Sehr va sukunat manzili

Zomin tog'lari bag'ridagi Peshog'or g'ori yurtimizdagi eng katta va ekstremal yer osti koshonalaridan hisoblanadi. G'orga sayohat qilish har bir insonning orzusi.

Odamzot g'orning tuzilishiga qarab kapa tikishni, tosh va loydan devor tiklab uy qurishni o'rgangan desak ehtimoli mubolag'a bo'lmas. Chunki bundan g'or odamzotning ilk boshpanasi bo'lgan degan fikr kelib chiqadi.

Chindan ham, barcha g'orlar — tabiat ehromlari — necha asrlar, tamaddunlar ta'siridan o'zini daxlsiz, omon saqlab kelayotgan koshonalardir. Ana shunday yer osti koshonalaridan biriga cho'qqilari bulutlarga bosh urgan Zomin tog'lari bag'rida duch kelish mumkin. G'or xushmanzara go'shaning Takali hamda Qumbel tog'lari bir-biri bilan ulashadigan joyida makon topgan. Mahalliy xalq bu g'orni Peshog'or g'ori deya ataydi.

Tog'ning shundoqqina belidan yuqoriga qarab chiqa boshladik. Zum o'tmay charchoq, toliqish hissi sezildi. Bo'g'inlar zirqirab og'riy boshladi.

Shunga qaramasdan, tog'begidan ortda qolmaslik uchun qalashib yotgan tog' xarsanglariyu toshlarni bosib jadal yurishga tirishib tirmashdik. Shundoqqina tizmalar bag'rida son-sanoqsiz archa daraxtlari tig'iz o'sib yotibdi. Ularning yoshi yuzdan aslo kam emas. Daraxtlarni shamol tebratadi. Ulkan xarsangtosh, shox-shabba va yirik butazor, salobatli tepalik ko'zga vahimali ko'rinadi. Osti kattagina hajmdagi bo'shliq. Qarasangiz, zumda boshingiz aylanib, qo'rquvdan vahima bosadi. Tubsiz bo'shliqda yo'laklarni vujudga keltirish uchun vulqon, tabiiy ofat va ohaktoshlarning rosayam ter to'kishiga, mashaqqat chekishiga to'g'ri kelgan. Oxir oqibat bu yumushni qoyilmaqom tarzda ado etgan.

G'or ichkarisiga kirishga taraddud ko'rib turuvdik. G'alati, kutilmagan voqea ro'y berdi. Og'zi tor va kichkina tuynukdan uchib chiqqan chumchuqni birdan kalxat ko'rib qoldi. Keng qanotlarini silkitganicha uchib keldi-da, chumchuqni changaliga oldi. Sal narida ulkan qoyada turgan burgut, suvsar, boyo'g'li, qoraqush singari yirtqich miq etmasdan voqea davomini kuzatib turardi. Kaminaning xayol po'chmoqlarimda shu on g'or taqdiri bilan bog'liq talay rivoyatlar jonlana boshladi.

* * *

Men Zomin kabi bu ajib o'lkaning ertak­lardagi beqiyos chiroyini ko'rishga anchadan  buyon mushtoq edim. Ko'kka bo'y cho'zgan tog' cho'qqilariga qarab turib allaqanday qoniqish hissi bilan bosh chayqadim. Nazarimda Peshog'or g'orini mohir usta yasagan g'oyat latif naqshinkor sandiqqa o'xshatsa bo'ladi. Agar g'or ichini dur-javohirga liq to'la tilsimli sandiq deb oladigan bo'lsak, endi bu boylikni asrab-avaylashim kerak bo'ladi. Zomin tog'lari bag'ridagi ushbu tilsimli g'or dur-javohirga to'la saxiy ona siymosidek taassurot qoldiradi. Men bunday fikrga borib yanglishmagan edim.

Ichkari qop-qarong'u, zim-ziyo. Sal narini ham ko'rib bo'lmaydi.  Ayniqsa, bu hol yorug'likdan (dabdurustdan)  qorong'ulikka sho'ng'iganda yaqqol seziladi. Shunga qaramay ichkarilashda davom etdik. Qandaydir bir qoraning sharpasi sezildi. Cho'chib ketdik.

— Men bir yo'lovchiman, boya yomg'irdan qochib, shu g'orga bosh suquvdim,  — deya tovush berdi noma'lum kishi. — Bemalol ichkarilaveringizlar. Mana bu joyda bir bog'lam o'tin bor. Agar sovqotgan bo'lsalaringiz,  o'tinni yoqib isinish mumkin. Tog'begi qo'lidagi fonar yorug'ini ovoz kelgan yoqqa qaratdi. Chindan ham bizdan sal narida, o'tkir qirrador tosh ustida bir kishi o'tirgan edi. Qo'lida pishiq so'yil.

— Ie, ie, o'zlari ham shu yerda ekanda, — dedi Tolibjon tog'begi salomlashish uchun qo'l uzatar ekan. Bular mehmonlar, g'or hayoti bilan tanishmoqchi. Shu payt  ichkaridagi tulki o'zini chiqish eshigiga jon holatda urdi. Qarang, g'orda har balo bor. Faqatgina ehtiyot bo'linglar, hushyorlikni yo'qotmanglar deya boyagi kishi biz bilan samimiy xayrlashdi-da, jo'nab qoldi. Tog'begi uni ortiqcha qistamadi. U o'z yumushlarini ado etish uchun ketgan edi.

Besh-o'ntacha kichikroq tosh qalanib, o'choq tayyorlangan ekan. Tog'begi o'tinga tutantiriq tutatdi. Quruq o'tin guv etib yondi. Qo'llarni oldinga tutib isindik. Saldan so'ng qumg'onda shaqillab choy qaynadi. Huzur qilib choy simirdik. Ichimizga issiqlik yugurib, o'zimizni xiyla tetik va bardam tuta boshladik.

* * *

G'or ichkarisiga qadam bosishi bilan odam o'zini hammayoqdan, umuman hayotdan uzilib qolganday his etadi. Toshqa'la orasida atrof ko'rinmas, birdan hammayoq jim-jit bo'lib qoladi. Hammayoq qarong'ulik ichiga g'arq bo'ldi. Qadimiy yer osti g'ori ichidagi hayot ham, muhit ham tashqi olamdan keskin farqlanar ekan. Sehr va sukunatga chulg'angan yer osti qasrini usta rassom mohirona yaratgan san'at asari desak yanglishmagan bo'lardik. Nimagadir bu yerda ham, boshqa g'orlarda uchraydigan holat ko'zga tashlanadi. Devor shiftlariga ko'rshapalaklar mahkam  joylashib olgan. Gohida g'alati-g'alati ovoz chiqarib qo'yadi. Bundan tashqari turli-tuman kapalaklar, suvarak, yaltiroq qurt, ilon, chumchuq hamda yer ostida uchraydigan yana ko'p­lab jonivorlarga ham ko'zimiz tushdi. Yer osti yoriqlari ham ko'zni chalg'itadi.

Ohaktosh qatlamlari serobligi boisini tushunmadik. Bilsak tabiat otlig' Yaratuvchi unga sayqal bergan ekan. Misli ajoyib san'at asari qarshisida turib qoldik. Ichkarilaganimiz sayin manzara o'zgaradi. Ba'zi yo'laklar xuddi quvirlardek noma'lum tomonga cho'zilgan bo'lsa, boshqa holda ensiz va tor yo'laklar ko'zga tashlanadi. Tag'in uchi o'tkir, qirrador tosh­lardan ehtiyot bo'lish talab etiladi.  Tosh­lar odamga ziyon yetkazishi mumkin. G'ir-g'ir yelvizak esib turar, bu esa odam yuragini hapriqtirib yuboradi. Tomchilarga tikilib tursangiz, odam hamda bahaybat sherlar shaklini ko'rganday bo'lasiz. Sizib, chak-chak tomayotgan suv zarralari, tomchilari shundoqqina toshlar orasidan yo'l topishga oshiqardi. Xuddi hayot yo'lidagi inson kabi.

Ulug'bek JUMAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 3 =