Qadriyat ostin, manfaat ustunmi?

(Safga qaytayotgan nosoz arava xususida)

O'zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A'ZAM bilan suhbat

 

– Erkin aka, umr – oqar suv, deydilar. Nazarimda, vaqt hozir suvdan ham tez harakatlanayotgandek. Siz bilan roppa-rosa o'n yil avval bir adabiy suhbat qilgan edik. Esimda… “Bugungi adabiy jarayon menga yo'lning o'rtasida to'xtab turgan aravani eslatadi. O'z holicha u buzuq emas, yurgizsa – yuradi, ammo to'xtab qolgani haqiqat. Birov kelib andak turtsa, nariroq siljiydi ham, keyin yana qotadi-qoladi. Qiziq joyi shundaki, uni turtib o'tadigan, sal-pal harakatga soladiganlarning aksariyati – yo bu aravaga aloqasi omonatroq tasodifiy kimsalar, yoki undan bir manfaat chiqarishni maqsad qilgan korchalonlar va hokazo. Aravaning chinakam xo'jayini – aravakashning o'zini esa bu atrofda ahyon-ahyon uchratasiz”, degan edingiz o'shanda. Bu xulosadan so'ng, mana, o'n yil vaqt o'tdi. Kechgan davrda o'zbek adabiyotida katta-kichik yangi asarlar dunyo yuzini ko'rdi. Shu jarayonning bevosita ishtirokchisi sifatida bugun qanday fikrdasiz?

– Bu gapga o'n yil bo'lganiga ham, uni o'zim aytganimga ham ishonolmay turibman, rosti. Chunki bugungi adabiy manzara tamoman o'zgacha, o'tgan o'n yilgina muddat ichida shuncha yangi va yaxshi asar yaratilganiga bovar qilmoq qiyin. Mening o'sha achchiq ginalarim sababmi (hazil, albatta), yoki tabiiy jarayon mavrid kutib yotgan ekanmi, adabiy maydon birdan harakatga keldi, siz tilga olgan buzuq aravaga jon kirib, yon-verini boshqa ulovu aravachalar bosib ketdi. Ana endi ko'ring-da gurillagan jarayonni!

Biroq afsuski, bu jadal karvonning aksar qismi zamona zayli bilanmi, birgina manzilni ko'zlab yo'lga chiqqan: bozorni! Qutlug' niyatni ko'ngliga tukkan chog'roq bir karvon esa, bu tomoshadan lolu parishon, yo'l chekkasida mung'ayibgina turibdi…

Bozor adabiyoti, internet adabiyoti, xaridorbop adabiyot, piar adabiyot… Adabiyotning o'zi qayda qoldi?! Jumla tuzishni o'rgandim-ku deb bo'lar-bo'lmas gapni yozib chiqaverish qachondan beri adabiyot sanaladigan bo'ldi? Abjirroq bittasi ko'rgan-ko'rmaganlarini o'zicha hikoya qolipiga solib internetda paydar-pay e'lon qilib boradi. “Ofarin! Ofarin!” “Qulluq, qulluq! E'tiboringizdan mamnunman”. Turlicha kechmishlar, ammo kalit bir xil, qulf ham o'sha-o'sha. Agar badiiy asarning har biri o'zicha yangilik bo'lmasa, voqelikka o'zgacha yondashuv, o'zgacha ruhni ifoda etmasa, uning nimasi san'at?! Ana, jonsiz kompyuter ham bugun she'ru hikoya yozib yotibdi…

Xo'sh, bularni adabiyot sirasiga qo'shsangiz, adabiyotning o'zini nima deb ataysiz keyin? Kitobxonning qarashlarida chalg'ish paydo bo'lmaydimi?

Afsuski, shunday bo'ldi, kitobxon hozir gangib-dovdirab qolgan: buning qay biri tillayu qay biri jez? Yanada taassufli joyi shuki, tashqi jilo bobida jez ko'pincha har qanday oltinni xiralashtirib qo'yadi.

Bunisi kamdek, kitob yozgan-yozmagan bari bugun “yozuvchi” atalmoqni istab qolgan. Shunga erishib olsa bo'ldi, qolganini o'zi qo'shib ketaveradi: iste'dodli, o'ta iste'dodli, taniqli, atoqli… Buyuklarimizning ko'paygani! Hoy, musulmonlar, shoshmaylik, ozroq sabr qilaylik, bizdan keyin kelajak avlod o'zi aniqlashtirib olar: kim iste'dodliyu kim bundayroq, kim buyugu kim… suyuq!

– Yaxshimi-yomonmi, qizg'in jarayonning boshlangani katta gap emasmi? O'zanni to'ldirib oqayotgan bo'tana bir kun borib tinar-tiniqar, o'sha sizu bizning g'ashimizga tegayotgan “e'jod” namunalari saragi-sarak, puchagi puchakka ajralib qolar… Lekin faol izlanayotgan, yangilik yaratishga intilayotgan ijodkorlarimiz ham bor-ku, ular haqida nima deysiz?

– Juda optimist ekansiz… Faol izlanayotgan, yangilik yaratishga intilayotgan va bu yo'lda uncha-muncha natijalarga erishgan do'stlarimga qulluq qilaman, omadlar tilayman! Men balki qoloqdirman, eskicharoqdirman, ammo ular qatorida mo'ljalni chap­­ga olgan g'irrom, adabiy nayrangboz­lar ham borligi chatoq-da. Afsuski, ko'pincha shularning oshig'i olchi bo'lib ketayotir. Matn g'arib, jumlalar to'mtoq, so'zlar o'rniga tushmagan; men nodon fahmiga yetmagan biron siru sehri bordir deb obdan sinchiklaysiz – yo'q-da, o'sha odatdagi so'z bo'tqasi, mujmallik, kitobiylik. Qisqa bir jumladayoq ifodalash mumkin bo'lgan fikr-muddaoni anglatmoq uchun zo'r berib chaynalgani chaynalgan. Nihoyat, “dardi”ni anglagach, “Iya, qirolimiz yalang'och ekanlar-ku!” demoqdan bosh­­qa ilojingiz qolmaydi. Men bu toi­­fa qalamkashlarni o'zimcha “badxatlar” deb atayman. Ular aslida no'noqligini go'yoki bir “yangilik” orqasiga yashirmoqchi! Ovora bo'lasiz, birodar, sizning “sarchashma”ngizni juda yaxshi bilamiz. U bizning buloqlarga yaqin ham kelmaydi. Yo'q, yangiparast do'stim, siz bu o'yinlaringiz bilan bizni hayratga sololmaysiz, ularni qo'llaydigan odam, avvalo, sizning nazaringizda “bobomdan qolgan”dek tuyuladigan an'anaviy yo'lni ham qotirib qo'ygan bo'lishi kerak!

Uni-bunisi mayli, “yangi” yo'lda yozilib kitobxonning mehrini qozongan biron-bir yetuk namunani ko'rsata olasizmi?

Asli jahon adabiyotidan bexabar, lekin omi ko'rinmoqdan qo'rqadigan bitta-yarimta “shunos”ning “balli-balli”si bilan meni ishontirolmaysiz; bir o'jar ustozimizning so'zlari yodga tushadi: “O'zim o'qib ko'rmaguncha avliyosining ham gapiga ishonmayman, okasi!” Jurnalda bir atoqlimizning maqolasida yarim betli “izm”chilar ro'yxatini berganimizda (do'ppini bosh­dan qo'ymaydigan halimgina domlamiz obdan o'qib-o'rganib ovrupolashibdilar-da, degan xayolda) shu sohaning chin bilimdoni bo'lmish boshqa olim o'sha ro'yxatdagi aksar nomlar xatodan-xato yozilganini aytib mulzam-muztar qilgani yodimda.

Izlanishsiz, yangiliksiz adabiyot qurib-qovjirab qolajagini hamma biladi. Lekin qidirganda avvalo, o'zimizdan qidiraylik, o'zimizdan topaylik. Ana shunda dunyo bizni tanigan bo'ladi. Aslida, o'zimizdan olib, bir suflab dunyoga ko'z-ko'z qilinayotgan matohlarga mahliyolik endi bizga yarashmas.

Qarang, shugina gapni aytaman deb qancha biljirabman-a!

– Bir suhbatingizda eshitganim – “Umrimdagi eng katta fojia – adabiyotning qadrsizlanganiyu yozuvchining nazardan qolgani! Bunday bo'lishini bilganimda, Toshkent deb yurmay Boysunimga ketavermasmidim…” degansiz. Hozir ham shunday fikrdamisiz?

– “…adabiyotning qadrsizlanganiyu yozuvchining nazardan qolgani” – nima, noto'g'rimi? Qaytadan tasdiqlab, imzo chekib beraymi? Sababini o'zingiz bilasiz. Butun dunyoda shunday hozir. Insoniy qadriyatlar ostin-ustun bo'lib ketgan. Chunki pulning, moddiy manfaatning qo'li baland keldi. Adabiyot, san'at, ma'naviyat degan narsalar bekligimizni ko'z-ko'z etuvchi anchayin bir dastyorga aylanib qolgan… Ochig'i ham, achchig'i ham shu!

Qaytib o'ziga kelmog'i uchun esa insoniyat qattiq bir seskanishni boshdan kechirmog'i darkor – boshqa chorasi yo'q. Jaydariroq ifodalasak – Xudoyim odamzodga insof berishi kerak.

Endi, Boysunga ketish masalasi. Alam ustida aytilgan bo'lsa kerak bu gap. Keksayganda kindik qoni to'kilgan joyga borib yashash yomonmasdir. Romantikasi ham bor yozuvchi odamga. Lekin o'zim, har qancha istamayin, Boysunda qolib yashayolmasdim. Dimiqib ketardim-ov. Kundalik tirikchilik tashvishlariyoq yeb qo'yadi. Qo'lni cho'ntakka solib borib-kelmoq boshqa. U yerda yozishu yuksak materiyalar haqida o'ylashga vaqt, imkon qayda deysiz!

Tag'in bir armonli jihati, Usmon shoir aytmoqchi, “ketib qolgan Boysundan Boysun…”

– Bugun san'atlar ichida kino serdaromad sohalardan, deyishadi. Sizning ham “Chantrimore”, “Erkak”, “Dilxiroj”, “Zabarjad”, “Jannat qaydadir”, “Suv yoqalab”, “Parizod” kabi bir qator kinofilmlar muallifi ekaningizni nazarda tutib berayotirmiz bu savolni: haqiqatan ham serdaromadligi vajidan shu sohaga qo'l urdingizmi yoki ko'nglingizdagi hikoya va qissalarga sig'maganlarini o'zgacha yo'sinda ifodalamoq niyatidami? Umuman, ijoddagi muvaffaqiyatlaringizni qaysi sohada deb bilasiz: nasrdami yoki kinodami?

– Kino mo''jizasiga qiziqib, berilib ketganman-da. Boshqa narsa xayolga ham kelmagan. Siz sanagan filmlarda yurib, otli-tuyali bo'lganimiz yo'q. Suvniki – suvga degandek. Keyin, garchand nomim rasmiy ro'yxatiga tirkalgan bo'lsa-da, o'zimni shu sohadan non yeydigan tug'di-bitdi kinochi hisoblamayman. Meniki bir havas, uch yil-to'rt yilda bir mo'ralamasam, hadeb ul serg'alva dargohga yo'lim tushavermaydi. Lekin yashirmayman, mudom o'sha yoqqa tortib turadi, jozibasi zo'r, bilmayman – qaydan yuqqan, qovushadigan joylarim ham bor.

Bu ikki san'at sohasining qay biri ta'bimga mosligi borasidagi savolga ko'p martalab javob qilganman. “Adabiyot – jafokash xotin, kino esa jafokor ma'shuqa. Unisidan ham, bunisidan ham ko'ngil uzolmaysiz…” Shu hazilomuz o'xshatma o'zimniki bo'lsa kerak.

– 2015 yilda kitoblaringiz Vashington, Parij kitobxonlari qo'liga yetib bordi. “Shovqin” romaningiz ko'pgina bahs-munozaralarga sabab bo'ldi. Bu asar ingliz tiliga “Buyuk osiy Shayx San'on vorislari” degan nom bilan tarjima qilingan. To'plamni o'qigan kitobxon undan Shayx San'onni qidiradi, albatta. Ziyrak kitobxon bu metaforani anglashi mumkin. Aslida tarjimaning bunday nomlanishiga sabab nima?

– Roman emas, keyingi yili Londonda nashr etilgan kitob shunday ataldi. To'plamda siz aytgan “Shovqin”dan boshqa asarlar ham bor, umumiy nomi – “Buyuk osiy Shayx San'on vorislari”. Sirasi, men chet elda chiqqan dastlabki ikki kitobimni shunday nomlamoqchi bo'lganman, ammo Parijdagi noshirlarimiz negadir fransuzchasini ham, inglizchasini ham “Ertak bilan xayrlashuv” deb atamoqni ma'qul ko'rishdi.

To'g'ri payqabsiz, osiy pir haqidagi rivoyat “Shovqin”ning mag'zini, metaforasini ifodalaydi. Asarda o'sha mashhur afsonaning o'zi ham ssenariydan parchalar tarzida keltirilgan. O'ylab ko'rsam, buyuk shayximiz duchor bo'lgan qaltis sinovlar ma'lum darajada sizu bizning, sho'ro mafkurasi ostida yashagan barchaning chekiga tushgan ekan. Bu hol to'plamdagi boshqa asarlarga ham taalluqli ekani uchun kitobni shunday deb atamoqqa qaror qildik. Inglizzabon o'quvchilarda bu nom qiziqish uyg'otdi deyolmasam-da, bilishimcha, harqalay, e'tiroz tug'dirmadi.

Yashirib nima, e'tiqodiy parokandalik bobida necha-necha zamon San'on boboning vorislari maqomida yashab keldik-da. Qani edi, ul zotdagi ilohiy tozarish, tugal poklanuv bizga ham nasib etsa!..

– Siz bugun nafaqat yozuvchi va kinodramaturg, balki “Tafakkur” jurnali bosh muharriri sifatida ham faoliyat yuritasiz. Muharrirlik mas'uliyati va ijod mashaqqatini uyg'unlikda olib bor­yapsiz. Buni jurnalning “Muharrir minbari” ruknidagi chiqishlaringizdan ham bilish mumkin. “Ertalabki xayollar”ning o'zida jamlangan fikrlar har biri alohida katta asarga teng. Xayolligicha qolib, hali hayotga aylanmagan asarlaringiz bormi? Shu haqda ham eshitsak…

– Bor. Ancha-muncha… “Sharq yulduzi”ning eskidan-eski bir sonida oqsoqol adiblarimizdan birining ijodiy rejalarini o'qiganim esimda. “Kelgusi o'n yillikda to'rtta ro'mon yozish niyatim bor, – deya orzusini bayon qilgan edi yetmish yashar yozarmonimiz. – Bulardan tashqari, yana ikkita tarixiy ro'mon ham kallada pishib turibdi…” Oqsoqol to'qsonlarni qoralab olamdan o'tdilar, biroq orzularidan birortasining ushalganini ko'rmadik.

Hali qog'ozga tushmagan yoki bitmagan narsa haqida gapirib, beburd, va'daboz atalmoqning nima keragi bor?!

Gulnoz SATTOROVA suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × four =