Koriz – quduqlar olamiga sayohat

Aql, tafakkurga suyanib koriz tizimini barpo etib, undan oqilona foydalanishning uddasidan chiqqan ajdodlarimiz ortiqcha sarf-xarajatsiz to'q va farovon yashashni o'ylab topganlar. Bu topilma xorijliklarni ham hayrat barmog'ini tishlashga majbur etadi.

…Nurotaga, nuroniy tog'lar mintaqasiga sayohat chog'ida qadam-baqadam sirli va ulgu bo'lgulik voqealarga ro'baro' keldim. Alhol, ertaklar, rivoyatlar va afsonalarga serob qadim go'shada Nurbuloq chashmasidan osmonu falakka ko'tariladigan nur bor desalar, ehtimol ishonmassiz. Nurota tog' tizmalarining uzviy bo'lagi sanalmish Oqtov va Qoratov bag'rida qad kergan voha azal-azaldan tabiatga payvand ma'volardandir. Bu yurt odamlari mag'rur, qalblari faxr-iftixor tuyg'ulariga limmo-lim. Bordi-yu hangomalashsangiz, kindik qonlari tomgan el haqidagi naqllarni, osori-atiqalarni, rivoyatlarni, ertaklarni, qolaversa, Nurota  xalqi udumlarini, fe'l-atvorlarini og'zidan bol tomib so'zlaydilar. Bunda, shubhasiz, tuqqan yeriga mehr tuyg'usi jilvalanaveradi. Rosti, O'zbekiston atalmish ulug'vor va aziz Vatandagi bir go'zal maskanni, o'zbek xalqi orasidagi nurotachalik insonlar qiyofasini hadeganda esdan chiqaravermaysan.

Ulug'vor va mahobatli tog'lar, dasht, bir tomoni Qizilqum cho'liga, quduq va bahorgi soylar suviga ishonib umrguzaronlik qiladigan Nurota vohasi ahliga hech mahal oson bo'lmagan. Bunga suvsizlikdan azob chekkan qir-adirlar, bir qarich bo'lib, hosil ko'tarolmay qovjiragan bug'doyzorlarni kezib, el-ulusga non, rizq-ro'z tilagan odamlar ohini, nolasini tinglaganimda amin bo'lganman. Aytgancha, sal bo'lmasa xayoldan faromush bo'layozibdi. Yigirma birinchi asrning boshlarida Nurota surunkasiga yetti yildan ziyod vaqt davomida qurg'oqchilikdan aziyat chekdi. Buning nima ekanligini suv, obihayot kanalu ariqlarida oqib, kaftdek tekis paxtazor yerlarga, bog'u rog'larga  o'z yo'nalishi, mayli, “oyog'i bilan” yetib boradigan vohalar ahli tushunmasligi, ilg'amasligi, bilmasligi mumkin.

Qaynoq yoz. Chilla kirgan. Quyosh bobo havoni tandir misoli qizdirgan. Uning kuchli nurlari dasht va chala dasht hududlarni, tuyaning o'rkachini eslatuvchi to'lqinsimon azamat qir-adirlarni, tekisliklarni qovjiratib, so'llaytirib tashlagan kezlar. Shunday kunlardan birida Nurotaga yo'l oldim. Navoiy shahri markazidan yurgan ulov  sakson chaqirim yo'l tanobini tortib manzilda hozir bo'ldi. Navoiydan shimoli-sharqda, Samarqanddan esa ikki yuz ellik olti chaqirim shimoli-sharqda qad kergan, bir-biriga tomchi suvdek o'xshash, egizak Oqtov va Qoratov etagi Nurota, Navbahor, Konimex, Qiziltepa, Xatirchi, Qo'shrabot, G'ijduvon tumanlari sarhadlariga tutashib ketadi. Ajab­lanarlisi, Nurotaning shimoli Aydarko'l, Qizilqum cho'liga hamda Qarnabtog' etaklariga borib to'xtaydi. Nurotaning markazi va janubiy qismi mahobatli va mo''jizalarga kon Oqtog' tizmalari va ular o'rtasidagi botiqlar bilan o'ralgan. Voha qishloqlari Gumsoy, Oqsoy, Fangatsoy, Novkatsoy, Oqchobsoy, Orasoy va boshqa tabiiy suv manbalaridan obi hayotga bo'lgan chanqog'ini qondiradi. Aslida bu diyor tog'lar qurshovida. Shuning uchun qal'alardek mag'rur tog'lar vohani og'ushiga olishdan mintaqmaydi. Uni yosh go'dakdek beshigida allalaydi. Bular sirasida Oqtog', Qoratog', Baxil tog', Qaroqchi tog' kabi tog'lik va zirvalar silsilasidan iborat Nurota tizma tog'lari Turkiston tizmasining shimoli-g'arbiy tarmog'ini ko'rsatish mumkin. Qizig'i shundaki, Nurota tizmalaridan mus­taqil daryo bosh olmaydi, soylar, asosan, Zarafshon vohasiga va Qizilqum kengliklariga oqib tushadi. Faqir tog'lardagi jilg'alardan pastlikka enuvchi shalola suvlarni mangu hayot timsoliga o'xshatgan bo'lardim. Azamat qir-adirlarga, baland tog'ning yassi bag'riga, hovli tomlariga, bo'g'otlariga, qovjiragan bug'doyzorlarga quyosh nurlarini saralab-saralab sochadi, taratadi. Hansiragan dala-yobonlar hovuzdek joyda bo'lsa ham go'yo o'tloqlardagidek yam-yashil, zumrad o'tloqlar rangini o'ziga singdirgan suv rangini orziqib, intiq sog'inadi. Zero, suv, obihayot ona zaminga, tiriklik olamiga qayta hayot bag'ishlovchi, zaminni gullab-yashnatuvchi, go'zallik, nafosat bag'ish­lovchi xilqat bo'lishi barobarida urush va nizolar oldini oluvchi, mehr-muhab­bat, osoyishtalik ato etuvchi sehrli kuchdir. Boz ustiga tuprog'i sap-sariq – xuddi oltinga o'xshaydi. Bu yerlarda suv taqchilligiga chidaydigan qora mayiz yetishtiriladi. Faqatgina bunda kun ko'rayotganlarni, tirikchilik aravasini tortayotganlarning bitta gunohkori bor, u ham bo'lsa, tabiat. Havo yomg'irga “homilador” bo'lib, baraka tomchilari savalamayotganda ular tabiatdan xafa bo'lishadi. Aytgancha, o'tmishda ham karvonlar ahli korizlar suvidan bahramand bo'lganlar.

…Etmish chog'licha nortuyaga turli xil gazlama va chinnilar ortilgan. Og'zidan ko'pik sachratgan “cho'l kemalari” bunday og'ir yuklarni ko'rdim demaydilar. Oldindagi nortuyada echki soqol, ozg'in karvonboshi borayapti. Ular Samarqanddan Nurota muzofotiga qarab yo'l oldilar. Karvondagilar kela turib bir-biridan go'zal manzaralardan zavqlandilar. Ular Nur qal'asiga bora-borguncha yetti-sakkiz tosh yo'lda uchragan korizlar suvidan keragicha jamg'arib jon saqlardilar. Bunda korizlar ularga juda asqatdi. Agar ular bo'lmaganida, dashtu sahrolarda tomchi suvga zor bo'lisharmidi? Buning uchun ajdodlarimizga ming rahmat. Axir ularning aqli raso bo'lishgan-da! Buni qarang, ota-bobolarimiz yer qa'rida shundoq mazali, shirin suv borligini qadimdan bilishgan-a?!

Intihosiz dashtu dalalar, mag'rur, purviqor tog' qoya­lariga ko'z tashlab inson bolasi bu cheksiz, moviy keng­liklardan ilhom olishiga, yaratish ishqi bilan yashashga yo'naltirilgan zot ekaniga shubha qilmayman. Faqatgina bir xavotir qalbimni kemiradi. Suv yo'qligi, taqchilligi, qurg'oqchilik yillarida Yaratuvchi insonni tabiat bilan qarama-qarshi qilib qo'ya oladimi? Aslo unday emas ekan. Negaki, inson bu yerlarni aziz biladi, sevadi, ardoqlaydi. Ana shu mehr, ardoq tufayli u sariq tuproqlar bag'rida korizlar qazib, uning ziloldek tiniq, shirin suviga qanoat etib umrguzaronlik qilib kelayapti.

Bilasiz, katta-katta yer maydonlar chanqog'ini qondirishga (Nurota tog' tizmalarining Oqtov va Qoratov deb ataluvchi tog'lar orasida yalanglikda qo'nim topgan mas­kandir) qurbi yetmaydi, majoli kelmaydi. Dard ustiga chipqon deganlaridek, (Nurota shahri markazi nazarda tutilayapti) bu go'shada Nurbuloqdan o'zga oqar suv manbai yo'q edi. Shunday kezda, do'ppini boshdan olib, o'ylashga, bosh qotirishga to'g'ri keldi. Bunda odamlar ming yillik taj­ribalarida sinovdan, chig'iriqdan, imtihondan o'tgan buloqning yuqoridan quyiga qarab oqishini kuzatishi asqatadi. Bu tizim koriz jabhasi degan ajabtovur nom bilan ataladi. Mazkur tizim  aholining suvga bo'lgan talabini qondiradi.

* * *

Choshgoh. Havo iliq. Osmonda to'rg'aylar chug'urlashib hayotga shukrona aytadi. Shu chog' qo'liga ketmon, belkurak, lom, kuval, bolg'a kabi ish qurollari tutgan  odamlar quduq qazishni boshlab yubordilar.

— Uylaring bug'doyga to'lgurlar, qani, jadal qimirlasanglar-chi, — dedi ish boshida turgan oqsoqol do'rilloq ovozda. Bu gapni eshitishi hamono erkak­lar ishga sho'ng'idilar. Ma'lum vaqt o'tib, birin-ketin quduqlar kovlab bo'lindi. Shunda cho'qqisoqol chol oldinga chiqdi-da, o'ziga xos epchillik ila quduqdan chiqqan suvga “koh”, ya'ni somonni uloqtirdi. Bug'doy poyasini suv sharq tarafga oqizdi. Chol o'sha tomondan koriz qazish lozimligini uqtirdi. Yaxshi bilasiz, fizika qonunida ta'riflanganidek, yuqori bosim asosida suv yuqoridan pastga qarab xuddi bolakaydek chopadi, yuguradi. Xullasi kalom, koriz deganimiz endi koriz quduqlar majmuidir. Darvoqe, har bir koriz tizimida yuz va undan ziyod quduqlar bog'lanmasi  bo'lganini e'tibordan chetda qoldirmaslik zarur. Nurota muzofoti atrofida, tevaragida ana shunday quduqlar majmuidan uch yuz oltmishdan ortig'i bo'lganligi o'tmishdan ayon.

Korizlar — quduqlar olamiga sayohat chog'ida ajabtovur holatga guvoh bo'ldim. Dastlab o'nta va undan ortiq quduqlar suv chiqqan joygacha kovlangan. Ular oralig'idagi masofa o'n to'rt metrdan kam bo'lmagan. Bu yumush boshida tajribali miroblar turganlar. Ular quduqlarni sifatli va risoladagidek qazishga mas'ul bo'lganlar. Faqatgina suvi chiqqan quduqlar soni o'n, o'n beshtaga yetkazilgandagina shu tizimda quduq qazish, kovlash amallari davom ettirilgan. Aql shoshib qoladigan holat. Sal avval aytilgan quduqlar suvi otilib chiqqunga qadar kovlanmagan. Bunday quduqlar “tepa quduqlar” deb yuritilgan. Aytgancha, har biri ikkinchisidan sathining balandligi jihatidan o'n, o'n besh santimetr farq qilib boravergan. Ahamiyatlisi, bunda quduqlarning og'zi xuddi yirtqich og'zidek lang ochiq qoldirilgan. Sathi birin-ketin, galma-galdan yuqoriga qaratib borilgan. Avval boshda qazilgan quduqdan oxiri suv chiqishi lozim bo'lgan quduqqa qadar korizlarning sathi o'n bir metrgacha ko'tarilib borgan. Quduqlar oxiriga yetganda obihayot otilib chiqib, yerlarni sug'orishda asqatgan. Darvoqe, o'rtacha hisobda 1 metr uzunlikdagi suv yig'uvchi quduq 0,3-0,6 litrgacha suv bergan.

Korizlar, quduqlar olamiga sayohat qilib yurganimda miroblar bilan suhbatlashdim. Nurotalik Hamdam bobo Eshonqulov — yozuvchi, o'lkashunos. Yurti tarixini puxta biladi. Voxaga mehri bo'lakcha. Korizlar mohiyatiga yetaman deb  ko'p kitob titkilagan. Bobo qiziq hikoyalardan so'zlaydi: “Korizlar olamiga sho'ng'iganimda qiziq holatga ro'baro' keldim. Shulardan ba'zilariga to'xtalsam. Bosh­­qa qazilgan quduqlarning sathiga tenglashtirilib, qolgan quduqlarning tagidan, ya'ni yer ostidan quduqlarni biri-biri bilan birlashtiruvchi kanal o'tqazilgan. Natijada yer osti suvlari o'z bosimi, mayli bilan yer ustiga favvora misol otilib chiqavergan. Suvga yetkazilmay qazilmay kovlangan quduqlar taqdiri nima kechadi degan savol  yuzaga qalqib chiqadi. Bunda ular havo o'tkazgich vazifasini bajargan. Nega deganda yer osti suvlari bir joyda to'planib dimiqib qolmasligi uchun. Axir ota-bobolarimiz bekorga, “suv bir joyda turib qolsa, ayniydi” deb aytmagan. Suv yetkazilmay qolgan quduqlardan sizib kirgan havo tuynuk orqali bemalol, emin-erkin aylanib, obihayotning toza bo'lishini va harakatga kelishini nazorat qilib borgan.

O'qirmanni “Koriz” so'zi mazmuni qiziqtirishi shubhasiz. “Koh” — arabcha “somon”, “rez” — forscha “qazish” so'zlaridan olingan. Ilmda koriz — yer osti suvlarini yig'ish va ularni yer yuzasiga chiqarish uchun qurilgan yer osti inshooti; aholini suv bilan ta'minlash va sug'orish maqsadida qo'llaniladi. U Yaqin Sharq, Janubi-sharqiy Osiyoda tarqalgan degan ma'lumotga ko'zim tushdi. Negadir koriz so'zi Ko'histon (Nurota tog'lari va u yerdagi mavzelar shunday atalgan) aholisi orasida ko'p tilga olingan. Nurotada qadimgi korizlarning aksariyati ko'milib, og'zi berkilib ketgan.

Aholi oqar suv  sabab dahanaki mushtlashganlar. Bunga sabab sifatida odamlar bir-birini mensimay suvni tomorqasiga ochib olganini ko'rsatish mumkin. Achinarlisi, tortishuvga keksalar ham aralashganlar. Ba'zida mojaro bois begunoh kishilar ham halok bo'lganlar. Shunda ko'ngilsizlikning oldini olaylik deb navbat tashkil etilgan. Yoshu keksa bu qoidaga amal qilishi shart bo'lgan. Bo'yni yo'g'onlarni qozi va mirshablar jazolaganlar. Aslida bir koriz tizimini vujudga keltirishda, ya'ni kovlashda yigirma, yigirma besh xo'jalikdan qirq, qirq besh chog'licha kishi qatnashgan. Ular suvni tutishda adolat, haqiqat mezonlariga amal qilganlar. Har bir (masalan o'n beshtadan bo'lingan xo'jalikning) o'z suv tutadigan kunlari aniq bo'lgan. Buni ular “taxta” degan nom ila ataganlar. Bordi-yu, o'n uchta xo'jalik kunduzi suv tutsa, xuddi shunday taxtalarga bo'linib qolganlari kechasi ekinini suvga qondirgan. Koriz suvidan foydalangan tomorqa yer egalari yeridan ikki marta hosil olganlar. Aytgancha, koriz jab­hasidan oqib keladigan suvdan foydalanish mahalliy aholi tilida “suvni tutish” deyilgan. Hozirda bu so'zlar unutilib ketgan. Uni uch-to'rt keksagina tilga oladi, xolos.

Gapning bo'larini aytganda, ajdodlarimiz mehnati, aql-zakovati, donoligining barhayot namunasi, sug'orishning eng arzon va qulay usullaridan biri bu koriz jab­hasidir. Aytishlaricha, Nurota muzofoti tevaragidagi korizlar “Nurobod”, “Qizilkanda”, “Ko'nchi”, “Kunbo”, “Meri” “Mozor”, “Xayrobod”, “Sulton”, “Maston”, “Begali”, “Tayla”, “Korizchi” kabi antiqa nomlar bilan atalgan. Bu dalil esa korizlarni turli qishloqlardan kelgan odamlar qaziganligini ko'rsatadi. Safar davomida, go'shada arablar tomonidan kovlangan “Matsaq”, “Zulfiqor” degan korizlar ham bo'lganini bilib oldik. Aytishlaricha, bu korizlarni qazishga yigirma kun, ba'zida esa uch oygacha vaqt sarflangan. Korizlar soni o'ttizdan kam bo'lmagan. Ayrim korizlarning nomidan ularning qazilish tarixi, yili chiqqan. “Mos”, “Zulm” korizlarining nomidagi harflar yig'indisidan abjad hisobida hijriy 970, mil. 1533-1534 yillar va “Zulfiqor” korizidan hijriy 1118, milodiy 1706 yoki 1707 yil raqamlari chiqar ekan, deydi Masharif Boqiyev.

Shu o'rinda muhim gap. El-ulusni, nega unda hozir ham korizlar tizimini barpo etib undan foydalanib bo'lmas ekan, degan savol qiziqtiradi. Afsuski, koriz qazishning imkoni yo'q. Ustiga-ustak, bir mahallar katta kuch evaziga Nurota zaminida yasalgan korizlarni  ishga tushirib bo'lmas ekan. Hozirgi kunda ekologiyaning uzviy ta'siri va qurg'oqchilik tufayli yer osti va sizot suvlari yerning ostki qatlamiga tushib ketdi. Qolaversa, o'n besh, yigirma metr quduq kovlanganda obihayot otilib chiqavermaydi. Elektr toki yordamida ishlaydigan artezian quduqlariga suv ellik, oltmish metr chuqurlikdan bazo'r chiqqan. Gapning bo'larini aytganda, koriz jabhasini ishga tushirishga hojat ham, hafsala ham yo'q odamlarda.

Tepalik qishlog'ida bo'lganimda, mezbonlar meni bosh korizga boshlab bordilar. Uni sinchiklab ko'zdan kechirdim. Quduq ko'milib ketgan. Faqatgina ayrim belgilargina saqlanib qolgan. Aslida bilganga koriz — mo''jizaning o'zginasi. Yer ostidan suv yuzaga ariqday oqib chiqadi. Quduqlar esa saf tortgan askarlarday qator qilib kovlanadi. So'ngra ular yer ostidan bir-biriga ulab boriladi. Qarang-a, Ollohning qudrati va inson aqlu karomati bilan yer tagidan chiqqan obihayotdan odamlar, ekinlar, hayvonu qushlar bahramand bo'ladilar. Suvi buloq suviday shirin, totli. “Ayniqsa, jaziramada, garmsel esgan kunlari totli koriz suvidan totinib, miriqib ichib, shu atrof­dagi cheksiz yaylov va kengliklar bag'rida qo'y, mol boqib, o'ynaganmiz”, — deydi Tolliboy bobo o'sha damlarni eslab. Darhaqiqat, biz turgan bosh koriz tevaragida o'zbek dos­tonchiligining xazinabonlaridan bo'lgan Ergash Jumanbulbul va boshqa so'zonlar ishtirokida jonon suhbatlar va doston aytishlar bo'lgan.

Koriz suvining ta'mi, mazasi bo'lakcha bo'lgani uchun qumg'onda qaynatib,  objo'shga kiyik o'tidan solib damlanadi. Ana shunda choyga lazzat enib, ichgan odamning og'zida ta'mi qolgan. U sira buloq suvidan qolishmaydi. Nega deganda ikkovi ham bir joydan, ya'ni yer ostidan chiqadi-da!

“Avesto” kitobida yozilishicha, suv yulduzlarda paydo bo'lib, kumush tusga kirar emish. Ehtimol shundaydir. Ammo g'aroyib jihat shundaki, suv xuddi nur kabi hamma joylarga dadil kirib boraveradi. Hamma joyda “jilmayib”, “kulib” turaveradi.

 Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × four =