Dilmurod Ergashev: «Har bir oila mustahkam va baxtli hayot kechirsin»
“Doktor D” deganda darrov ko'pchilikning xayoliga mashhur shifokor va taniqli aktyor Dilmurod Ergashev keladi. Bu bejiz emas. Chunki u chindan ham nafaqat kuchli mutaxassis, balki aktyor sifatida o'z iqtidorini namoyon etgan vatandoshimizdir. Ayniqsa, uni “Shaytanat” serialida ijro etgan roli orqali ko'pchilik yaxshi biladi.
Anglaganingizdek, bu galgi suhbatdoshimiz shifokor va aktyor, “Doktor D” xususiy shifoxonasining asoschisi — Dilmurod Ergashev.
Suhbatdoshimiz haqida muxtasar ma'lumot shuki, u 1959 yilda Toshkent shahrida tug'ilgan. Poytaxtdagi fizika–matematika maxsus maktabini imtiyozli diplom bilan bitirgan. Ammo u o'z tahsilini fizika–matematika yo'nalishi bo'yicha oliy o'quv yurtida davom ettirishi uchun imtiyozli imkoniyatdan voz kechib, tibbiyot sohasini tanlaydi. 1983 yili Toshkent davlat tibbiyot institutini bitiradi.
Bugungi kunda Dilmurod Ergashev O'zbekistondagi yetakchi reproduktolog shifokorlardan biri hisoblanadi. Tibbiyotning ushbu yo'nalishini tanlashiga esa yaqinlaridan birining uzoq yillar farzand ko'rmagani sabab bo'lganini aytadi. “Tibbiyot oliy o'quv yurtida tahsil olib yurgan yillarimdayoq bepushtlik va jinsiy ojizlikni davolash bo'yicha O'zbekistonda hali mutaxassis yo'qligini bilganman”, —deydi u.
Tibbiyotning oson sohasi yo'q, albatta. Dilmurod Ergashev ham o'zi tanlagan sohaga oid bilim va tajribalarini oshirish maqsadida Kiyev, Moskva, AQSh va Isroilda malaka oshiradi. Ilmiy ish bilan shug'ullanib, tibbiyot fanlari nomzodi darajasini oladi. “1993-1994 yilda Germaniyadagi xususiy shifoxonalardan birida amaliyotda bo'lib qaytganimdan keyin “Nega shunday muassasalarni o'zimizda ochish mumkin emas” degan savolni o'z-o'zimga berdim”, — deydi u.
U bir qancha xalqaro tibbiyot akademiyalari hamda Ovro'po urologlari va androloglari assotsiatsiyasi a'zosi hisoblanadi.
— Dilmurod aka, avvalo, shuni aytmoqchi edikki, bugungi suhbatdan asosiy maqsad “Doktor D” klinikasini “reklama” qilish emas. O'ylaymizki, klinikangizning bunga juda katta ehtiyoji yo'q. Negaki, ko'plab yurtdoshlarimiz ushbu tibbiyot markazini yaxshi bilishadi, shifo istab murojaat qilayotganlar esa kam emas. Shunday bo'lsa-da, xalqimizda jinsiy tarbiya, bepushtlik, uni davolash masalalari ancha “nozik” mavzular hisoblanadi. Lekin inson baxtli yashashi uchun, baxtli oila bo'la olishi uchun ana shu mavzular xususida ham so'z yuritishni joiz deb bildik.
—To'g'ri, o'zingiz ham aytyapsiz-ki, bizda bunaqa mavzularda gapirish joiz emas, yoki o'ta nozik deb qaraladi. Endi savol, dunyoda millionlab, shu jumladan, yurtimizda ham ming-minglab odamlar turli jinsiy kasalliklar bilan og'riyotgani, yana qancha-qancha odamlar farzand ko'rish uchun necha-necha yillar davomida kasalxonama-kasalxona sarsonu-sargardon yurgan ekan, nega endi “bu nozik mavzu” deya qarashimiz kerak. To'g'ri, biz sharqona millatmiz, uning o'ziga xos bo'lgan qadriyatlari, qarashlari bor. Lekin ko'pchilik hamon bu haqda “gapirmaslik kerak, uyat bo'ladi” degan qo'shtirnoq ichidagi qarashlarimizni axloq sifatida qabul qilib, bu mavzuda so'z ochishni lozim bilishmaydi. Aynan ana shu narsa qancha odamlarning dardini o'z vaqtida aytmasligi, shifokorga vaqtida murojaat qilmasligi sababli tuzatib bo'lmaydigan holatlarni vujudga keltirayotganini bilamizmi? Vaholanki, jinsiy hayot to'g'risida muqaddas dinimizda ham bir qator oyatlar, muborak hadislar mavjud. Ammo diniy ulamolarimiz ham o'z amri ma'ruflarida bu xususida ko'pincha gapirishmaydi. Ana shu gapirmaslik, odamlarga to'g'ri ma'lumotlar yetkazib berilmaganidan keyin ularning ongida, miyasida turli-tuman bo'shliqlar hosil bo'lmaydimi? Nima deb o'ylaysiz? Qaerdaki bo'shliq bormi demak, uning o'rnini to'ldirishga harakatlar va albatta ma'lumotlar ham topiladi.
Aslida jinsiy tarbiya nima o'zi? Chapani qilib aytganda, jins degani bu o'g'il bola, bu esa qiz bola jinsiga mansub degani. Shunday ekan, hammasi o'z vaqtida va o'z me'yorida bo'lishi, ya'ni o'smirlikdan farzandlarimiz jinsiy tarbiya, jinsiy kasalliklar va ularning oldini olish haqida yetarlicha ma'lumotga, tibbiy darajaga ega bo'lishlari zarur.
– To'g'ri, siz aytganday jinsiy tarbiya, jinsiy madaniyat haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo'lish muhim. Ammo o'smir o'g'il-qizlar ma'lum yoshga yetgandan keyin qandaydir yo'rig'i, madaniyat bilan olib borilishi kerak emasmi? Bugun esa turli ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning, hatto hali voyaga yetmagan bolalarning “ko'zini ochib ” yuboradigan tarzdagi turfa xil ko'rsatuvlar, doktorlarning chiqishlaridan odam hijolat.
– Albatta, fikringizga qo'shilaman. Avvalo, har qanday kasallikning ilk davosi bu profilaktika hisoblanadi. O'z vaqtida e'tibor qaratish lozim. Shu bilan birgalikda aytib o'tganimdek, nafaqat bolalarda, kerak bo'lsa kattalarimizda ham jinsiy tarbiya ko'nikmasini shakllantirish ham juda muhim omildir. Jinsiy tarbiya deganda bu jinsiy aloqa emas, aksincha jinsga xos narsalarni bolalarimizga singdirishimiz, ularning ongiga kirgizishimiz, o'g'il bola qanaqa kiyinadi, qanaqa o'yin o'ynaydi, qanaqa qilib gapiradi, gaplashadi, qaysi mavzular unga qiziq bo'ladi, qiz bola esa qanaqa qo'g'irchoqlar o'ynaydi, ularga qanday ko'ylaklar tikishni, qizlarga xos bo'lgan sifatlarni o'rgatish bilan ham ularda asta sekin jinsiy tarbiya namoyon bo'ladi. Bizdagilar nima qilishadi, jinsiy tarbiya bo'yicha tuzukroq ko'nikmasi, tushunchasi yo'q. Ongida bu borada yetarlicha tasavvuri yo'q, bolangni jinsiy tarbiya qil deyishsa darrov xayoliga noto'g'ri fikrlar, qarashlar keladi. Axir, bu nojoiz narsa-ku. Boya aytdim, biz o'zimizcha axloqiy qarashlar degan tushunchani niqob qilib olganmiz. Baribir bolalikdan farzandlarimizga tibbiy jihatdan ham to'g'ri tarbiya berishimiz kerak.
Mana yaqinda Youtube tarmog'idagi sahifamda yana bir marta pedofillar to'g'risida gapirdim. U qaerdan kelib chiqadi, sabablari nimada kabi savollarga javob berdim. Nimadan kelib chiqardi, birinchi galda jinsiy tarbiya yo'qligidan, noto'g'ri tarbiyadan. Agar maktabga jinsiy tarbiya fani kirish kerak deyilsa, ota-onalar “Voydod, bolaga ham jinsiy tarbiya berib bo'ladimi” deyishadi. Ha, siz o'zingiz bilasizmi, o'zi jinsiy tarbiya nima? Ularning xayolida bolalarga jinsiy aloqani o'rgatish degan tushuncha bor. Bu noto'g'ri. Yana bir ma'lumotni qo'shib ketmoqchiman, o'g'il bolalarni o'z vaqtida sunnat qildirish ham ana shu tarbiyaga kirib ketadi.
— Yaqinda bir ma'lumotni o'qib qoldim. Qariyb 20 foiz erkaklar jinsiy zaiflikdan aziyat chekar ekan. Bu qanchalar to'g'ri? Ushbu dardning asl sabablari nimada?
— Bu dardli ahvol har qanday erkakda bo'lishi mumkin, aslida. Chunki vaqtida shifokorga murojaat qilishni bilmaymiz. Bizda shunday ko'nikma borki, agar doktorga boradigan bo'lsak, uni hamma qo'li bilan ajratib ko'rsatadigandek. Mana shunday qarashlarni o'zimizga qabul qilib olganmiz. O'z vaqtida shifokorga bormaymiz, borsak ham uning qabuliga qo'rqib-qo'rqib kiramiz, “bu gaplar ko'chaga chiqib ketmaydimi, hech kimga aytmaysizmi, barchasi sir bo'lib qoladimi” degan xavotirli savollarni berishadi. Nima, biz ular bilan gaplashgandan keyin qo'limizga mikrofon ko'tarvolib ko'chaga chiqib gapirib yuramizmi? Odamlar ham qiziq-da.
O'zi butun dunyo bo'yicha 10 foizgacha erkaklarda jinsiy zaiflik bor deb aytiladi. Bu qaerda kam bo'ladi, nufuzli davlatlarda, mutaxassisga o'z vaqtida borib, davolanib yurgan bo'lsa o'sha yerda kamroq ko'rsatkich bo'lishi mumkin. Agar shifokorga bormayotgan, yashirib yurgan bo'lsa ko'rsatkich bundan ham ko'p bo'lishi tabiiy, albatta. 20 foiz degani bu har beshtadan bittasi shunday zaiflik kasaliga ega degani. Odatda biz mutaxassislar jinsiy zaiflik deganda yaqinlikka yaramaydigan erkakni deb bilamiz. Ammo jinsiy kasalliklarning turli darajalari bor.
Bilasizmi, yildan-yilga bu kasalliklar ko'payib boraveradi. Bu birinchi navbatda bizning ekologiyamiz bilan ham bog'liq. Uning buzilishi, yemoq-ichmog'imizning turli tuman sifatsiz mahsulotlar bilan aralashgani. Har xil garmonlar. Antibiotiklar… Mana hozir go'shtlarni olaylik, tarkibi buzilmasligi uchun har xil garmonlar qo'shishadi. Meva-chevalarning genlari buzilgan. Bularning barchasi kelgusida jinsiy zaiflikka ta'sir qilmay qolmaydi. Shuning uchun dunyoda 2 foizdan 4 foizgacha har yili ham bepushtlik, ham jinsiy zaiflik oshib bormoqda degan statistika aytiladi. Uni davolasa bo'ladimi desangiz, ha bo'ladi. Bu kasallikning davolab bo'lmaydigan turi yo'q. Faqat kasalni o'z vaqtida bilish kerak. Buning uchun nima qilish kerak? Birinchi navbatda uyalmaslik kerak, shifokorga borish kerak, kerak bo'lsa dardini “dasturxon qilish”ni ham bilish kerak. Ana undan keyin davolashga o'tsa bo'ladi. Bizda yana bir muammo shundaki, ushbu kasallikni davolovchi mutaxassislarning deyarli yo'qligi. Aslida bemorning urug'ini davolash kerak. Biznikilar esa qaerga boradi, to'g'ri urologga borishadi.
– Urolog bu sohaning mutaxassisi emasmi?
– Shunday. Urolog kim? Urolog siydik chiqarish yo'llarini o'rganuvchi xirurg. U bepushtlikni davolaydigan, jinsiy zaiflikni to'laqonli tushunadigan mutaxassis emas. Eslasangiz, bir paytlar viagra chiqqan mahalda uni sotish kerak bo'lgan. Ular nima qilishdi, barcha urologlarni yig'ishdi-da, “kelinglar, mana shular orqali dorimizni sotamiz” deb ularga tushuncha berishdi. Urologlar esa kimda shikoyat bo'lsa, ana shu dorini beraverdi. Aslini olib qaraganda bu tijorat uchun chiqqan narsa edi. Shundan keyin barcha urologga chopadigan bo'lib qoldi. Aslida bu kasallikni seksapatologlar davolaydi. Bizda esa bu sohadagilarni tayyorlaydigan hanuzgacha na ta'lim bor, na fakultet bor. Umuman yo'q. Mana endi biz tibbiyot instituti qoshida alohida fakultet ochayapmiz. Inshaalloh, buni yo'lga qo'yamiz ham. Masalan, biz bu sohani Moskvada o'qiganmiz. Buni chuqur o'rganish uchun ketma-ket 5-6 yil ketadi. Seksapatologiya o'ziga bir necha yo'nalishlarni olgan soha bo'lib, o'zida andrologiya, urologiya, endokrinologiya, psixiatriya kabi fanlarni jamlaydi. Shuning uchun uni xalqaro fanlar ilmi deymiz. Uning mutaxassisi esa kamchilikni tashkil etadi.
Hozircha aniq bir statistika yo'q. Tirikchilik uchun hamma doktor “men davolayman” deb davolashga kirishib ketadi. Bu sohani tushunsa tushunmasa, menman deydi. Buni sizga yana ham qishloqcha qilib aytadigan bo'lsam mana mardikorlarni olaylik. Bozorga borsangiz sizning oldingizga yugurib kelishadi “biz hamma ishni qilishni bilamiz” deb. Ularga ishonib uyingizga olib borasiz, ish berasiz. Ish yakunlanganidan keyin esa natijani ko'rib hafsalangiz pir bo'ladi. Mana ahvolimiz qanaqa?
— Tug'ma bepushtlik xastaligiga sabab nimada?
— Tug'ma bepushtlik mavjud. Afsuski, ushbu kasallik bilan og'riganlar har yili 4 foizga ko'payib boryapti. Bepushtlikni davolash bo'yicha bizda qonun bo'lmagan. Bu bo'yicha sizga o'zimga oid bir misolni aytib bera qolay. Biz 2012 yili Amerikaga ko'chib ketgandik. Negaki, bu yerda davlat tomonidan xususiy tibbiyotga bo'lgan e'tibor yo'q edi. Hamma joyni tekshiruvchi idoralar nazorat qilib, xoli jonimizga qo'yishmasdi. Biz esa hammasini yopib ketvorishga majbur bo'lgandik.
2017 yilda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Amerikaga bordilar. U yerda hamma tadbirkorlarni yig'ib, “Mana men sizlarga kafolat beraman, hech kim bezovta qilishmaydi, vatanga qaytib uning nomini ko'taringlar” dedilar. Biz esa shu so'zlardan ruhlanib ortga qaytdik. Baribir o'z yurtingda, vataningda ishlash boshqacha. Kelganimizdan keyin Isroil bilan hamkorlikda qo'shma korxona ochdik. Endilikda esa boya aytganimdek, institut qoshida maxsus fakultet ochayapmiz. Bundan tashqari sun'iy urug'lantirish — EKO bo'yicha qonunni amalga joriy etishda bosh-qosh bo'ldik. Bilasizmi, oxirgi to'rt-besh yil ichida yurtimizda bepushtlikni davolash borasida misli ko'rilmagan ishlar qilindi. Unchaga bu soha bo'yicha hech narsa qilinmagan edi. O'zbekistonda aholi ko'p ekan, yegani noni yo'q ekan degan gaplar yurardi, bepushtlikni davolashga esa zimdan qarshi harakatlar ham bo'lgan.
Ana endi shukrki, bizning sohada ham ijobiy o'zgarishlar bo'layapti. Mana yaqinda yangi vazirimiz keldi. Ular ham ertayu-kech poraxo'rlikka, boqimandalikka, o'tirvolib faqat statistika bilan shug'ullanadigan, davlatga hech qanaqa foyda keltirmaydiganlarga qarshi kurashmoqda. Biz ham ilmiy markaz ochib bepushtlikni ilmiy xulosalab, uning kelib chiqish sabablarini xalqqa ko'rsatib berayapmiz. Uning ham tug'ma omili, genetik omili bor. Yoki hayoti davomida orttirilgan omillari bo'lishi mumkin. Ilmiy kengashimizda esa uni ham ilmiy o'rganamiz, ham ilmiy adabiyotlar orqali yozib tushuntirib beramiz. O'zim respublikada reproduktologlar assotsiatsiyasini tashkil ettirdim. Nasib bo'lsa, yaqin oylar ichida butun dunyodan, nufuzli, o'z sohasining yetakchi reproduktologlari xalqaro anjumanga kelishmoqda. Bunaqasi tarixda bo'lmagan! Aynan bizning yo'nalishda. Ular yurtimizga birinchi navbatda o'zlarining uzoq yillar davomida olgan tajribasi bilan o'rtoqlashish, ilmiy maqolalar, adabiyotlar chop etish uchun kelishmoqda. Bundan tashqari ularning ichida katta katta investorlar ham bor. Kelishadi. Ko'rishadi. Tanishishadi. Istashsa uzoq yillar foydalanilmayotgan joylarni olib klinikalar tashkil etishlari, xohlashsa davlat bilan hamkorlikda, yo'q desalar o'zlari mustaqil ish boshlashlari mumkin. Ularga hech qanday to'siq bo'lmaydi. Buni davlatimiz rahbari ham ko'p bora aytganlar.
Agarda ana shu ishlarni amalga oshirsak, keyin biz aniq bir xulosaga kelishimiz mumkin. Yurtimizda necha foiz bepushtlik kasali bilan og'riganlar bor. Ularning qanchasini davolasa bo'ladi-yu, qanchasini yo'q. O'zi dunyo bo'yicha butun ittifoq vrachlar uyushmasining statistikasiga ko'ra, 7 foizdan 15 foizgacha deb xulosa berishadi. Bu esa juda ko'p raqam. O'nta odamdan bittadan ko'prog'i bepusht deganidir. Xalqimiz bolajon, bitta bola bilan o'tgisi kelmaydi. Ikkita qizi borlar o'g'il farzand ko'rgisi keladi. O'g'illilar esa qizli bo'lgisi keladi. Shuning uchun diagnostika zamonaviy bo'lishi kerak. Mana mening o'zim ham shu sohaga yanada yaqinroqdan foydam tegsin deb bir kitob yozayapman. Bu o'quv qo'llanma-adabiyoti erkaklarning bepushtlik sabablarini o'rganish bo'yicha zamonaviy yondashuvlarni o'zida jamlagan katta kitob bo'ladi. Kitobda mendan tashqari Hindiston, Shvetsiyalik professorlarning ilmiy xulosalari, tavsiyalari o'rin egallaydi. Nasib bo'lsa, kitob tez orada nashr qilinadi. Ishonaman, ushbu kitob nafaqat O'zbekistonda, O'rta Osiyoda, dunyoda ko'pchilikka foydasi tegadigan qo'llanma bo'ladi.
— Bugungi kunda ajralishlar soni ko'payib bormoqda. Agar hujjatlarga, statistikalarga qaraydigan bo'lsak bunga asosiy sabab qilib ikki taraf ham xiyonatni ko'rsatishadi. Aslida-chi, gap faqat xiyonatdami…?
— Gap shundaki, ana shu xiyonat ham o'zidan o'zi bo'lib qolmaydi. Unga olib keladigan juda ko'p omillar bor. Birinchisi, boya aytib ketganimiz zaiflik bo'lishi mumkin. Bizda uchta narsasi bo'lmasa erkak kishi impotent (jinsiy ojiz, zaif) deb aytiladi. Bular tili, qo'li, erkaklik quvvati bo'lmasa. Har qanday ajrashishning tagida erkakning ayoliga bo'lgan munosabati, uni ayol sifatida ko'rmagani, aksincha, ayolning o'z eridan emas begona erkakdan shirin so'z eshitib, mehr olib oqibatda unga mehri tushib vaziyat xiyonatgacha kelib qolganini ko'rishimiz mumkin. Ayollarning emotsiyasi kuchli bo'lgani bois ham ko'pincha ba'zi bir ayollar o'zining eriga xiyonat qilib qo'yadi. Erkaklar esa uyida mehr ololmasa uni ko'chadagi har xil ayollardan izlab qoladi. Oqibatda kimgadir ilakishadi, soxta xushomad, shirin so'zlarga uchadi. Keyin esa ko'rib turibsizki bir oila barbod bo'lib turibdi.
Keyingisi, erkak kishining oiladagi zo'ravonligi, ayolini urishi, so'kishi kabi notinch vaziyat. Yana bir holat borki, men uni moddiy zulm degan bo'lardim. Erkaklarning ayoliga yordam ko'rsatmaslik, ziqnalik holatlari. Ayol kishining ko'chaga zinoga kirishiga asosiy sabablardan biri ana shu moddiy yo'qchilik ham bo'lishi mumkin. Qo'lida bolalari yetim qolgan, eri tashlab ketgan, bor bo'lsa ham tuzuk-quruq yordam bermaydi. Ayol kishiga eridan tashqari otasi yoki akasi ham doim moddiy tomondan qo'llab turishi kerak deb o'ylayman. U bechora pul topsinmi, bolalarga qarasinmi, uy ishlarini qilsinmi. Har qanday sabrning ham nihoyasi bo'ladi. U bir kuni portlashi mumkin. Ajrashish bo'yicha dunyoda turlicha statistika bor. Biz Finlandiyaga borganda 50 foizgacha ajralishlar borligiga guvoh bo'ldik. Shuning uchun ham ko'p Yevropa, Amerika davlatlarida nikohdan o'tmasdan yashash odatiy jarayon bo'lib ketgan. Buni (Grajdanskiy brak) deyiladi. Ularda esa statistika bo'lmaydi. Bir-birini tanlab yashab ko'rishadi, ma'qul kelmasa istalgan paytda boshqasiga o'tib ketaveradi.
— Yosh yigitlarning hali yosh paytidanoq turli xil dori darmon ichib jinsiy yaqinlik qilishi, quvvat oshiruvchi tabletkalar qabul qilishi, nikohdan keyin ilk kechaga qandaydir quvvatlantiruvchi dorilar iste'mol qilib kirishlari va boshqa shunga o'xshash holatlar kelgusida bepushtlikka olib kelmaydimi…
— Olib keladi. Birinchi bo'lib bu jarayon sport mashg'ulotlariga borganida, trenerlaridan qomatini yanada kelishgan, chiroyli qilib ko'rsatishni so'raganida boshlanadi. Ular har xil dorilar ichishadi, figuramni yaxshi qilay, qizlarga chiroyliroq ko'rinay deb garmonlar qabul qiladi. Murabbiylar ham bor bo'lishsin, uning pulini olishga ishqivoz, bilsa bilmasa dorilar, garmonlarni olib ichish kerakligini aytishadi. Bu esa o'sha bolada kelgusida bepushtlikka olib kelishi mumkinligi hech kimning xayoliga kelmaydi. Bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali qarasangiz bunday dorilarning reklamasi juda ko'payib, urchib ketgan. Mendan so'rasangiz ularning hammasi ziyon, foydasiz dorilar. Buni ko'rgan bolalar nima qiladi, o'z kuchidan qoniqmaydi, reklama qilingan dorini olib ichadi. Bilib qo'ying, reklamaning o'zi har qanday dorini to'g'ridan-to'g'ri qabul qilish kerak degani emas. Bemorni avval doktor ko'radi, tekshiradi, tashxis qo'yadi va zarur bo'lgan kerakli dorilarni o'zi yozib beradi. Yana bir holat bor. Yigitlarimiz to'ydan keyin birinchi kechaga dori ichib kirishi bugun ko'plab uchramoqda. Menga bu bo'yicha ham ko'p murojaat qilishadi.
— Yuqorida aytganingizdek, hozirgi kunda farzandli bo'lish maqsadida “sun'iy urug'lantirish” (EKO)dan foydalanish ko'paygan. Mutaxassis sifatida bu bo'yicha qanday fikrdasiz?
— Ha, oldinlari mamlakatimizda bunday imkoniyatlar yo'q edi. Endi esa bor. Bu tibbiy jarayonga qonuniy ruxsat bo'lganiga 4 yilcha bo'ldi. Hozirda butun respublika bo'yicha 14 ta ekoklinikalar ochildi. Bizda barchasi shar'iy, ruxsat etilgan tartiblar asosida qilinadi. Ortiqcha vositalar, dorilardan foydalanishmaydi. Begona urug'dan olish qat'iyan man etiladi. Faqat o'zining qonuniy turmush o'rtog'idan urug' olib ayol homila bachadoniga urug'lantiriladi.
YoRT (Yordamchi reproduktiv texnologiyalar) erkak va ayolning ixtiyoriy roziligi asosida reproduktologiya ixtisosligi bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko'rsatiladi. Bu haqda belgilangan shaklda tegishli ariza beriladi. Taomilni amalga oshirish chog'ida klinikalar shifokorlik sirini va axborotning maxfiyligini saqlaydi. Bepushtlik sabablarini aniqlash va YoRTdan foydalanish maqsadida birinchi navbatda bemorlar birlamchi tekshiruvlardan (jami 5 ta tur) o'tishadi. Tekshiruvlar davomiyligi – 6 oydan ko'p bo'lmagan muddat. Bepushtlik sababi aniqlangan bemorlarda davolash (konservativ va jarrohlik) o'tkazilgandan so'ng 9-12 oy davomida homiladorlik kuzatilmasa, ular YoRT yordamida davolanishga yuboriladi. 35 va undan katta yoshdagi ayollar shifokorlar konsiliumining qarori bo'yicha ushbu muddat o'tgunga qadar davolash bosqichini chetlab o'tib, YoRTga yuboriladi.
Tekshiruv natijalariga ko'ra, bemorlarga ekstrakorporal urug'lantirish, sun'iy urug'lantirish, xetching, kriokonservatsiya va spermatozoidning intratsitaplazmatik in'yeksiyasi kabi YoRT usullari tayinlanadi.
— “Doktor D” xususiy klinikasi faoliyati davomida ko'plab oilalarga farzand kulgusidek baxtni his qilishga, yillar davomida ushalmagan orzularning ushalishiga hissasini qo'shib kelayotgani quvonchli. Uning ochilish tarixi va bugungi jarayonlari haqida ham gapirib o'tsangiz.
— Bizning klinikamiz ochilganiga 32 yil bo'ldi. 1991 yil dekabr oyida ochilgan. Bilsangiz, mening tug'ishgan akam ham bepusht bo'lgan. Uzoq yillar oldin uylanganiga qaramasdan, farzand ko'rishmagan. Shundan keyin men Kiyevga ketib, o'qib mutaxassis bo'lib keldim. Birinchi bemorim esa ana shu akam bo'ldi. Xudoga shukr, ular davolanishdi, 2ta farzandli bo'lishdi. Hozirda katta qizlari tibbiyot sohasida ishlamoqda. Yaqinda Buxoroda filial ochayapmiz. Hamkorlarimiz Samarqandda, Jizzaxda faoliyat olib borishadi. Ular bizning texnologiyalar asosida ishlashadi. Biz bilan ularning moddiy bog'liqligi yo'q. U yerda ham shogirdlarim ishlashadi. Bundan tashqari Moskvada, Los-Andjeles, Turkiyada kichik filiallarimiz bor. Ular ham moddiy jihatdan mustaqil, bizga bo'ysunmaydi. Barchasi bilan hamkorlikda ishlaymiz, xolos.
— Xalqimizning aksari sizni “Shaytanat” serialida ijro etgan rolingizdan keyin taniganlar, desak mubolag'a bo'lmaydi. Kino va tibbiyot. Bu ikkisini teng olib borish qiyin emasmi. Negadir oxirgi paytlarda kinoda ko'rinmay qoldingiz?
— Ha, birga olib borish qiyin. Yurtimizda bizning yo'nalishda ishlash bo'yicha qonun bo'lmagani, bir qator muammolar bo'lgani, qolaversa, vaqtim ko'pligi uchun Gollivudga ketib shu sohada ishladim. Bir nechta filmlarda, kinolarda rol o'ynadim. Ammo 2017 yilda Vatanimga qaytgandan keyin esa o'zimni butkul sohamga qaratdim, shu bo'yicha ishlayapman. Hozir kinoga vaqt yo'q. Ishlar ko'p, sohada o'z yechimini kutib turgan muammolar yetarlicha. Ishonasizmi sutkasiga 4-5 soat uxlayman xolos. Qolgan paytlari faqat ish, ish, ish. Malaka oshirish bor, bolalarni tayyorlash bor. Adashmasam, oxirgi 4-5 yilda birorta kinoda rol ham o'ynamadim, shekilli…
— Sizning Youtube dagi “Jinsiy hayot!” kanalingizni o'rtacha bir millionta odam kuzatib borar ekan. Ushbu kanalda ko'pincha tavsiyalar, ma'lumotlar ochiqroq aytiladi. Shu bois e'tirozlar ham kam emas. Nima bo'lganda ham biz musulmon elimizda odob, uyat, ibo degan narsalar kuchli. Balki chiqishlaringizni sal pardalagan holda, “qog'ozga o'rab” aytish kerakmikin?
— Juda ham qiziq savol aytdingiz. Kanal ya'ni dastur nomini “jinsiy hayot” deb qo'yibman. O'z-o'zidan u yerda jiddiy mavzular ko'tarilishini har bir kishi yaxshi bilishi kerak. Mana masalan, suvni suv, bog'ni bog' deyish kerak. To'g'rimi? Uni boshqacha nom bilan aytsangiz hech kim tushunmaydi. Men kanalni ochib, ularni qiynayotgan muammolarni, bizga kelayotgan savollarga javoblarni chapani tilda, xalqqa tushuntirib berish uchun gapiraman. Agar men ilmiy tilda gapirib beradigan bo'lsam ko'pchilik tushunmasligi mumkin. Ba'zan ilmiy gapirsam “Doktor qishloqcha qilib tushuntiring” deyishadi. Bu paytgacha televidenie, radioda bu sohada hech kim ochiq gapirmagan. Lekin hayotda bor narsa. Lekin gapirilmaydi. Shu bois ortiqcha “qog'ozga o'rab” gapirib o'tirishimga hojat yo'q deb hisoblayman.
– Umuman gapirmaslik kerak demoqchi emasmiz. Aksincha, Youtube bugun istaymizmi, yo'qmi turli yoshdagilar qaraydigan juda katta tarmoq. Shu boisdan, ozgina parda bilan gapirishni, ma'lumot berishning iloji yo'qmi demoqchi edik. Sababi, bugun hammaning qo'lida telefon. 7 yoshli bolaning ham, ulug' yoshli insonlarning ham. Parda bilan gapirilsa, har qanday inson ham baribir siz aytgan ma'lumotlarni tushunishi mumkin-ku?
– Aytib o'tganimdek, suvni suv, bog'ni bog' deyish kerak. Bog'dorchilik haqida gap ketganda hech qachon shifokorlik yoki kosiblik to'g'risida gapirmaysiz-ku. Qolaversa, ana shunday gapirmaslik, aytmaslikdan kelib chiqadi ko'pgina salbiy jarayonlar. Masalan, pedofillarni olaylik. O'sha kanalga qarang pedofillar to'g'risida men qachon gapirgan ekanman. Buni xalqimiz bitta qizni o'ldirib ketmaguncha bilmadi, e'tibor qaratmadi. Transseksuallar haqida, uning jamiyatimiz uchun katta xavf ekanligi, illat ekanligi to'g'risida ham allaqachon gapirganman. Necha martalab gapirganman. Bizda nima qilishadi, kun kelib boshi toshga tekkanda voydod deb qolishadi. Aslida xalq bilishi kerak bularni. Xalqimizni tibbiy savodxonligini oshirish kerak. Buni oqibatida oila mustahkam bo'ladi. Davlatni yacheykasi nima, mustahkam oila. Eru-xotin ikkisi baxtli bo'lsa, aloqalari mustahkam bo'lishsa ularning ko'ziga boshqa narsa ko'rinmaydi. Xiyonat degan illat bo'lmaydi. Yana bir narsa, odam qancha sog'lom bo'lsa, ham ruhiy ham jinsiy hayotida mustahkamlik bo'lsa shuncha ko'p uzoq umr ko'rishi tibbiyotda tasdiqlangan. Aksi bo'lsa impotensiya kuzatiladi. Keyinchalik esa semirish, diabet, infarkt kabi illatlarni orttirib olishi mumkin.
Men kanalda har bir berayotgan ma'lumotlarni shar'iy tomondan ko'rsatib beraman, harom yo'lni aytmayman, hech qachon zinoga boshlamayman. Ilmiy asoslab, noto'g'ri yo'llarga kirib qolishdan ogohlikka chaqiramiz. Uy sharoitida davolash degan narsa yo'q, doktor maslahatisiz o'zicha dorilar ichish yo'q, o'zini o'zi davolash, o'ziga (olatiga) narsa yuborish mumkin emasligini aytamiz. Kecha bittasi keldi, uy sharoitida shprisda margansofka qilib olatiga yuborishni o'rgatishgan, u esa yuboravergan. Oqibatda a'zo kuyib ketgan. Ahvoli yomonlashgandan keyin dod, doktor yordam bering deb keldi. Hozir davolanayapti. Bunaqalar qancha deysiz. Bizning maqsadimiz bitta: oilalar mustahkamligi va baxtli hayot tarafdorimiz…
— O'zbekistondagi yetakchi reproduktolog shifokorlardan biri, qolaversa, shu sohada bir necha yillik tajribaga ega malakali, dunyo tanigan mutaxassis sifatida yoshlarga, yosh oilalarimizga qanday maslahat, tavsiyalar ayta olasiz?
— Birinchisi, har qanday o'zgarish sezsangiz albatta shifokorga borish kerak. O'tib ketar, yaxshi bo'lib qolar degan gaplar eng yomon narsa. O'zingizni o'zingiz aldamang!
Ikkinchisi, uy sharoitida hech qanaqa davolanish yo'q. Reklamani ko'rib dori ichish kerak emas. Faqatgina mutaxassis tavsiyasi bilan dorilarni qabul qiling.
Uchinchisi, shifokorga borganda dardingizni to'kib sola olishingiz, tortinmay, yashirmay aytishingiz kerak. Yashirsangiz o'zingizga dushmanlik qilgan bo'lasiz. Yoshlarimizga sog'lom turmush tarzida yashashlarini tilayman. Imkoni boricha shirinliklarni, sho'r va achchiq mahsulotlarni kamroq iste'mol qilish lozim. Barchaga mustahkam sog'lik, shirin va baxtli hayot yor bo'lsin.
– Foydali ma'lumotlar hamda ochiq fikrlaringiz uchun sizga rahmat.
Islom ASILBEKOV
suhbatlashdi.