Ijod haqida bitiklar

Chinakam asar tug'ilmasidan oldin uning ohangi, musiqasi paydo bo'ladi. Bu — g'oya emas, syujet ham emas, aynan OHANGdir. Mana shu ohang adibni qo'lidan sudrab kelib, stolga “mixlab” qo'yadi. Asarning joni degani shu bo'lsa kerak.

* * *

Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak!

* * *

Badiiy asar shunday daraxtki, uning shoxida umumbashariy mevalar yetiladi, ildizi esa milliy zaminda yotadi.

* * *

Iztirob chekib yozilgan asar rohat qilib o'qiladi.

Yozuvchi o'zi his qilgan hamma narsani to'la-to'kis qog'ozga tushira olmaydi. Kitobxon qog'ozga tushganlarning hammasini to'la-to'kis his qilolmaydi. Binobarin, kitob yozayotgan qalamkash hayajoni kitob o'qiyotgan o'quvchi hayajonidan o'n karra kuchliroq bo'ladi.

Asar o'qiyotganingizda jinday tabassum qilsangiz, bilingki, o'sha sahifalarni qalamkash rostmana kulib yozgan. Kitob o'qiyotganingizda ko'zingizga bir qatra yosh kelsa, bilingki, qalamkash o'sha sahifalarni rostmana yig'lab yozgan.

* * *

Asar binoga o'xshaydi. Faqat bino g'ishtdan quriladi, asar esa so'zdan. Endi bir narsani tasavvur qiling: bitkazilgan binodan bitta g'ishtni sug'urib olsangiz, uning husniga shikast yetadi. O'nta g'ishtni ko'chirsangiz, bino bosib qoladi…

Shunday asarlar borki, butun-butun jumlalarni olib tashlasangiz ham, yuzta so'zni o'chirsangiz ham, mingtasi o'rnini almashtirsangiz ham hech nima o'zgarmaydi…

Bunaqangi “asar” bino emas, vayronadir!

* * *

Talantsiz yozuvchi tovuqqa o'xshaydi! Yong'oqdek tuxum tug'adi-da, qaqog'lab olamni buzadi!

* * *

Iste'dodli adib hayotida ikki marta xatarli bosqichdan o'tadi. Birinchisi — nimaki yozmasin chiqarishi mushkul bo'lgan palla. Ikkinchisi — nimaiki yozmasin, chiqarishi oson bo'lgan palla. U birinchi bosqichdan omon-eson o'tadi. Ammo ikkinchi bosqichdan o'tishi og'ir, juda og'ir…

* * *

U — zo'r ijodkor. Shunaqangi “polvon”ki, qayoqqa borsa, bir qop “paxta” orqalab yuradi.

* * *

O'z xalqi tanimagan, o'z xalqi sevmagan yozuvchini jahon kitobxoni sevishiga ishonmayman.

* * *

Qog'oz oq bo'lgani uchun unga So'z bitadilar. Paytava kir bo'lgani uchun unga So'z yozib bo'lmaydi. Qog'oz pok bo'lgani uchun zarracha cho'g' tushsa, yonib ketadi. Paytava kir bo'lgani uchun tutaydi-yu, yonmaydi. Yozuvchi bo'lish uchun iste'dodning o'zi kamlik qiladi.

* * *

Haqiqiy dengizchi ummonda o'zini qanchalik erkin his qilsa, haqiqiy yozuvchi ham so'zlar ummonida shunchalik erkin suzishi kerak. To'rtta jumla yozmay turib, u yog'iga so'z topolmay qoladigan odamdan yozuvchi chiqmaydi.

* * *

— Hayotdagi eng katta orzuingiz nima?

— Eng katta orzummi? … Shunday asar yozsangki, kitobxon uni o'qiyotganida hamma narsani unutib, asar qahramonlari hayoti bilan yashasa. Kitobni o'qib bo'lgan kuni aqalli bir kecha uxlolmay, to'lg'anib chiqsa. … Oradan yillar o'tib, o'sha kitobni yana qo'lga olganida qaytadan hayajonga tushsa, undan yangi ma'nolarni topsa…

* * *

Qadimgi kimyogarlar oltinning sof yoki qalbakiligini aniqlash uchun mohaktosh qo'llar ekanlar. Yozuvchining so'zi mohakka o'xshaydi. Bir og'iz Rosti uchun minglarning duosini oladi. Bir og'iz Yolg'oni uchun minglarning qarg'ishiga qoladi… Qalamkashning buyuk baxti ham, buyuk baxtsizligi ham shunda!

O'tkir HOShIMOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − 4 =