G'orikon g'aroyibotlari

Kun chiqish tomondan, chang-to'zon bilan xas-cho'pni chirpirak qilganicha, quyun bostirib kela boshladi. U devsifat bir zarba bilan yo'lida uchragan ildizi chirib, mo'rtlashgan sho'ra o'tlar, shuvoqlarni hamda burganlarni ayamasdan uchirdi. Faqatgina tomir otgan yantoq, bo'tako'z, isiriq, quvray, qo'ziquloqlar yerni mahkam quchoqlab olganicha jonini eson-omon saqlab qolishga zo'r berib urinardi. Quyun o'tib ketguncha, yuz-ko'zlarimni berkitib, teskari qaragancha o'zimni xarsangtosh panasiga oldim. Anchadan so'ng quyun chekindi. Quyosh jamol ko'rsatdi.

 

— Mehmon, xavf-xatar aridi, endi bemalol Katta Ej bo'ylab sayohatni davom ettirishimiz mumkin, — dedi hamrohim Saparboy og'a Qo'narov.

U tog'u-tosh shaydosi. Negadir qo'lidagi qop e'ti­borimni tortdi. Ichida fonar, mash'ala o'rami, arqon, gugurt, bolta, tesha, cho'kich hamda yana boshqa zarur anjomlar tartib bilan joylashtirilgan. Bu ashqol-dashqollar nimaga zarur ekan deb tursam, u kuya-pisha tushintira ketdi: “Bular baland tog' tizmalari bo'ylab balandga ko'tarilishda va yer osti yo'lida juda asqotadi”.

Yo'lga tushdik. Fujak soyi yoqalab boryapmiz. Uzunligi besh chaqirimdan kam bo'lmagan bu soyning har ikki qirg'og'ida o't-o'lan serob. Tizzaga uradi. Ichida ilon, toshbaqa, yumronqoziq, qo'ng'iz va bosh­­qa jonivorlar g'imirlab yuribdi. Soy yarmidan naqd ikkiga bo'linadi. Ulardan faqatgina bittasidagina suv bor ekan. Pishqirib oqayotgan “obi hayot” tosh­dan-toshga urilib, oq ko'pik sachratib oldinga chopadi. Bu hol yil o'n ikki oy kanda qilmasdan tak­rorlanadi. Shundoqqina qarshimda uchi nayzadek o'tkir, qirrador qoyalar mag'rur qad kerib turardi. Rangi kunjitrang, tillarang, oq-qora, sarg'ishrang tusda tovlanadi. Suvli jilg'aning nihoyasida uch-to'rtta hovli ko'zga tashlanadi. Hovli ichkarisidagi yerga o'rik, yong'oq, olma, shaftoli, olcha daraxti ekilib, qo'ling o'rgulsin bog' yaratilgan. Beqaror shamol ularning shoxlarini goh o'ngga, goh chapga qaratib erinmasdan chayqatadi. Daraxt shoxlariga qo'ngan qushlarning chug'ur-chug'uri tevarak-atrofni tutgan.

Katta Ej qishlog'i haqida eshitgan chiqarsiz? Qish­loq Nurota tog' tizmalarining so'lim, ko'rkam bir go'shasida qo'nim topgan. Tog'lar o'z quchog'iga bor bo'yicha yashirgan. Bir-biriga kaft tiragan cho'qqilar, xarsang tosh, shox-shabba, yovvoyi bodom (xarcha) hamda yirik butazorlar: zangori osmonga bo'ylashgan Fujak tog'lari ko'ngilga bir qadar yaqinday tuyuladi. U Nurota tog' tizmalarining ajralmas bir bo'lagi, qismi. Uzunligi besh chaqirimcha. Uning balandligi bir ming yetti yuz, bir ming sakkiz yuz metrdan kam emas. Shundoqqina qo'l uzatgudek masofadan bulutlar karvoni suzib o'tadi. Hozir qo'lim bilan ushlab olaman, deb o'ylaysiz. Ammo bu niyatingiz hadeganda amalga oshmaydi.

E'tiborimni birdan suvli jilg'aning chap tomonidagi qal'a qoldiqlariga qadadim. Obidaning tarixi uzun. Uni qachonlardir ajdodlarimiz, so'g'diylar ma'muriy uslublari asosiga tayanib barpo etishgan. Devorlarining eni bir metrdan kam emas. Silliq va katta toshlar bilan bezatilgan. Qiziqishim ustun kelib, qal'a ichiga bosh suqdim. Kirish darvozasi va kichik eshikdan odamlar kirib chiqishgan. Qal'a o'rtasidagi uylarda so'g'd boylari va oqsoqollari umrguzaronlik qilgan. Yo'lakning kunchiqarida ya'ni oxirrog'ida esa xizmatkorlar va boshqa fuqarolar yashab, tirikchilik bilan band bo'lgan. Qo'rg'onning asosiy vazifasi yerli aholini yov bosqinidan himoya qilish bo'lgan. Uni doimiy ravishda qo'riqlaydigan soqchilar bo'lgan. Soqchilar sergak va hushyor turib, xavf-xatardan fuqarolarni ogoh etib turishgan.

Meni ko'proq, mahalliy aholi vakillaridan eshitganim sekundiga besh litr shifobaxsh suv chiqaradigan Fujak bulog'i yonidagi, ( ya'ni, qal'aga borishdan o'ng tomonda, jilg'aning balandidagi) G'orikon g'orining g'aroyibotlari qiziqtirib qo'ydi. Kirish og'zi kichkina, taxminan bir metrnigina tashkil etadigan g'orning bor bisoti, siri aynan ichida ekan. Mana g'or ichkarisidamiz. Balandligi ikki metr­­ga yetmaydi. Ammo bosh shiftga tegmaydi. Olti metrli kattagina sahnga ega. Ushbu sahndan mashaqqat bilan o'tganimizdan so'ng, ichkariga qarab kirib ketgan lahm ko'zga chalindi. Oradan kechgan yillar to'zoni, yer ostidagi toshlarni cho'kib, mung'ayib qolishiga sabab bo'lgan.

…Chingizxonning mo'r-malaxday jangchilari bilan bo'lgan janglarda qo'rg'onga ancha-muncha shikast yetkazilgan, ba'zi bir joylari qulab tushadi. Ammo shunga qaramay mahalliy xalq o'z tug'ilgan tuprog'i uchun jon-jahdlari bilan kurash olib boradilar. Yovuz, ayyor, pixi qayrilib ketgan yov, sotqin, pastkash kimsalar ko'magida ko'pdan-ko'p sirlardan voqif bo'ladi. Natijada mo'g'ullar tog'u-toshlarni yo'nib, uni eritib temir olishga kirishadilar. Undan turli xil ish va urush qurollari yasaganlar. Eng ajablanarlisi shundaki, g'orda yoqilgan o'tinning tutuni tog' tepasidagi mo'ri bilan qariyb bir yuz yigirma metr baland­likdan so'ng tashqariga chiqib ketgan. Nazarimda bu o'sha davrning sirli xilqatlaridan biri bo'lsa kerak. Bundan tashqari, el orasida G'orikon g'ori bilan bog'liq bir talay rivoyatlar yuradi. Ularning deyarli barchasida g'orning tuzilishi, tabiati, sir-asrorlari xususida batafsil gap boradi.

Oradan vaqtlar o'tdi. Fujak qal'asi aholisi ham borgan sayin ko'payib bordi. Endi aholi uchun boshqa turarjoy zarur bo'lib qoldi. Shunda oqsoqol va kayvonilar bosh qotirib, oxiri aholining ma'lum bir qismini Zehnok qishlog'idagi Ofat qo'rg'oniga ko'chirishga qaror qiladilar. Bu qo'rg'on eramizdan avvalgi sakkizinchi asrda qurilgan. Taniqli olim, professor Dodo Nozilov o'z kuzatish va tadqiqotlarida bu narsani to'liq va ishonarli dalillarda asoslab bergan.

Mo'g'ullar bosqiniga qadar, Ofat qo'rg'oni yigitlari asosan ovchilik bilan mashg'ul bo'lganlar. Ular tog'u-tosh kezib, dovon oshib, kiyik, olqor, kaklik ovlab, tirikchilik qilardilar. Shuning uchun ko'pchiligi dovyurak, qo'rqmas, mergan bo'lganlar. Bir kuni uzun bo'yli, qotmadan kelgan, ko'zlari o'tkir yigit tog'dan oq olqorni ovlab qaytadi. Bundan xabar topgan mo'g'ullar, olqorni pishirib, lazzatli taom tayyorlaysan, deydi. Yigit bu istakni bajo keltiradi. Bosqinchilar oq olqor go'shtini qoldirmasdan paqqos tushirishadi. Xudoning karomati bilan, ularning barisi shu oqshom o'ladi.

Ovul ahli har qancha urinsa ham, oq olqor go'shtining sirini hech kim bilolmaydi. O'zi tabiatda oq olqor uchramaydi-da! Shunda yoshi saksondan sakragan, soch-soqoli qordek oppoq nuroniy bir chol oq olqorning tangri tomonidan g'animlarga jazo sifatida yuborilganiga ishora qilib: “O'zgalar yeriga besabab bostirib kirib, odamlarni qon yig'latgan nopok, yovuz kimsalarning xonumoni kuyadi, jazolanadi”, — deb javob qaytaradi. Davradagilar bu ilmoqli gapning mag'zini chaqib ko'rib, cholning aqliga qoyil qoladilar. Shu-shu Ofat qo'rg'onining obro'si oshib, chor-atrofga dong taratadi.

… Cho'qqilari bulutlarga bosh tiragan tog'lar quchog'ida yashiringan Katta Ej qishlog'ida tabiatning necha-necha asrlar davomida yashirib, saqlab kelayotgan asl durdonalari va g'aroyib mo''jizalariga har qadamda shohid bo'lish mumkin. Bir-biriga kift tirayotgan cho'qqilar zangori osmonga bosh qo'yganicha, chor-atrofga o'z soyasini tashlar, bu darada beadog' sirlar ko'pligiga ishora qilganday mag'rur turadi.

Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × three =