Nasiba IBROHIMOVA: “Hech qachon ustozlikka da'vo qilmaganman”

Suhbatdoshimiz — O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist, oliy toifali diktor, “Do'stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibasi O'zbekiston Milliy televideniesining ustoz suxandonlaridan biri bo'lgan Nasiba Ibrohimova. Ha, o'zbek radio va televideniesi diktorlik maktabi asoschilaridan biri. Serqirra ijodkor sifatida 200dan ortiq badiiy va hujjatli filmlarga ovoz bergan. Bir qator rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borgan. Biz Nasiba opa bilan katta hayot tajribalari, bugungi jurnalistika, inson ma'naviyatida kitobxonlikning o'rni va boshqalar xususida suhbatlashdik.

 

— Nasiba opa, bolalik inson hayotining inja faslidir. U pinhoniylikni yoqtiradi. Keling suhbatimiz avvalida ana shu inja tuyg'ular va pinhoniylikka qaytsak?

 

— Bolalik deganda birinchi galda ko'z oldimga tug'ilib o'sgan ko'chalarim, dugonalarim, opalarim bilan uyimizdan uzoqda bo'lsa-da, har kuni piyoda yo'l bosib qatnaydigan qadrdon maktabim keladi. O'sha kezlari, yetti yashar qizaloq edim. Maktabga transport yurmasdi. Toshkent shahridagi teleminora oldidan hozirgi 20 sonli maktabga yayov kelardik. O'sha paytlar Sergo Ordjonikidze nomi bilan atalardi. Ko'pchilik maktab nomini ayta olmas edi. Men uni talaffuz qila olardim. Oilada yetti farzandning oltinchisi edim. Uy ishlari mengacha yetib kelmas, opalarimdan ortmasdi. Toshkentdagi ziyoli xonadonlardan biri Ismoilxo'ja va Mukarramxon Ibrohimovlar xonadonida dunyoga kelganman. Dadam Toshkentdagi 84-zavodda ishlagan. Bu zavod keyinchalik Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi, deb ataldi. Ota-onam barchamizni o'qitib, oliy ma'lumotli qilishgan.

Maktabimizning yuqori sinf o'quvchisi Matluba Islomova (keyinchalik “Dugonalar” radio­jurnali asoschisi, O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan jurnalist) O'zbekiston radiosida bolalar uchun eshittirishlar o'qir edi. Bir kuni bir guruh qizlarni radioga olib bordi. Eshittirish­larda chiqib yurganimizda, radioda gapiradiganlar ko'rinarkan, degan gap bo'ldi. Hayron bo'ldik, qanaqasiga ko'rinarkin? Bu O'zbekistonda televideniening paydo bo'lishi edi. 1956 yil 5 noyabr kuni O'zbekis­tonda ilk ko'rsatuv efirga chiqqan. Shu yil dekabr oyidan boshlab radiorejissyor Ne'mat Do'stxo'jayev boshchiligida bolalar ko'rsatuvlariga jalb qilindik. O'shanda 7-sinfda o'qirdim. Bir-ikki yildan so'ng ustozimiz – muharrir Muqaddam Xoliqova meni telestudiya direktori Mirsolih Mira'zamov oldiga olib kirdi. U kishi o'zim, oilamiz to'g'risida surishtirdi. Bir necha kundan so'ng rejissyor Bobo Xo'jayev “Ertaga maktab forma, lentalaringni yechib kel”, dedi. “Nimaga”, desam, “Kattalar uchun eshittirishlarda chiqasan”, dedilar. Ana shu kundan boshlab kattalar uchun eshittirishlarda chiqa boshladim. Bo'yim pastlik qilib, stulning oyoqlariga g'isht qo'yib qo'­yishardi.

Rasman ishga qabul qilish zarurati bo'lganu balog'at yoshiga yetmaganim sababli rasmiylashtirishmagan. Natijada “Ibrohimova diktor amaliyotchi lavozimiga qabul qilinsin”, deb buyruq chiqadi. Maktabni tugatib, balog'at yoshiga yetgunimga qadar maoshimni Rixsixon opam olib yurdi. Maktabni tugatib, O'rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika bo'limiga kirmoqchi bo'ldim. Jurnalistikaga qabul qilishda juda qat'iy talablar qo'yilardi. Matbuotda materiallari chiqqan, loaqal tuman gazetasida ishlab, qalami charxlangan yoshlarning hujjatlari qabul qilinar ekan. Menda esa na staj, na tajriba bor. Biroq universitet rektori, akademik Obid Sodiqov qabul hujjatlarini ko'rib, bu qizning hujjatlarini qabul qilinglar, depti. Chunki bu olim men olib borgan bir necha eshittirishlarda ishtirok etgan edi. Imtihonlardan o'tdim. Kunduzi o'qib, kechasi ishladim. Nazariya bilan amaliyot bir bo'lib, o'qishni imtiyozli tugatdim.

 

— Yerga qadalgan niholning to'g'ri unib o'sishi, rivojlanishida albatta to'g'ri parvarish zarur. Shu ma'noda inson kamolotida tarbiyaning o'rni katta. Nasiba Ibrohimovaning bugungidek ulug' maqomga erishishida qaysi ustozlarning o'rni katta bo'lgan?

 

— Hayotimda birinchi galda oilamizning o'rni juda katta. Dadam rahmatli o'qimishli inson bo'lganlar. Nafaqat diniy, balki dunyo­viy ilmni ham chuqur bilardilar. Undan ke­yingi eng katta maktab bu radio, televidenie hamda dublyaj bo'lgan. Va albatta, gazeta-jurnallar. Birorta manba uning o'rnini bosa olmaydi. Ilm olishda, tahrir san'atini o'rganishda, savodli qilib tarbiyalashda gazeta-jurnallarga teng keladigani yo'q. Maktabdagi birinchi ustozim Mukarramxon Qodirova. Radioda Matluba Islomova, Iffat Rahmonqulova, Ne'mat Do'stxo'jayev. Mana shunday insonlar bilan zamondosh bo'lganim uchun, saboq olganim uchun, ular bilan bir davrada, jamoada ishlaganim uchun taqdirdan minnatdor bo'laman. Bundan tashqari, O'lmas Umarbekov, Latif Mahmudov, Farhod Musajonov, Qodir Mirmuhamedov kabi ulug' tarjimonlar qo'lida bilim oldim. Albatta, bularning hammasining o'z o'rni, roli bor. Yana bir katta ustozimiz, bizga radio, televidenie, dublyaj, tahrir nimaligini o'rgatgan, saboq bergan Ubay Burhon edi. Ulardan ko'p narsa oldik. Shaxsan men tahrir borasida so'z yuritadigan bo'lsam, Ubay Burhon bizga katta ustozlik qilganlar. So'zlarini kam, ma'nosini keng qilib ifodalash uslubini ulardan o'zlashtirganmiz. Klassik dublyajda Boriy Xaydarov, So'fiya Imonqulova, Sobir Iskandarov, Sobit Saidovlarni katta ehtirom bilan xotirlayman.

 

— Nasiba Ismailovna, shu o'rinda bir jumboqli savolimga ham javob olib ketsam degandim. Siz dublyajdagi faoliyatingiz davomida asosan o'g'il bolalar obraziga ovoz bergan ekansiz?

 

— To'g'ri. Masalan men 200 ga yaqin filmlarga ovoz bergan bo'lsam, deyarli barchasi o'g'il bolalar obrazi edi. Ikki qiz obraziga ovoz berganman. 10-14 yoshlarimda ovoz bergan filmlardagi titrda “N.Ibragimov” yozilgan. Sababi o'g'il bolalarga ovoz berganman. Badiiy kengash oldidagi mas'uliyatni sezgan holda ijodiy guruh buni yashirib, “a” harfini keyin qo'shib qo'yamiz, deyishganu biroq qo'shishmagan. Yaqinda Rossiya elchixonasi bir tadbir o'tkazdi, unga meni ham taklif etishdi. Tadbir davomida rossiyalik bir mutaxassis mendan “Qizlar”da Tosya, “Chol ibn Hat­tob”da Jenyaga siz ovoz berganmisiz”? deb so'rab qoldi. “Ha” dedim. “Nega unda Ibragimov deb yozilgan?” dedi. “Bilmasam” deya javob berdim. Film badiiy kengashda a'lo baho olgan, kamchiliklar bo'lmagan, o'z-o'zidan hammasi joyida bo'lgani bois ham “a” harfini qo'yish ularning yodlaridan chiqib ketgan bo'lsa kerak. Men ham buni surishtirmaganman. Bunga zarurat ham bo'lmagan.

 

— Radio va televidenie. Go'yoki ular egizaklardek. Ta'bir joiz bo'lsa, siz ana shu ikki dargohning nafaqat hayot qozonida, ilm, ijod, kasb qozonida ham pishib yetilgansiz. Shuning uchun ham sizga professional kasb egasi sifatida qaraladi. Nozik xilqat vakili sifatida sizga qiyinchilik qilmaganmi?

 

— Bilasizmi, biz sohaga uning qiyinligini ham anglamagan paytda kirib kelganmiz. Qolaversa, uning sir-asrorini bilmasdik u payt­lari. Yosh edik. Shunday davrlarda radio, televidenie, dublyajga kirib kelgandik. Lekin biz siz ayt­ganday shu muhitda qaynadik, pishdik, ulg'aydik.

1956 yilning 5 noyabrida O'rta Osiyoda birinchi bo'lib Toshkent televizion markazi ishga tushdi. Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da teleko'rsatuvlar efirga chiqqan. Televideniening birinchi rejissyori Armug'on Muhamedov, birinchi operator Feruz Olimov, birinchi ovoz rejissyorlari Fotih Safoyev va Oqilxon Valiyev. Birinchi diktorlar Iqbol Olimjonova va Yunona Stolirova. Diktorlar efirda birinchi aytgan “Salom o'rtoqlar! Toshkent telestudiyasi eshittirishlarini bosh­laydi” matnining muallifi Jonrid Abdullaxonov. Birinchi efir kuni Nosir Vasliyev, Po'lat Rasulov, Bobo Xo'jayev, Ne'mat Do'stxo'jayev, Mirsolih Mira'zamov, Ubay Burhon kabilar “pult”da bo'lishgan.

Televideniening vatani – Toshkent. Armug'on Muhamedov ikki qismdan iborat “Televidenie Toshkentga qaytdi” degan hujjatli film olgan. Televidenie tarixidagi eng qadr­­li osori-atiqa shu hujjatli film. Chunki unda vatani Toshkent bo'lgan televidenieni yaratgan ixtirochilar hayotlik paytida suratga olingan. Mazkur filmda ixtirochilarning biri bilan Armug'on Muhamedov Bishkekda, men esa ularning bir safdoshlari bilan Toshkentda intervyu olganman.

Bilasizmi, bugun radio deyarli yuz yoshga, televidenie 65dan oshgan bo'lsa-da, ularning tarixi hanuzgacha yetarli tadqiq qilinmagan. Tadqiqotchi radiojurnalist Bahrom Rixsiyev O'zbekiston radiosi tarixi haqida “To'lqinlar qanotida” degan tadqiqot-risola yozdi. Anatoliy Yesin ham radio va televidenie haqida tadqiqot olib borgan. Avvallari teleko'rsatuvlar eshittirish deyilardi. Jonrid Abdullaxonov Moskvada malaka oshirishdan qaytgach, eshittirish deb atalgan mahsulot ko'rish vositalariga ega bo'lganligi sababli ko'rsatuv deb atala boshlandi. O'sha kundan e'tiboran ustoz Jonrid aka taklifi bilan televidenie mahsulotlari ko'rsatuv deyiladigan bo'lgan.

 

— Inson tafakkurining kamolga yetishi va aqlu zakovatining charxlanishi uchun, eng avvalo, qanday ilm kerak deb hisoblaysiz?

 

— Mutolaa ilmi, kitobxonlik ilmi. Davlat rahbari chiqishlarida ilm, bilim, muallim degan so'zlarni ko'p takrorlaydilar. Kitob o'qimas ekanmiz, biz hech narsaga erisha olmaymiz. Men har kuni o'n-o'n beshta gazeta-jurnalni ko'zdan kechiraman. To'g'ri, hammasida ham o'qiydigan manba bo'lmasligi mumkin. Lekin ularni varaqlab, mana bunisi o'qish uchun yaroqli, bunisi esa yaroqsiz deb saralash ham bir dars emasmi, aslida. O'qiydigan narsalarim bisyor. Ba'zilariga bir necha marta murojaat qilaman. Qo'limda qalam va qog'oz bilan qayta va qayta o'qiyman.

Bir paytlar uyida kitob saqlaganlar, kitob yozganlar hibsga olingan, qatl qilingan bo'lsa, bugun kitob o'qiganlar rag'batlantirilib, hatto mashina sovg'a qilinyapti. Kitobni ulug'laganning o'zi ham ulug' bo'ladi.

 

— Bugungi o'zbek jurnalistikasining yutuq va muammolari haqidagi fikrlaringizni ham bilmoqchi edik. Nima uchun odamlar borgan sari televidenie, radio va gazeta-jurnallardan uzoqlashib borishmoqda?

 

— Meni eng ko'p ranjitadigan narsa ko'rsatuv va eshittirish olib boruvchilarning tilga e'tiborsizligi. Chiroyli ko'rsatuvlarda g'aliz, hatto qo'pol xatolar uchraydi. Boshlovchilar “Hukumatimizning yuksak mukofotiga sazovor bo'ldi”, deydi. Vaholanki, gap davlat mukofoti haqida boryapti. Bir ko'rsatuvda bosh­lovchi “Bobokalonimiz Alisher Navoiy “Umrlar bo'ladiki, tirigida o'likdir, umrlar bo'ladiki, o'ligida tirikdir”, deb aytganlaridek…” dedi. Bu satrlar Maqsud Shayxzodaga tegishli-ku! Biz ishlagan davrda bunaqa xato uchun kamida ishdan haydalar edi. Bu kabi ko'rsatuv olib boruvchilar hamon xatolarini davom ettirib yurishibdi. Malaka oshirish markazida jurnalistlarga “Qurilish materiali nima, qurilish mahsuloti nima?” deb savol beraman. Savollarim javobsiz qoladi. Qurilish materiali – mix, shifer, siment va hokazo. Qurilish mahsuloti – bino. Qaerda o'tqazildi, qaerda o'tkazildi fe'lidan foydalanishni bilishmaydi. Oqibatda ko'chat ham o'tqaziladi, yig'ilish ham o'tqaziladi. Kulgili emasmi?! Senat bilan Qonunchilik palatasining   farqiga borishmaydi. Afsuski, bunaqa xatolar ko'p.

San'at va madaniyat instituti o'qituvchilarining ilmiy ishiga taqriz yozdim. Mavzular sahna nutqiga bag'ishlangan ekan. Institutda sahna nutqi o'rgatiladi, afsus, efir nutqi emas. Ikkalasining farqi juda katta. Men ko'rsatuvlarni shunchaki ko'rmayman. So'zga befarq bo'lolmayman. Mana bular (bir necha daftarni ko'rsatadi) ko'rsatuvlardagi g'alizliklarni yozib borgan daftarlarim. Bu uchtasi. Bunday daftarlar o'ndan ziyod. Bu davlat, nodav­lat kanallarning deyarli barchasiga tegishli. Ting­lovchi va tomoshabin savodli nutq kutadi.

Savodli jurnalistlarni tayyorlash uchun bir yo'la 8-9 oliy o'quv yurtlari safarbar etilgan. Biroq bu nozik soha mutaxassislarini shuncha oliy o'quv yurtida sifatli tayyorlash uchun pedagog o'qituvchilarning sifat va son potensiallari yetarlimikin?

Jurnalistika yangi yo'nalish bo'lmasada unga shiddat bilan rivojlanayotgan jamiyat katta talablarni qo'ymoqda. Shu nuqtai nazardan yuksak bilimli pedagog­larni bir nuqtaga jamlab o'qitilsa maqsadga muvofiq bo'larmidi? Zero, hamma oliy o'quv yurtlarining moddiy-texnik bazasi ham talab darajasida emas.

Bu ketishda biz ertaga jurnalistikamizga qanday kadrlarni qoldiramiz? Sohamizda kim ishlaydi? Boya tepada aytib o'tgan davlat va hukumatni farqlay olmaydigan, qurilish materiali bilan mahsulotni ajrata olmaydigan, yosh bolaga ota-onasining oldida “Otang­­ni ko'proq yaxshi ko'rasanmi yoki onangni” degan muj­mal savol beradigan, davlat mukofotini hukumat mukofoti deydigan kadrlarnimi?

Matbuotdan odamlarning uzoqlashib ketayotganiga kelsak, asosiy sabab nomutasaddilik, shuningdek, yoritilayotgan mavzularning maydalashib ketganligi. Qayta ochilayotgan nashrlar ham o'zini oqlay olganicha yo'q. Gazetalarda sahifa to'lsa bo'ldi. Aksariyat nashrlarda: “Mana bu material ketishi kerak, buni falon kishi iltimos qilgandi, buni esa yana kimdir aytgan edi” deb, nari-beri, qo'l uchida yozilgan, tahrir qilinmagan, orfografik va stilistik xatolardan xoli bo'lmagan chuchmal maqolalar ham chiqib yotibdi.

 

— Nima uchun Nasiba Ibrohimova ustoz­likka da'vo qilmaydi. Munosib shogirdlar yo'qmi yoki…

 

— Men bir suhbatimda aytgan edim. Men ustozlikka da'vo qilmaganman. Va bundan keyin ham qilmayman. Ustozlik — juda ulug' maqom. Uning yuki ham zalvorli. Olib yurish oson emas. Qo'limdan kelgancha, imkonim boricha yoshlarga o'rgatdim, hamon o'rgataman. Va bundan charchamayman. Biroq mana bu mening shogirdim, demayman. Meni ustoz bilganlarga tashakkur. Meni g'oyibona ustoz deganlar ham ko'p. Ancha yillar oldin “Guliston” jurnali muqovasida bir qizning surati chiqqan. Ko'rinishi, sipoligi diktorlarga o'xsharkan. “Muqovada” degan jo­yini topib o'qisam, Dushanbe televideniesining diktori Musallam Murodova ekan. Jurnalda shu qiz haqida maqola chop etilgan. U “Mening birinchi ustozim O'zbekiston televideniesining diktori Nasiba Ibrohimova”, debdi. Ko'p boshlovchilarning suhbatini o'qib qolaman. “Ustozim Nasiba Ibrohimova”, deyishadi. Men shogirdim demaganimning boisi – ustozlikning rutbasi baland.

 

— “Hurriyat”chilarga tilaklaringiz…

 

— Tahririyatning saralay bilish mahoratiga qoyil qolaman. Juda o'rinli, mulohazali, dolzarb mavzularni olib chiqadi. Talab­chan tahririyat. Shaxsan men savodli gazeta tarafdoriman. Ana shunday nashrlardan biri bu so'zsiz “Hurriyat”dir. Buni siz bilan suhbat qilayotganim uchun emas, juda ko'p davralarda ham qayta-qayta aytaman. Tavsiya qilaman. Kim nima desa, desin, hozirgi kunda reytingi eng baland gazetalardan biri bu so'zsiz “Hurriyat”ingiz. Tahririyatning kelgusidagi ishlarida omad tilayman.

Islom ASILBEKOV

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 − 3 =