Qirq qiz bulog'i

Ko'l ota  qishlog'i Olmaliq shahridan olti chaqirim masofada joylashgan. Bu go'shaning havosi toza, odamlari mehnatkash, ko'ngli ochiq, samimiy. Boz ustiga,  qo'l uzatsa yetgudek manzilda baland tog'lar mag'rur qad kerib turibdi. Yuqoridan qarasangiz, tog' etagidagi son-sanoqsiz buloqlar ko'zga chalinadi. Ular oz emas, ko'p emas, naq qirqta. Ajablanarlisi shundaki, unda ko'z yoshidek sizib chiqayotgan chashma monand buloqlardan tortib, bir tegirmon “obi hayot” beradigan buloqlargacha uchraydi. Xuddi vulqondek otilib chiqib, pastlikka qarab oshiqayotgan suvning ta'mi bir-biridan keskin farq qiladi. Aniqroq aytganda, mazasi o'zgacha. Bu hol kishini ajablantiradi. El bejizga “Har gulning hidi, ifori o'zga” demagan. Qizig'i, suvlar vodiysidan qishin-yozin ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Odamlar bu suvni turli xil dardga malham deb biladilar. Buni zamonaviy tibbiyot ham to'liq isbot etgan. Shu vajdan “Qirq qiz bulog'i” qo'nim topgan manzil ziyoratgohga aylangan. So'nggi vaqtlarda u yerdan dardiga davo topganlar soni ko'payib borayapti. Zotan, bu manzilda  Navro'z va boshqa bayram tantanalarini nishonlash an'anaga aylangan.

…Bahorning o'rtalari. Chor-atrof yashil libos kiygan. Osmonda qushlar g'ujg'on o'ynaydi. Ziyoratgoh gavjum.  Shirinsuv buloqdan hovuchimni to'latib simirdim. Suvi xushta'm, hazmi yengil, inson organizmi uchun zarur vitaminlarga boy. Buloqqa hayratlanib tikildim. Qishloq ahli chetdan kelgan har bir mehmonga, albatta,  qirqta buloqni ko'rsatib, u bilan bog'liq qadim rivoyatni faxrlanib so'zlab berishadi.

…Iloq davlatiga yaqin manzilning tuprog'i unumdor, suvi zilol, yer qa'ri tillo va boshqa qimmatbaho metallarga serob edi. Bir uchi keng ufqlarga qadar cho'zilib ketgan yaylovlarida boqiladigan qo'y-qo'zining eti bag'oyat mazali bo'lgan. Bu xususiyat g'animlar ko'nglini kalamushdek kemiradi. Bora-bora hasad, ko'rolmaslik bosh ko'tarib g'alayonga aylanadi. Alal-oqibat  yog'iy lashkar to'plab, yurtga hujum boshlaydi. Podshoh askarlari yog'iyga qarshi mardona turishadi. Ammo to'qnashuv chog'ida kuchlarning teng emasligi pand beradi. Shunday bo'lsa-da kindik qonlari tomgan muqaddas tuprog'i uchun mardonavor olishadilar. Jang maydonida dushmanga qilich sermayotgan podshohning yodiga birdan oyday suluv qizi tushadi. Bordi-yu, bu jangda imkoniyatni boy bersam, qizim dushmanim qo'lida cho'ri bo'lmasin, deya darhol qiziga chopar yuboradi. Chopar yetib borib, otasining tog'u toshlar orasidagi g'orga berkinib, jon saqlanglar degan buyrug'ini yetkazadi. Biroq buni  yog'iy askarlari sezib qoladilar. Ular darhol malika iziga tushadilar. Qirq kanizagi bilan qalashib yotgan tog'u toshlarda ildam va chaqqon yurib borayotgan qiz qarasaki, ortidan soyadek yog'iy quvib kelayapti. Ulardan qochib qutulishga  ko'zi yetmaydi. Shunda joniga uzoq-uzoqlardan xuddi ilondek buralib oqib kelayotgan shiddatli, asov daryo ora kiradi. “Ey, qodir Egam, ko'nglimiz tubi erk, ozodlik, or-nomus, g'urur, Vatan hissi singari xis­latlar bilan limmo-lim to'la. Shunday bo'lgach, dushman qo'lida nomusimiz toptalgandan ko'ra, bizni daryo qa'riga qorishib ketishimizga izn ber”, deya yolvoradi. Malika va suqsurdek qirq kanizak nolasi Yaratganga yetib, ularni daryo o'z bag'riga oladi. Dushmanlar buni ko'rib, qotib qoladilar va saldan so'ng oyoqlarini qo'lga olib, ortlariga qaramay juftakni rostlaydilar.

Oradan yillar o'tadi. Daryoning quyi qismida biz aytgan Ko'l ota qishlog'i yuzaga keladi. Lekin daryo o'z-o'zidan qurib qoladi. O'rnida qirqta shirin suvli buloq bo'y ko'rsatadi. Bu or-nomus, erk va jasorat tuyg'ularini qalbi to'rida ardoqlagan, tug'ilgan yurtini aziz bilgan malika hamda qirqqiz kanizakning muqaddas va porloq xotirasiga o'rnatilgan yodgorlikday go'yo! Mahalliy xalq vakillari ko'rkam go'shaga tez-tez kelib  turishadi va unga ehtirom ramzi sifatida “Qirq qiz buloq” deb nom beradilar.

Alqissa, har bir odam o'zga olam degan jo'yali, mag'zi to'q gap yuradi el orasida. Xuddi shunday. Ko'l ota qishlog'ining shundoqqina yuqori tomonidagi tog' etagida qaynab yotgan qirqta buloq  suvining ta'mi, mazasi, foydali xususiyatlari o'ziga xos va mosdir.

Alhol, go'sha biqinida sharqiraganicha oqib yotgan buloq boshiga yana qaytdim. Mayin, ohista esayotgan yellar suv zarralarini uchirib o'ynayotgan buloqqa hayratu hayajon bilan uzoq tikilib qoldim. Xayolimdan esa: “Senga sharaf, senga ta'zim, ona yer bag'ridan ko'z yoshidek sizib chiqayotgan buloq, ey, go'zal chashma” degan so'zlar bot-bot o'tdi.

Bu qadim dunyo — g'aroyibotga boy ochun. Turfa hodisa-yu, o'zgarishlar ko'z ochib yumguncha yangilanib, o'zgarib boraveradi. Ba'zida ularga boqib, hayronu lol qolasan. Shu ma'noda yurtimizda qirq raqamiga taqaladigan manzil, joylar ko'p uchraydi. Misol deysizmi? Qirq qiz g'ori (Jizzax vi­loyati, G'allaorol tumanida), Qirq qiz qal'asi, (Qoraqalpog'is­ton Respublikasi, Ellikqal'a tumanida), Qirq qiz toshga aylangan manzil (Navoiy viloyati, Xatirchi tumanida) “Qirq qiz” qal'asi (Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida) va hakozo. Nomlari keltirilgan qadimiy manzillarning barisi tarixdan hikoya so'zlaydi. Qolaversa, Toshkent viloyati, Olmaliq shahri yaqinidagi Qirq qiz bulog'ini ham  ular  qatoriga tirkash mumkin. Elning aytuviga ko'ra, bu muqaddas buloq suvini ichgan ko'plab befarzand ayollarga farzand ato etgan Yaratgan. Ular har yili bahorda  bu yerga kelib, Qirq qiz bulog'iga atab, jonliq so'yib, odamlarga tarqatar ekanlar. Ba'zilar esa badaniga toshgan turli xil yara-chaqalardan xalos bo'lganligini so'zlaydilar. Nima bo'lgandayam, el-ulusning so'zlarida haqiqat uchqunlari borday. Barisi hayotda ro'y bergan voqea-hodisalar.

…Kaminaga qolsa, Qirq qiz bulog'ini kiyikning ko'zidek tiniq, beg'ubor, osmondagi to'lin oydek go'zallar yuziga o'xshatgan bo'lardim. Bu buloqlar yuzi xuddi oynadek, ularga qarab ne-ne go'zallar chilvir sochlarini tarashmagan deysiz?

Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − eight =