“Atirgul” — jurnalist ayollarga munosib tuhfa
O'tgan hafta ommaviy axborot vositalarida keng jamoatchilik, ijod ahli, ayniqsa, soha xodimlari, matbuotimiz jonkuyarlari orziqib kutgan xushxabar tarqaldi: O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida o'tkazib kelingan “Atirgul” tanlovi qayta tashkil etilganini e'lon qildi. So'nggi yillarda moliyaviy sabablarga ko'ra o'tkazilishi to'xtab qolgan ushbu tanlovni qayta tiklashdan ko'zlangan maqsad mamlakatimizda jurnalist ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ijodiy salohiyatini namoyon qilishiga ko'maklashish, erishgan yutuqlarini e'tirof etish va ularni rag'batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Darhaqiqat, bugungi kunda ayollarning barcha soha va tarmoqlardagi o'rni va ta'siri yanada ortib borayotganini respublikamizda mehnat bilan band aholining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etayotganida ham yaqqol ko'rish mumkin. Mamlakatimiz boshqaruv tizimida ayollarning ulushi 33 foizga yetgani, yurtimiz bo'yicha bir yarim mingga yaqin xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida ishlayotgani, davlat va jamiyat boshqaruvida ularning ishtirokini kuchaytirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilgani e'tirofga molik.
Qaysi sohada faoliyat olib borishidan qat'iy nazar, ayolga ehtirom ko'rsatish xalqimizga xos oliyjanob qadriyat hisoblanadi. Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko'tarish va ayollarning jamiyatdagi o'rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo'ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “Hech shubhasiz, bugungi farovon hayotimiz ham, yorug' kelajagimiz ham albatta oila va jamiyatning ustuni, hayotimizning fayzi va ko'rki bo'lgan ayollarga bog'liqdir.
Agar biz xalqimiz bizdan rozi bo'lishini xohlasak, avvalo, mo''tabar onalarimiz, opa-singillarimiz, qizlarimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak”.
Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo'yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Yurtimiz taraqqiyoti yo'lidagi ezgu maqsadlarni ro'yobga chiqarish, Yangi O'zbekiston ruhiga mos yangicha tafakkur tarzini shakllantirish, umuminsoniy qadriyatlarni targ'ib etish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirishda jurnalist xotin-qizlarning ham munosib xizmati bor, albatta.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi milliy ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirish, sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarish, jahon andazalari talablari darajasida faoliyat ko'rsatishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, jurnalist ayollarning kasbiy mahorati, intellektual saviyasini oshirish, ularning ijtimoiy hayotidagi faolligini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratmoqda.
Bugungi kunda oliy o'quv yurtlarini tamomlab, jurnalistika sohasiga kirib kelayotgan kadrlarning 60-70 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani, ommaviy axborot vositalarida ko'pchilik jurnalist ayollar xizmat qilayotgani barchaga ma'lum.
Jurnalistik faoliyat bilan shug'ullanayotgan zukko opa-singillarimiz tomonidan yozilgan maqolalar, tayyorlangan teleko'rsatuv va radioeshittirishlarda nafaqat kasb mahorati, balki qalb qo'ri, ayollik nazokati ham yaqqol sezilib turadi. Respublikamiz miqyosida o'tkaziladigan jurnalist xotin-qizlar o'rtasidagi tanlovning “Atirgul” deb nomlanishi bejiz emas. Zero, ATIRGUL timsolida ayol nafosati va go'zalligi mujassam.
Xabaringiz bor, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Jurnalist ayollar kengashining 2021 yil noyabr oyida o'tkazilgan yig'ilishida Uyushma tomonidan “Atirgul” tanlovini qayta tiklash, mazkur tanlov g'oliblarini 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida taqdirlash taklifi bildirildi va taklif Jurnalist ayollar kengashi a'zolari tomonidan qo'llab-quvvatlandi.
Haqiqatan ham, jurnalist ayollar orasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o'zlarining salmoqli hissasini qo'shib kelayotgan, yuksak ma'naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat bo'lish bilan birga o'z kasbiy faoliyatida fidoyilik ko'rsatayotgan xotin-qizlar o'rtasida tanlovining qayta tiklangani ayni muddao bo'ldi.
Bugungi kunda jurnalist ayollarni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirishni davrning o'zi taqozo etmoqda. Ularning ijtimoiy-siyosiy faolligi davlatimiz, jamiyatimiz uchun har qachongidan muhimligini yaqqol ko'rib turibmiz.
Bosma va internet nashrlari, televidenie va radio sohasida faoliyat ko'rsatayotgan ayol jurnalistlarning ijodiy izlanishi, yoritilayotgan mavzuga o'ziga xos yondashishi, jamiyatda kechayotgan ijobiy yangilanishlar bilan birga mavjud muammolarni ham ko'ra bilishi va ularni hal etish yo'llarini topishi, bir so'z bilan aytganda, o'z kasbiga nisbatan fidoyiligi e'tirof etilishi kerak.
“Atirgul” tanlovi jurnalist ayollarning kasbiy mahoratini oshirish, ular o'rtasida sog'lom raqobatni yuzaga keltirish, iqtidor egalarini rag'batlantirish, bosma OAV, internet nashrlar va efirga uzatiladigan teleradiomahsulotlar sifatini yaxshilash, materiallar tayyorlashda fikrlar xilma-xilligi va turlicha ijodiy yondashuvlarga samarali ta'sir ko'rsatishi shubhasiz.
Tanlovning tarixiga nazar solsak, 1998 yilda ilk mukofotga taniqli jurnalist Mukarrama Murodova loyiq topilganini, 2003 yilda O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Dilbar Mahmudova, 2004 yilda Natalya Kochubey, 2006 yilda O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Hulkar To'ymanova, 2010 yilda Nazokat Usmonova, 2011 yilda Muhtarama Ulug'ova va Sayyora Shoyeva “Atirgul” tanlovi g'olibi bo'lganini ko'ramiz.
Shu o'rinda ta'kidlash joizki, “Atirgul” tanlovi nomigagina tiklanmadi, zamon ruhiga mos yangi ma'no-mazmun kasb etdi. Buni tanlov yo'nalishlari ham anglatib turibdi: “Inson qadri ulug'langan eng yaxshi materiallari uchun”, “Gender tenglik masalasi eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun”, “Yoshlar muammolari eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun”, “Oila va mahalla mavzusi eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun”, “Ekologik muammolar eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun”, “Harbiy-vatanparvarlik mavzusi eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun”, “Jurnalistika sohasidagi eng yaxshi ilmiy-tadqiqoti uchun”, “OAV bilan faol va tezkor ishlagani uchun”.
Televidenie, radio, bosma va internet nashrlari, axborot xizmatlari, shuningdek, jurnalistika sohasida ilmiy faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar aynan shu yo'nalishlar bo'yicha tanlovda bellashadi va bu yo'nalishlarning har biri hozirgi kunda dolzarb hisoblanadi.
Inson qadrini ulug'lash. Ko'p yillar davomida “davlat – jamiyat – inson” tamoyilga amal qilib kelingan bo'lsa, endi barcha harakatlar “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyilga qaratildi. Inson birinchi o'ringa qo'yildi. Aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash, ijtimoiy muammolarni adolatli hal etish, ayniqsa, insonni e'zozlash, uning huquq va erkinliklarini ta'minlash davlat siyosati darajasiga ko'tarildi.
Gender tenglik masalasi. Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta'minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo'llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi. O'zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi tashkil etilgan. Kuni kecha Prezidentimiz tashabbusi bilan Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi tashkil etildi.
Oila va mahalla. Inson, avvalo, oila bag'rida unib-o'sadi, shaxs sifatida shakllanadi. Oilalarda o'zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda mahalla muhim o'rin tutadi. Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarining jamiyatdagi mavqeini oshirishga jiddiy e'tibor qaratilib, bu borada keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ekologik muammolar. Yurtimizda ekologik barqarorlikni ta'minlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega bo'lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.
Tanlovning “OAV bilan faol va tezkor ishlagani uchun” yo'nalishi bo'yicha so'z yuritsak, so'nggi yillarda davlat idoralarining jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Agar 2019 yilda davlat va nodavlat tashkilotlardagi axborot xizmatlarining manbalari — rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar 559 tani tashkil etgan bo'lsa, 2022 yilga kelib bu raqam 3000 ga yetdi. Ommaviy axborot vositalaridagi tanqidiy chiqishlarga vazirlik va idoralar, hokimliklarning axborot xizmatlari orqali tezkor munosabatlar bildirish amaliyoti shakllandi. Turli tashkilotlarning axborot xizmatlarida faoliyat olib borib OAV bilan yaqindan hamkorlik qilayotgan jurnalist ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi yaqqol ko'zga tashlanmoqda.
“Atirgul” tanloviga “Yoshlar muammolari eng yaxshi yoritilgan materiallar uchun”, “Harbiy-vatanparvarlik mavzusi eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun”, “Jurnalistika sohasidagi eng yaxshi ilmiy-tadqiqoti uchun” kabi yo'nalishlar kiritilgani ham e'tiborga loyiq.
Muxtasar aytganda, “Atirgul” tanlovining qayta tiklanishi va o'tkazilishi jurnalist ayollarga ehtiromning o'ziga xos ramzi deyishimiz mumkin. G'oliblarga diplom, maxsus statuetka va qimmatbaho sovg'alar 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida tantanali ravishda topshiriladi.
“Atirgul” muborak bo'lsin!
Olimjon O'sarov,
O'zbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi raisi
