Tabiat tilsimlari: Archaota

Dunyodagi eng yirik igna bargli daraxt haqida bilasizmi? Bu haqida bilishni istasangiz, yuksak va ulug'vor tog'lar bag'rida joylashgan, odamlarni haligacha hayratga solib kelayotgan Forishning qadimiy Mojrum qishlog'iga chorlaymiz.

 

Ulug'vor tog'lar salobati oldida inson bosh egishi tayin. Bir qarashda insonni hayratlantirishga qodir bo'lgan manguga zanjirlangan tog'larga o'lmas qoya­lar hamda sirli, qalin o'rmonlar o'zgacha joziba baxsh etib turadi. Jizzaxning Amir Temur darvozasidan boshlanib, olis-­olis manzillarga qadar cho'zilib ketgan Nurota tog' tizmalari ham ana shunday ulug'vor va sirli. Shu tog' tizmalarida joylashgan Forish tumanida Mojrum degan so'limgina, ko'rkam bir qishloq bor. Havosi toza, tabiati oromijon, sizib chiqayotgan buloqlarining suvi zilol. Ichganing sayin yana va yana sipqorging kelaveradi. Bu ajib manzilni cho'qqilari bulutlarga tegay-tegay deb turgan qorli tog'lar o'rab turadi, hayvonot va o'simlik olami esa Nurota davlat qo'riqxonasiga tutashib ketgan.

 

…Qadimiy masjid xarobalari. Uning shundoqqina ro'parasida ulkan shoxlari har tomonga qarab tarvaqaylab ketgan archa o'sadi. Shu yerlik keksalarning aytishicha, archa daraxtining yoshi uch ming yildan sirayam kam emas ekan. Odamlar buni bilib Archaota deb ardoqlaydi. Bola-baqrasi bilan kanda qilmasdan kelib umri boqiy, tanasi baquvvat daraxtni tomosha qilishadi.

Yilning o'n ikki oy davomida bu yerdan odam arimaydi. Aksincha gulga talpinib, bol yig'moqni maqsad etgan asalari uyasidek gavjum joy. Hatto bu yerda okean ortidan ataylabdan kelgan sayyohlarni ham uchratish mumkin. Archa tanasini, shoxlarini ushlab ko'rib, undan go'yoki mislsiz kuch-quvvat, energiya olishadi.

Buni biz ham sinab ko'rdik. Azbaroyi qiziqganligimiz tufayli tanasining diametri taxminan yigirma to'rt metr, balandligi yigirma metrcha keladigan ulkan archani sinchkovlik bilan ko'zdan kechirdik. G'adir-budir tanasidan o'sib chiqqan shoxlari, yaproqlari gurkirab o'sib turibdi. Ochig'i, shu vaqtga qadar archa daraxtining uch ming yil umr ko'rganligi haqida ma'lumot qulog'imizga chalinmagan ekan. O'zingizni dunyodagi eng yirik igna bargli daraxtlardan biri yonida turibman deb his etasiz. Daraxt butoqlariga qo'nib olganicha, tevarakni kuzatayotgan qarg'alar qag'illaganicha gaplaringiz to'g'ri degandek bo'ladi. Shunday bo'lgach, nega endi archaotani ko'rish niyatida bo'lgan xorijlik va mahalliy sayyohlar sonini keskin ko'paytirish choralarini ko'rish mumkin emas ekan!

Mahalliy xalq vakillari bu ulkan archani Xudoning karomati bilan bir kechada paydo bo'lib qolganligini aytishsa, yana boshqa toifa odamlar esa jahonning fotihi Aleksandr Makedonskiy o'ziga sodiq sarkardalarini qora yer bag'riga dafn etganidan so'ng, Savr archasini o'tqazishga izn berganligini hikoya qilishadi. Tag'in bir rivoyatda ushbu daraxtga avliyolarning duosi ketganligi, shu vajdan odamzod Yer yuzida turguncha mangu turadi deyiladi. Yana bir gap. Odamlar bu manzilga kela turib Nurota tog'lari bag'ridagi son-sanoqsiz tilsim va sir-sinoatdan voqif bo'lishi uchun ham bu daraxt shamollarga bastma-bast qad kerib turgan bo'lsa ajab emas. Nima bo'lganda ham har bir rivoyatning ma'lum ma'noda haqiqat uchqunlari borday.

Bugun ushbu manzil ziyoratgohga aylangan. Garchand, bu yerga olib boradigan yo'l tor, notekis, yurish qiyin. Dard ustiga chipqon deganidek, ustiga-ustak aloqa vositalaridan bemalol foydalanishning iloji yo'q. Ammo bu sabab va noqulayliklarning birortasi ham odamlarni diliga tukkan Archaota ziyoratgohini ko'rish, tavof etishdan qaytara olmaydi.

Tog'larda doimiy ravishda shabodda esib turadi. Ana shu shamol ohista bu manzilda shoxga kiydirilgan tojdek qad kergan Savr daraxtini u yoqdan-bu yoqqa ohista tebratadi. Bu bir qaraganda beshikdagi bolasini alla aytib orom olishini kutayotgan ona holatini esga soladi. Go'yo boqiylik timsoliga aylangan bu chayir daraxtni ko'rgan odamni, hayotga oshuftaligi tobora ortadi.

Zero, quloch yetmas tanasi dam pastga, dam yuqoriga, dam o'ngga, dam chapga buralib-buralib ketgan, shapaloqdek-shapaloqdek keladigan oqimtir-ko'kimtir yaproqlari shitirlayotgan ulkan Savr daraxti o'z o'tmishini so'zlashga oshiqayotganday taassurot qoldiradi. Tog'lar bag'ridagi bu oromsiz yuksaklikdan olis-olislardan katakdek-katakdek ko'rinayotgan qishloq uylariga tikilib, qalbingni birdan sokinlikmi, halovatmi ishqilib shunga o'xshash tuyg'u qamrab oladi…

Ulug'bek JUMAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × five =