“O'zbekiston ulkan kutubxonaga aylanmoqda”

Betimsol xazina maskanining rahbari — O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Umida Teshaboyeva bilan suhbat

 

Dunyo tarixiga nazar solsak, ilk kutubxonalar taxminan eramizdan 2600 yillar avval paydo bo'lgan ekan. Bugun esa yer yuzida 2,7 million turli ko'rinishdagi kutubxonalar mavjud. “Kitob o'qishdan ko'ra arzon ko'ngilxushlik va ayni paytda, uzoq davom etuvchi orom bo'lmasa kerak”, deb yozgan edi donishmand Montegyu. Chindan bashariyat o'ziga xolis va beminnat xizmat qilib kelayotgan ana shu oromga abadiy muhtoj. Kutubxonalar esa inson uchun ana shu imkoniyatni yaratib beruvchi mo''jizaviy ma'vodir.

Suhbatimiz O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida TEShABOYEVA bilan yurtimizda va butun dunyoda kitob va kitobxonlik xususida bo'ldi.

 

— Umidaxon, siz ulug' shoirimiz Alisher Navoiy nomidagi muhtasham Milliy kutubxonaning 41-direktori, ayollardan esa yagona rahbarisiz. Keling, go'zal bayram kunidagi suhbatimiz kitob va kutubxona faoliyati haqida bo'laqolsin…

— So'zingizga ozgina qo'shimcha qilaman. Mengacha bo'lgan direktorlar orasida ushbu mutaxassislik bo'yicha ham birinchi tanlov desangiz bo'ladi. Lekin bolalik orzuim   jurnalist bo'lish edi, ammo taqdirimdan mingdan-ming roziman va kutubxonachi degan kasbni sharaf bilan ado etib kelayapman. Juda ko'p kitob o'qirdim. Yozuvchi Mirmuhsinning “ChOTQOL YO'LBARSI” asaridagi Gulgun obrazi men bilan yashardi. Keyinchalik roman yozilishi uchun asos bo'lgan ma'lumotlarni o'rganib, Bo'stonliq tumanidagi Sijjak qishlog'iga bordim. Uni qidirdim, lekin topolmadim. Hozirgacha qidiraman. Biroq nevaramning ismini Gulguna qo'ydim. Navoiy kutubxonasining eski binosiga ko'p qatnardim.

Qosh qorayib ketguncha mutolaadan bosh ko'tarmasdim. Kutubxona men uchun juda sirli va sehrli tuyulardi. Taqdirni qarang, 2006 yildan 2019 yilgacha kutubxonaning yangi binosida ishlagan bo'lsam, 2019 yildan hozirgacha shu mas'uliyatli vazifani ado etib kelayapman. Kutubxonaga bundan qariyb 153 yil muqaddam, ya'ni 1870 yildan Toshkent ommaviy kutubxonasi sifatida asos solingan bo'lsa, O'zbekiston Milliy kutubxonasi to bugungi kungacha, ya'ni 153 yillik fao­liyati davomida o'zida ulkan ilmiy merosni jamladi. Kutubxonamiz nafaqat   O'zbekistonda, balki Markaziy Osiyo   mintaqasidagi eng yirik kutubxonalardan biridir. Kutubxona fondi ilk tashkil topganda 1200 nomda 2200 jilddan iborat bo'lgan bo'lsa, bugungi kunda 7 milliondan ziyodni tashkil etib, o'ttiz mingdan ziyodi qo'lyozmalar va nodir nashrlar saqlanadi. Shundan ayrimlari xususida to'xtalay.

Kutubxona zahirasidagi XIII-XIX asrlarda Movarounnahr, Xuroson, Turkiston zaminida bitilgan qo'lyozma va toshbosmalar, XV-XVIII asrlarda G'arbiy Ovrupoda chop etilgan kitob­lar   betakror ma'lumotlar manbasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan bir qatorda, fondda saqlanayotgan Turkistonda ilk chop etilgan gazeta va jurnallar, jumladan, “Turkiston viloyatining gazeti” va 1870 yildan 1917 yilgacha bo'lgan “Turkiston mat­buoti” tadqiqotchilar tomonidan qiziqib o'rganiladigan manbalar sirasiga kiradi.

Turkiston o'lkasining tarixi, iqtiso­diyoti, etnografiyasi va geografiyasiga oid materiallarni o'z ichiga olgan mashhur “Turkiston to'p­lami”, Markaziy Osiyoning 1872 yilgacha bo'lgan tarixi, etnografiyasi, geografiyasi, iqtisodiyoti va madaniyatiga bag'ishlangan, 1200 dan ortiq noyob fotosuratlarni o'z ichiga olgan “Turkiston albomi”, X-XI asrlar ilm-faniga ulkan hissa qo'shgan Sharqning buyuk mutafakkiri va qomusshunos olimi, Bag'doddagi “Bayt-ul-hikma” (“Donishmandlik uyi”) islom oliy maktabi rahbari, ma'rifatparvar va davlat arbobi, islomshunos, qonunshunos Abulhasan Movardiyning (973-1058) “Al-ahkom as-sultoniyya va-l-valoyot ad-diniyya” (“Sultonlik hukmlari va diniy boshqaruv qoi­dalari”) asari davlatni boshqarish san'atiga bag'ishlanadi va musulmon siyosiy ta'limoti bo'yicha mumtoz asar hisoblanadi. U o'zining dolzarbligi, ayniqsa, keyingi avlodlar olimlari ishlab chiqqan huquqiy (fiqh) nazariyalarning kelajakdagi tizimli asosiga poydevor bo'lgani bilan qadrlidir. Shuningdek, hazrat Alisher Navoiyning so'nggi ijodiy namunalaridan biri, o'zbek-fors tilida bitilgan “Mahbub ul-qulub” (“Qalblar mahbubi”) asari — qo'lyozma xattot Xoliqnazar Xalifa ibn usta Qurbon tomonidan 1239-1824 yilda Farg'onaning Besharig'ida nastaliq xatida ko'chirilgan noyob nusxa hisoblanadi. Yoki BIBLIOTHEQUE ORIENTALE – Paris: Par la Compagnie des Libraires, M.DC.XCVII (1697) kitobi Bartelemi d’Erbloning eng mashhur asarlaridan biri “Sharq kutubxonasi” yoki “Universal lug'at” bo'lib, ushbu asarga butun umrini bag'ishlagan. Ensiklopediyada asosan Sharq o'lkalarida yashab, ijod etgan olimlar, davlat va jamoat arboblari haqida qimmatli ma'lumotlar keltirilgan. Bartelemi d’Erblo de Molenvil (1625-1695) – fransiyalik sharqshunos olim, Parij universiteti professori, sharq tillari va tarixini fan sifatida o'rgangan birinchi ovrupolik sharqshunoslardan hisoblanadi. Zamaxshariy, Abulqosim Mahmud ibn Umar (1075-1144) (Zamaxshari, Abulkasim Maxmud ibn Umar (1075-1144)ning “Mukaddamat-ul-adab” — “Muqaddamat-ul-­adab” (“Adabiyotga kirish”) nomli qo'lyozma asari arabcha-forscha lug'atdir. Qo'lyozmaning ko'chirilgan vaqti 707/1308 yil qayd qilingan. Xattot va ko'chirilgan joy nomlari berilmagan. Kitobdagi muhr bo'yicha qo'lyozma Buxoro amirligining qozikaloni Sharifjon Mahdum-Sadri Ziyo kutubxonasida saqlangan.

Yoki XVIII asrdagi Bayozda keltirilgan lavhaga e'tiborni qaratsak.

U 1197 /1879 yilda ko'chirilgan bo'lib, Bayozning 178 (b) varaqda daraxt va uning shoxlari shaklida Movarounnahrning foydali meva va o'simliklari: olma, anor, qovun, tarvuz, pista, anjir, bodom, xurmo, uzum va boshqalarning nomlari keltirilgan.

 

— Shu ma'noda, kutubxonalar o'tmish, bugun va kelajakni bir-biriga bog'lab turadigan oltin ko'prikka o'xshaydi. Asrlar mobaynida undan bashariyat asrab-avaylab yiqqan, ko'z qorachig'ida asragan tafakkur javohirlarini – madaniy merosni olib o'tadi. Tarix to'zonlarida havoga uchgan, yo'q bo'lib, bizgacha yetib kelmagan bebaho nomoddiy boyliklarimiz qancha? Buni biz bilmaymiz, biroq mavjudlarini asrab-avaylash hammamizning oldimizdagi ko'ndalang turgan vazifadir…

 

—To'g'ri aytasiz. Mamlakatimizda oxirgi yillarda kitobga qiziqish uyg'otish, ommaviy mutolaa madaniyatini rivojlantirish, axborot-kutubxona sohasini takomillashtirish bo'yicha katta o'zgarishlar amalga oshirildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sohani rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan qaror va farmoyishlar ijrosi ta'minlanmoqda. Jumladan, axborot-kutubxona sohasini zamonaviy umumjahon tendensiyalarini hisobga olgan holda isloh qilish, aholiga sifatli xizmat ko'rsatishni ta'minlash, axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirishga yo'naltirilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga erishildi. 2019 yilda aholining barcha qatlamlariga xizmat ko'rsatadigan va universal fondlarga ega 186 ta tuman, shaharda axborot-kutubxona markazlari tashkil etildi. Ularda samarali xizmat ko'rsatish, moddiy-texnika bazasini mus­tahkamlash, elektron kutubxona joriy etilishini jadallashtirish orqali aholini, ayniqsa, yoshlarni milliy va jahon madaniy merosining bir qismi hisoblangan axborot-kutubxona fondlaridan foydalanish, qiziqish, mutolaa madaniyatini oshirish va targ'ib qilishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. A'zolarimiz soni 2020 yili   o'n yetti mingdan ortiqroq bo'lsa, 2022 yilga kelib o'ttiz yetti mingdan oshib ketdi. O'n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo'lgan a'zolarimiz oltmish to'rt foizni tashkil qiladi. Xorijlik fuqarolar ham ko'pchilikni tashkil etadi.

Bizda birinchi marta “O'zbekistondagi axborot-kutubxona muassasalari faoliyatining Milliy model standarti” ishlab chiqilib, sohaga joriy etildi. Ushbu standartda belgilangan me'yorlar asosida respublikaning barcha tumanlarida axborot-kutubxona markazlari binolarini ajratish, ta'mirlash, joylarda esa yangilarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. 2019-2022 yillar davomida Namangan, Xorazm, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona markazlari to'liq qayta ta'mirlandi. 2022 yil Mus­taqillik bayrami arafasida Sharof Rashidov nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi binosining ochilish marosimi bo'ldi. Hozirda Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazida qayta ta'mirlash ishlari olib borilyapti.

2018 yil 18 sentyabrdagi “Nogironligi bo'lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko'rsatish tizimini takomillashtirish to'g'risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarorida esa 250 nafar ko'zi ojiz nogironligi bo'lgan shaxs­lar yashaydigan tuman (shahar)larda yangi ko'zi ojizlar kutubxonasi filiallarini tashkil etish ko'rsatilgan. Shunga binoan, 2020 yilning ikkinchi choragidan boshlab Nurota va Xatirchi tumanlarida ham kutubxona filiallari ochildi. Navoiy viloyatida kutubxonaning yana Qiziltepa va Navbahor tumanlari filiallari mavjud. Viloyat ko'zi ojizlar kutubxonasining kitob jamg'armasi 20 600 dan ziyodni tashkil qiladi.

Bu kutubxonalarning o'ziga xos xususiyati shundaki, alohida toifadagi o'quvchilar maxsus axborot tarqatuvchi qavariq nuqtali harflarda bosilgan holda magnit lentasiga yozilgan kitoblar va vaqtli matbuot nashrlari, audio-kitoblar, paypaslab sezish va tinglab idrok qilish uchun moslashtirilgan axborot yetkazish vositalaridan foydalanadi. Kitobxonlarga to'rt turdagi, ya'ni brayl yozuvidagi, yassi harfli, audio hamda elektron shakldagi kitoblar orqali xizmat ko'rsatiladi. 2020 yildan foydalanuvchilarga keng qamrovli xizmat ko'rsatish maqsadida chekka hududlarda yashovchi ko'zi ojiz kitobxonlar uchun 10 ta ko'chma kutubxona xizmati yo'lga qo'yildi.

 

— Respublikamiz   axborot-kutubxona sohasining xalqaro miqyosda nufuzini oshirishda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

 

—O'zbekiston Milliy kutubxonasi Xalqaro kutubxonachilik assotsiatsiyalari va muassasalari federatsiyasi (IFLA), Yevroosiyo kutubxonalar Assambleyasi (BAE), Xalqaro standart kitob raqami (ISBN), Xalqaro standart seriya raqami (ISSN), Kutubxonalar uchun elektron axborot (eIFL) kabi xalqaro notijorat tashkilotlarga a'zo bo'lib, ular bilan uzviy hamkorlikda ish olib borilmoqda. Ayniqsa, O'zbekistonda kutubxonachilik sohasidagi islohotlar, tashkilotga a'zo muassasalar bilan yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Bunday hamkorliklar O'zbekiston kutubxonalari uchun jahon ilmiy xorijiy bazalarga a'zo bo'lishga imtiyozlar beradi. Birinchi bor kutubxonachilik sohasida IFLA tomonidan tashkil qilingan yirik anjumanda O'zbekiston kutubxonalari nomidan ishtirok etdim.

Mamlakatimizda oxirgi besh yilda sohamizga bo'lgan e'tibor, kitob nashr etish va kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan mamlakat miqyosidagi sa'y-harakatlar, erishilgan yutuqlar, kelajakda qilishimiz zarur bo'lgan ishlarimizning rejalari bilan uch kun davomida xorijiy hamkasblarga o'z chiqishlarim bilan yetkazishga harakat qildim.

Kutubxonachi kasbi yo'q, kutubxonachi yo'q, davlatdan ularni o'qitishga mablag' ajratilmaydi, kitob yo'q, qog'oz yetishmaydi deb turgan joyda, 2019 yil 4354-sonli Prezident qarori bilan mamlakatimizda 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarining tashkil etilgani, ularda 4 mingdan ziyod kutubxonachilar uchun shtatlar birligi ajratilgani, yangi kutubxonalar qurilishi bilan birga mavjud kutubxonalarimizni to'liq qayta ta'mirlanayotgani (Andijon, Namangan, Xorazm, Samarqand, Buxoro, Jizzax) ta'lim muassasalari axborot-resurs markazlari zamonaviy binolarda va kutubxonachilik jarayonlari to'liq avtomatlashtirilayotgani, turli tanlovlar (Yosh kitobxon, Yosh kitobxon oila va boshqa) va kitob chop etishning sur'atlari ortgani (yiliga 7-8 ming nomda kitob chop etilmoqda) haqidagi chiqishlarim hamkasblarning hayratini oshirdiki, men uchun uch kun savol-javoblarga boy kunlar bo'ldi.

Shuningdek, O'zbekiston Milliy kutubxonasining xalqaro faoliyatini rivojlantirish, xorijiy kutubxonalar bilan do'stona muhit yaratish, axborot manbalarini shakllantirish, axborot va turli ko'rinishdagi milliy nashrlar almashuvi, shuningdek, zamonaviy kutubxona texnologiyalarini o'rganish va amalga tadbiq etish bo'yicha tajriba almashish yo'nalishlarida hamkorlik izchil yo'lga qo'yilgan. 2018-2021 yillarda Belarus Milliy fanlar akademiyasining Yakub Kolas nomidagi Markaziy ilmiy kutubxonasi,   Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Eron Islom Respublikasi Milliy kutubxonasi, Qozog'iston Milliy kutubxonasi, Yaponiyaning Aichi san'at universiteti, Rossiya Milliy kutubxonasi, B.Elsin nomidagi Rossiya Prezident kutubxonasi, Maya­kovskiy nomidagi Sankt-Peterburg shahar kutubxonasi, Tatariston Milliy kutubxonasi, Koreya Milliy kutubxonasi, Toshkentdagi Britaniya Menejment universiteti, Tojikiston Milliy kutubxonasi, Ozarbayjon Milliy kutubxonasi va boshqalar bilan o'zaro memorandumlar imzolanib, hamkorliklar o'rnatildi.

Soha bo'yicha Xalqaro anjumanlarda ishtirok etish, O'zbekiston axborot-kutubxona sohasi va kutubxonalari haqida gapirish, yetkazish uchun eng yaxshi, samarali maydon hisob­lanadi. Men 28 yillik tajribamdan kelib chiqqan holda   ko'plab xorijiy mamlakatlarda tashkil qilingan ilmiy konferensiyalar, o'quv stajirovkalari, taqdimotlar, memorandumlar imzolash marosimlarida ishtirok etib kelyapman. Jumladan: Fransiya, Germaniya, Koreya, Turkiya, AQSh, Eron, Tailand, Rossiya, Ukraina, Belorus, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Ozarbayjon va boshqalar.

2020 yil Turkiya Prezidenti devoni huzuridagi kutubxona ochilishida O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdim.

2020 yil 25 noyabr kuni “Evroosiyo kutubxonalar assambleyasi” (EKA) notijorat hamkorlik a'zolarining XXIV umumiy yig'ilishida 2020 yil noyabr– 2024 noyabr muddatiga Yevroosiyo kutubxonalar assambleyasi Vitse-prezidenti lavozimiga saylandim.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida “Milliy umumta'lim elektron kutubxona”si loyihasi O'zbekiston Milliy kutubxonasida Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg'armasi (EKSIMBANK) bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Loyihaning asosiy maqsadi jamoatchilikda elektron axborot resurslaridan foydalanish darajasini oshirish, axborot-kutubxona muassasalarini yagona elektron kutubxona tizimiga ulash bilan birga, aholi bilim saviyasini va elektron resurslardan foydalanish ko'nikmasini shakllantirish, O'zbekiston ta'lim tizimida bilvosita ishtirok etish, kitobxonlikni yanada kengaytirishdan iborat.

 

— Bundan besh yil avval mashhur London kitob yarmarkasida (London Book Fair)yaqin kelajakda nashriyotchilik ishiga oid bir qancha bashoratlar: bosma kitoblar nashr etilishi pasayib, elektron kitoblarni ko'payishi bildirilgandi. Biroq bu tendensiyalar, bugungi kunda o'z o'rnini almashtirganga o'xshaydi, chunki bugun bosma kitoblar savdosi ko'paygan, elektron kitoblarniki esa pasaygandek. Audiokitoblar haqidagi fikringiz…

 

— Bugun Massachusets texnologik institutining asoschilaridan biri Nikolas Negropontening 2010 yilda bosma kitoblar taqdiriga oid: “Bosma kitob besh yildan keyin o'ladi” degan “bashoratini” dunyo kulgi va kinoya bilan qabul qilyapti. Chunki hayot buning aksini isbotladi. Elektron kitob bosma kitobning go'rkovi bo'lmadi, aksincha, AQShda bosma kitob­lar savdosi tushumi 2014-2017 yillarda 22 foizga o'sdi. 2017 yilning boshiga bosma va elektron kitoblar bozori 75%:25% bosma kitoblar foydasiga mustahkamlandi. Bu kitob bozorida elektron kitoblarning boshqa ko'rinishlari, masalan, audio kitoblarning mavjudligiga qaramasdan ro'y berdi. Oxirgi yillarda esa audiokitoblar savdosi birmuncha oshdi. Kutubxonalardan yuzaga kelgan bunday vaziyatda, faqatgina, kitob bozorining o'zgarishlariga moslashishlari va bunday sharoitda o'z o'rnilarini topishlari talab etiladi. Ingliz olimi Charlz Darvinning aytishicha: “Eng kuchli va eng aqlli emas, balki, o'zgarish­larga tezda moslasha oladiganlar omon qoladi”. Bugungi kunda O'zbekistonda ham bosma va elektron kitoblar bilan birgalikda, audiokitoblarni mutolaa qiluvchilar soni ortib borayotganini aytish mumkin. Kitobxonlar audiokitoblarning afzal tomonlarini o'zlariga belgilab olishgan. Bu, asarni uzoq vaqt mutolaa qilmasdan, tezda tinglashlari, tejalayotgan vaqt, ochiq resurslardan ularni yuklab olishlari — masofaning yo'qligi. Bosma kitobdan farqli o'laroq, kitobxonni vaqti uchun audiokitoblarga raqib yo'q. Chunki audiokitoblarni sport bilan shug'ullanayotganda, ko'chada sayr qilib yurganida yoki mashina haydayotganida, sexda tikuv mashinasini boshqarayotganda, paxta dalasida paxta terayotganda ham tinglash mumkin. Avvallari, audiokitoblarni olish uchun do'konlarga borish kerak edi, lekin smartfonlarning yaratilishi bilan audiokitoblarni xarid qilish faqatgina bitta “klik” bilan amalga oshirilyapti. Internetda ko'plab audiokitoblarni yuklash va tinglash imko­niyatini beruvchi havolalar mavjud. Masalan, “Ovozli kitoblar” havolasini yuklab olganlar soni bugungi kunda uch milliondan ortib ketgan.

Moskva shahrida “Kitob dunyosi” yirik kitob do'konida audiokitoblar bilan yaqindan tanishganimda, bir muallifning bitta asari turli firmalar tomonidan audioshakli yaratilgani va narxlari ham turlicha ekanini ko'rdim. Mijozni hamyoniga qarab deganlaridek, narxlarda farq bor. Sababini audiokitob bilan tanishish jarayonida aniqlagandek bo'ldim. Fransuz adibi Djon Golsuorsining “Forsaytlar haqida” asari asosida yaratilgan audiokitobning birinchi ko'rinishida asarni mashhur aktyor va aktrisalar, ikkinchi ko'rinishida esa taniqli radio va telesuxandonlar, uchinchi ko'rinishida esa oddiy kishilar o'qishgani kitob haqidagi ma'lumotda bor edi. Albatta, narxlardagi farqga bitta bu sabab bo'lmaydi, kitobni yaratishdagi texnik talablar, tashkiliy masalalar va boshqalar ham ta'sir qiladi. Ammo shunisi e'tiborliki, kitobxon o'z imkoniyatlaridan kelib chiqib audiokitobni sotib olishi mumkin.

To'g'ri, hali bizdagi kitob bozorida audio­kitoblarning o'rni, foydalanish darajasi va rivojlanish holati haqida taqqosiy fikr bildirish qiyin. Lekin, jahon va milliy adabiyot namunalarining audioshakli axborot-kutubxona muassasalarida mutolaa qilinayotgani (AKMlar hisobotlarida bular aks etgan), bir necha yil avval hayotimizga kirib kelgan va bugunda o'z o'rniga ega bo'lgan elektron kitoblar kabi o'z o'rnini egallashiga ishonaman.

Va bunda axborot-kutubxona muassasalarining roli katta. Chunki, bugungi kunda kitobxonlar qanday asarlarni mutolaa qilyapti, qanday asarlarga (fan sohalari, ommabop va ma'lumotnoma nashrlar) ehtiyoj boru kutubxonada mavjud emas, balki, ehtiyoji bo'lgan kitoblar nashriyotlarda chop etilmayotgandir, vaholanki, shunday kitoblar mavjud (Oliy ta'lim muassasalarida fan-sohalari bo'yicha ilmiy nashrlar, monografiyalar chop etiladi, lekin katta tirajlarda bosilmaydi), lekin ular haqida axborot-kutubxona muassasalari xabarsiz va boshqa ko'plab sabablarga javob topishda kutubxonalarda ishlarni to'g'ri tashkil qilish lozim. Kutubxonalarni bugungi kunda axborot oqimlari, elektron axborotlarning ulkan massivi, “Katta ma'lumotlar”, “O'zaro bog'langan ma'lumotlar” o'rab olgani sir emas. Elektron va bosma kitobning raqobati kundek ravshan. Ammo xavotirga o'rin yo'q, chunki bosma kitob yo'qolmaydi va doim barhayot bo'ladi, chunki ko'plab statistik ma'lumotlar shundan darak bermoqda.

 

—“Qo'lga tushganini emas, obdon tanlab — saralab o'qing. Did va tafakkuringizni tarbiyalang”, — degan edi yozuvchi Turgenev. Nozik didli kitobxonlarimiz bugun ko'proq qaysi asarlarni mutolaa qilyapti?

 

— Mutolaa qilish reytingi adabiyotlarga bo'lgan buyurtmalar asosida aniqlanadi. Natijalar jamlanmasi har oy yakunida o'tkaziladi. Foydalanuvchilar orasida badiiy adabiyot va tilshunoslikka oid adabiyotlarga talab kuchli. Badiiy adabiyot va tilshunoslik sohasi bo'yicha buyurtmalar, o'zbek va xorijiy yozuvchilar tomonidan yozilgan badiiy asarlar tarjimalari, xalq og'zaki ijodiga oid nashrlar 2022 yilda   eng ko'p so'ralgan adabiyotlar sifatida e'tirof etildi. Tanlovning mutlaq g'olibi sifatida – 2022 yilning eng yaxshi kitobi yozuvchi Tog'ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asari bo'ldi.

 

— Suhbatimiz nihoyasida dildagi so'zlaringiz…

 

— Adabiyot — madaniyatning, san'atning, ma'rifatning o'zagi. Aniq fanlar ilmning ulkan namoyandalarini yetishtirishi mumkin, adabiyot esa haqiqiy vatanparvarlarni tarbiya­laydi. Men mana shunday   ma'rifatli ishning fidoyisi bo'lganimdan faxrlanaman.Kutubxonamiz ulug' Alisher Navoiy nomi bilan ataladi, umr bo'yi kutubxonada ziyo mas­kanida xizmat qilib kelayapman. Ayniqsa, ke­yingi uch yilda   kutubxonamizga oqib kelayotgan kitobxonlarni ko'rib, nafaqat bizning ishxonamiz, balki butun O'zbekiston ulkan kutubxonaga aylanganiga guvoh bo'ldim. Kutubxonaning 200 dan ziyod filiallarimiz tomon tinimsiz jo'natilayotgan kitob karvonlarini va jahon miqyosida o'tkazilayotgan tanlovlarda g'olib bo'layotgan iqtidorli yoshlarni ko'rib, O'zbekis­tondagi olib borilayotgan adolatli, ma'rifatli islohotlarda mening ham ishtirokim borligidan quvonaman.

— Shioringiz?

—“Vaqt borida shoh asarlarni o'qib qoling, aks holda, bunga ulgurmaysiz!”.

Sharifa Salimova

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =