“3 oyda IELTS 7+”! Yo'g'-e?!

Cir emas, bugun dunyoda ingliz tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Tadqiqotchilarning fikricha 90 ta davlatda ingliz tili ikkinchi til sifatida nufuzga ega. Mamlakatimizda ham bu tilni o'rganishga bo'lgan intilish, ishtiyoq baland. Endilikda til o'rganmoqchi bo'lganlarning bilim darajasini aniqlashning eng keng tarqalgan turi esa bu — IELTS hisoblanadi.

IELTS ingliz tilidan bilim darajasini baholashning Xalqaro tizimidir. Hozirgi kunda ko'plab maktablar, litsey, kollej, Oliy o'quv yurti bitiruvchilari hamda tajribali mutaxassislarga ma'lumki, xorijda va mamlakatimizda yaxshi mehnat sharoitiga ega bo'lish yoki chet elda o'qish uchun IELTS sertifikatini olish juda muhim sanaladi.

Xo'sh, IELTS sertifikatiga ega bo'lish uchun qancha vaqt talab etiladi deb o'ylaysiz?

E'tibor bersangiz, keyingi paytlarda turli xil shov-shuvli – “40 kunda IELTS 6+”, “3 oyda IELTS 7+”, “Tez va ishonchli IELTS 8” kabi til o'rganishga qiziquvchilarni chorlovchi e'lonlarga ko'zingiz tushadi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin? Shu va shunga o'xshash savollar ko'pchilik o'quvchilarni, ayniqsa, yoshlarni qiziqtirsa kerak. Ingliz tili fani bo'yicha yaxshigina malakaga ega, “IELTS 8+” natijasini qo'lga kiritgan, Toshkent shahar “EVEREST” o'quv markazining ingliz tili o'qituvchisi Mohinur Abjalilova bilan aynan shu mavzuda suhbatlashdik.

 

— Assalomu alaykum! Sizningcha, til o'rganishni endi boshlagan o'quvchi IELTSda qoniqarli darajaga ega bo'lishi uchun qancha vaqt talab qilinadi?

— Vaalaykum assalom! Aslini oladigan bo'lsak, ingliz tilini “nol”dan o'rganishni boshlagan o'quvchining qoniqarli baho olishi uchun qat'iy belgilangan biror-bir muddat yo'q. Lekin tilni sifatli o'qish, belgilangan darsliklarni o'rganish, bu tilda ma'lum darajaga ko'tarilish uchun bir, bir yarim yil yaxshi muddat. Lekin bu hammaga ham to'g'ri kelmasligi mumkin. Chunki kimdadir tilni tezroq o'zlashtirishga qobiliyati yuqori bo'ladi, kimdadir esa aksincha. Ba'zilar ma'lumotlarni juda tez qabul qiladi va mavzularni osongina o'zlashtira oladi. Ba'zilarda esa buning aksi. Xullas, hammaning ma'lumot olishi, uni o'zlashtirishi har xil bo'lgani uchun yuqoridagi vaqt 100 foiz natijaga erishish mumkin bo'lgan muddat, deya olmaymiz. Bizning markazimizdagi bir o'quv kursi ham 1 yarim yil aniqrog'i 1 yil-u 3 oyni tashkil qiladi. O'sha vaqt ichida o'quvchi yaxshi natijaga erisha olishi mumkin. Ammo bir guruh ichida shu vaqt mobaynida birga o'qib yuqori va past natijaga erishuvchi o'quvchilar ham bor. Demak, hammasi o'quvchining harakatiga va qiziqishiga ham bog'liq.

— “3 oyda IELTS 7+” va'da qilayotgan e'lonlarga qanday qaraysiz? Haqiqatda ham IELTS dan xabari bo'lmagan o'quvchi 3 oyda IELTS 7+ sertifikatini olishi mumkinmi?

— Hozirda internetda yoki ko'cha- ko'ydagi e'lon peshtaxtalarida yaqqol ko'zga tashlanuvchi “3 oyda IELTS 7+”, “40 kunda IELTS 6+” kabi “reklama”larga e'tibor qilmay qo'yganimga ancha bo'lgan, to'g'risini aytsam. Lekin afsuski, odamlar orasida shunaqa e'lonlarning tarqalganligi sababli noto'g'ri tushunchalar paydo bo'ladi. “Demak bu oson narsa ekanda, shunaqa deb yozib qo'yishibdiku”, kabi. Chunki shu kabi e'lonlarni ko'radigan har bir odam bu yo'nalish bo'yicha yetarlicha tushunchaga ega bo'lmasligi mumkin. Shuning uchun ham hamma bunga real ko'z bilan qarolmaydi. Lekin bu “reklama” IELTS dan umuman xabari bo'lmagan odam uchun haqiqatga to'g'ri kelmaydigan gap.

Bunda, avvalo, IELTS o'zi nima degan savol tug'ulishi tabiiy xol. IELTS bu – Internatsional English Language Testing Sistem, ya'ni ingliz tilini bilish darajasini tekshiruvchi tizim. Yoki IELTS faqatgina imtihon. Sizning bilim darajangizni aniqlab beradigan hujjat. Bu sertifikat hozirgi kunda anchayin ommalashdi.

Chunki bu o'qishda va xodimlarning ish joyida kattagina imtiyoz yaratib bera oladi.

Ingliz tilini o'rganishda muayyan bosqichlar mavjud. Bular inglizcha nomlarda:

  1. Beginner;
  2. Elementary;
  3. Pre-Intermediate;
  4. Intermediate;
  5. Upper-Intermediate;
  6. Advanced

kabilarga bo'linadi. Ingliz tilini o'rganuvchilar uchun ishlab chiqilgan bosqichlar shular. Umumiy ingliz tili, ya'ni “General English”da aytib o'tilgan darajalardan o'tish kerak. Buning ichiga so'zlar, grammatik qoidalar har bir bosqichda o'quvchining bilim darajasiga mos holda o'rganiladi.

Aslida IELTS tuzilishini, struktura qurilishini o'rganishni boshlash ma'qul bo'lgan daraja Intermediate va Upper-Intermediate darajalari hisoblanadi. O'sha darajada IELTS topshirish uchun tayyorlanishda mantiq bor. Qanchalik umumiy ingliz tilini bilish darajasi yuqori bo'lsa IELTSda yuqori daraja olish shunchalik kafolatlanadi.

Yuqorida qisqa muddatda IELTS sertifikatini va'da qilayotgan o'quv markazlarning asl “maqsadi”ni borib surishtiradigan bo'lsak, ko'pincha bu odamlar o'rtasida qiziqish uyg'otuvchi “jozibador reklama” bo'lib chiqadi. Saviyali o'quv markazlari, avvalo, bunaqa reklamalar va'da qilmaydi (bu mening shaxsiy fikrim). Chunki til o'rganishga qancha vaqt ketib, qanday bosqichlardan iborat bo'lishini sifatli ta'lim berishni o'ziga maqsad qilib qo'ygan o'quv markazlar bilishadi.

IELTSda katta imkoniyatlarni beruvchi darajalardan biri yettiligini hisobga oladigan bo'lsak, o'sha daraja bilan “mijoz”larni o'ziga jalb qiladi. Tanganing ikki tomoni bo'lgani kabi bu e'lonlarning ham tagida ma'lum talablar bor. Nisbatan yaxshiroq o'quv markazlari bo'lsa, albatta. Agar sizning umumiy ingliz tilini bilish darajangiz bo'lsa, yuqoridagi Elementary, Intermediate, Upper-Intermediate kabi bosqichlarda yaxshigina baza mavjud bo'lsa, va'da qilingan muddat ichida sizga IELTS tuzilishini, IELTS imtihoni strukturalarini o'rgatib berishlari mumkin. Lekin bu kabi e'lonlarni ko'rib, hali IELTSdan xabari bo'lmagan o'quvchi “Men qisqa muddat ichida IELTS olishim mumkin. Bu juda oson ekan” degan noto'g'ri fikrga borib qoladi. Aslida esa umuman bunday emas!

— IELTS olishni xohlaydigan, ammo dars qilishga ishtiyoqi yo'q, har kuni erta boshlayman, indin boshlayman, deb yurganlarga qanday maslahat bergan bo'lardingiz?

— IELTS olishni juda xohlaydigan, lekin dars qilishga ishtiyoqi yo'q insonlarga maslahat berishni yoqtirmayman. Menimcha, IELTS olishni juda xohlaydigan odam dars qilishni erta-indinga surib o'tirmaydi. Mantiqan qaraladigan bo'lsa, biror narsaga chin dildan erishishni xohlagan kishi nima qilib bo'lsa ham o'sha narsaga erishishga harakat qiladi.

Hozirda yoshlar orasida trendga chiqqan “motivatsiya” yetishmayabdi degan tushuncha ham aslida yo'q narsa. Motivatsiya bu biror ishni qilishga sabab degan ma'noni bildiradi. Endi IELTSga keladigan bo'lsak, o'qishga xohishi yo'q insonning nomiga o'quv markaziga hujjat topshirishiga ne hojat? Yon-atrofidagi do'stlari, tanishlari, qarindoshlarining IELTS olganini ko'rib, bundan ilhomlanib, men ham olsam yaxshi bo'lardi, menga ham kerak bo'lib qolar degan fikrlar kimlardadir paydo bo'lishi mumkin. Aslida juda ham kerak bo'lsa, menimcha, hech kim o'qishni erta-indinga surib o'tirmaydi. Lekin ishga joylashish uchun yoki qaysidir suhbatda “Shu sertifikatingiz bo'lganda hozir yaxshiroq imkoniyatga ega bo'lardingiz. Afsuski yo'q ekan…” degan gapni eshitishsa juda afsuslanadi. Vaqtim bor edi, imkoniya­tim bor edi, nimaga shuni qilmadim degan fikr keladi. Buni o'zi tushunib turgan bo'lsa yoki talab qilinayotgan bo'lsa, ammo o'zida ishtiyoq topa olmayotgan bo'lsa, shunchaki sababini o'ylab ko'rish kerak.

Odatda inson biror natijaga erishishi uchun unga qo'rquv yordam beradi. Yaxshi oqibatni o'ylagandan ko'ra, yomon tarafini o'ylash o'sha odamni yaxshiroq va kuchliroq harakat qilishga undaydi. Lekin IELTS sertifikati bilan bu narsani solishtirish 100 foiz ham to'g'ri kelavermaydi. Chunki IELTS sertifikatini ololmagan taqdirda ham tilni ma'lum darajada o'zlashtirgani foyda bo'ladi.

To'g'ri, ba'zida energiya yoki xohish yetishmay qoladigan paytlar bo'ladi. Lekin inson oldiga qo'ygan maqsadi u amalga oshmagunicha turadi. Mening o'ylashimcha, IELTS olishni juda xohlaydigan, lekin o'qimayotgan odam aslida IELTS kerak bo'lmagan odamdir. Ular yuqorida keltirilgan savollarga o'zida javob topolsa, harakatini boshlaydi. Maqsad faqat IELTS sertifikatini olish emas, dunyoqarashni kengaytirish va yana bir til o'rganishga astoydil bel bog'lashdadir!

— Mustaqil IELTS o'rganmoqchi bo'lganlarga qanday yo'l-yo'riqlar bergan bo'lardingiz?

— Mustaqil IELTS o'rganmoqchi bo'lganlarga, avvalo, General English (umumiy ingliz tili darajasi)ni yaxshilab ko'tarib olishini maslahat berardim. Avvalo, kunlik reja tuzib, IELTS bilan shug'ullanishni shu rejaning bir qismiga aylantirish zarur. Bir kun dars qilib, bir kun tashlab qo'ysa o'sish bo'lmaydi. O'quvchi ishonchli resurslardan foydalanishi zarur. Rasmiy IELTS bilan bog'liq bo'lgan Cambridge, British Council kabi saytlardan ma'lumot olish mumkin. IELTS topshirgan tanishlari bilan maslahatlashib har kuni speaking bilan shug'ullanish kerak. IELTSda reading, writing, speaking, listeningda bir xilda ishlashi kerak. Qaysi birida o'sish ko'proq bo'lsa, o'shanisiga urg'u berib, qolganlarini chetga surib qo'yish kerak emas.

Dildora DO'SMATOVA

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × one =