Sherzodxon QUDRATXO'JA: «Shiorimiz “Shaxs muvaffaqiyatidan universitet muvaffaqiyati sari” yoxud jurnalistika — mening hayotim»

O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilganiga 5 yil bo'ldi. Albatta, yurtimizda bir asrdan ziyod tarixga ega bo'lgan o'quv dargohlari ham kam emas. Ammo ushbu oliy ta'lim dargohi hurmatli Prezidentimizning OAV sohasini yetuk kadrlar bilan ta'minlash, jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilganligi alohida diqqatga molik. Biz ushbu sana oldidan O'zJOKU rektori, professor, taniqli jurnalist Sherzodxon Qudratxo'ja bilan suhbatlashdik. Suhbatimiz nafaqat universitet faoliyati, balki bugungi o'zbek matbuoti, uning yutuqlari, muammolari va boshqa mavzularda kechdi.

— Sherzodxon aka, avvalo, siz rahbarlik qilayotgan oliy ta'lim dargohining  tashkil etilganiga 5 yil to'lishi munosabati bilan sizni, ahil jamoangizni va ushbu maskanda ta'lim-tarbiya olayotgan talabalar ya'ni bo'lajak hamkasblarimizni chin dildan tabriklaymiz. To'g'ri, 5 yil bu — qisqa muddat. Ammo shunday bo'lsa-da, o'tgan vaqt mobaynida universitet qanday yutuqlarga, natijalarga erishdi, oldinda, kelajakda qanday rejalar, amalga oshishi kerak bo'lgan ishlar, dovonlar turibdi?

— Katta rahmat tabrik uchun. Xabaringiz bor, yaqinda O'zbekiston Milliy universiteti tashkil topganligining 105 yilligi keng nishonlandi. Bizning oliy ta'lim dargohimiz esa endigina 5 yoshni qarshiladi. O'zMU­­ga solishtirganda orada roppa-rosa  bir asr — 100 yil vaqt turibdi. Lekin shuni aytishim kerakki, yuz yil XX asrda boshqa o'lchov bo'lgan, bu katta vaqt o'lchovi XXI asrda boshqa o'lchovdir. Ha, bu juda katta vaqt. Aytmoqchimanki, universitetimizning besh yilligi biz uchun bugungi globallashuv, vaqt tez o'tayotgan pallaga to'g'ri kelmoqda. Hamma narsa internetga, kompyuterga o'tayotgan jarayonlar. Biz bugun to'rtinchi sanoat inqilobi davrida yashayap­miz. Odamlar benzindan voz kechib elektromobilga o'tishmoqda. Uyimizda ham hamma narsani zamonaviy texnikasiz tasavvur qilolmaymiz. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan bundan olti yildan oshiqroq avval O'zbekistonda yangi islohotlar, o'zgarishlar boshlandi. “Bugun bizning media tayyormi?” degan masalani ko'ndalang qo'ydilar. Biz shu islohotlarni, jamiyatdagi muammolar, kamchiliklarni, jamiyatni, taraqqiyotni ushlab turgan narsalarni yoritish uchun, uni ko'rsatib berish uchun yangi jurnalistlar avlodini tayyorlashimiz kerak. Mana shu zarurat bilan mazkur universitet tashkil etilgan, desam xato bo'lmaydi.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar dorilfununini tashkil etish tashabbusi Prezidentimizning 2017 yildagi xalqimizga yo'llagan Murojaatlarida e'lon qilingan edi. Ochig'ini aytaman, yo'l og'ir bo'ldi. O'tgan besh yil — bu yengillik bo'lgani yo'q. Bu yangi universitet edi. Nafaqat O'zbekistonda, Markaziy Osiyoda, MDHda. Bilasizmi, yaqinda bizga Amerikadan mehmonlar kelishdi, ular ham aytishdi: “Bizda — Amerikada ham yo'q bunaqa yagona jurnalis­tikaga ixtisoslashgan universitet” deb.

Bu birlashgan, unikal oliy dargoh hisoblanadi. Referendum paytida universitetimizga o'n ikkita davlatdan delegatsiyalar keldi. Chindan ham bu o'ziga xos universitet bo'ldi. Rektorning vazifasi esa universitetning bugungi kunigina emas, balki uning kelajagi bilan ko'proq shug'ullanishini talab etadi. Biz keyinroq va yanada kengroq tushundikki, jurnalistikani, umuman,  media olamini siyosatshunoslikdan, sotsiologiyadan, psixologiyadan nari tasavvur qilib bo'lmaskan. Shu bois, universitetimizda chuqurlashtirilgan mana shu uchta yo'nalish ham ochildi. Bir paytlar siyosatshunoslik yopilib ketgandi. Bizning universitet nafaqat media oliygoh, balki gumanitar universitetga aylandi. Biz ilk faoliyatimizni 119 nafar talaba bilan boshlaganmiz. Keyin ularning soni 300 ga yaqin bo'ldi. Hozir esa talabalarimiz 3355 nafarni tashkil etadi. Oliy ta'lim dargohimizda 350 nafar professor-o'qituvchilardan iborat pedagogik jamoa bor. Kelajakda jurnalistika qanday bo'ladi, uning o'rni qay darajada bo'ladi, bugun ularga ham raqiblar paydo bo'lgan. Bu blogerlar. Bizda yetishib chiqayotgan kadrlarimiz qaerlarda ishlaydi, degan savollar bizni doim o'ylantirishi lozim. Ochig'i, bizning jurnalistikada hanuzgacha ixtisoslashuv yo'q. Biz kutayotgan dovon — bu ixtisoslashuv. Ya'ni, bitta jurnalis­timiz mintaqashunos-sharqshunos bo'lishi kerak, yana biri turkiyashunos, aytaylik, yana biri amerika, boshqa biri esa hindshunos yo yaponshunos bo'lsin. O'sha tillarda bemalol gapirsin, ijod qilsin. Yurtimizni dunyoga tanitishda o'z hissasini qo'shsin.

— Aytmoqchisizki, jahonning ko'plab yurtlarida o'z jurnalistlarimiz, muxbirlarimiz faoliyat olib borsin…

— Ha, albatta-da. Bugun O'zbekiston dunyoga ochilmoqda. Dunyo O'zbekistonga. Kamida 20-30 ta eng rivoj­langan mamlakatlarda O'zbekistonimizning o'z muxbirlari bo'lishi lozim. Biz xorijda bo'layotgan voqealarni chet el mediasidan emas, o'zimizning muxbirlardan bilishimiz lozim, emasmi? Mana, shu hafta yakunida Turkiya­­da prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi bo'ladi. Unda kim g'olib bo'ladi, kelayotgan yili Amerikadagi saylovlarda-chi? Oq uyga kim g'olib bo'lib kiradi? Yoki Rossiya-Ukraina mojarosi qachon intiho topadi, O'zbekiston-Xitoy, O'zbekiston-Evropa davlatlari munosabatlari kabi mavzularni xashaki jurnalist emas, balki chuqur, ixtisoslashgan, o'sha xorijiy tillarda bemalol fikrini yetkaza oladigan jurnalist uddalay oladi. Iqtisodiy-siyosiy mavzularda chuqur tahliliy materiallar tayyorlay biladi. Sobiq SSSR paytida yaxshi jihat — Xalqaro jurnalistlar maktabi bor edi. Masalan, Markaziy televideniening arab tilini biladigan, arab davlatlarida ishlaydigan Farid Seyful–Mulyukov, Yaponiyada Vladimir Svetov degan muxbiri bo'lgan. Svetov to'la-to'kis yaponcha gapirgan. Mulyukov esa tatar millatiga mansub bo'lib, arab tilida arab rahbarlari, qirollari bilan bemalol gaplashgan. Bugungi vazifamiz ana shunday jurnalistlarni tayyorlash kerakki, o'sha mamlakatning prezidentidan tortib, oddiy fuqarosi bilan uning tilida bemalol so'zlasha  olsin. Yana bir masala bor, media olamiga sun'iy intellekt kirib kelayapti. Jurnalistikada faktcheking qilishni, material tayyorlashda xohlaysizmi yo'qmi, sun'iy intellekt bilan ishlashingizga to'g'ri keladi. Bizning yana bir muhim vazifamiz: sun'iy intellekt va axborot texnologiyalarini biladigan, uni sohaga olib kirib, yangidan-yangi materiallar tayyorlay oladigan jurnalist kadr­larni tayyorlash ehtiyoji tobora sezilib qolmoqda.

— Siz rahbarlik qilayotgan oliy ilm o'chog'ida iqtidorli yoshlar talaygina. Bunga shubha yo'q. Chunki bizning tahririyatga ham amaliyotga borishadi. Qalami yaxshi, iste'dodli yoshlar esa bizni ham juda quvontiradi. Umid qilamizki, shu dargohni tamomlagan kadrlar kelgusida siz aytgan xalqaro maydonlarda o'z so'ziga ega bo'lgan jurnalistlar bo'lib ishlaydi. Navbatdagi savolimiz ham shu mavzu bilan chambarchas bog'liq: nega shu payt­gacha bizning media olamda aynan siz aytgan xalqaro darajadagi jarayonlarni yoritib boradigan kadr­larga e'tibor qaratilmadi? Axir Tosh­­DU — hozirgi O'zMUda yoki O'zbekiston davlat Jahon tillari universitetidagi jurnalistika fakultetlari bor edi-ku? Bunga sabab nima deb o'ylaysiz?

— Buning ildizini nafaqat o'tmishimizdan, balki yaqin tariximizdan ham qidirishimiz kerak. Axir mamlakatimiz mustaqil bo'lganiga 30 yildan oshdi. Lekin dastlabki 25 yil bizda bu bilan jiddiy shug'ullanilmadi. Yaxshi kadr masalasi bu oliy o'quv yurti bilan bog'liq, albatta. Barchamiz ToshDU hozirgi O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olganmiz. Biz 16 ta fakultetning biri bo'lganmiz. Texnik bazasi yaxshi bo'lmagan. O'zi bundoq olib qaraganda kuchli jurnalistga ehtiyoj ham bo'lmadi. Haminqadar bo'lsin, faqat maqtasin, yaxshi narsani yozsin de­yildi. Chet elga chiqishimiz yopiq bo'ldi. Shuning uchun ham Prezidentimiz dastlabki 2016 yilda o'z faoliyatini bosh­lash arafasida saylov paytining o'zidayoq bildilarki, O'zbekistonda media olami deyarli bo'm-bo'sh. 25 yil davomida mediada achchiq gapiradigan odamlar kerak emasdi. Albatta, nimaga ehtiyoj bo'lmasa, unga talab ham bo'lmaydi. Bozor qonuniyati shunday. Sohada oylik-maosh kam bo'ldi. Xavf-tahdid esa yuqori bo'ldi. Jurnalis­tika emin-erkin faoliyat olib borolmadi. Kelajagini o'z sohasida ko'rolmadi. Siz bilan biz tahsil olganda besh yil o'qib olgan diplomimizga faqat “jurnalist” deb yozib berardi. Bugun esa bizning oliygohimizda 18 ta yo'nalishda diplom beriladi. Ya'ni  bizda ixtisos­lashuvga endi-endi e'tibor berilmoqda.

— Ixtisoslashgan jurnalistika ehtimol yaxshidir. Ammo mana shu siz aytayotgan sohalarning ko'pligi, ularni tarmoqlarga bo'lib yuborish o'ta maydalashib ketish bo'lmayaptimi? Negaki, hayotda sohalar ko'p, tarmoqlar ko'p. Aytaylik, qurilish sohasiga — qurilish jurnalisti, madaniyat sohasiga — madaniyat jurnalis­ti, tibbiyotga, ta'limga va boshqa har bir sohaga “tegishli” jurnalist yetishtirish qanchalik to'g'ri bo'ladi? Haqiqiy jurnalist, avvalo, professional bo'lishi kerakdir balki?

— Siz aytayotgan jurnalist bu universal jurnalist. Siz bilan biz shunda yashadik. Bugun fermer bilan gaplashib, ertaga shifokor bilan gaplashish baribir noto'g'ri. Bu mening shaxsiy fikrim. Fermerning o'z masalasi bor, shifokorning o'z masalasi. Biz dunyodagi hamma sohani qamrab ololmaymiz. Aslida bizdagi 18 ta yo'nalish-ixtisoslashuv hali  bu juda kam. Dunyoda mehnat bozorini eshitsangiz klassifikatorda 100, 200 soha, kasb bor. Mana, masalan, qarang O'zbekiston tarixi uch yarim ming yillik tarixga ega. Lekin uni ochib berish uchun Samarqand­­ga, Registonga borganda o'sha yerdagi sopol buyumlarga qarab u nechanchi asrga mansubligi, u qanday tayyorlangani, qaysi davrda qilingan, bu bino qaysi asrda qurilganini, undagi yozilgan bitiklar gullar emas, aksincha qadimiy bitiklar yoki xattotlik san'atining mahsuli ekanligini kerak bo'lsa tushuna oladigan jurnalistlar kerak.

— Oldinlari jurnalistikaga o'qishga kirmoqchi bo'lgan talabgor yoshlar hujjat topshirish jarayonida ham “imtihon” qilinardi, ya'ni suhbat. Bugun esa istalgan odam bu sohaga topshirishi mumkin, unda iqtidor, qiziqish bormi, yo'qmi bu ikkinchi daraja bo'lib qoldi nazarimda. Nima deb o'ylaysiz, soni bor sifati yo'q kadrlar shakllanib qolmayaptimi, ehtimol o'sha tizimni tiklash kerakdir?

— Juda to'g'ri masalani ko'tardingiz. Odatda, bizda qoi­dalarni Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda uning huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq Davlat test markazi) belgilaydi. Biz jarayonlarda shuni sezdikki, ba'zida xujjat topshirayotgan abiturient doim ham qo'lida ko'tarib kelayotgan ijodiy ishlarini o'zi yozmagan bo'ladi. Kimgadir yozdirgan yoki ko'chirgan bo'lishi ham mumkin. Bizning oliygohga hujjat topshirayotgan abiturientlarning bitta imtiyozi bor, masalan, “Hurriyat”da bironta maqolasi chiqdi deylik. Yoki telekanallarda  uchta ko'rsatuvi chiqqan bo'lsin. Biz ularga o'zi bilan birga ijodiy imtihonga shularni olib kelishini aytamiz. Yoki o'qigan joyida 10 ta faxriy yorliq, sertifikat olgan bo'lishi mumkin. Hammasini olib kelib oldimizga qo'yadi. Komissiyadagilar esa ularni ko'radi va savol beradi. “Xo'sh, ukam mana bu maqola sizniki ekan, qani unda qaysi masalani ilgari surgansiz, qanday muammoni ko'targansiz?”. Agar abiturient shu yerda savolga aniq javob berolsa, yozganlarini o'zi himoya qilib berolsa, yaxshi ball­­ni olib chiqib ketadi. Aksi bo'lsa, past ball olishi tayin. Uning o'quvchilik davridagi hamma yutuqlari e'tiborga olinadi. Lekin uning ijodiy ishlarini, hujjatlarini biz yoki universitet rasman qabul qilib ololmaydi. Chunki uning javobgarligi bor, saqlash kerak, yo'qolib qolmasligi kerak va hokazo masalalar bor. Suhbat jarayonida bemalol o'zidagi bor iqtidorni ko'rsatib berishi mumkin. Bu borada bizda hech qanaqa muammo yo'q.

— Hurmatli Sherzodxon Tojiddinxon o'g'li, sizningcha jurnalistikada milliylik va zamonaviylik uyg'un bo'lishi shartmi?

— O'zbekiston muhitida yashar ekanmiz albatta, uning necha ming yillik tarixi, urf-odatlari, qadriyatlari, an'analariga rioya qilishimiz shart. Keyin yozilmagan odob kodekslari bor, bu umuman sharqda shunday, birorta bir muhim xabarni yoki ma'lumotni kerak bo'lganda “qog'ozga o'rab” berish mahorati bo'lishi kerak. So'zsiz ravishda milliy qadriyat zarur. Odamning shaxsiyatiga tegmagan holda savol berish ham mahorat. Bilasizmi, o'rinli berilgan savolning o'ziyoq ellik foiz muvaffaqiyat sanaladi. Axir bizda kattani hurmat, kichikni izzat qilishdek ezgu odatlar mavjud. G'arbda esa bemalol o'z otasiga ham tik qarash, nima qanday bo'lsa shundayligicha bayon qilish odatiy hol hisoblanadi. Ammo bu deganim jurnalistikamiz haqiqat va adolatni haspo'shlashi kerak, ochiq gapirmaslik kerak deganim emas. O'z so'zini yuksak mahorat va qonun doirasida ayta bilish, ko'rsata bilish albatta lozim. Buning uchun nafaqat o'tkir qalam, mahorat va albatta jasorat ham talab etiladi.

— O'zJOKUda tahsil olayotgan talabalarning necha foizi kelgusida o'z sohasida faoliyat yuritadi, deb o'ylaysiz?

— Bugungi kunning o'zidayoq birinchi bosqichda o'qiyotgan   30 foizdan ziyod talabalarimiz o'z sohamizda  ish bilan ta'minlangan. O'ylab ko'ring, endigina birinchi kursda o'qiyotgan  talabalarimiz “kun.uz” sayti, “Zo`r TV” kabi nufuzi bor tahririyatlarda ishlashadi. Yoki respub­likamizning yetakchi gazeta va jurnallarida ham o'rindoshlik asosida mehnat qilayotganlari qancha.  Tasavvur qil­yapsizmi? Esingizdami, biz oldinlari o'qib yurgan davrimizda televidenie­­da ishlashga havas qilardik. Bizni televideniega kiritishmasdi. “Bor, sen hali studentsan”, de­yishardi. Montajga kirmasdik, qo'limizga kamera, mik­rofon berilmasdi. Yoki noto'g'rimi? Bugun bizda ishga joylashish 60-70 foizdan oshayapti. Universitet bilim beradi. Dunyodagi yetakchi universitetlar talabaga maqsadni ko'rsatadi va unga borish yo'lini o'rgatadi. Talabada mus­taqil ta'limni rivojlantiradi. Talaba esa o'zining ustida ko'p ishlashi kerak. Biz talabaga faqat “konspekt qil” deyishimiz noto'g'ri. Bu eskicha yondashuv. Mana, bizda qora doska va bo'rdan voz kechilgan. Uning o'rniga flepchat bilan ishlanadi. Proektor qo'yamiz. Multimedia vositalariga boy interaktiv paneldan foydalaniladi. Bepul internet, wifi  zonalari bor. Talaba xohlasa darsini Zoom orqali amalga oshiradi, turli-tuman mavzuga oid taqdimotlar tayyorlashi mumkin. Hamma imkoniyat yetarli. Ustozlarimga doim aytaman, “Sizlar talabaga motivatsiya beringlar, ularga maqsadiga yetishish yo'lini o'rgatinglar. Borish yo'lini o'zi qilsin” deyman. Hammasi talabaga bog'liq. Bizning kutubxona 53 ta xalqaro nashrlarga elektron obuna bo'lingan. Masalan, o'sha mashhur “The New York Times”, “Washington Post”, “The Economist” deysizmi, hammasiga obuna bo'lingan. Ular bugun chiqdimi o'n besh daqiqa o'tar-o'tmas talabalarimiz bemalol ularni o'qishi mumkin. Agar o'qishga qiynalsalar, ularni eshitish imkoni ham mavjud. Barchasi bir vaqtning o'zida ovozlashtirilgan.

— Chiqishlaringizdan birida “bugungi bosma nashrlar o'z faoliyatini o'zgartirishi kerak, bo'lmasa internet uning o'rnini bosib ketadi, endi gazeta-jurnallarni qog'oz shaklida chiqarishdan ma'no yo'q”, degan  mazmunda gapirgan edingiz.  Siz aytgan o'sha elektron nashrlar yoki saytlar bosma OAV o'rnini qay darajada bosa oladi? Qolaversa, shunday ekan nima uchun universitetingizda Bosma nashrlar fakulteti faoliyat ko'rsatyapti?

— Sizlar (kulib) bu gapimni hech unutmaysizlar ekan-da. Albatta, bugun gazetachilar oldida muammolar talaygina. Men  ko'proq ana shuni nazarda tutib gapirgan bo'lsam kerak. Ammo gazetchilar muammosi faqat ularning   muammosi bo'lishi kerak emas. Bizning  ham muammoimizga aylanishi kerak. O'ylab ko'raylik, gazetalarni bugun kim o'qiydi? Albatta,  mushtariylar o'qiydi. Jamiyat esa tobora  raqamlashib bormoqda. Albatta, talab va taklif ham rol o'ynamoqda. Bizda jamiyat ham shuni istashi kerak. Oldinlari mehmonxonaga borsangiz ertalab hamma qahva ichib, gazeta o'qirdi. Bugun hammaning qo'lida planshet yo telefon. Yaqinda bir nemis bilan gaplashdim. “Bizda, Germaniyada qaytish bo'layapti. Hozir odamlar gazeta o'qiyapti”, dedi. Ehtimol bizda ham shunga qaytilar. Odamlar gazeta yoki jurnalni sog'inishar. Odamlarimizda internetdan charchash bo'lar. U yerdagi bo'lar-bo'lmas xabarlar, gap so'zlar ularning ham joniga tegib, keyin nashrlarga qaytar. Bugun biz pulga hissiyotni sotib olayapmiz. Yaxshi kayfiyat olish uchun pul to'layapmiz. Yaqinda Turkiyada bo'lib qaytdim. Ertalab televizorni yoqsam, “Gazetalar sharhi” degan dasturi bor ekan. Umuman boshqacha formatda, yangicha uslubda ishlangan. Yondashuvlari ham boshqacha. Bizga o'xshab bir joyga o'tirvolib gazeta “o'qimaydi”. Ko'rsatuv esa jonli. Avval yozib olib, montaj qilib, keyin efirga berishmaydi. Gazetalarda chiqqan maqola haqida qisqa-qisqa lavhalar shaklida uzatayapti. Biz buni o'zimizda ham joriy qilishimiz kerak. Uyda ota gazeta o'qisa, bola gazeta o'qiydi, ota o'tirvolib pivo ichsa, bola ham shunday qilishi mumkin.

Gazetalar birgina o'zi uchun o'zi yonishi kerak emas, aksincha, yuqorida aytganimdek, ularni televidenie, butun jamiyat — hammamiz qo'llashimiz kerak. Masalan men gazetalarni doim kuzatib boraman. “Yangi O'zbekiston”, “Xalq so'zi”, “Hurriyat”, “Ishonch”, “Milliy tiklanish”, “O'zbekiston ovozi”ni o'qib boraman. Ulardagi yaxshi, dolzarb, kerakli maqolalarni o'qituvchilarimga bo'lib, belgilab beraman. Ko'pincha “Mana bu maqolani talabalarga o'qib beringlar” deyman. Agar kutubxonamizga kirib ko'rsangiz mening imzoim turgan gazetalarni ko'rishingiz mumkin. Bizda gazetalarni saqlab olish uchun kolloboratsiya-uzviylik, bir-birini qo'llov tizimi kerak.

— Bular uchun katta rahmat sizga. Shu o'rinda gazetxonlik masalasida yana bir odamni xafa qiladigan misolni aytmasak bo'lmaydi. Chunki gap, mavzu to'g'ri kelib qoldi.

— Bemalol. Nima gap ekan?

— Yaqinda “Matbuot tarqatuvchi” aksiyadorlik kompaniyasi rahbari Davron Safarov bilan suhbatlashib qoldik. U odamlarning gazetadan uzoqlashib borayotganiga misol sifatida qiziq bir gapni aytib qoldi. U dediki, sizlarning gazetangiz muammo qilib ko'targandan keyin bizning kompaniya Jurnalistika universitetining shundoq eshigiga tutash joyida bir gazeta do'konini joylashtirdik. Har qalay, bu yerda jurnalistikaga taalluqli insonlar mehnat qilishadi, bo'lajak jurnalistlar ta'lim olishadi. Albatta, kioskadan yangi gazeta-jurnallarni sotib olishadi, degan maqsadda. Lekin bir oydan so'ng ushbu gazeta do'konini boshqa joyga ko'chirishga majbur bo'ldik. Negaki, ishonmaysiz, shu ikki oy ichida birorta nashrni bu yerda hech kim sotib olmadi…

To'g'risi, bu gapni eshitib vujud muzlab qoldi. Nahotki! Demak, sizlarda o'qiyotgan uch mingdan ziyod talabalarni aytmay turaylik, yuzlab ustozlar ham  gazeta-jurnallardan “voz” kechishgan ekan-da?

— To'g'ri, sizlarda maqola chiqqandan keyin kiosk olib kelib o'rnatishdi. Ochig'i, bu xarajat bilan bog'liq bo'ldi, shekilli. Bizning universitet biznes qilmaydi. Adashmasam ular ijaraga pul so'rashdi. Kiosk bir oy emas ikki oy turdi. Qarasam, ulardagi  gazetalar sarg'ayib ketibdi. Balki chindan ham hech kim sotib olmagandir. Bu menga qorong'u. Bilasizmi, bu ritorik savol. Ba'zan hamma savollarga ham javob berib bo'lmaydi. “Nega shunday bo'ldi” degan savolga kelsak, birinchisi jamiyat, talab va ehtiyoj shunaqa. Ikkinchidan, yuqorida aytganimdek, men o'zim shu universitet uchun bir necha nomdagi gazetalarga obuna bo'lganman. Har kuni ular bizga keladi. Hatto jurnallarni ham chetda qoldirmaganmiz, ularni ham olamiz. Qolaversa, odamlarning o'zi ham byudjet pullarini to'g'ri yo'naltira olishi kerak nazarimda. Masalan, mening o'zim oylik olganda uni hisoblab, taqsimlab chiqaman: bunisi kiyim-kechakka, bunisi oziq-ovqatga, bunchasi bola-chaqaga, yana bir qismini esa albatta kitob sotib olishga ajrataman. Ularning orasida gazeta-jurnallar ham albatta bor. Kutubxonamizga 100 ga yaqin gazeta-jurnal keladi. Nima demoqchiman, bugun odamlarimizning o'zi ham pulini faqat go'sht, kartoshka qatori kerakli bo'lgan gazeta-jurnallarga ham ajratsa yaxshi bo'lardi. Va albatta, o'z navbatida nashrlarimiz ham bu talabga javob bera olishi darkor. Nega gazetalarda zo'r-zo'r mavzular ko'tariladi, tanqid qilinadi. Lekin birorta tashkilot unga munosabat bildirmaydi. Oldinlari nima bo'lardi, bilasizku, birorta tashkilot yoki muammoli holat ko'tarildimi, o'sha kunning o'zidayoq munosabat bildirilar edi. Negadir, bugun beparvolik hukmrondek. Yoki ko'rib ko'rmaganlikka olishadi. Nima gazeta o'qishmaydimi? Mening fikrim, bu borada xalqimiz, shu jumladan, yoshlarimiz ham albatta o'ylab ko'rishlari kerak.

— Siz uchun jurnalistika nima?

— Jurnalistika bu — mening hayotim. O'zimni undan uzoqda tasavvur qilolmayman. Universitetimizga kelayotgan ustozlarga bitta shart qo'yaman: “Agar uch yil ichida ilmiy ish qilmasangiz, siz bilan xayrlashamiz”. Ba'zan ayrimlari kelib, “Ariza yozib ketaman” deyishadi. Keyin men ularga aytaman, “Shuncha yil o'qidingiz, izlandingiz, ketsangiz qaerda ishlaysiz?”. Misol uchun stomotolog bitta poliklinikadan ketsa, uni yuzta joy kutib olishi mumkin. Ammo jurnalistni kim kutib turibdi?! Jurnalistika bu vijdon amriga quloq solish. Jurnalistika bu o'zini qiynash. Masalan, men hozir jonli efirga chiqishim kerak. Lekin o'z navbatida sizlarga intervyu ham berishim lozim. Bilasizmi, men uch yil yangi yilni Mo'ynoqda kutib olganman. “Zarilga zaril, senga nima zaril” degan gap bor. Ertasi kuni soat 10.00da Press-klub bo'lishi kerak. Bir paytlar 66 metr chuqurlikda mavj urib turgan, ammo hozirda qurigan dengiz tubida o'tirganmiz. Atrofda 100 km.gacha hech kim yo'q. Elektr yo'q. Faqat Tursinxon aka (Prezident maslahatchisi T.Xudaybergenov) qo'ygan dizelli generator ishlab yotibdi. Aloqa yo'q. Telefon ishlamaydi. Orolning eng tubida o'tirganmiz. Kechasi muzdek sovuq xonada uxlaganmiz. Lekin efirda bo'lgan 3-4 soatning zavqi hammasini yuvib ketgan. Bugun ko'pchilik men bilan ko'rishib qolsa “Mo'ynoqdagi ko'rsatuvingiz zo'r chiqqan” deyishadi. Yoki o'tgan yili Afg'onis­tonga chiqib keldim. U yerga borish orzuim edi. Juda ko'p mamlakatlarda bo'lganman. Afrikada ham bo'ldim. Lekin qo'shni mamlakat — afg'on davlatida bo'lmagandim.

Jurnalistika bu armonlar, orzular, yorug' mujdalar kasbi. Yoshlikdagi o'qigan kitoblaringizning ijobatini namoyon etuvchi  kasb. Hayotga o'zingni, butun borlig'ingni  baxshida qila olish kasbi. Bilasizmi, Afg'onistonni o'z ko'zim bilan ko'rish uchun o'shanda Hokimdan iltimos qildim, Hayraton ko'prigini ko'rsatinglar deb. Allohga niyat qilib chiqib ketdim. “Surxondaryo tv”.dan eski kamera va eng yoshi katta operatorni olib ketdim. Mabodo qayt­masak yoshlar zavol bo'lmasin deb. Afsus, jonli efirlar qilolmadim. Ko'prikdan o'tish masala bo'ldi. Bir soatda o'tdik. Iltimos qilib mahallalarga, bozorlariga kirdik. Uch soat o'sha yerda yurdim. Yonimda olti nafar bosh-oyoq qurolangan qo'riqchilar bor, zirhli mashinada olib yurishdi. Oddiy odamlar bilan gaplashdim, bozor aylandim. Ortimga qaytgandan keyin yaqinlarimga, ota-­onamga aytdim. Shundagina armonim bosildi. O'sha yerda tayyorlagan video lavhalarni ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq odam ko'ribdi. Ehtimol undan ko'pdir. Mening kasbim shu. Shu orzular uchun yashayapmiz.

— Sizningcha bloger — kim ular?

— Bilasizmi, men yaqinda Turkiyada bo'ldim. “Sizlarda blogerlar bormi” dedim. Bir-biriga qarab meni  tushunishmadi. Men savolimni hijjalab tushuntirgan bo'ldim.  Keyingina ular aytdi: “Ha, bizda ham blogerlar bor, faqat ular torgina doirani yoritadi. Lekin jurnalistchalik ovozi, o'rni  yo'q”. Bugun ularning ba'zi hollarda bizdan o'zib ketishida o'zimizning aybimiz bor. Aytaylik, ular ham o'zining ishini qilayapti. Bugun biz jurnalistlar blogerlar singari achchiq gapirishni, to'g'ri gapirishni unutib qo'ydik. O'zbekiston xalq shoiri Shukrulloning bir gapi bor edi: “Qo'rqqan odam har kuni o'ladi”. Bizni mana shu tomirlarimizga Stalin davridan qo'rquv joylashtirilgan. Shu hali beri o'tib ketmaydi. Prezidentimizga rahmat aytaman, ular “Jurnalistlar bu mening ko'zim, ular mening yordamchim, matbuot muammoni fosh qilsin, menga yordam bersin” dedilar. Tanqid qilaylik, faqat buni jurnalistik kasb doirasida, qonun buzilishi bo'lsa uni jinoyat kodekslaridan kelib chiqib tahlil qilishimiz, yoritishimiz kerak. Aybsiz odamni aybdor deb qo'ymaslik, uni haqorat qilmaslik shart. Bloger muayyan bir sohani tanlagan odam. U aslida  texnik bo'lishi mumkin, dehqon, duradgor yoki hunarmandchilik sohasi vakili bo'lishi mumkin. Lekin ijodkor, kreativ odam. Uning ham o'zining minbari, qiziqishlari bo'lishi mumkin.

— Demak, bloger ham matbuot vakili, jurnalist demoqchimisiz?

— Yo'q, albatta. Bloger jurnalist emas. Ularni  shunchaki jamiyatdagi voqea-hodisalarga befarq bo'lmagan odam desak to'g'ri bo'ladi. Jurnalistikaning esa o'rni, mavqei juda baland. Gap unga sadoqat va jasorat bilan xizmat qilishdadir.

— Bilamizki, ijtimoiy tarmoqlarda juda faolsiz. O'z auditoriyasiga ega media soha vakillari qatorida turasiz. Siz ayniqsa, IIB xodimlariga “Ferrari”lar olib berish kerak, ular yuqori tezlikda harakatlanuvchi avtomobillar bilan jinoyatchilarni tezda ushlab olsin,  aniq fanlar kerak emas, talabalaringizga qarata “hammang men qo'ygan postlarga komment yozib, like bosinglar” kabi gaplaringiz trend­­ga chiqqanligidan ko'pchilikning xabari bor va bu o'z vaqtida rosa muhokamalarga sabab bo'lgandi. Ammo negadir oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda sust­lashib qolgandeksiz. Bunga sabab nima? Yoki har bir gapni “o'ylab”, “ehtiyotlik” bilan aytishga to'g'ri kel­yaptimi?

— Bugun jamiyatimiz go'yo hammadan “xayp” kutadi. Hech kimning gapini oxirigacha eshitmaydi. O'zi xohlagan vaqtida eshitadi. Mening gaplarimni ko'pida konteksdan kesib olish bo'ladi. Bu bitta meni gapim emas. Imomlarni, siyosatchilarni, taniqli media shaxslarining gaplarini kesib olib, “o'zlariga moslab” qo'yishmoqda. Jamiyat esa ularni sazoyi qiladi. Avvalo, biz yangi O'zbekistonni qurmoqchi bo'lsak, turli fikrlar eshitishga, qabul qilishga o'rganishimiz kerak. Bo'lmasa totalitar tizimdagidek bema'ni ahvolga tushamiz. Afsus, bir zamonlar jadid bobolarimizning ham gaplari qabul bo'lmagan. Bugun O'zbekistonga yangi jadid avlodlari kirib kelmoqda. Faqat ularni eshitishimiz kerak. Go'yoki bizning jamiyatda faqatgina ikkita rang bordek. Ular faqat oq va qoradan iboratdek. Bu noto'g'ri. Aslida hayot turfa ranglardan tashkil topgan.

— Sizga rahmat,  bir emas bir nechta vazifalarda faoliyat olib borasiz. Universitet rektori, O'zbekiston Milliy media birlashmasi Boshqaruv kengashi raisi, Xalqaro Press-klub moderatori, Markaziy saylov komissiyasi a'zosi, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti hamda O'zbekiston – Gretsiya do'stlik jamiyati Boshqaruvi kengashi a'zoligi kabi yumushlar bilan bandsiz. Biroq, shuncha ishlarga bosh qo'shish og'ir emasmi?  Qanday qilib barchasiga vaqt topasiz?

— Agar siz ularning har birida har xil yondashuv qilsangiz qiyin bo'lishi mumkin. Avvalo, Prezidentimga tashakkur aytaman, menga shunday ishonch bildirganlari uchun. Men 9 yil davomida ishdan ketgan paytim ham bo'lgan. Hayot taqozosiga ko'ra Milliy universitetda o'qituvchilik qildim. Kafedra mudiri bo'ldim. Lekin menga yana ishonch bildirildi. Sohaga qaytdim. Hayot pastu balandliklardan iborat. Men hayotimning o'tgan har bir kunidan roziman. Shu to'qqiz yil davomida ancha o'zimga kuch yig'gan ekanman, ko'p armonlarim bor ekan, Allohga shukr, hammasini menga qaytarib berdi. Qaysi joyda ishlasam ham bitta mezon bor. Shu millatimga xizmat qilish, jadid bobolarim ruhini shod qilish. Prezidentimiz e'tirof etgan Uchinchi Renessans poydevoriga o'zimning hissamni qo'shish. Hamisha kasbi-korimga, ishimga professionalizm jihatdan yondashish.

— Sherzodxon aka, bilasiz, bizni hamisha jurnalist xalq uchun, yurt tashvishi uchun yonib yashashi kerak degan g'oya birlashtirgan. Ammo jurnalistlar hamisha oddiy, kamsuqum yashashgan.  Nima deb o'ylaysiz, bugun qalam, so'z ahli ham hech kimdan kam bo'lmagan iqtisodiy imkoniyatga ega kishilar qatorida yashashi mumkin bo'lgan davr kelmadimi?

— To'g'ri masalani ko'tardingiz. Boy jurnalistlar davri keldi. Jurnalistlarning ham oyligi baland bo'lsa, buning nimasi yomon ekan? Nega hamma boy bo'ladi-yu, jurnalist bo'lmasligi kerak? Kecha bir telegram kanalda jurnalistlar oyligi muhokama qilinibdi. Bu noto'g'ri. Yaqinda Turkiyada bo'lganimda gapirib berishgandi: u yerda jurnalistlar 50 ming dollargacha oylik olisharkan. Amerikada Lari King, Rossiyada Poznerlar bir necha million dollar olishgan. O'zbekistonda jurnalistlar shartnoma asosida bir nechta joyda ishlashi mumkin. Albatta, solig'ini to'lash lozim. Mayli, imkon bo'lsa jurnalist ham yaxshi ulovda yursin. U ham ikki qavatli uyda yashasin. Ta'tilda kamida uchta davlatni ko'rib kelsin. Tahririyatlarimiz so'nggi rusumdagi texnikalar bilan jihozlangan bo'lishi kerak. Men Xitoyga borganimda uning bosh axborot agaentligi “Sinxua”ga bordim, gazeta tahririyatlariga kirib ko'rdim. Juda zamonaviy, kuchli. Bizning nimamiz kam ulardan. Bugun “Zo`r TV”, “Sevimli” kanallariga borsam havas qilaman. “UzReport”ning kuchli texnik bazasi bor. Hozir “Mening yurtim” kanali ham o'zgaryapti. Oldin ular yerto'lada ishlashgan. Yangi kanal “Renessans TV” ochildi. Bir-birimizni kovlashni bas qilishimiz kerak. Havas qilib yashaylik, hasadni qo'yaylik. Bir so'z bilan aytganda media sohasi vakillari boy yashashga haqli.

— Jurnalistika ziddiyatlardan, qarama-qarshi­liklardan iborat. Siz o'sha eslaganingiz — bir payt­lar  9 yil davomida o'zingizdan qanday holatlarni, og'ir o'y-kechinmalarni o'tkazgansiz? Baribir oson bo'lmagandir?

— Ha, oson bo'lmagan. O'sha yillari nima uchun ishdan ketganimni ham bilmaganman. Juda katta lavozimdan 33 yoshda ketdim. Ayni kuch-quvvatga to'lgan paytlarim edi. Hozir yoshim 50ga kirayapti. O'sha paytdagidek kuchim yo'q to'g'risi. Universitetga borib bir yil shokda yurdim. Og'ir bo'ldi. Katta lavozimdan ishdan ketsangiz sizni ko'rgan odam o'ngdan ketayotgan bo'lsangiz chap tomoningizdan o'tib ketadi. To'yiga, marakaga aytmaydi. Kinoya bilan qaraydi. Bu jarayonlarni kechirish og'ir. Meni hayo­timda ham 2016 yil unutilmas, burilish pallasi bo'ldi. Yangi O'zbekistonda Vatanni, millatni sevadigan insonlar uchun Prezidentimiz juda katta platformani yaratib berdilar. To'qqiz yil davomida qilolmagan ishlarimni endi qilayapman. Hech qachon charchamayman. Shu Vatan, millat uchun xizmat qilsam kuchimga-kuch qo'shiladi. Bugun armonlar ushaladigan paytlar keldi. Nonni uvoli, suvni uvoli yomon. Aslida eng katta uvol bu inson uvolidir deb o'ylayman.

— Bugun davlatimiz rahbari olib borayotgan oqilona siyosatga barchamiz guvoh bo'lib turibmiz. Siz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Bosh vazir bo'lgan paytida u kishining Matbuot kotibi bo'lib ishlagansiz. O'sha vaqtlarni qanday eslaysiz?

— Bu ham taqdirning menga bergan katta iltifoti bo'lgan. 30 yoshimda Bosh vazirning birinchi matbuot kotibi bo'ldim. Yangi kelgan paytlarim edi. Shu yerga kelib bildim Bosh vazir mamlakatdagi ob-havodan tortib, kommunal, transport soha bo'ladimi, hamma-hammasini bilar ekanlar. Bu inson O'zbekistonda xalq xo'jaligi, iqtisodiyoti, maktablar qurish kabi juda og'ir paytlarda ishlagan. Birinchi Prezidentimiz chet elga safarga uchib ketsa, Bosh vazir o'sha kunning o'zida vodiygami, vohagami yoki Qashqadaryo, Surxondaryoga ketardilar. Dalalar, ko'chalarga kirib chiqardi. Oddiy odamlar bilan gaplashardilar. Oylab Toshkentga kelmay tumanlarda yashaganlar (masalan Kogonda). Juda kamtar, o'z halovatini, o'zini o'ylamaydigan inson. Ularga ortiqcha xizmat qiladigan odamlar yoki xavfsizligi bo'yicha alohida tayyorgarlik­lar bo'lmagan. Shunaqa paytlar bo'lardiki, hatto tushlik qilinmasdi. Hamisha oddiy yo'lovchi samolyotdan foydalanardilar. Viloyatga borganlarida ham bitta oq mashina bo'lardi. Uzun “mers”lar emas, shundan foydalanilardi. Umuman mashina tanlamas edilar. 8-10 kishi bir mikroavtobusda yurardik. O'zining xalqini sevishi, unga jonini berishi, har qanday masalaning ichiga kirib ketishlari… ularning alohida yana bir das­turlari bor edi. Bu — mehribonlik uylari. Bu joylarda sharoitlar qanaqa, oddiy fermerlarning ahvoli qanday. Hammasi bilan qiziqib ishlardilar. Bu odamdagi ishga qobiliyat, Vatanni, yurtni sevish, har bir dardni o'zidan o'tkazishni o'sha yillardayoq bilganman, ko'rganman.

— Endi yana suhbatimiz mavzusini siz rahbarlik qilayotgan universitet tomonga bursak. Bugun O'zJOKUda tahsil olayotgan talabalaringizdan qay darajada rozisiz?

— Bizda shunday shior bor: “Shaxs muvaffaqiyatidan universitet muvaffaqiyati sari”. Bizning universitetda bosh bu rektor emas, bu talaba. Hammamiz shular uchun kelamiz. Yangi talabalar keladi. Kechagina maktabni tamomlagan. Hayot to'g'risida sodda, oddiy tasavvurga ega. Biz birinchi kundan ular bilan gaplashamiz. Dekan, prorektor, professor-o'qituvchilar va oxirida men. Gaplashganda biz ularga universitet qadriyatlarini, madhiyasini, qonun qoi­dalarini tushuntiramiz. Keyin ularning orasidan liderlarini  qidiraman. Oralarida siz yordam bermasangiz ham o'zi o'sadiganlari bo'ladi. Ularni ajrataman. Va men ikkinchi qatlam bilan ishlayman. Ba'zan ularga motivatsiya yetishmaydi. Bolaga bilimni o'rgatish kerak. Shu bilan bir qatorda unga kommunikatsiya qilishni ham o'rgatish kerak. Masalan, ko'tarib yuradigan sumka (chamadon) borku, u chiroyli, zo'r. Ammo uni ushlaydigan ushlagichi yo'q. U har qancha zo'r bo'lmasin ushlagichi bo'lmasa ishlatolmaysiz. Tashlab yuborishga uvol, ishlatishga esa noqulay. Ha,  ushlagich — kommunikatsiya. Biz ko'pincha yoshlar bilan gaplashishni do'ndiramiz, lekin erkinlikni bermaymiz. “Uni qilma, buni qilma, u mumkin, bu esa mumkin emas” deymiz. Cheklaymiz. Talabalar orasida yetim qizlar bo'lsa tajribali ayol ustozlarga biriktiraman. “Mana shu qiz bugundan sizning qizingiz” deyman. Qiziqishlari haqida so'rayman. Ing­liz tiliga qiziqsa, o'zimizda kurslar bor shunga beramiz, raqsga qiziqsa marhamat, to'garaklarga biriktiramiz. Xullas, bizning vazifamiz olmosni brilliantga aylantirish.

— Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur.

Suhbatdoshlar:

Abdurasul JUMAQUL,

Islom EGAMBERDIYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 10 =