Şarifa Salimova. Hayotiy hikoyalar
Muallif haqida:
Şarifa Salimova 1951 yil 30 dekabrda Toşkent viloyatining Parkent tumanida tuğilgan.
1993 yil “Özbekiston Respublikasida xizmat körsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 2018 yilda “Mehnat şuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
Şoiraning 1979 yili ilk şeʼriy kitobi “Hayot zavqi” çop etilgan. Söngra “Mening bahorim”, “Yetti oqquş” (1991), “Hizr buloği” (1996), “Giyohlar bilan tillaşgan inson” (1996) “Ayolga ehtirom” (1999), “Tongga qasam” (2001), “Giyohlar bilan tillaşib toğ oşayotgan odam” töplamlari (2007), “Olimlik va odamiylik” (2011), “Vatan suvrati” (2011), “Vafoning iffat yöli” (2016), Kibriyo Qahhorova haqida töplam, “Quvnoq alifbo” turkumidan “Hayvonot olamiga sayohat” (2016), “Bedor tun tomçilari” (2018), “Quşlar alifbosi” (2021) kabi kitoblari çop etilgan. Asarlari ozarbayjon, tojik, rus, qoraqalpoq, nemis tillariga tarjima qilingan.
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi va Özbekiston Jurnalistlari ijodiy uyuşmasi aʼzosi.

Söqir ayol
“Tiq-tiq, tiq-tiq…” Onam bu tovuşni hammadan ilgari ilğaydi. “Qara, ehtiyot bölib turinglar, Allohning bir ojiz quli kelayapti, mabodo dilini oğritib qöymanglar,” deb, darrov söriga körpaça yozadi. Söngra yugurib borib, yoşi oltmişlarga yaqinlaşgan, közlarining örnida çuqur çandiq, egnidagi usti boşi uringan, qora kamzulining u yoq, bu yoqlariga tuproq tekkan ayolni yetaklab keladi. “Hovlimiz ham bor bölsin, manovi toşlardan ehtiyot böling. Qoqilib ketmang. Menga suyana qoling…” Onam gödakni avaylaganday söqir ayolni söriga ötkazadi. Söqir ayolning közlaridagi köz yoşmi, termi ajrataolmayman, körpaçaga ötirib qölini duoga oçadi: “Iloho, Mehrinisa, tani joning soğ bölsin, umring uzoq bölsin. Farzandlaringning rohatini kör. Mening könglimga qarading. Xudo sening könglingga qarasin…” Onam boşini jimgina egib, ixlos bilan duoga qöl oçadi. Keyin tezlik bilan dasturxon yozib, qozonda qaynab turgan “şulon şörva”mi (onamning taʼbiriça) ayol oldiga suzib qöyadi. Yoz paytida ayol uçun alohida şakarob qilinadi.
Bir kuni keçki tomon ovqatlanib ötirsak, ayol kirib keldi. Odatdagidek, şakarobni oldilariga qöysak, ozgina yeb, qöllari bilan töğralgan piyozni uşlab kördi. “Bugun aççiq-çuçukni kim qildi, piyozi qalin töğralibdi. Menga Örinboy qilgan aççiq-çuçuk yoqadi. Aytinglar, menga özi tayyorlab olib kelsin”, dedi. Hamma bir-biriga yalt etib qaradi. Akam qölini oşdan tortib, tezgina soçiqqa artdi-da, bir zumda piyozni ipakdek töğrab, şakarobni ayol oldiga olib borib qöydi. Ayol mamnunlik bilan şakarobdan, oşdan yer ekan, közlarining örnidagi çandiqdan, bilmayman yoşmi, suvmi oqardi. Ayol biznikiga har kuni deyarli bir vaqtda – ovqat paytida kelardi. Aytişlariça boşiga kulfat tuşgandan söng boşqa viloyatdan bizning tomonlarga kelib qolgan ekan.
Onam bir kuni meni yetaklab bozorga olib tuşdi. “Yur, bir kiyimlik “iştampil” olaylik, Fotma ona keça kelganida közim tuşdi. Köylagi eskirib ketibdi”. Gazlamalar sotiladigan dökonga borar ekanmiz, onamning usti-boşiga qaradim. Nimdoşgina köylak “meni ham yangila” deb turardi. Hozirgi pulni akam yetmak qazigani borganida topgan daromadidan onamga kiyim-boş uçun bergan edi. Dökon egasi turli gazmollarni oldimizga yoyib taşladi. “Iştampil” oladigan onamning fikri özgardi. “Aylanay, inim, manovi materialingiz yaxşi ekan. Juda qimmatmasmi, şundan bir kiyimlik bering.” Uzoq savdolaşuvlardan söng dökondor onam aytgan narxga zörğa köndi. Onam gazmolni uşlab, özida yöq xursand edi. Biz öşa kuni uyga kirmay, töğri Himmat kennoyimnikiga bordik. Himmat kennoyim jonajon qöşnimiz, ayni paytda tikuvçi ham edi. Gazmolni körib, oğzilari oçilib qoldi. “ Voy, Mehri kennoyi, munça çiroyli, özingizgami?” Onam kuldi. “Yöq, bir yaxşi ayolga.” “Ölçovini olmasam, qanday qilib tikaman?” Şunda onam çöntagini kavlab, bitta öralgan qoğoz çiqardi. Uning içida ölçam olingan iplar bor edi.
Bu orada köylak bitdi. Yoş bolaman, hayajonim ortgandan ortardi. Keç kirdi. Yana öşa taniş “tiq-tiq” ovozi quloqqa çalindi. Onam özgaça kayfiyat bilan Fotma onaga peşvoz çiqdi. Söqir ayol bugun qattiq çarçagan, zörğa nafas olardi. “Kun yondiraman deyapti, Mehrinisa, — dedi ayol, — tomoğim qurib ketdi, bir piyola muzdakkina suv bergin.” Onam darrov ayolga bir kosa muzdek suv tutdi. Fotma ona suvni içib rohatlandi, tamşandi, özini biroz yelpidi. Keyin sekingina “Odamzodning boşi, Ollohning toşi ekan, ajal ham kelmadi-ya, dedi xörsinib. “Undoq demang, kufr böladi, — onam Fotma onani yupatdi. — Nima böldi, kimdir sizni xafa qildimi?”. “Öynab yurgan bolalarning içida bittasi bor ekan. Qolganlari doim salom beradi, yetaklab olib kelib qöyadi. Öşa bola hassamni tortib olib sarson qildi. Keyin bir ötib ketayotgan yaxşi odam bolani rosa urişib, hassamni olib berib, keçirim söradi. Ona, könglingiz oğrimasin, hali bola-da”, dedi. Men-ku xafamasman. Ammo söqir odamning kimga keragi bor. Ortiqça taşviş. Özimga qolsa, közim kör bölsin, debmanmi.Tölin oydek edim, oilam, bolalarim bor edi. Baxtli edim. Bir keçada boşimga şu işlar tuşdi. Bir-biri bilan qirpiçoq bölayotgan ikkita odamning örtasiga tuşib, ularni ölimdan ayirib qoldimu, özim közimdan ajraldim. Qöşnining qölidagi piçoğini tortib olib, burilganimni bilaman, ikkinçi odam meni bor kuçi bilan itarib yubordi va men röparamdagi daraxtga urilganimda, ikkita qurigan şoxi ikki közimga kirib, gavharlarim oqib ketdi. Erim bir kuni kimgadir, “bu söqir bilan qanday yaşayman, bolalarga ham qiyin böldi,” deganini eşitganimdan söng bir keçada heç kimga bildirmay, paypaslanib qadrdon uyimdan çiqib ketdim. Ollohning taqdiri ekan bu joylarga kelib, yaxşi odamlarnikida tuz-nasibamni yeb ötiribman.”
Onam öşa kuni söqir onaning könglini uzoq oldi, qöşilişib yiğladi. Orqalarini siladi. Kalişlarini yuvib qöydi. Qayta-qayta qaynoqqina çoylar damlab berdi. “Endi bu keça biznikida qolasiz, Fotma ona, — dedi onam. — Men ham qizingizman axir.” “Ilojim yöq, Mehrinisa, — dedi söqir ayol, — özimga öxşagan bir ğarib bor. Bormasam, u xafa böladi.” “Unda şoşmay turing, dedi onam, — sizga ozgina ataganim bor. Bitta köylak tiktiruvdim kiyasiz, deb”. Fotma ona şoşib qoldi. Onam aylanib, örgilib söqir onaga köylakni kiygazdi. Libos söqir ayolning keksaligini birdan ön yillar nariga otib yubordi. Qarşimizda tökis ayol turar, faqat közlari körmasdi. Ayol köylakni paypaslab uşlab kördi, yuzlariga kulgu yugurdi. Indamay onamni quçoqladi. Şu payt köça eşigimiz qarsillab oçilib, bir odam vajohat bilan kirib keldi va söqir ayolni quçoqlab, höngrab yubordi. “Opa, opajonim, jonim jigarim, diydoringizga şunça zor qilasizmi, sizni qidirmagan joyimiz qolmadi-ku. Öşa iblis eringizga kerak bölmasangiz mana bizga keraksiz, opa. Mana, meni uring, öldiring, faqat ketib qolmang opa, sizni topgunça jigarlarim sitilib ketdi-ku”. Fotma ona yarador yölbarsdek tölğonayotgan yigitning yuz-közini titrab silar ekan: “Axiri, topib kelibsan-da, ukajonim. Endi ölsam ham mayli. Öligim sarson bölmaydi. Meni keçir, jonim. Meni keçir”, dedi xirqirab. Yigit şoşa-pişa közlarini artib, “Kennoyi, opamni sizlarnikida deyişgani uçun özimga siğmay çopdim, közimga heç nima körinmadi,” – dedi uzr söragansimon. “Bu oilada qalbimning bir parçalari yaşaydi, — dedi Fotma ona. – Dunyoda yaxşilar köp, inim. Mehriniso mening qiyomatlik qizim. Men ötib ketganimdan keyin ham qizimni, bu oilani unutmagin, to qiyomat qadar non-tuz haqi bor.”
Çiroyli köylakda, jigari yelkasidan quçoqlab olgan ayol hassani döqillatib uyimizdan çiqib ketar ekan, onam ğalati bölib qoldi. Hassaning “Tiq-tiq, tiq-tiq”, “döq-döq, döq-döq” degan tovuşlari göyo xonadonimizni duo qilgança abadiyatga ketib borardi…

Toşyuvgan
Bahor keldi. Iliq kunlar boşlandi. Akam oilasi bilan Qoraqalpoq boğdorçilik sovxozining Beşinçisoy bölimiga dehqonçilik qiliş uçun ketdi. Endi biz bolalarga “kun tuğdi”. Hafta oxirlaşi bilan “dalaçi”larga atalgan rizqni kötarib, yölga tuşamiz. Parkent markaziga tuşgaç, avtobusga ötiramiz. Sovxozgaça yigirma tiyinlik yöl. Tiqilinç avtobusda odamlar orasidan qölimizda narsa töldirilgan çelakni amallab tortib olamiz. Non tugilgan oq surp römolni mahkam bağrimizga bosamiz. Belgilangan manzilga yetgaç, avtobusdan tuşib, qaydasan Beşinçisoy, deb yayov yölga tuşamiz. Yöl uzoq, akamning oldiga yetib boriş uçun, Uçinçisoydan ötiş kerak.Uçinçisoyga zörğa tuşda yetib boramiz. Boramiz-u, u yoğiga yurişga qörqamiz. Ayniqsa, men. Uçinçisoy boşlanişidagi yöl çekkasiga uzun va qalin qilib ekilgan akatsiya daraxtlari yurakka vahima soladi. Orqasi boqqa tutaşib ketgan bu joyda ğalati sirlilik bor. Bir qölimda çelak, bir qölimda nonni kötarib asta qadam taşlar ekanman, xuddi daraxtlar orasidan ertaklardagi devlar, jodugarlar çiqib kelayotganday bölaveradi. Tuş payti bölgani uçun şunaqa sukunat böladiki, dod deb yuborging keladi.
Keyin baland qirlar boşlanadi. Qörqinçli soy orqada qoladi. U yoği ozroqqina yöl. Bizni uzoqdan körgan kelinoyim şoşib qoladi. Yugurib kelib, qölimizdan yuklarni oladi. Bağriga bosib, u yuzimizdan, bu yuzimizdan öpadi. Tuşlikka kelib, Hamdamariq böyida bir piyola çoy içayotgan akam xuşnud jilmayadi. Yuz-közlari quvonçdan porlaydi…
Yozgi taʼtilga çiqqaç onam opam bilan meni “kelinoyingga qaraşasan, bu yerda bekor yurmalaring, deb dalaga haydadi. Men, onamga örgangan bötaloq – törtinçi sinf öquvçisi qança harakat qilmayin, qolişning sira iloji bölmadi. “Bolani uşlab tursang ham harna foydang tegadi. Dalada işlaşning özi bölmaydi”, dedi onam. Noiloj dalaga ketdim. Handalaklar böyi ufurgan, paykallarda qovun-tarvuzlar Parkentsoy toşlaridek yumalab yotgan, boşidan-oxirigaça ötoq qilinib, suvlari jimillagan sabzi-piyozli egatlar. Bir tomonda bodring, bir tomonda pomidor… Bir tomonda rayhon, sadarayhon, ösma, xinolar. Bir tomonda oqib yotgan Hamdamariq kanali sokin, uluğvor. Ayniqsa, oy şuʼlasida baliqçalarning sakrab, yana suvga “çölp-çölp” etib qaytib tuşişi, akamning sehrli ertaklari, jiyanlarimning iljayganda körinib ketadigan atigi ikki donagina tişçalari… Kelinoyimning özi tutaş qoşlariga erinmay har kuni ösma qöyişi va biz qizaloqlarga ham mehr bilan qöyişlari…
Xullas, betöxtov iş va va bir çimdim hordiq, ertalab uyqudan arang köz oçişlar boşlandi. Jiyanlarim qoraköz va juda şöx. Mayda örilgan soçlarim qöliga tuşsa bir tortadi, jon holatda amallab qölidan ajratib olamiz.
Akam zarur iş bilan Parkentga tuşib keladigan böldi. “Men kelgunça qörqmay ötiringlar. Sal keç qolsam, xavotir olmanglar. Qörğonda qolmayman, kelaman”, deb tayinlab ketdi. Biz kun böyi belgilangan işlarimizni bajardik. Kelinoyim piyozli non yopdi. “Akangiz yaxşi köradi,” deb xamir soldi.
Kun botdi. Şip-şiydam dalalar tun zulmatida yuragimizga vahima soldi. Kelinoyim ötirib, sekingina yiğlay boşladi: “Akangiz qanday qilib bizlarni yolğiz qoldirişi mumkin? Yöldoş aka(kanalning narigi tomonidagi qöşni) içib kelib yana anov kundagidek qörqitsa-çi?”. Öşa kuni aksiga olib har kuni osmonga çiqadigan oy ham yöq edi. Hamdamariqning şaloplaşi, suv kalamuşlarining qitir-qitiri qörquvni battar kuçaytirardi. Bir mahal uzoqdan zörğa sudralib kelayotgan soya közimizga çalindi. “Aytdim-ku, kelinoyimning piqillab yiğlaşi yana kuçaydi. Akangiz bunaqa yurmaydi. Endi nima qildik?” Şarpa bizga juda yaqinlaşdi. Ne köz bilan köraylikki, boşi yorilgan, yuzlari momataloq, öng qölini oq römol bilan böyniga osib olgan, köylagining yenglari yirtilgan akam edi. Kelinoyim birdan yiğidan töxtab: rosa içib,kaltak yedingizmi? – dedi qahrli tovuşda. Akam endigina çiqayotgan ğira-şira oy nurida bazör iljaydi. “Yaşavor-yey, men nima deymanu, qöbizim nima deydi, degan ekan donolar. Usti oçiq, buğdoy töla tez yurib ketayotgan maşinadan yiqildim. Tirik qolganimga şukur qilmaysanmi”
— Voy, qanday qilib buğdoy ortilgan maşinaning ustiga çiqib qoldingiz. Biz baravariga akamni savolga kömib taşladik.
— Örinboy, şu buğdoyga qarab ketgin, maşina adaşib boşqa joyga burilib ketmasin, deb kattalar iltimos qiluvdi. Maşinaga çiqib, buğdoyning içida maza qilib yotib ketayotgan edim. Toşyuvganga yetganimizda tinçgina ketayotgan maşina birdaniga yöl çekkasiga çiqib ketib, daraxtga zarb bilan urildi. Men bortovoy maşinadan qanday qilib otilib çiqib ketganimni bilmayman, men bilan qöşilib ikki-uç tonnaga yaqin buğdoy yerga tuşdi. Meni öşa buğdoylar asrab qoldi. Bölmasa bugun meni tirik körmagan bölardinglar…
Parkentda gap yotmaydi. Tong saharlab onam yetib keldi. Akamning boş-közlarini silab, Xudoga yoqqan joying bor ekan, özi panohida asrabdi, dedi maʼyus. Keyin u joylardan şundoq ötib ketib bölmaydi, iloji bölsa töxtab, duoyi fotiha qilib keyin ketiş kerak. Özi öşa yerda doimo albatta biror falokat yuz beradi…
Men ertasiga onam bilan uyga qaytdim. Onam hamon öziga kelolmas, yöl böyi falokat yuz bergan joy haqida gapirardi. Avtobus hadeganda kelavermagaç, yöl maşinaga mindik. Parkentga kiraverişdagi bir joyga yetganida onam: inim, bizni şu yerda qoldiring, dedi. Haydovçiga pul bergan edi olmadi. Şu bir qadam joyga ham pul olamanmi, uyat böladi, opa, dedi u astoydil ranjib.
Onam maşina ketgaç, qölimdan yetaklab oldi. “Qani, yölning bu tomoniga ötaylik. Sen endi katta bölib qolding. Özing tuğilib ösgan yurtning odamlari, tarixini bilişing kerak. Begonalar uçun qiziq bölmasligi mumkin. Biroq, Parkentimizda bir-biriga begonaning özi yöq. Mana bu uyilgan toşlarga qaragin. Odamlar uçun u oddiy toşlar uyumi. Lekin nega uni xalq Toşyuvgan deb ataydi.
30 – yillarning boşida Parkentda ham butun mamlakatda bölgani kabi millatning eng asl farzandlari “quloq” qilingan, mulklari tortib olingan, Sibirga surgun qilingan. Qozonda qaynab yotgan ovqatlarigaça ağdarib, uy egalarini öz uylaridan tepib çiqargan. Böhtonlar bilan Toşturmalarda çiritib yuborgan.
Şunday kunlarning birida Parkentga şahardan Ahmad möylov (Ahmad qoraqoş) degan odam davlat vakili bölib kelgan. Zardali, döppi desa boş olib keladigan bu odamdan Parkent xalqining yuragi zirillagan. U hamma joyda öz hukmini yurgizişga erişgan. Odamlar bilan ixtilofga borgan, qarşilik qilganni turli yöl bilan sindirgan.
Yuz közlaridan nur tomgan, ziyoli, tabiatan halim Saydahmad eşon öşa payt imom xatib bölgan. Eşonning el orasidagi mavqei vakilga yoqmagan, tortişuv çiqarib, Saidahmad eşonni yöq qiliş payiga tuşgan. Bahona topib qamatgan. Söngra uçta militsiya xodimi – ikki parkentlik va bir rus yigiti yetovida Saydahmad eşonni Toşkent qamoqxonasiga joylaştirib kelasizlar, deb jönatib yuborgan. Parkent köçalaridan yalangoyoq oq yaktakda militsiyalar qurşovida ketayotganini körgan odamlar bölgan. Xalq eşon ortidan bötaday bözlab yiğlagan. Biroq qabohatning uzun qöllari yana bir insonning hayotiga çang solgan. Xuddi şu yerga kelganda mirşablarning niyati buzilgan. Ilmda kamol kasb qilgan insonlar közni yumib ham bölgusi voqeani qalb közlari bilan köra oladi. Saydahmad eşon töxtagan. Tahorat olib, ikki rakat namoz öqib olay, deb ularga yuzlangan. Namoz öqiyotganida mirşablar orqasida jallodday turgan. Namoz yakunida öng tomonga qarab salom berayotganida bir mirşab, çap tomoniga qarab salom berayotganida yana bir mirşab öq uzgan. Saidahmad eşonning oppoq yaktaklari alvon qonga böyalgan. Qiblaga qarab ötirgan bul zot, eslaşardi uluğlar, göyo bir dasta nurdek yoruğ edi. Saydahmad eşon sönggi kuçini töplab ularni duoyibad qiladi. Ayni şu paytda rus mirşabi uning boşiga öq uzadi.
Eşon buvaning qoni öz ona yurtining tuproqlariga tökildi. Maysa bölib kökardi, gul bölib oçildi, daraxt bölib meva tugdi, Parkent osmonida duo bölib elni balolardan asradi. Xalqning butun vujudi közdan iborat, qizim. Bu közlar tarixning qil tomirigaça ravşan köra oladi. Yomonlik qilganlar, qotillar al qasosul minalhaq, deganlaridek tez ötmay öz javobini olişganini xalq hozirgaça gapiradi. Saydahmad eşonning duoyibadi Haq dargohida qabul bölgan, deyişadi.
— Bu yöllardan ehtiyot bölib, pokiza vijdon, imon bilan ötganlar haqiga duo qilib ötiş kerak, — dedi onam tilovat qilib bölgaç. Men yölim tuşganda şunday uluğ joylarga tez-tez borib turaman. Akang bolalik qilibdi-da.
Onam bilan men örnimizdan ohista turib, Parkent yöliga tuşdik. Piyoda ketarkanmiz, bolalikda otam va onam olib boradigan ziyoratgohlar, ulkan izdihomlar yodimga tuşdi. Yuragimning tubida nimadir şivirlayotganga öxşar, ğalati alpozda edim. Onamning römoli şabadada hilpirar, özi qomatini tik tutib, uzoqdan körinayotgan Çotqol toğlari tomon qadam taşlayotganday edi. Onam qölimni qisdi. Yalt etib qaradim. — Toğlarni kördingmi, — dedi nigohi bilan ularni körsatib. Ha, — dedim men bolalarça soddalik bilan. — Ularni heç qaçon yodingdan çiqarmagin, ular ajdodlaringdir.
Men indamay onamning oyoqlarini quçoqlab oldim.
