«Sayding qo'yaber, sayyod…» yoki Furqat tumanida bir kun

Farg'ona viloyatidagi Furqat tumanining tarixi o'zbek millatining boshiga tushgan kunlarni yodga soladi. 1899 yil 11 aprelda Xovosdan Qo'qonga birinchi poezd kirib kelgan kundan e'tiboran Furqat tumani markazi Navbahor qishlog'i Gorskiy deb nomlangan. Nom temir yo'l asoschilaridan biri, Samarqand Andijon temir yo'l qurilishining 4-qismiga boshchilik qilgan Gorskiy Anton Gavrilovich sharafiga qo'yilgan. 1943 yili 58 ta jamoa xo'jalik­lari birlashtirilib, Gors­kiy rayoni tashkil etilgan. 1959 yili Gorskiy rayoni tugatilib O'zbekiston rayoniga qo'shib yuborilgan. 1962 yili Kirov rayoniga o'tkazilgan.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, 1992 yildan Furqat tumani markazi Gorskiy qishlog'i Navbahor deb nomlandi, keyinchalik Navbahor shaharchasiga aylantirildi.

Nisbatan yosh tumanning hududi 300 kv.km.dan iborat bo'lib, aholisining asosiy tirikchiligi qishloq xo'jaligi, chorvachilikdan. Tuman paxtachilik va g'allachilikka ixtisoslashgan bo'lib, deyarli sanoat, ishlab chiqarish ob'yektlarini ko'rmaysiz. To'rt tomoni kenglik bo'lgani bois havosi toza, shahar shovqinidan qochganlar uchun ayni bop manzil. “Qo'qon shamoli”ning asli vatani Furqat ekan, osmonda quyosh xira nur sochib turishiga qaramay, ko'cha-ko'yda odamlar po's­tinga o'ranib olgandek. Shamol turgan joyingizdan zumda besh qadam nariga siljitib qo'ygani chikora, quloqlaringizni changallab turmasangiz uchirib ketadigandek. Tuman hayoti bilan tanisharkanmiz, kun bo'yi mashinada besh daqiqa isinib-isinib “jon saqladik”…

Dalalarda ko'klam nafasi

Furqat tumanidagi Qolgandaryo o'zanlari bo'ylab yastanib ketgan g'alla maydonlari yashillikka burkangan. Keng dalalarga boqib, ko'kka monand bo'y cho'zayotgan nihollarning bugungi rivojidan ko'z quvnaydi, dil yayraydi. Atrofga ko'm-ko'k poyandoz to'shalgandek. Qishdan ko'klamga eson-omon yetgan bobodehqonlar kundalik dala yumushlari bilan andarmon: nihollarni oziqlantirish, hasharotlarga qarshi kurashish, begona o'tlardan tozalashdek muhim amallar bilan band. Dehqonlar ta'biri bilan aytganda, bugungi mehnat va izlanishlar ertangi mo'l-ko'lchilik, to'kinlikka xizmat qiladi.

Tal'atjon Tursunov Qolgandaryo mavzesida mehnat qilib tajriba to'plagan fermerlar sirasidan. Unumdorligi past, qum yerlar, sizot suvi yaqin bo'lgan ekin maydonlarida dehqonchilik qilish, ko'zlangan hosilni olish sabr-bardosh, izlanishni talab etadi. 31 gektar yerdagi g'alla maydonlari azotli va fosforli o'g'itlar bilan oziqlantirildi. Har gektar yer hisobiga 3 tonnadan ortiq mahalliy o'g'it jamg'arildi, rivojlanishda ortda qolayotgan maydonlar sharbat yordamida sug'orilmoqda.

– G'alla hosili har yildagidan mo'l bo'ladi, – deya qo'liga bir tup nihol oldi fermer. – Ko'rdingizmi, o'z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida bir dona urug' 8-10 tagacha tup­lagan. Endigi maqsad – ana shu ko'chatlarning sog'lom o'sishi uchun sharoit yaratib berish. O'tgan yili har gektar g'alla maydonidan 80 sentnerdan hosil olganmiz. Bu yili 100 sentnerni ko'zlab turibmiz.

G'allachilik sohasida klaster tizimining joriy etilgani soha rivojiga xizmat qilmoqda. Endilikda fermer yetishtirgan bug'doyini bozor narxida to'liq erkin sotish huquqiga ega bo'ldi.

– Joriy yilda 6 ming 630 gektar yerda g'alla yetishtirish uchun 202 ta fermer xo'jaliklari bilan shartnoma imzolangan, – deydi “Istiqbolli g'alla eksport” MChJ rahbari Azamatjon Saminjonov. – G'alladan yuqori hosil olish uchun hududlarning tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib, har gektar yerga 200 kilogrammdan fosforli va kaliyli o'g'it yetkazib berildi va oziqlantirildi. Chunki g'alla hosilining salmog'i bugungi harakatga bog'liq.

Qish faslining iliq kelishi g'alla maydonlarida turli begona o'tlar, kasalliklar, ayniqsa, zang kasallik­lari hamda hasharotlarning rivojlanishiga qulay sharoit yaratdi. Shu bois, soha mutaxassislari, fermerlar g'alla maydonlarini muntazam kuzatib, turli kasallik, zararkunanda va begona o'tlarga qarshi kurashish tadbirlariga jiddiy e'tibor qaratmoqda.

– Qishlovdan chiqqan g'allaning ildiz tizimi yaxshi rivojlanishi uchun gektariga 600–700 kubometr me'yorda oqar suv bilan sug'orish lozim. Sug'oriladigan maydonlarda o'simlik uchun zararli bo'lgan ishqoriy namlik 50-60 sm. pastlaydi, natijada maysaning o'sib-rivojlanishi uchun zarur bo'lgan yangi ildizlar shakllanadi va berilgan ozuqani tez o'zlashtiradi, – deydi viloyat qishloq va suv xo'jaligi boshqarmasi, g'allachilik va dukkakli don ekinlari bo'limi boshlig'i Farhodjon Qurbonov. – Shu kunga qadar viloyatimizdagi 99 ming 500 gektar g'alla maydonlari oziqlantirilib, sug'orildi. Bundan tashqari, nihollar rivoji va hosildorligida muhim bo'lgan bargidan oziqlantirish, zang kasalligi, begona o't va zararli hasharotlarga qarshi kurashish bilan bog'liq zaruriy ishlar amalga oshirilmoqda. Farg'onalik dehqonlar azaldan g'alla yetishtirishda katta tajribaga ega. Buni g'alla maydonlarida olib borilayotgan amaliy ishlardan ko'rish mumkin.

 

Paxta dalasi o'rnida to'qimachilik korxonasi

 

Tuman tarixida ilk bor paxta dalasi maydonidan ishlab chiqarish uchun joy ajratilibdi. Bu xushxabarni ko'pchilik intiq kutgandi. Endi tuman sanoati rivojlanadi, iqtisodi o'sadi, ayollar boshqa yurtlarga ketmay, o'z oilasi bag'rida ishli bo'ladi…

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4-5 fevral kunlari Farg'ona viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar bayoniga asosan Furqat tumanida “Texnopark” barpo etish belgilangan bo'lib, bugungi kunda tumandagi “Ardaxshon” mahalla fuqarolar yig'ini hududida joylashgan tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Texnopark” qurilishi uchun 2,5 gektar yer maydonida rekultivatsiya ishlari boshlandi.

Ushbu ob'yekt qurilishi uchun topos'yemka, geologik qidiruv ishlari hamda ART (arxitektura va rejalashtirish topshirig'i) hujjatlari yakunlanib, qurilish va ishlab chiqarish binolari joylashuv loyihalari ishlab chiqilgan. Turkiyalik investorlar, lo­yiha ta'sischilari Tunjay Birben, “Tantex Group” MChJ, A.Payg'amov hamda “Trio Mir Teks” MChJ QK tomonidan tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Investitsiya loyihasining umumiy qiymati 35 mln. dollar bo'lib, yillik ishlab chiqarish quvvati 110 mlrd. so'mni tashkil etadi. Bundan tashqari, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hisobiga yillik 9-10 mln. AQSh dollari miqdorida Yevropa davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida 1000 dan ortiq yangi ish o'rinlari yaratilib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da turgan va ishsiz aholi vakillari daromad manbaiga ega bo'ladi.

 

Xonadondagi mo''jiza: Bedana nafaqat sayraydi…

 

Ba'zida juda ko'p bora aytilgan o'ta kuchli ma'noga ega hikmat ham qayta-qayta ishlatilaverib, o'z ta'sir kuchini yo'qotib qo'yadi. Lekin Furqat tumani “Istiqlol” mahallasida yashovchi Jo'rayevlar uchun oddiy so'zga aylanib qolgan: “Parrandachilik yetti xazinaning biri” maqolining naqadar ma'noga boy ekanini yana bir bor anglagan oilalardan.

– O'tgan yili subsidiya asosida inkubatoriya uskunasini olgan edim. Bu berilgan imkoniyatdan unumli foydalanganim uchun menga qo'shimcha tarzda yana bitta inkubator uskunasi berildi. Shu orqali bedana tuxumlari ochirishni yo'lga qo'ydik, oilamizdan 4 kishi shu ish bilan band. Daromad manbaiga ega bo'ldik, – deydi Abdumo'min Ahrorov.

Qishloq odamining bo'sh vaqti bo'lmaydi. Ishdan qaytgach, tomorqasida uymalanadi, mol-holga qaraydi, qisqasi oilasiga nafi tegadigan yumush bilan shug'ullanadi. Chunki uning 5-6 sotix tomorqasi bor. Tayoq eksa to'rt kunda ko'karadigan, urug' tushsa besh kunda barg yozadigan yerimiz mehnat qilganni boqishi tayin. Qishloq kishisining biroz ijodkoru hunarmand bo'lishi nur ustiga nur – oilasigagina emas, jamiyatga ham katta naf keltiradi.

“Istiqlol” mahallasida yashovchi Jo'rayevlar xonadonini qishloqda bilmaydigan kishining o'zi yo'q. Sababi el qatori xonadonda istiqomat qiladigan oila har 16-18 kunda 2500 ta bedana ochiradi.

– Har bir shkafda 1250 dona bedana tuxumi bor, – deydi xonadon sohiblaridan biri Abdulatif. – Tuxum inkubatoriya uskunasiga qo'yilganidan so'ng 16-18 kunda bedana ochib chiqadi. Umumiy 2 mingta bedanadan 1000 tasi tuxumga kirgan, 1000 tasi bir haftalik jo'jalar. Bir kunda o'rtacha 850-900 ta tuxum olyapmiz. Qo'shimcha 2 ta inkubatorda yana 2500 ta bedana tuxumi ochirishga qo'yilgan.

Xonadon sohiblari o'z egallagan hunarlarining sirini ham hech kimdan yashirmaydi.

– Eng avvalo, qunt kerak, tuxumlarni inkubatoriyaga joylab, haroratni 37,5 daraja, namlikni 28,8da ushlab tursangiz sifatli bedana chiqaveradi, – deydi Abdumo'min. – Agar shu sohaga qiziqib, o'rganishni niyat qilganlar bo'lsa, bemalol kelaversin, beminnat o'rgatamiz. Bu ishning hech qanday siri yo'q.

Bedana ochirish bilan yilning faqat besh oyi – mart, aprel, may, iyun va iyulda shug'ullanish mumkin. Xonadon egalari inkubatoriya asboblarini ta'mirlashni o'zlari uddalaydi.

Xonadon sohiblaridan Abdubannon akaning aytishicha, mart oyining o'rtalarida haftasiga 1000 ta bedana tuxumga kiradi. Hozirda ikkita shartnoma imzolangan. 500 dona bedana qafasi bilan 15 million so'm bo'lib, shartnomaga asosan ozuqa-emlarini yetkazib berish va ochilgan bedana jo'jalarini yana qayta sotib olish ham yo'lga qo'yilgan.

 

Keksalik gashti – tomorqa bilan

 

Tumanda yerni zar deb bilib, har qarich yerdan unumli foydalanayotgan, xalqimiz dasturxoni to'kinligiga hissa qo'shayotgan, pirovardida mo'maygina daromadga ega bo'layotgan mirishkor tomorqa egalari juda ko'p ekan.

“Ko'k do'ppi” mahalla fuqarolar yig'ini Istiqlol ko'chasida yashovchi Jamilaxon aya Yunusova ham ana shunday yerga mehr qo'ygan insonlardan.

36 yil musiqa fanidan dars bergan Jamilaxon aya nafaqa davrida kelinining qo'lidan choy ichi-ib o'tirmay, ikki yil avval 17 sotix maydonda issiqxona tashkil etgandi, bugun tumanning oldi tadbirkorlaridan. Ertadan kechgacha tomorqa bilan ovora. Bulg'or qalampiri deysizmi, ko'katu sarimsoqpiyoz, bodring, pomidor, limon… Qishin-yozin keti uzilmaydi, mehnatlari evaziga qishning chillasida ham pomidoru bodringni xalqdan ilgari uzib, dasturxoniga tortadi. Ko'ngli ham, qo'li ham ochiq Jamila aya tomorqasida yangilik bo'ldi deguncha, ulardan qo'shni-yu qarindoshlarga ilinadi, dasturxonga tugib suyuntirishga shoshiladi. Shundanmi, hosilining barakasi mo'l.

— Bu mavsumda issiqxona bir chetidan 1 tonna bulg'or qalampiri sotdim, bodringdan kuzgi mavsum boshidan 3 tonna, limonlarim cho'g'i mo'l. Hozir sarimsoqpiyozlarni yuvib, tozalab, sotishga tayyorlayapmiz. Nasib qilsa yaxshi daromad kutyapman. Issiqxona ishlari bilan bo'lib kun o'tganini ham sezmay qolaman. Kasallik, keksalik-ku yodimga ham tushmaydi, — deya “Navbahor” qo'shig'ini xirgoyi qilib berdi. Qahramonimizdagi jo'shqinlik, xush kayfiyat bizlarga ham ko'chib, safarni davom ettirdik.

 

Yapon tili markazidan – Yaponiya mehnat bozoriga

 

Tumandagi “Chirkay” MFYda yaponiyalik tadbirkor Junichi Sugimoto hamda tuman hokimligi tashabbusi bilan yoshlarga axborot texnologiyalari va yapon tili sohasida ta'lim berish maqsadida “YAMATO IT ACADEMY” o'quv markazi tashkil etilgan.

– Markazimizda 45 ta zamonaviy kompyuter jamlanmalari o'rnatilib, dastlabki sinov jarayonida 32 o'quvchilarning 14 nafari asosiy kursga qabul qilindi, – deydi o'quv markazining IT bo'­yicha o'qituvchi-murabbiyi Ibrohimjon O'tbosarov. – Bu yerda o'quvchilarga IT dasturlash sohasi bo'yicha 3 yillik xalqaro ta'lim dasturi asosida saboq beriladi. Shuningdek, kompyuter savodxonligi, yapon tili kurslarida malakali mutaxassislar tayyorlash va har yili kamida 10 nafar bitiruvchini Yaponiya mehnat bozoriga ishga yuborish maqsad qilingan. Ayni paytda hududdagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 64 nafar yigit-qiz kompyuter savodxonligi bo'yicha bepul o'quv kurslarida tahsil olmoqda.

Yaqin istiqbolda o'quv markazi faoliyatini yanada kengaytirish, qo'shni Beshariq va O'zbekiston tumani yoshlarini ham o'qishga jalb etishni maqsad qilgan.

 

Avtohalokat oyog'imni olib ketdi, shashtimni emas…

 

1981  yil, 30 dekabr. Qishloqning eng suluv, dilbar qizi Donoxon Ibrohimovaning hayoti ostin-us­tun bo'lgan kecha. Yangi yil bayrami bahona turmush o'rtog'i bilan oilaviy do'stlarinikiga mehmonga borishdi-yu, ammo uyga bir o'zi, bir oyog'i bilan qaytdi. Avtohalokat 21 yoshli kelinchakdan turmush o'rtog'i va chap oyog'ini manguga yulib ketgandi.

– Necha marta o'z jonimga qasd qilishga bel bog'laganman, – deydi Donoxon aya. – Yosh bo'lganman, birdaniga bir umrlik hamrohingiz va bitta oyog'ingizdan ajrab qolishni tasavvur qiling. Onam va yetti oylik qizalog'im yashashga kuch bergan. Sakkiz farzandni tarbiyalagan mehnatkash onam bu jazoga loyiq emasdi.

Toshkentga davolanishga ko'p borardim. Bir safar afg'on urushida qo'l-oyog'idan ayrilgan, jon talvasasida yotgan askarlarni ko'rdim-u, jonimga qasd qilish fikridan butunlay voz kechdim. “Ular hayotda nima ko'rdi? Nega noshukurlik qilyapman? Mening axir qizim bor-ku!”, deya tavba qildim. Ular menga bir umrlik saboq berishdi.

O'sha voqeadan so'ng, faqat oldinga intildim. Uch yillik davolanishdan so'ng oyog'imga protez qo'­yishdi. Qizimni olib, ota uyimga ko'chib o'tdim.

Dastlab uyida to'quvchilik, tomorqa ishlari bilan shug'ullandi. Sun'iy oyoqqa ko'nikkach, savdo bazasida hisobchi yordamchisi bo'lib ishladi. Jamoadoshlari orasida “Matonat malikasi” “unvoni”ni oldi. Nafaqaga chiqqach esa arab tilini xatm qilib, el orasiga qo'shildi. Qizini onasi bilan birga voya­­ga yetkazishgan, hozir ikki nabiraning buvisi.

– Ona ekan-da, meni yolg'iz qoladi deb, bu dunyodan uzulolmadi. Meni deb bir asr yashadi mehribonim. Ularning yo'qligiga ham bu yil besh yil bo'ldi. Yolg'izlik Allohga xos, deb bejiz aytishmas ekan… – deydi-yu, yuziga g'am solmagan, ruhi baland.

Hozir Donaxon Ibrohimova yolg'iz yashaydi, haftasiga ikki marta mahalla faollari, mas'ullar yo'qlab turadi, qo'shnilar issiq-sovug'idan boxabar. Mahalladagi yig'inlar usiz, uning duolarisiz o'tmaydi. Shunga qaramay, kunning ko'p qismida o'zi, xayollari va kitoblari bilan yolg'iz qoladi.

– Meni yolg'izlik, tushkunlikdan qutqaruvchi shifobaxsh dori, bu – kitoblar. Ular menga kuch beradi, yaxshi asar mutolaasidan so'ng, hayot qanchalar go'zalligini anglayman.

Qaerlardadir, balki yonginamizda televizor yoki matbuot yuzini ko'rmagan necha-necha qahramonlar yashamoqda. Jimgina, iddaolarsiz. Ayni navqiron chog'i – 21 yoshida hayotning zarbasiga uchragan, ammo yiqilmay, 63 yoshgacha mardonavor yashab kelayotgan mana shunday insonlarni asl qahramon degan bo'lardim.

Bir olam taassurotlar bilan yana Farg'ona shahriga qaytdik. Radioda esa Furqat qalamiga mansub muxammas Tavakkal Qodirov ijrosida yang­rardi:

“Sayding qo'yaber, sayyod, sayyora ekan mendek,

Ol domini bo'ynidin, bechora ekan mendek…”

 

Sevara ALIJONOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 4 =