Bugunning ertasi bor

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist,

yozuvchi Olim Toshboyev bilan suhbat

 

“Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?

Nomusmi, vijdon bila imonmi kerakdir?”.

Fitratning yurt qayg'usida bitgan ushbu misralarini suhbatimizga muqaddima sifatida tanladik. Zero, chin vatan sevgisi pok e'tiqod, nomus va sha'n ila kamol topgusidir.   O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, filologiya fanlari nomzodi Olim Tosh­boyev keyingi yillarda matbuotda O'zbekistonimizning yaqin tarixi, adabiyoti, xususan, sobiq ittifoq davridagi jilovlangan ma'naviy muhit haqida publitsistik maqolalar e'lon qilib kelayotgan ijodkorlardan. Gazeta-jurnallarda bir necha hi­koyalari e'lon qilingach, uzoq yillar badiiy asari bilan ko'zga tashlanmagan yozuvchining G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “Ultontoz” romani nashr etildi. Ulkan ma'naviy merosimiz bo'lgan “Alpomish” dostonida Ultontoz el-yurt boshiga kulfat keltirgan, nomard va nodon hukmdor sifatida tasvirlangan. “Ultontoz” romani esa yigirmanchi asrda xalqimiz boshdan kechirgan voqealarning badiiy talqini sifatida o'quvchilar e'tiborini qozondi. Yozuvchi bilan keyingi yillarda yurtimizda kechayotgan ma'naviy-ma'rifiy o'zgarishlar, millat va shaxs tarbiyasidagi muhim mezonlar haqida suhbatlashdik.  

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlash to'g'risida”gi qarori hayotimizning har bir kunida qilinishi kerak bo'lgan ruhiy-ma'naviy vazifalarni belgilab berdi desak, xato bo'lmaydi. O'tgan yili nishonlangan adabiyot va ma'naviyat bayramlarida tuhfa etilgan kitoblarning o'zi bitta kitob javonimizni to'ldirdi. Bu o'ziga xos katta tayyorgarlik, ulkan rejalar zamirida Shaxs kamoloti, jamiyatimiz rivoji bilan chambarchas bog'liq bo'lgan zalvorli qadamlar bor. Shunday emasmi?

– Muxtasarxon, keling, so'zimni savolingizning oxirgi qismidan boshlasam. Ko'pchilik Abu Nasr Forobiy nomini eshitgan chiqar. Bu ulug' zot Aflotun, Arastu asarlarini sharhlab, kitoblar bitgan.

Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asari ba'zilar o'ylaganday xayolot mevasi emas. Kamolot sari intilgan har bir inson uchun “yo'l xaritasi”. Shaxs kim? Ma'nan va axloqan barkamol odam. Shaxs kamoloti til va adabiyot bilan bog'liq. Ko'pincha hazrat Navoiy merosini o'rganish degan gap og'zimizning bir chetidan osongina chiqib ketadi. Lekin yelkamizda qanday ulkan yuk borligini to'la tasavvur etolmayapmiz.

Akademik Azizxon Qayumov (Alloh rahmat qilgan bo'lsin) bir suhbatlarida Alisher Navoiyning quyidagi fikrlarini aytib bergan edi: “Mening uch toifa o'quvchim bor. Birinchisi, g'azallarimni o'qiydi va anglaydi. Ular omon bo'lsinlar. Ikkinchi bir toifa bor. She'rlarimni o'qiydi, ammo ma'nosini tushunmaydi. Ular ham omon bo'lsin. Uchinchi toifa o'quvchilarim esa yozganlarimni o'qimaydi-yu, ammo nomimni aytib maqtanib yuradi. Ular ham omon bo'lsin”.

So'nggi yuz yilda tug'ilgan avlodning ko'pchiligi uchinchi toifaga mansubligini tan olishimiz kerak.

Professor Nurboy Jab­borov “Sharq Islom adabiyoti shaklni ham, vaznni ham, ijodiy konsep­siyani ham Qur'oni karim va Hadisi shariflardan olgan” deb yozadi. O'tgan asr boshlarida o'tkazilgan alifbo siyosati oqibatida mumtoz adabiyotimizdan, Islom ma'rifatidan “baqo guli”ning hidi ham yetmaydigan darajada olislab ketdik. Biz shaxslar jamiyatini barpo etishni ko'zlagan ekanmiz tilimizni, so'zlar qatidagi o'zligimizni yaxshilab o'rganaylik. Oldin ham bu haqda yozgan edim. Ajdodlar va avlodlarni yaqinlashtirishning birgina yo'li bor. “O'zbek tilining izohli lug'ati”ni mutlaqo yangicha mezonlar asosida tuzish lozim. U haqiqiy ma'noda ona tilimizning boyligini namoyon etolsin. Yangi lug'at Mahmud Qoshg'ariy zamonidan bizning kunlargacha bo'lgan davrni to'la qamrab olishi shart. U uch manbaga – “Devonu lug'oti-t-turk”, E.Fozilov tuzgan “Alisher Navoiy asarlari lug'ati” va tamomila qayta tayyorlanadigan “O'zbek xalq shevalari lug'ati”ga asoslanishi kerak. Bu ulkan va murakkab ishni birgina Til va adabiyot instituti zimmasiga yuklash to'g'ri emas. Res­publikamizda salkam o'n mingta maktab, har bir maktabda ikki-uch nafardan ona tili va adabiyot muallimi bor. Xalq ta'limi vazirligi juda ko'p tashabbus ko'rsatib kelayotganini bilamiz. Vazirlik bu gal “Har bir o'zbek maktabidagi tilchilar o'z qishlog'i, mahalla va ovuliga xos so'zlarni yig'sin”, deya tashabbus bilan chiqsa. Bu tashab­busni yurtimizda ochilgan ijod maktablari o'qituvchi va o'quvchilari ham qo'llab-quvvatlasa…

 – Jadid bobolarimiz tarixiga nazar tashlasak, ular islom ma'rifatiga katta e'tibor qaratganlarining guvohi bo'lamiz. Inson qaysi sohada faoliyat olib bormasin uning ruhiyatini mahkam tutib turguvchi ustun – bu uning e'tiqodidir. Bugun iqtisodiy, siyosiy va ma'naviy sohalardagi bo'shliqlarning barchasi e'tiqod sustlashuvi evaziga paydo bo'lmaganmikan…

– Singlim, “e'tiqod” “imon”ning sinonimi desam qo'shilasizmi? Sodda qilib tushuntirganda, e'tiqod odamning ma'naviy umurtqasi. Umurtqasi yo'q odamni tasavvur etib ko'ring. E'tiqodsiz odamning Biru borga ishonchi bo'lmaydi. Islom – bu hayotimiz. Rasul­ulloh (s.a.v), “Ilm olmoq har bir musulmon va muslima uchun farzdir”, degan. “Sunnat-de…” deya soqoliga mahliyo yigitchalar hech bo'lmasa mana shu hadisni o'qib qo'ysalar yaxshi bo'lardi. Mujtahid olimlar ba'zi sunnatlarni qilmaslik ham sunnat deyishadi. Aqida ilmi bolalarimizga maktab yoshidan singdirilganida edi, jamiyatimizdagi o'rgimchak to'ri – korrupsiya baloi azimga aylanmagan bo'larmidi… Birovning haqidan hazar qilgan murg'ak qalb amal kursisiga o'tirganida ham musulmon birodarining moli harom ekanini unutmaydi. Erk va ma'rifat deya maydonga chiqqan jadidlarning maqsadi jaholat botqog'iga botgan musulmon jamiyatni isloh etish edi. Mahmudxo'ja Behbudiy davridan yuz yil o'tib-o'tmay, o'z qo'llarimiz ila o'zimizni tahlikaga otganimiz evaziga “bizni kemirguvchi illatlar” o'n barobar ko'paydi. Birgina to'y masalasi butun bir tizimga ega mafkura darajasiga chiqdi. Yaqinda qo'shnimiznikida to'y bo'ldi. Naqshinkor ark ko'rinishidagi ko'chma ustunlarga tillarang zanjir ila mahkamlangan taxtachaga katta-katta harflar bilan “WEDDING DAY” (“To'y kuni”) deb yozib qo'yishibdi. O', soqqa desa sonini kesib berishga tayyor okalar, bu asosan o'zbeklar, musulmonlar yashaydigan qadimiy Choshtepa bo'lsa, inglizcha bitikdan nima ma'ni? Axir, birorta londonlik yoki texaslik mahallamizdan uy sotib olganda ham tushunish mumkin edi. Shunga o'xshash manzarani yozda Bandixonda ham ko'rib edim. Odmigina oshxona peshtoqiga “Mы otkrыlis” deb yozib qo'yishibdi. Saratonda soya topilmaydigan lalmida g'ayrimillat, g'ayridin urug'likkayam yo'q. Lekin… Toza qiliqboz bo'p ketmayapmizmi?! Hurmatli psixolog olimlarimizga birgina iltimosim bor: hamkasblar, tadqiq qilgan bo'lsalaringiz ochig'ini ayting. O'zbek qanday xalq?! Uning fe'l-xo'yi qay xil unsurlardan tashkil topgan? O'zbekligidan, qadriyatlaridan or qiladiganlar qayoqdan paydo bo'lyapti?..

Jamiyatimiz oyog'iga tushov bo'layotgan yana bir illat bor. Buni jadidlarimiz “jahli murakkab” degan. Bilmaydigan va bilmasliklariga iqror ham bo'lmaydiganlar ana shu toifaga kiradi. “Jahli murakkab” otiga mingan nomunosib ishboshilar xalqning boshiga qiyomat solib, davlat va siyosatga qarshi qayraydi.

 – “Ultontoz” romanini yozishga sizni qanday ma'naviy ehtiyoj va savollar majbur qildi? Izlanishlar jarayonida eski va yangi tariximizning qanday chigal­liklariga duch keldingiz?

– Avvalo, romanni o'qiyotgan, fikr-mulohaza aytayotgan yurtdosh­larimga, adabiyot muxlislariga minnatdorlik bildiraman. Asar o'z-o'zidan, stixiyali tarzda tug'ilgan emas. Ko'pchilikning xabari bor, ustoz Shukur Xolmirzayevning hayoti va ijodi haqida “Abadiy zamondosh” kitobimni yozish jarayonida Surxondaryo viloyat gazetasi, Boysun tuman gazetasining 30-yillardagi taxlamlarini sinchiklab o'rgandim. Markaziy nashrlar, tarixiy-ilmiy manbalarni ko'rdim. Mana shu o'rganishlar natijasida yurtimiz, xalqimiz qanday davrlarni boshdan kechirdi. Nega buncha tazyiq. Nega buncha tuhmat-malomat, qirg'in. Xiyonat, sotqinlik… Biz qachondan boshlab aynib ketdik? Yo'qotishlarimiz, parokandaliklarimiz har qanday odamni iztirobga soladi. Sho'ro qanday ustomonlik bilan amalga oshirgan, degan savollarga javob izlash asnosida shu asar tug'ildi. Bilasizmi, o'tgan asrning 80-yillari o'rtalaridan boshlangan nihoyatda uyatli, ayanchli tarix bilan asr boshidagi tarix mohiyatan o'xshash. Taqdirlar, qirg'inlar bir-biriga juda uyg'un. Romandagi qahramonlar to'qima emas. Real voqea-hodisalarni badiiy aks ettirishga intildim. Yaqin tarixdan nimalar topdingiz, degan savolga javob berishga qiynalaman. Ochig'i, ba'zi nuqtalar menga nihoyatda yomon ta'sir etdi. Yolg'on jamiyat, yolg'on hayot, yolg'on turmush, yolg'on bayroq, yolg'on e'tiqod va bularni odamlar bir-birining ko'ziga shunday tik qarab, kiprik qoqmasdan, shunday bo'lishi kerak deb qabul qilishi barcha mag'lubiyatlarimiz doyasi ekan.

Biz oxirgi yuz yilliklarda nimaiki yo'qotgan, uloqib-adashgan bo'lsak, bosh sababi yolg'on, riyo, munofiqlik. “Mo'min kishi bir kavakdan ilon ikki marta chaqishiga yo'l qo'ymaydi”, degan hikmat bor. Mana shu fikrni mag'zini chaqib ko'rmaymiz.

 – Suhbatlaringizning birida “Ziyolilarimiz zimmasida iste'dodli bo'lish bilan birga jur'atli bo'lish mas'uliyati ham bor”, degan edingiz. Afsus­ki, bugungi kunda o'z qobig'iga o'ralib olgan ijodkorlar ham kam emas. Shunday ulkan o'zgarishlar kechayotgan, asrlar davomida hal etilmay kelinayotgan katta muammolar yechimiga javob izlanayotgan ayni pallada ularning bu “prinsip”lari qay darajada o'zini oqlaydi?

– Jamiyatning ravish-raftori ziyolilar tafakkur tarzi, o'y-xayol­larida aks etadi. Turmush manzarasini bilmoqchi bo'lsak yaratilayotgan adabiy, ilmiy, publitsistik asarlarni bir qur o'qish kifoya. Bu xalq iste'dodlarga boy. Lekin, ko'nglingiz xotirjam bo'lsin. Xalqning abgor bo'lgan turmushini o'nglayman, uvada ma'naviyatini tiklayman degan jasorat sohiblari doim sanoqli bo'lgan. Ana shu jasoratdan Xudo ayirmasin. Eskilarning bir gapi bor: til tagida til bo'lmasligi kerak. Yuz bitta bo'lishi kerak. Hayotiy va ijodiy prinsiplari o'zga-o'zga ijodkorlar hamma zamonda topiladi… Prezidentimiz aytganidek, “lik-lik” qilib unvon olgan qo'shiqchilarga ko'tar-ko'tar bilan qo'ldan yasalgan “klassiklar” qo'shtaqim edi. Bugun ular nomini kecha quloch-quloch maqola yozgan adabiyotshunoslarimiz ham xijolat bo'lib eslaydi.

Jur'atli yetakchiga, jasur ijodkorlarga xalq taassub qilib, ergashib ketadi. Omma jur'atli kuchga aylanadi. Chin ziyoli tabiatan muxolif bo'ladi. Chunki uning qalbida hamisha muqobil fikr, qarash, g'oya yashiringan. Ziyolilar hayotini tadqiq etish orqali mafkura, siyosatning istiqboli haqida aniq tashxis qo'yish mumkin. O'tgan asrning o'ttizinchi yillari AQShda ro'y bergan iqtisodiy-moliyaviy inqiroz haqida Tomas Vulfning “Uyga qaytish yo'q” degan romani bor. Adib jamiyat hayotining barcha murakkabliklarini ziyolilar hayoti misolida ochib bergan.

Yaxshi va yomon amallarni ko'rsatib turuvchi ko'zgu bu shubhasiz – fikr. Jamiyatda tafakkur qiluvchilarning ko'payishi umumiy saviyani oshiradi deymiz. Ammo so'nggi chorak asr mobaynida biz xalqni kitobdan, adabiyotdan, ma'rifatdan ongli ravishda yiroqlashtirish siyosatini olib bordik. Chunki siyosat darg'alari adabiyot jamiyatni uyg'otuvchi kuch ekanini, ijodkor ziyolilar xalq ko'zini ochishi mumkinligini juda yaxshi anglar edi. Uzoq yillik ma'naviy-ruhiy ta'qib-taz­yiqdan, “qora ro'yxat”lardan yuragini oldirgan ziyolilarning birdaniga faol bo'lib ketishi qiyin. “Xonasher, maydong'ariblik” qonimizda bor. Yaratganga shukrlar bo'lsinki, keyingi besh-olti yilda ko'p narsa o'zgardi. Ijod, mehnat bor. Yaqinda bir kitob taqdimotida qatnashishimga to'g'ri keldi. Duppa-durust qalamkashlar adabiy mardikorlar hashar qilib yozgan kitobni qo'liga qalam tutmagan odam nomiga nisbat berib shunaqa hamdu sano o'qishdiki, hayronlar qoldim. Yoshi yetmishdan oshgan ijodkor ziyolilarning kimo'zarga munofiqlik qilishi judayam xunuk ko'rindi. Yoshlar mana shunday yolg'onlar qurboniga aylanmasligi lozim.

 –Hozirgi kunda jurnalist kadrlarni tayyorlashda qanday muammolar mavjud? Oliy ta'limga bugungi kun nafasini olib kirish uchun nimalar qilish zarur deb o'ylaysiz?

– Jurnalistika – bu hayot. Har kuni yangilanayotgan davr, jamiyat jurnalist zimmasiga yangi-yangi vazifalar qo'ymoqda. Uni his etish uchun qobiliyat kerak. Alohida jurnalis­tik qobiliyati bor yigit-qizlarni to'rt yil bakalavr, ikki yil magistr sifatida band etish shartmi? Bir yildan chegirib tashlasak ularning haqiga xiyo­nat etgan bo'lamizmi? Mutaxassislik fanlarni birinchi kursdan tizimli ravishda o'rgana boshlagan talabaning ikkinchi kursdan tahririyatlar, teleradio­kanallar, axborot xizmatlari va agentliklarga biriktirilishi qalamni charxlashdan tashqari, jurnalist bo'lib shakllanishiga beqiyos ta'sir ko'rsatadi. Shu kecha-kunduzdagi jiddiy muammo ijodiy imtihon bekor qilingandan so'ng bo'y ko'rsatdi. Kunduzgi, sirtqi bo'limda o'qiyotgan talabalar bilan o'zaro muloqotlarda shu narsa ayon bo'ladiki, sirtqidagilarning birortasi na tahririyat, na sayt, na teleradiokanalda ishlaydi. Jurnalist kim, matbuot nima, maqola qanday yoziladi – tasavvvur nol! Gazeta-jurnallar haqida deyarli hech qanday ma'lumotga ega emas. Har o'ntadan biri badiiy kitob o'qir ekan, xolos.

Yaqin yillargacha oliy o'quv yurtlaridan sifatdan boshqa hamma narsa so'ralgan. Kim qanday dars o'tyapti, degan savol birovni qiziqtirmagan. Mana, so'nggi vaqtlarda oliy ta'limda muallimning saviyasi, dars sifatiga jiddiy e'tibor qaratilayotibdi. O'tgan yil 24 dekabr kuni Prezidentimizning “Davlat oliy ta'lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mus­taqilligini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” hamda “Davlat oliy ta'lim muassasalariga moliyaviy mus­taqillik berish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlari e'lon qilindi. Universitetlar mustaqilligi – raqobat degani. Raqobat esa ilm-fanni rivojlantiradi. Shu o'rinda bir taklifimni aytib o'tay. Taniqli ijodkor ziyolilar, olimlarning viloyatlardagi oliy o'quv yurtlariga borib ma'ruza va mahorat darslari o'tishini yo'lga qo'yish kerak. Bu usul ilm-ziyoga chanqoq o'n sakkiz-o'n to'qqiz yashar yigit-qiz uchun yangi dunyolar ochishiga ishonchim komil. Ustoz-shogird an'anasi, aslida, shu emasmi?

 – Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 6 =