Otabek MAHKAMOV: «Maqsadim pul topib emas, ijod qilib tanilish…»

Cuhbatdoshimizancha yosh bo'lsada, mashhurlikka erishgan, O'zbekiston xalq artisti Ozodbek NazarbekovningMeni kuchliroq sevqo'shig'iga ishlangan klipidagi rolidan so'ng yanada taniqli bo'lib ketgan iste'dodli vatandoshlarimizdan biri. Aslida ham kasbi yurist bo'lishiga qaramay unda aktyorlik, boshlovchilikka tug'ma iste'dod kuchli edi. Shu boisdan odatda uni bir kasb bilan emas, aksincha bir nechta kasblari bilan tanishadi. Ha, ha adashmadingiz, u taniqli aktyor, huquqshunos, radioboshlovchi, bloger, shoumen Otabek MAHKAMOVdir.

U 1984 yil Toshkent shahrida tug'ilgan. “Bo'rilar-3 — Oxirgi qarz”, “Majruh”, “Men yulduzman”, “Jodugar”, “Yondiradi-kuydiradi”, “Fotima” kabi filmlarda hamda ko'plab videokliplar, reklama roliklarida suratga tushgan. 2016 yilda AQShga ko'chib ketgan O.Mahkamov ayni paytda Nyu-York radiosi va shaxsiy YouTube kanalida jurnalistik faoliyat bilan shug'ullanmoqda.

Biz mashhur hamyurtimiz bilan muvaffaqiyat va mashhurlik sirlari, Amerikaga ketishining sabablari, kitoblar, gazetalar va boshqalar xususida suhbatlashdik…

 

— Bolalik insonning eng beg'ubor davri bo'ladi. Ulkan orzular, g'uborsiz niyatlar, pok va samimiy tuyg'ular. Siz bolalik xotiralaringizni qanday eslaysiz?

— Bir tomondan qanaqadir ichki xotirjamlik, chunki hech qanday muammoingiz yo'qdek, borlarini ham siz uchun kattalar hal qilishadi. Sizning vazifangiz esa ularning aytganini o'z vaqtida bajarish. Ikkinchi tomondan esa… (biroz o'ylanib) otam men uch yoshligimda bizni tashlab ketgan ekanlar… Meni uchta ayol katta qilgan. Bular mening onajonim, buvijonim va opam. Nazarimda bu normal holat emas deb o'ylayman. Oila bu bir juftlik. Ya'ni erkak va ayol birligidan tashkil topishi kerak. To'g'ri, ayol kishi juda kuchli bo'lishi mumkin, lekin oilada otaning o'rni boshqa, onaning o'rni boshqacha. Uchinchi tomondan esa erkinlikka bo'lgan intilish. Men qattiqqo'l oilada ulg'ayganman. Oilamdagilar juda qattiq turishgan. Ularning tarbiya uslubi shunday edi, hamisha ularning aytgani bo'lishi kerak. Hech qanday qarshiliksiz, e'tirozlarsiz. Men esa doim ham ularga amal qilavermaganman. O'zimning fikrlarim, qarashlarim bo'lgan. Ko'pincha ularga sodiq qolardim. Ba'zan tanlovlarim noto'g'ri bo'lsa-da, o'zimning gapimda turib olardim, fikrlarimga sodiq edim.

— Yerga qadalgan niholning unib-­o'sishi uchun ham parvarish kerak-da. Agar unga o'z vaqtida suv quyib, atroflari tozalanib, e'tibor berib turilmasa u qurib qolishi yoki yaxshi, gurkirab o'smasligi mumkin. Ta'bir joiz bo'lsa, sizning bugungidek yetuk inson bo'lib kamol topishingizda qaysi ustozlaringizning o'z o'rni, hissasi katta?

— Bilasizmi, buni ya'ni mening hozirgi erishganlarimni yetuklik demagan bo'lar edim. Nazarimda unga hali erta. Buning uchun esa ko'p mashaqqat chekishim lozim.

Balki, bugungi erishganlarim “xamir uchidan patir”dir. Keling uni yutuqcha deb aytaylik. Odam baxtiyor bo'lgani va xursand bo'lganini adashtirib yubormasligi kerak. U ma'lum bir muvaffaqiyatchaga erishdimi, bu hali baxtli bo'ldi degani emas. Aksincha, u xursand bo'ldi. Xursandchilik esa o'tadi-ketadi. Agar birorta odam mana shu xursandchiligi bilan umr bo'yi yashab, o'zini o'zi maqtamoqchi bo'lsa, demak, ijodiy va professionalizm nuqtai nazaridan u “murda”ga aylanadi. Siz hamisha birorta kichkinagina ijodchaga, muvaffaqiyatchaga erishdingizmi, o'zingizga o'zingiz doimo savol berishingiz kerak. Keyin-chi? Bundan ke­yin-chi?

Shu savolga qachon javob bera olmasangiz ana shunda yo haqiqiy “murda” (albatta bu so'z ko'chma ma'noda) ga aylangan yoki o'zini ustida ishlamaydigan, ozgina yutug'idan havolanib ketadigan, atrofdagilarni mensimay, o'zidan “yulduz” yasab “pufak”ga aylangan bo'lasiz.

Ustozlarimga kelsak, albatta, bor. Chunki men o'nta yo'nalishda ishlayman. Faoliyatimni yuristlik-o'qituvchilikdan boshlaganman.

Hozirgisi telejurnalistika. Har bir kasbda ustozlar izidan borib ulardan nimadir bo'lsa ham o'rganishga intilganman. Avvalo, birinchi ustozim bu onajonim bo'ladilar. Joylari jannatda bo'lsin, Ra'noxon Erkinovna Mahkamova, kasbi o'qituvchi edi. Ular O'zbekis­tonga birinchilardan bo'lib yangi pedagogik texnologiyalar, ya'ni sinf­larda o'quvchilar bilan ishlash, ularga dars o'tishda samarali, qulay uslublarini olib kirganlar. Keyingisi yuridik soha bo'yicha ustozim Akmal Saidov. U kishidan huquqshunoslik bo'yicha juda ko'p bilimlarni o'rganganman. Aktyorlik bo'yicha esa mashhur “Garri Poter” kinosida bosh rolni ijro etgan Deniel Redkliff.

Shu o'rinda maktab o'quvchisi bo'lgan paytlarimda jurnalistika bo'­yicha faoliyatini kuzatib borgan uchta ulug' jurnalistlar — ustozlarimni ham aytib o'tib ketmoqchiman: AShQda Fil Donaxyu, Sobiq SSSRda Vladimir Pozner, O'zbekistonda — Nasiba Ibrohimova.

— Malakali yurist, taniqli aktyor, shoumen, yozuvchi, jurnalist, bloger. Albatta, bu sifatlarni sizda ko'rganmiz, ko'rayapmiz. Aytingchi, siz o'zingizni, avvalo, mana shu sanab o'tilgan kasblardan qaysi birida yanada haqiqiyroq, munosibroq ko'ra olasiz?

— Hammasida ko'raman. Har bir kasbim men uchun farzandimdek aziz. Masalan, mening Hasan va Husan farzandlarim bor. Men hech qachon ota sifatida Hasanni ko'proq yaxshi ko'raman, Husanni esa salgina kamroq deb aytolmayman. O'z nav­batida kasblarim ham xuddi shunday ulardek aziz. Albatta, har bir kasbimga vaqt ajrataman, yo'q bo'lsa topaman. Izlanaman, o'ylanaman. Tinmayman. U xoh moddiy tomondan bo'lsin, xoh ilm tomondan. Ba'zida shuncha kasbni birdaniga olib ketish qiyinmasmi deb so'rashadi. To'g'ri, o'ziga yarasha qiyinchiligi bor. Lekin u men tanlagan, o'zim tanlov qilib olgan sohalarim-ku. Barchasini teng, bir vaqtda olib ketishga, muvaffaqiyat qozonishga intilaman. Bilasizmi, men yaxshi ko'radigan bir film bor-da. Umid qilamanki, bu kinoni mana shu suhbatni o'qib turgan gazetxonlar ham ko'rgan bo'lishsa kerak. Bu film 1975 yillar rejissyor Milosh Forman tomonidan suratga olingan “Kakku qushi uyasi uzra parvoz” filmidir. Kinoning bosh qahramoni Djek Nikolsonning yaxshi bir gapi bor: “Hech bo'lmaganda men harakat qilib ko'rdim-ku”, deydi u.

— Amerika — o'zga olam, o'zga dunyo. Shoir ta'biri bilan ayt­ganda — sehrli diyor. Otabek Mahkamovni sehrli diyorga ketishga nima majbur qildi?

— Ochig'ini aytaman, hech narsa majbur qilmadi. Chunki, men mashhurlikning cho'qqisida ketdim. 2016 yilda ko'chib ketgan bo'lsam, u paytda o'zimizda ham ancha mashhur bo'lib tanilib ulgurgandim. Buni tan olaman. Lekin juda kech ketdim. Qaysi ma'nodaki yosh nuqtai nazardan kechikdim. O'shanda 32 yoshda edim. Bo'ydoq edim. Bilasizmi, agar siz biror mamlakatga ketmoqchi bo'lsangiz bu ishni 30 yoshgacha amalga oshirishingiz kerak. Undan u yog'i esa qiyin bo'larkan, buni men o'zim boshimdan o'tkazib ko'rdim. Ko'chishimdan asosiy maqsad menda xalqaro tajribaga ega bo'lish istagi kuchli edi. Yoshligimdan ko'plab Gollivud kinolarini ko'rardim va o'zimga-o'zim: “Kelgusida albatta mana shu inson bilan ko'rishaman deb maqsad qilardim. U Al Pachinomi, Arnold Shvarseneggermi farqi yo'q…”

Bu uchun nima qilish kerak, ko'chish kerak edi. Tajriba orttirish kerak edi. O'sha yerda ijod bilan shug'ullanish kerak edi. Meni butun O'zbekis­ton tanir ekan, bo'ldi yetadi deyish ham to'g'ri emas. Agar u ayniqsa, ijodkor bo'lsa. Ijodkor inson tinimsiz ravishda o'z ustida ishlab borishi, izlanishi, dunyo ko'rishi lozim. Yoki siz shu fikrimga qo'shilmaysizmi?

— Qo'shilaman.

— Bilsangiz bu narsalarga esa katta mehnatim va vaqtim ketdi. Lekin erishdim. Men uddaladim!

Ko'chib borganimdan boshlab qi­yinchiliklar bo'lishi tabiiy edi. Buni bilardim. Och qolgan, joysiz qolgan paytlarim ham bo'ldi. Bir kuni Chikagoda bir o'zbek yigiti to'y qilmoqchi bo'ldi va mening Amerikada ekanligimni bilgan ekan, to'yida boshlovchilik qilib berishimni iltimos qildi. Rozi bo'ldim. To'yda bir o'zbek ijodkorini uchratib qoldim. Bir paytlar “Anor” degan mashhur o'zbek gruppasi bo'lar edi. O'sha guruhning ijodkorlaridan biri bilan gap­lashib qoldim. Buni qarangki, ular ham meni kuzatib borar ekan. O'z navbatida men ham ularning muxlisiman. Baxtli tasodif. Esimda, aynan mana shu guruh birinchilardan bo'lib Londonda o'zbek qo'shig'iga klip suratga olishgan edi. Klipida ular qo'shiq aytishyapti, orqa fonda esa Britaniya Qirolichasi Yelizavetta II o'tib ketyapti.

Suhbatimiz davomida u mendan bu yerda nima ish qilishimni so'radi. Men esa ijod bilan shug'ullanish uchun kelganimni aytdim. Pulchi dedi u kulib. Pul albatta kerak, lekin ijod asosiysi dedim. Ammo kutilmaganda u menga: “Otabek, sendan kuchlilari, zo'rroqlari ham ijod uchun kelib eplay olishmagan. Senga yo'l bo'lsin uka, bu ish sening ham qo'lingdan kelmaydi. Sen yaxshisi ijodni qo'y, mana men senga ish beraman, 500 dollar oylik qilib beray, sen men bilan ishla. Kerak bo'lsa seni yaxshi qizlarga uylantiraman, vizangni hal qilaman. Nyu-Yorkka qaytib ketmasdan, Chikagoda qol. Ayt­gancha, taklifim muddati bir kun. Ertaga u o'z kuchini yo'qotadi. Boshing toshga urilib qaytib kelsang seni ishga olmayman”, dedi. Men ham o'ylab o'tirmay javobimni aytdim: “Men uchun ijod birinchi o'rinda. Pul bo'lsa, bir gap bo'lar.”

To'g'risi, pul bo'yicha muammoim yo'q edi. Nega deysizmi, O'zbekis­tonda yurganimda 7 ta kompaniyada yurist bo'lib ishlaganman. Har kuni kechqurunlari to'ylarda 3 ta tilda boshlovchilik qilardim. Kinolarda, klip­larda rol o'ynardim. Daromadim va gonararlarim yaxshigina edi. Zahiramni mustahkamlab olgan edim. Menda faqat bitta yo'l — faqat ijod yo'li va unda ikki karra mehnat qilib xalqaro tajribamni orttirish turar edi, xolos. Bu orada yana bir to'yga taklif qilishdi. U yerda ham shunga o'xshash voqea yuz berdi. Bir yurtdoshimiz “Ie, siz bu yerda nima qilyapsiz? O'zbekistonda tuppa-tuzuk yurgan edingiz-ku. Amerikada nima bor? Ochig'i, tan bermadim sizga. Pul kerakda hammaga, nafsingiz shu yergacha yetaklab kelganda”, deb istehzoli ustimdan kulib qo'ydi. To'g'risi, mana shu ikki holat menga juda kuchli ta'sir qilgan. Va o'sha insonlarga isbotlash uchun ham Amerikada faqat pul topib emas, ijod qilib ham tanilsa bo'ladi degan maqsadni oldimga qo'ydim. Shunday kunlarning birida meni radioga mehmon sifatida suhbatga chaqirib qolishdi. Bilasiz, u yerda o'zbek diasporasi katta. Men 3 ta tilda o'zbek, rus, ingliz tilida intervyu berdim. Xuddi bugun sizning savollaringizga javob bergandek. Ishonasizmi, suhbatimiz ikki soat davom etgan bo'lsa, shu vaqt oralig'ida radioga 300 dan ortiq qo'ng'iroqlar bo'ldi, savollar ketidan savollar yog'ilib ketdi. Bu suhbatni esa radio direktori ham tinglab turgan ekan. Suhbat yakuniga yetgandan keyin meni yoniga chaqirib ishga taklif qildi. “Otabek, suhbatingizni ting­ladim. Chiroyli chiqdi. Keling, biz bilan ishlang.” Men esa kasbim radioboshlovchi emasligini, bu sohada ishlamaganim, mendan ko'ra bu sohada yillab ishlagan insonlar borligini, bu ish qo'limdan kelmasligini aytdim. Lekin ular so'zida turib oldi. Bilasizmi, ushbu taklifni 3 haftagacha cho'zib yurdim. Shu vaqt oralig'ida taklifni unutib yuborsa kerak deb o'ylagan edim. Adashgan ekanman. Axiri, taklifga rozi bo'ldim va radioga ishga kirdim. O'ylab yurgan lo­yihalarimni rivojlantirib suhbatlar, intervyular qila boshladim. Bu orada o'zimning You tube kanalimni ochdim. Reklamalar, e'lonlar berishni yo'lga qo'ydim. Taqdir taqozosi bilan bir paytlar menga Chikagoda dakki bergan inson bizga telefon qilib o'zining e'loni borligini va uni kanalimizda reklama qilib berishimizni so'radi. To'lovlari bo'lsa uni ham to'lashini aytdi. “Sizga bepul, hech qanday to'lov shartmas” deb kompaniyasini reklama qildim.

Ammo unga: “Aslida sizga rahmat aka, siz va sizning o'sha paytdagi so'zlaringiz tufayli men bugun shu darajaga yetishdim. Amerika faqat qora mehnat qilib ishlash uchun kelish joyi emas, aksincha, bu yerda erkin ijod qilish, o'z yo'lini topish mumkin bo'lgan joy ham ekanligini isbotladim. Yana men siz tufayli shahardagi mashhur bir radioda ishlayapman, Amerikaning mashhur insonlari bilan yaqindan ko'rishish, ularning suhbatida bo'lish, intervyular olish darajasiga erishdim”, deya o'z fikrlarimni ochiq aytdim.

— Ha, “musofir bo'lmaguncha musulmon bo'lmaysan”, deyishadi. Sizning musofirlikda topgan va yo'qotganlaringiz?

— Yaxshi savol. Keling, men sizga 3 topganim va 3 ta yo'qotganimni aytib beray. Demak, topganlarim: birinchisi o'zim orzu qilgan, dunyoga mashhur insonlar bilan tanishish, ko'rishish, ularning suhbatini olish. Ikkinchisi, xalqaro tajriba, uchinchisi, o'z ona tilimni, qadriyatlarimni yana chuqurroq sevish, targ'ib qilish. Va shu ahdimda sodiq qolish. Yo'qotganlarim, qaysidir ma'noda qo'ldan boy berganlarim: avvalo vaqt yo'qotdim, sababi boya ham aytib o'tdim, men bu yerga   kechroq keldim. Chunki bu yerda hammasini noldan bosh­lashga to'g'ri keldi. Shunday qildim ham. Do'stlarimni yo'qotdim. Chunki bu yerda ko'plab yaqinlarim, do'stlarim bor edi. To'g'ri, biz doim gaplashib, qo'ng'iroqlashib turamiz. Lekin istalgan paytda diydor yo'q. Keyingisi oila. Oila qurishim kechikib ketdi. Amerikaga borgandan keyin kechroq oila qursam ham bo'larkan, buni hech qanaqa muammoli joyi yo'q ekan degan o'y meni o'rab oldi. Bilasiz, bizda turmush qurish yoki qiz bolani turmushga uzatish juda tez. Amerikada esa buning teskarisi. Inson ma'lum bir darajaga yetib, bir kasbni, ishni puxta o'zlashtirgandan keyin bemalol oila qursa bo'ladi. Buni u yerda hech qanday uyatli yoki yomon joyi yo'q. Shuning uchun ham mening farzandlarim hali juda yosh. Tengdoshlarimning farzandlari esa maktabda o'qiyapti, kimlardir quda-andali bo'lishyapti. Lekin men bundan afsuslanmayman. Muhimi, farzandlarim kech bo'lsa ham sog'lom bo'lib voyaga yetsin, sifatli ta'lim olishsin, kelajakda kam bo'lmasin. Kech bo'lsada eng eng eng yaxshilariga yetishsin. Buyog'i esa taqdir, nasib…

— “Yuksaklik sari, tasodif bo'lmagan 100 ta uchrashuv”. Mazkur kitob yaxshigina shov-shuv bo'la oldi. Uning mag'zi-chi, kitobni mutolaa qilgan muxlis undan qaysi Otabekni kashf qiladi, yurist, jurnalist, shoumen…

— Har bir insonda taqdirini o'zgartirib yuboruvchi va kelgusi hayot yo'lini belgilab beruvchi uchrashuvlar bo'ladi. Mening omadim shundaki, hayotim davomida juda ko'p­lab ana shunday uchrashuvlar yuz bergan. Uni o'qigan kitobxon undan barcha Otabekni topa oladi. Men bunga ishonaman. Sababi, men kitob­­ga bor mehrimni berib, samimiyat bilan yozishga harakat qildim. Ushbu kitob qahramonlari orasida Hillari Klinton, Gordon Ramzi, Antonio Banderas, Devid Kopperfild, Enrike Iglesias, Farrux Zokirov, Daniel Redkliff kabi mashhur insonlar hamda dunyo miqyosidagi yulduz bo'lmasada, ko'pchilikka taniqli shaxslar bor. Kitob 2,5 yil davomida yozildi. Orada hech qanday uzulishlarsiz. Uni yozishga uzoq tayyorlandim. Kitobda nafaqat yutuqlar, g'alabalar balki fojialar, yo'qotish­lar haqida so'z boradi. Undan barcha zamon va xalqlarga xos hazil-mutoyiba, teran mulohazalar, o'tkir mushohadalar, tarixiy misollar hamda hikmatli so'zlar ham o'rin olgan. 50 dan ortiq mamlakatda bo'lib, o'z ko'zim bilan ko'rgan voqealar, jarayonlarga batafsil to'xtalishga harakat qilganman. Mazkur kitobni esa onamga bag'ishlaganman. Uning taqdimotini esa hozircha 7 ta mamlakatda o'tkazdik. Asar birdan uch tilda: rus, o'zbek va ingliz tillarida yozilgan. To'g'risi, o'zimni bilimdon inson deb bilardim. Chunki juda ko'p kitob­larni o'qiganman. Taniqli shaxslar bilan muloqot qilganman, gaplashganman. Lekin bu kam ekan. Ilm tuganmas xazina ekanligiga shu kitobni yozayotganimda amin bo'lib bordim. Bejizga qadimgi Yunon faylasufi Suqrot: “Mening donishmand­ligim hech narsani bilmasligimni bilishimda” demagan ekan.

— Mazkur kitobdan tushgan mab­lag'larning bir qismini siz saratonga chalingan bemorlarni davolatishdek xayrli ishga sarflashingizni bilamiz. Keling, shu haqda ham gaplashsak.

— 14 yil oldim rahmatli onam Ra'noxon Mahkamova saraton kasalligidan vafot etganlar. Ular kasal paytida biz rosa qiynalganmiz. Ko'p dorilar yo'q edi. Ba'zilarini topib bo'lmasdi. Shuning uchun ham men o'z oldimga ushbu kasallik bilan og'rigan bemorlarga yordam berishni maqsad qilganman. Kitobga ko'p mab­lag' sarflandi. U Turkiyada, muqaddas Qur'oni Karim chop etiladigan nashriyotda chop etildi. Qog'ozlar sifati, muqovalar ustida uzoq ishladik. Kafolati 70 yil. Kitob nashr etilgandan keyin men xayriya auksioni (fondi)ni yo'lga qo'ydim. Har bir borgan davlatimda taqdimotimizni oxirida bir dona kitobni olib “Kim bizdan mana shu kitobni sotib olsa, men undan intervyu olaman” deb aytaman. Kitobdan tushadigan pullarning bir so'mini ham men ushlamayman. U to'g'ridan-to'g'ri fondimizga tushadi. Misol uchun, yaqinda Ko­reyada o'tkazilgan taqdimotda bir Ahliddin degan hamyurtimiz ushbu kitobni 7 ming dollarga sotib oldi. Men unga “Pulingizni biz olmaymiz, aksincha, sizga bemorlar uchun kerakli dori-darmonlar ro'yxatini yozib beramiz, siz esa o'zingiz bosh-qosh bo'lib yetganicha sotib olasiz va o'z qo'llaringiz bilan kasalxonaga topshirasiz. O'zingiz kelolmasangiz birorta ishonchli vakilingiz kelsa ham bo'ladi” dedim. Bilasizmi, Islomjon, bu odamga birinchidan ishonch, ikkinchidan xotirjamlik beradi. To'g'ri, ular menga ishonishadi, men ham ularga ishonaman. Ammo o'z qo'li bilan topshirish boshqacha. Xuddiki o'zingizni onadan yangi tug'ilganday his qilasiz. Bu holat menda doim bo'ladi.

Amerikaning 40 prezidenti Ronald Reyganning bir gapi bor “Ishon, lekin qaytadan tekshir…” Shuning uchun ham doim video chatlar qilaman, to'g'ridan-to'g'ri efirlar orqali qilayotgan ishlarimizni, homiylarimizni, qancha pul tushdi-yu, ularga nimalar sotib oldik, barchasi haqida odamlarga hisobotini berib boraman. Misol uchun, bu safar Toshkent shahridagi Res­publika ixtisos­lashtirilgan gematologiya ilmiy-­amaliy tibbiyot markaziga 43 ming 700 AQSh dollari qiymatidagi dori-darmonlar, asbob-uskunalarni taqdim etdik. Bundan tashqari 7 ming AQSh dollarlik turli zamonaviy texnik uskunalar olib berildi. Bu haqdagi ma'lumotlarni o'zingiz ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda ko'rgan bo'lsangiz kerak. Albatta, savobli bu ishlarimizni hali yana davom ettirmoqchimiz.

 — “Yaxshi kitobxon kitoblarni tanlab o'qiydi” degan gap yuradi. Siz kitoblarni qanday mutolaa qilasiz, saralaysizmi yoki qo'lingizga tushgan kitobni o'qib ketaverasizmi?

— Albatta saralayman. Bilasiz, kitoblarning ham o'z reytingi, litsenziyasi bo'ladi. Birinchi galda kitoblarning litsenziyasiga qarayman. Keyin esa uning reytingiga. Onlayn do'konlar orqali ularni tekshirib chiqaman. Mana yaqinda ikkita kitobni o'qib chiqdim. Biri AQShning sobiq 44 prezidenti Barak Obamaning “Orzudagi zamin” asari. Asar juda zo'r yozilgan. Ushbu kitob sotuvga chiqqan ilk kundayoq 890 ming nusxada sotilgan. Bu esa noshirlik tarixidagi rekord ko'rsatkichlardan biri sanaladi. Yana bir kitobni o'qidim, to'g'risi uni o'qib ham rosa mazza qildim. Rina Zelenaya degan ayolni eshitgan bo'lsangiz kerak. Sovet teatr va kino aktrisasi, sahna rassomi, bolalar nutqiga taqlid qilish ustasi, xalq artisti. Gazetxonlarimiz uni “Buratino” kinosidagi “Tosh­baqa Tortila” rolida o'ynagan ayol obrazi orqali yaxshi taniydi. Shu inson 1901 yilda Toshkentda tug'ilgan ekan. To'g'risi, bilmagan ekanman. Rina Zelenaya “Tarqalib ketgan varoqlar” nomli kitob ham yozgan ekan. Asar ilk boshlanishidayoq kitobxonni o'ziga tortib oladi: “Men dunyoning eng chiroyli, eng ko'k va eng go'zal shahrida tug'ildim. Va men bu yerda mazza qilib yashayapman. Bu Toshkent shahri…” asar mana shunday bosh­lanadi, muhimi samimiy yozilgan. U yerda qanday qilib Sergey Yesenin bilan tanishgani, Maksim Gorkiy bilan o'rtoq bo'lganlari haqida ham bir-biridan qiziqarli voqealar bor.

— Shu savolning mantiqiy davomi sifatida Otabek Mahkamov qaysi gazetalarni o'qib boradi, kuzatadi va ulardan nimalar oladi. U xoh Amerika nashri bo'lsin xoh O'zbekiston?..

— Men Amerikada yashaganim uchun asosan chet el nashrlarini kuzatib boraman. Bular “The Wall Street journal”. Menga undagi tahlil (analitika) yoqadi. U yerda hech kim hech kimni yomonlamaydi va maqtamaydi ham. Doim o'rtadagi vaziyat, tahlil olinadi. Xulosa esa o'zingizga qoladi. “The New York Times” gazetasi va Buyuk Britaniyaning mashhur nashrlaridan biri “The Economist” jurnallarini o'qib boraman. O'zbekistondan ketishimdan oldin “Uchitel Uzbekis­tana”, “Pravda vostoka”, “Narodnoe slova” nashrlarini o'qib borardim. Endi esa yurtimizga kelganda albatta, ularning safiga “Hurriyat”ni ham qo'shib qo'yaman. Suhbat boshlanguncha, menga bergan gazetangizga ko'z yugurtirib chiqdim. Yaxshi materiallar berib borar ekansizlar. Suhbatimiz chiqsa ushbu gazetadan, albatta Amerikaga olib ketaman va o'zbek hamyurtlarimizga ham ulashaman.

— Siz ham ijodkorsiz. Sevimli adibimiz O'tkir Hoshimovda shunday gap bor: “Ijodkorda qishloqning qalbi, shaharning aqli bo'lishi lozim”. Sizning fikringiz?

— 100 foiz emas, 700 foiz qo'shilaman. Dono so'zlar. Ijodkorda samimiylik, qishloqcha soddalik va mehr bo'lmasa biror narsa yozishi, yarata olishi qiyin. Yozganlari sun'iy bo'lib qoladi. Mehmondo'stlik qaerda qish­loqlarda, samimiylik qaerda qish­loqlarda, shirinso'zlik qaerda qish­loqlarda, mehr-oqibatning ildizi qaerda so'zsiz qishloqlarda-ku. Va bunga qo'shimcha tarzda albatta shaharning aqli ham kerak. Bugun biz rivojlangan davrda yashayapmiz. Istaymizmi, yo'qmi zamon bilan hamnafas bo'lishni davrning o'zi taqozo etmoqda.

— Otabek Mahkamov nega shaxsiy hayoti, siyosat, diniy mavzularda gapirmaydi?

— Bu haqida sizga sovg'a qilgan kitobimda javob berib ketganman. Va doim bu savollarga javob bermaslikka harakat qilaman. Shaxsiy hayot bo'yicha, atrofdagilar qanchalik kam bilsa u shunchalik muvaffaqiyatli bo'ladi. Diniy mavzu bo'yicha, yaqin do'stlarim mening e'tiqodli musulmon, ahli sunnalardan ekanligimdan xabardorlar. Lekin bu haqida har bir burchakda jar solish va ijtimoiy tarmoqda yozish shart emas deb o'ylayman. Xudo mening ins­tagram sahifamda emas balki qalbimda bo'lishi kerak. Oxir oqibat hech bir din reklamaga muhtoj emasligiga ishonchim komil. Siyosat bo'yicha, o'ylaymanki, ko'plab siyosatchilar oddiy odamlar uchun hamma narsaga tayyorlar, faqatgina ularning safida bo'lib qolmasliklari kifoya. Aynan shuning uchun ham siyosat va siyosatshunoslik haqidagi savollarni chetlab o'taman. Mening fikrimcha ularning ko'pchiligi lavozim va statuslarini rad etmagan holda o'z prinsiplaridan voz kechishdek noyob qobiliyati bilan ajralib turadilar. Bu borada shotlandiyalik tadbirkor Endryu Makkenzi shunday degan edi: “Halol siyosatchi bo'lish qiyin emas, chunki raqobat deyarli yo'q…”

— Inson tafakkurining rivoj­lanishi, keng quloch yoyishi uchun shubhasizki, ilm kerak. U qaysi kasb egasi bo'lishidan qat'iy nazar. Olim, o'qituvchi, jurnalist, tadbirkor, kosib. Sizningcha, inson ongu-shuurini birinchi galda qanday ilm tarbiyalaydi?

— Tarbiya… Bu ham bir ilm aslida, shunday emasmi? Keyin esa diniy va dunyoviy bilimlar. Bizning jadid bobolarimiz tarbiyani, ilm­­ni himoya qilib o'tib ketishmadimi. Millat farzandlari ilmsiz, tarbiyasiz qolib ketishmasin deb kuyib pishishmadimi. Bejizga Abdulla Avloniy tarbiyani najot demadi. Inson bolasida hamma narsa mukammal bo'lishi mumkin, ammo tarbiyasi bo'lmasa bu juda og'ir. Betarbiyalik esa — fojia.

— O'zbekistonga qaytish niya­tingiz bormi, ya'ni butunlay qaytish, hozir bo'lmasa ham qachondir?

— Buni albatta vaqt ko'rsatadi. Lekin farzandlarimni olib kelish niyatim bor. Chunki Amerikaning piluslari qancha ko'p bo'lsa, shunga yarasha minuslari ham yetarli. Farzandlarimning milliy qadriyatlarimiz, tilimizdan uzilib qolishini istamayman. Ma'lum vaqtga bo'lsa ham olib kelaman. Aslida, men uchun dunyoning har bir burchagi qadrli. Men qaerda o'zimni erkin his qilsam, ijod qila olsam, o'sha yer men uchun aziz. Ammo kindik qonim to'kilgan yer — Toshkent. Qaerda bo'lmay, O'zbekiston jonu jahonim bo'lib qolaveradi.

 — “Hurriyat”chilarga tilaklaringiz?

— O'z ustilarida ko'proq ishlash, kitob o'qish va albatta sayohat qilishni tavsiya qilaman. Dunyo kezing. Amerikalik mashhur yozuvchi Mark Tvenning bir gapi bor: “Agarda siz eng sifatli ta'limni olmoqchi bo'lsangiz, albatta sayohat qiling…”

— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

— Sizga ham rahmat, salomat bo'ling!

Islom ASILBEKOV

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − sixteen =