini nishonlar edi. Parvardigorimiz huzuridagi Lavhul Mahfuz kitobida taqdiri bahor kelgan kuni bu foniy dunyodan u boqiy dunyoga rixlat qilish Yoqubjon akamizning peshonasiga bitilgan ekan, bu Allohning irodasidir. Marhum adibimiz o'z kitobida yozganidek, bu yil bahorda keladigan qaldirg'ochlarni ko'rish unga nasib qilmadi.
Marhumning xotirasiga qilingan amri-ma'rufda Yoqubjon akaning qori jiyani yig'ilganlarga qarata shunday dedi: “Yoqubjon akamiz islomiy axloq bilan umr kechirdi, zurriyodlariga kitob degan ilm qoldirdi. Bandalik qilib, bilib-bilmay kimnidir diliga ozor yetkazib qo'ygan bo'lsa, bizlar uzr so'raymiz. Parvardigoro, Yoqubjon otamizning oxirati nurga to'lsin, borgan joylari jannat bog'laridan bir bog'cha bo'lsin! Omin…”
Ta'ziyadan qaytar ekanmiz, hamrohimiz Abdunabi Boyqo'ziyev o'zining Yoqubjon Xo'jamberdiyevga atab yozgan baxshidasini ko'zda yosh ila o'qidi:
O, bolalik tonglari…
Uzo-oqlardan keladi.
Sulaymontog', O'sh, O'zgan,
Suzoqlardan keladi.
U tonglarga yo'g'rilib,
Keladi, bir orzular,
Biz, orzular qilardik,
Olislarni orzulab…
Shu olis orzularda,
Olis-olis ketdik biz.
Qismat – taxti armonni
Shosh sorig'a eltdik biz.
Bolalik…
Uzo-o-qlarda!
Uzoqla-a-r… olis endi!
Biz Shoshlarda qopketdik,
Uzoqlar… olis endi!..
Suzoqlar olis endi,
Suzoqlar olis endi!
Mehribon ota, sadoqatli yor, ishonchli do'st va g'amxo'r ustoz bo'lgan Yoqubjon aka Xo'jamberdiyevning yorug' xotirasi hamisha biz bilan qoladi.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi a'zosi
