Chehrasi ochiq inson edi
Jurnalistlik — rahmatli do'stimiz Nasriddin Muhammadiyevga (matbuotdagi adabiy taxallusi — Nosir Muhammad) ota kasb edi. Otasi Misriddin aka Muhammadiyev o'ttiz besh yil mobaynida tuman gazetasining bosh muharriri vazifasida ishlagan. Oiladagi ijodiy muhit Nasriddinning kasb tanlashida muhim omil bo'ldi. Maktabni bitirgach, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakultetiga o'qishga kirdi. Universitetni tamomlagach, poytaxtdagi gazeta va jurnallarda o'ttiz yildan ziyod xizmat qildi. Birgina “Toshkent oqshomi” gazetasida mashhur yozuvchimiz O'tkir Hoshimov bilan bir xonada o'tirib o'n yil ishladi. Gazeta bosh muharriri Sa'dulla Karomatovdan ham ko'p narsa o'rgandi. O'sha davrda bugun chop etilmayotgan “Toshkent oqshomi” gazetasining adabiy−madaniy hayotdagi mavqei, nufuzi ancha baland edi.
Nasriddin aksariyat ijodkorlar kabi ilk mashqlarini she'r yozishdan boshlagan bo'lsa-da, matbuotning qora, zahmatli yumushlarini bajonidil zimmasiga oldi. Matbuotda qalami qayralib, yetuk ijodkor bo'lib yetishdi. Shu o'tgan yillar mobaynida “Estetik ideal va adabiyot”, “Oz-oz o'rganib, dono bo'lur” (Sh.Zunnun bilan hammualliflikda), “Salom, kelajak”, “Bahor taronasi”, “Hikmatlar”, “O'zbekiston jahon hamjamiyati safida”, “Nasaf va Kesh allomalari”, “Tafakkur uchqunlari”, “Sumalakdan tosh topdim”, “Anqoni mahram qildingiz” kabi o'ndan ziyod kitoblari chop etildi. Kitoblarning nomi va mundarijasidan ham ko'rinib turibdiki, Nasriddinning iste'dodi serqirra, bilim va qiziqish doirasi keng va g'oyatda rang-barang edi. Ham nazm va nasrda, mutarjimlikda, tarixiy mavzularda ilhom va ishtiyoq bilan qalam tebratardi. G'arb va Sharq madaniy, ma'naviy merosini puxta o'zlashtirgandi. Ko'plab she'rlari (masalan, “Sumalakdan tosh topdim”) qo'shiq bo'lgan.
Nasriddinning mumtoz adabiyotga bo'lgan qiziqishi va qobiliyatini payqagan, imkoniyatlarini to'g'ri baholagan rahmatli alloma Ergash Rustamov (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) bir zamonlar do'stimizni ilmiy ish bilan shug'ullanishga astoydil da'vat qilgandi. Xizmatda hamisha qattiq band bo'lgan do'stimiz garchi dissertatsiya yozishga vaqt topolmagan bo'lsa-da, mumtoz adabiyot, xususan, Navoiy ijodi haqidagi qiziqarli maqola va kitoblari bilan ustozining ruhini shod etganday bo'ldi.
Nasriddin fors, turk, rus tillarini ancha mukammal egallagan, nemis va ingliz tilini tushunar edi. Do'stimiz erinmay Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakulteti qoshidagi ikki yillik fors tili kursini bitirib, Eronda fors tili bo'yicha tarjimon bo'lib ishladi. Qobiliyatining bu jihati yanada havas qilgulik. Til bilgichligi (til bilgan dil biladi) jahonga chiqishida, jahonga chiqqanligi esa tillarni yaxshi o'zlashtirishida qo'l keldi. Nasriddin — jahongashta ijodkor, uch yil Eronda tarjimon bo'lib ishlagan, O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida ikki yil birinchi kotib vazifasida xizmat qilgan. Xorij taassurotlari asosida ko'plab maqolalar, kitoblar yozdi.
Nasriddinning yana bir ibratli jihatiga havas qilar, xayratlanar edim. Odamlar bir kunda sakkiz soat ishlasa, Nasriddin yigirma to'rt soat ishlayotgandek tuyulardi menga, xizmati shunaqa edi. Yana shu alpozda ijod uchun vaqt topganiga qoyil qolardim. Barcha yozgan asarlari mas'ul xizmat vazifalarida qattiq band bo'lib turganida, goho dam olishni cheklash hisobiga yaratilgan. Tirishqoqligi, mehnatkashligi, kuydi-pishdiligi, jonsarakligi qonida bor edi. Hayotda nimagaki erishgan bo'lsa, hammasiga zahmatli mehnati bilan erishdi.
Biz g'oyat andishali, muruvvatli xalqmiz. Odamlarga baho berishda goho sal badfe'lroq kimsalar haqida ham salbiyroq fikr aytishga istihola qilamiz. Ammo yaxshi odamlar haqida gap ketguday bo'lsa, yayrab fikr bildiramiz. Bu tabiiy holat. Turli davralarda Nasriddinning qulog'i qizisa, albatta “Ha, Nasriddin – yaxshi yigit, yaxshi inson!”,— deya alqab qo'yishardi. Imonim komilki, bu haqqoniy e'tiroflar samimiy aytilar, ayni chog'da ajoyib do'stimizning insoniy qiyofasini to'la aks ettirolmas edi. Olloh do'stimizga yaxshi fe'l ato etgandi. O'zi ham, so'zi ham, xulqi ham go'zal edi va bu fazilatlar uning baxti edi.
Qur'oni karimda “Fe'lingiz – taqdiringiz” degan purhikmat kalom bor. Xalqimiz ham “Nima topsang, fe'lingdan topasan”, deb bejiz aytmaydi. Nazarimda, Nasriddin ham hayotda nimagaki erishgan bo'lsa, avvalo, fe'l-atvorining nekbinligi, muttasil komillikka intilgani tufayli erishgan.
Esimda, bundan ko'p yillar muqaddam Turkiyadan samolyotda yurtga qaytayotib, toshkentlik hamyurtlar bilan hamroh bo'lib qoldik. Ular orasida O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida ishlayotgan xodimlari ham bor ekan. Gurung asnosida ulardan ilgari elchixonada ishlagan Nasriddin Muhammadiyevni taniysizlarmi, deb so'radim. Shunda ular birdan jonlanib, og'zilaridan bol tomib, biri-biriga gal bermay, Nasriddinni maqtashga tushdilar. Ularning bu e'tiroflari juda ham samimiy edi.
Olimlarning kuzatishicha, insonning ismi oxir-oqibat uning fe'l-atvoriga, jumladan, taqdiriga ham ta'sir etarkan. Do'stimiz Nasriddinning o'lmas milliy qahramonimiz — Nasriddin Afandi bilan adash ekanligi xarakteriga ta'sir etgan bo'lsa ajab emas. Darvoqe, o'zaro muloqotlarimizda men uni “Afandim” deb atardim.
Muborak hadislarda aytiladi: “Kimning xulqi go'zal bo'lsa, unga jannatning eng to'ridan qasr bino qilinadi”.
Darhaqiqat, xulqi go'zal, fe'l-atvori quvnoq, samimiy, xushchaqchaq odam hamisha, hamma yerda ardoqlanadi. Hayotda ham ishi o'z-o'zidan yurishib ketaveradi. Nasriddin hech qachon tanish-bilishlarini oraga qo'yib, o'ziga ish qidirmagan, balki ishning o'zi uni qidirib topgan. Hamisha do'stlarining, hamkasblarining ardog'ida yashadi, davralarning to'rida o'tirdi, boshi ziyofatlardan chiqmadi. Uni bir kun ko'rmasa sog'inib qoladigan do'stlari, jo'ralari ko'p edi. Ustoz Erkin Vohidovning unga mehri, ixlosi (ular “Yoshlik” jurnali gurillagan zamonda birga ishlashgandi) juda baland bo'lgan. Nasriddin shunday ardoqqa loyiq inson edi. Erkin aka hayotining oxirgi yillari peduniversitet yonidagi ijodxonasidan telefon qilib, Nasriddin ikkimizni huzuriga chorlab turar, shaxmat bahonasida yaxshigina gurunglashar, shunday ulug' inson bilan zamondosh, hamnafas ekanimizdan cheksiz g'ururlanar edik. Goho Nasriddinni sog'inib uyiga telefon qilsam ko'pincha “Dadamiz hali ishdan qaytmadilar yoki dadamiz ziyofatda, mehmondorchilikda!” degan javob bo'lardi. Ko'rishganimizda o'ziga “Uyga ham kelib turibsizmi?” deya hazillashib qo'yardim.
Nasriddin bilan universitetni ketma-ket bitirganmiz. Taqdir taqozosi bilan bitta “dom”da yashadik, Chorvoqdagi dalahovlimiz ham bir joyda edi. Do'stimiz qishloqda o'sgan emasmi, yerga nihoyatda mehr qo'ygan, bola-chaqasi bilan dalahovlisida astoydil, ter to'kib mehnat qilardi. Natija ham zahmatga yarasha bo'lardi. Bahor noqulay kelib, ko'pchilikning mevalarini sovuq urib ketganda ham Nasriddinlarning daraxt shoxlariga chirmashib ketgan uzumi mo'l-ko'l hosil berardi. Shotutlari, xurmolari shig'il-shig'il meva tugardi. Alloh yaxshi insonlarni o'z ne'matlari bilan shunaqa siylasa kerak.
Dunyoga mashhur yozuvchilardan biri o'g'lining fotosurati orqasiga “Mening eng yaxshi asarim!” deb yozib qo'ygan ekan. Murakkab hayotda goho ijodni ro'kach qilib, oilaga beparvo qarashi oqibatida boshi kulfatdan chiqmaydigan kimsalar ham uchraydi. Shu o'rinda ulug' rus yozuvchisi Lev Tolstoyning “Oilada baxtli bo'lgan insongina hayotda baxtli bo'ladi” degan hikmatli gapi esga tushadi. Nasriddin nihoyatda oilaparvar, oilada chinakam baxtli inson edi. O'ziga munosib, hayotning xush-noxush kunlarida, xorijda kechgan uzoq musofirchilik yillarida yelkadosh-hamnafas bo'lgan farishtali umr yo'ldoshi Mashrufaxon bilan bir qiz, to'rt o'g'il va ko'plab shirintoy nabiralarni tarbiyalab, voyaga yetkazdilar. Imon-e'tiqodli, solih farzandlar hayotda o'zlarining munosib o'rinlarini topishdi. Ota-onalari ularning orzu havasini ko'rish baxtiga muyassar bo'ldilar.
Nasriddin hayotdan zavq olib yashashni bilar, do'stlarini ham shunday baxtga chorlar edi.
Ashaddiy shaxmat ishqibozi, ijodkorlar o'rtasida o'tkazilgan Chorvoq musobaqasining ikki karra g'olibi, ustoz Erkin Vohidov: “Men uchun odamlar ikki toifaga bo'linadi – shaxmatni biladiganlar va bilmaydiganlar!” degan edi. Biz Nasriddin bilan birinchi toifaga mansub — shaxmat “jinni”si edik. Hayotda katta do'st, shaxmatda esa munosib raqiblar edik.
Nasriddin shaxmat bilan bog'liq tadbirlarda, ayniqsa, ijodkorlar o'rtasidagi musobaqalarda hamisha faol edi. Shaxmat bahonasida — Ibrohim G'afurov, Saydi Umirov, Baxtiyor Nazarov kabi ustozlar, Xurshid Do'stmuhammad, Suvon Meli, Habib Temirov, Nosirjon Toshmatov, Mirpo'lat Mirzo, Zuhriddin Isomiddinov, Shohruh Akbarov, Saidjon Siddiqov, Yoqubjon Xo'jamberdiyev kabi do'stlar bilan diydor ko'rishib, miriqib gurunglashar edik. Nasriddinning g'ayrati, tashabbusi bilan G'afur G'ulom nomidagi nashriyotda “Shaxmat mo''jizasi” degan qiziqarli kitob chop etilgan, “Navoiy va shaxmat” degan salmoqli maqolasi ham tilga tushgan edi. Ha, tinib tinchimas do'stimiz qadimiy o'yin bo'lgan shaxmatni ommalashtirish va targ'ib etishda ham katta xizmat qilgan.
Nasriddin shaxmatga jiddiy qiziqar, bu o'yindan cheksiz zavq-shavq olar edi. Adiblar o'rtasidagi musobaqalarda ko'pincha sovrindor bo'lardi.
Nasriddin bilan oxirgi ko'rishishimiz ham shaxmat o'yini paytida bo'lgan edi. O'shanda Yozuvchilarning Do'rmondagi ijod uyida adiblar o'rtasida shaxmat musobaqasi o'tkazilayotgan, o'yin tashkilotchisi sifatida yonimizdagi Qibray sanatoriysida davolanayotgan Nasriddinga bir kun avval xabar bergan edim. Usta shaxmatchi bo'lgan do'stim “O'yinda qatnashishga qat'iy va'da berolmayman, ahvolimga qarayman” deya mujmalroq javob qilgan edi. Ertasi o'yinimiz rosa qizigan paytda do'stimiz odatdagidek kulimsirab yonimizga keldi va uzurini aytdi: “Do'stlarim! Afsuski, men o'ynay olmas ekanman. Tobim yo'qroq…” Ana shu qisqa muloqot bizning oxirgi ko'rishishimiz ekan…
Yaxshilikni avvalo chehrasi ochiq insonlardan izlang degan hikmat bor. Nasriddinning hamisha chehrasi ochiq edi. Men hayotimda bunaqa fe'li yaxshi odamni boshqa uchratmaganman. Nasriddinning biron marta darg'azab bo'lib, qovoq uyganini, birovga o'shqirib zug'um qilganini ko'rmaganmiz. U hamisha quvnoq, hamisha samimiy, kayfiyati ham hamisha ko'tarinki, a'lo darajada bo'lar edi. Donishmandlarning ta'kidlashicha, kayfiyatning hamisha yaxshi bo'lishi donolikning birinchi shartidir. O'n nafar shoir, yozuvchilardan iborat bo'lgan gap-gashtagimizda Nasriddin davraning guli edi. Tilga olingan har bir masalada uning o'z nuqtai nazari, o'z qarashlari bo'lar, shu bois gurungi diltortar edi.
Nasriddin Muhammadiyev uzoq yillar O'zbekiston baynalmilal madaniyat markaziga rahbarlik qildi. Do'stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlaydigan turli festivallar, tadbirlar o'tkazilishida bosh-qosh bo'ldi.
Nasriddinning o'zim kuzatgan yana bir e'tiqodi turkiy xalqlar birligi g'oyasi bilan bog'liq edi. U bir umr ana o'sha g'oyaning targ'iboti bilan shug'ullandi. Turkiston qayg'usi uning e'tiqodidan mustahkam o'rin olgandi.
Baynalmilal madaniyat markazidagi zahmatli xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, Nasriddin Muhammadiyevga “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berildi. Keyinroq u “Mehnat shuhrati” ordeniga ham loyiq ko'rilgandi.
Qadrdonim Nasriddin so'nggi yillarda ham ish bilan qattiq band bo'lishiga qaramay, ijodni bir lahza unutmadi. “Nasaf va Kesh allomalari” degan kitobi qayta-qayta nashr etildi.
G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi Nosir Muhammadning “Hut shamollari” degan salmoqli “Saylanma”sini chop etdi. Unga ijodkorning turli yillarda yozgan she'rlari bilan bir qatorda fors, turk, nemis, rus tillaridan qilgan tarjimalari ham kiritilgan. Qimmatli manbalar asosida yozilgan “Turon tarixi” kitobi ham muxlis va mutasaddilarda iliq taassurot qoldirdi. Shuningdek, uning yurtimizda matbaachilik va kutubxonachilik tarixiga bag'ishlangan kitobi noyob kitoblar qatoridan o'rin oldi.
O'zining tabarruk yetmish yoshini qirchillama yigitdek tetik, ko'tarinki kayfiyatda kutib olgan og'amizning hali ijodiy rejalari bisyor edi. Afsuski…
Ajoyib inson va yetuk ijodkor Nasriddin Muhammadiyevning hayotdan bevaqt ko'z yumishi uni yaqindan bilgan yoru birodarlari, qarindoshlari uchun kutilmagan, og'ir musibat bo'ldi. Yagona taskin – tasalli shuki, u avvalo, o'zidan yaxshi nom, yaxshi xotira va boy adabiy meros qoldirdi. Uning umri otasining chirog'ini yoqib o'tirishgan solih farzandlarda, nabira, evaralarda davom etajak… Alloh do'stimizni o'z rahmatiga olgan bo'lsin.
Shodmon OTABEK