Mangu da'vat

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, adib va tarjimon

Qulman OChIL bilan gurung

 

Mo''tabar unvon

 

— Ustoz, ko'z tegmasin-u, g'ayratingizga, sermahsulligingizga havas qilamiz. Davlat xizmati mas'uliyati, yillar yuki ham yozishdan hafsalangizni pir qilmadi. Bu zo'r ishtiyoqning sababini qaerdan izlaylik?

— Shu savolingiz manzil-makonidan sal adashdi-yov. Hafsalayu ishtiyoq masalasida menga emas, masalan ana, amriqolik ikki oqsoqol – Donald Tramp bilan Jozef Baydenga havasingiz kelsin!

Donald buva sakson yoshning biqiniga mushtini o'qtalib turgan bo'lsa, Jozef doda to'qsonga qarab ot solganiga a-ancha bo'lgan. Birining boshi tergov bilan suddan chiqmayotganiga, ikkinchisi ravon yerda qoqilib-surinib yurganiga qaramay, kursi talashgani-talashgan!.. Ana g'ayrat, ana ishtiyoq!..

Dunyoning ravishiga ser solib qarasam, ba'zan tang qolaman-da, inim: nufusi 335 millionga yetay deb turgan shunday qudratli davlatda qarqarali kursiga loyiq bizdagi kabi qarsillagan yigitlar yo'qmikan-a?..

Mayli, G'arb dunyosining g'aroyib ishlarini qo'yib, o'zimizga qaytaylik. O'zimdan gapirsam, yozishga ishtiyoqimning sababini yurtimizda amalda bo'y ko'rsata boshlagan demokratiya, oshkoralik va so'z erkinligi kabi to'tiyolardan izlang. Bir vaqtlar tugatishga imkonim yetmay, g'aladonimda qolib ketgan mashqlarim bugun unda-bunda chop etilayotgan bo'lsa, sababini jamiyatimizdagi ana shu emin epkinlaru evrilishlardan izlang.

Atoqli adibimiz Erkin A'zam bir kitobimga yozgan so'zboshisida “Zavqi zo'r, jur'ati zo'r” deb lutf qilgan va bu menga beqiyos ilhom bag'ishlagan edi. Ishtiyoqimni menga munosib ko'rilgan ana shu “mo''tabar unvon”dan izlang.

Bir haqiqatni erta anglatgani uchun shukr qilaman: bu dunyoga lo'lining erkagiday yalpayib yotish, choyxonayu mayxonalarda, gap-gashtaklarda gap sotish uchun kelmagan ekanman. Bunday o'tkinchi davralarga yoshligimdan tob-toqatim yo'q. Mabodo tasodifan qo'shilib qolsam ham, ichimdan zil ketib, yegan-ichganim tatimaydi, nadomat bilan o'zimga: “Shuncha ish-yumushing qalashib yotibdi-yu, sening yallo qilib yurishingni qara!”, – deyman.

Axir inson umri naqadar qisqa, turmush tashvishlari va bandasini yo'ldan uradigan ko'ngilochar ohanrabolar naqadar ko'p!

— Muxlislaringiz orasida talaba-yoshlar ham kam emas. Keling, talabalik yillaringizni eslaylik. Bugungi yoshlarga navqironlik davringizdan gurung bersangiz.

— Faqat bir istiholam bor-da: umrimning o'sha navqironlik faslidan kimdir berilib tinglaydigan g'aroyib voqeaning o'zi topilarmikan? Gap shunda!..

Darvoqe, uyimda bir surat bor. Sochlari yelkasiga tushgan yigitchaning nigohi go'yo uzoq-uzoqlardagi baland-baland cho'qqilarga qadalgan. Demak, uning orzulari mo'l. Shashti baland. O'ta jiddiy va sipo. Kiyinishiyam shunga yarasha: bo'ynida o'sha zamon urfidagi ingichka galstuk. Egnida oq ko'ylak, qalin kostyum. Surat hoshiyasida “Studentlik – oltin davrim” degan totli-mujmal so'zlar.

Surat — yiqilib-surinib, talashib-tortishib Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakultetining kechki bo'limiga bir amallab ilashgan sahroyi bolaning orzusi ushalgan sevinchli-saodatli kunlaridan esdalik!

Tongdan shomgacha qurilishda beton qorib, oqshom Talabalar shaharchasidagi dorilfununga oyog'ini sudrab kirib boradigan tinglovchining turish-turmushi qaydan “oltin davr” bo'lsin! Tun yarmidan oqqanda Chilonzorning mashhur Qatortol ko'chasidagi quruvchilar yotoqxonasiga tramvayga osilib kelib, och-nahor “tarrakday qotgan” o'sha chiviqdan xipcha bolaning kechmishlari qaydan ham “oltin davr” bo'lsin!..

Shu holiga, o'sha “mullaqiltiriq” tonglarda turib, besh-olti chaqirim masofaga yugurganiga, joni ko'ziga ko'rinmaydigan tengdoshlari bilan mashg'ulotlarda ayovsiz mushtlashganiga, bo'yidan baland dorga pishiq g'ishtni osib, kim tepib sindirar o'ynaganiga o'lasizmi! Karateni qoyillatmoqchi bo'lgan-da!..

Toshkentdagi kitobfurushlar bilan qalin oshno tutingan o'sha karatechi korandalar dam olish kunlari do'konma-do'kon sang'iganini, pulni ko'rsa girgittonga aylanadigan sotuvchi-bukinistlarga choychaqani mo'l berib, kamyob kitoblar, gazeta-jurnallarni sevinib-sevinib xaridu mutolaa qilganlarini aytmaysizmi!..

Tanqislik hukmiga olgan zamonda propiska deb atalmish “oyoqqa bog'langan xarsangtosh”ning dastidan kechki bo'lim musofirlari, yigit bo'lsa– qurilish korxonasida yoki aeroplan zavodida, qizlar to'qimachilik kombinatida ishlashga majbur edi.

Oh, yashirmayman! Kunduzgi bo'limga ko'nglim sust ketgan. Juda-a ketgan! Hammamiz ham xom sut emgan bandamiz, axir! Peshinda darsdan chiqib, yotog'ida miriqib uxlaydigan, stadionni changitib to'p tepadigan, saboqdosh qizlari bilan kinoga tushib, chaqchaqlashib yuradigan tengdoshlarimni ko'rsam, egnimdagi dag'al korjomam, oyog'imdagi zil-zambil kirza etik, boshimdagi suyakdan qattiq kaskamga qarab, xo'rsingan kunlarim ko'p bo'lgan.

Brigadamizda 28 ishchi edik. Turli millat, turli til, turli sajiyali o'sha qora-qura korandalar jamoasidan hech bir maktab, hech bir dorilfununda o'qitilmaydigan hayot saboqlarini oldim. Ular orasida qotillikda ayblanib yigirma yilcha “yotib chiqqan” shovvozlardan to nufuzli kengashlarning deputatlarigacha, so'nggi chaqasini ham lotereya chiptasiga sarflab, och-nahor yuradigan qimorbozdan to qo'lidan kitob, tilidan oyat tushmaydigan xudojo'ylargacha bor edi. Bugun men hayrat va havas bilan eslaydiganim – ularning hammasi og'ir emgakning ostidan chiqqan, zahmatkash odamlar edi.

Keyinchalik angladimki, mehnatim kuymagan. Xoliqi azal suyagim qotar-qotmasidan meni ana shunday qiyinchiliklar, o'rtanishlar va mahrumliklar sari yo'llab, ulug' marhamat ko'rsatgan ekan. Turfa odamlar davrasidan bahramand qilib, umrimga ros­takam “oltin davr” hadya etgan ekan!

Amin bo'ldimki, bu dunyoda nimagadir erishmoq istasang, albatta nimadandir voz kechmog'ing darkor. Garduni dunda biror-bir imorat yo'qki, bir-yo'la uning ham eshigidan, ham teshigi – derazasidan chiqa olsang! Mening jaydari falsafam – shu. Hayotda muhimni nomuhimdan ajrata olish – ulkan omad.

 

Ulg'ayish azobi

 

— Ustoz, bu xotiralarni eslab ezilgan yurak­larni yana bir g'ijimladingiz-da. Mayli, nima ham derdik, rost gaplarni aytdingiz. Yana chin gap­lardan biri o'tgan asrning 80-yillari – qayta qurish davri Sizning navqironlik chog'laringizga to'g'ri kelgan. O'shanda jurnalistika jamiyatdagi hal qiluvchi kuchlardan biriga aylangan edi.

Shu bois, ikki jihat haqida so'ramoqchiman. Nega keyin jurnalistikaning o'sha vaqtlardagidek mavqei saqlanib qolmadi? Oshkoralik yillarida soha vakillari tomonidan qanday kamchiliklarga yo'l qo'yilgan edi?

— Saksoninchi yillarda gazeta-jurnal, radio­-televidenie qaynab yotgan qumg'onni eslatardi. Xalq “zangori ekran”dan filmlar chetda qolib, partiya qurultoylari, parlament sessiyalari, nedir komissiyalarning majlislaridagi bahs-munozaralarni yutoqib tomosha qilgan. Haya­jonlangan, asabiylashgan, tortishgan, qo'liga qalam olib, fikrini erinmay yozgan.

Ziyoli ahli – jurnalistlar, adiblar, olimlar, o'qituvchilarning dadilligini, ahilligini va birdamligini ko'rsangiz edi!

Vaqt-soati kelib, el dardiga harorat bilan kutilgan malham indi: Vatanimiz istiqlolga erishdi! O'sha saodatli kunlarga, tarixiy lahzalarga guvoh bo'lgan dillar obod! Axir istibdod, zulm tugadi! Ma'muriy buyruqbozlik silsilasi barham topdi. Buyog'i endi – ozodlik. Hammasi o'z qo'limizda. Yaratganning nazari tushgan, behishtmonand ona zaminimiz bor, ona zaminimizda qazilma boyliklarimiz bisyor. Xalqimiz tezda boyib ketadi!..

Nazarimda, tengsiz kurashlarda erishilgan g'alabaning izidan keladigan mislsiz masrurlik – eyforiyadan keyin paydo bo'ladigan bo'shashish, so'ljayish, parishonlik sezilgan edi. “Temir qafas”dan narini – dunyoni ko'rmagan sho'rlik millatga endi tajribasizlik pand bera boshladi. Ishimiz kelishinqiramay qoldi.

Qarabsizki, ko'zdan nari yo'qolganday tuyulgan ma'muriy buyruqbozlik silsilasi tag'in to'rga chiqib olgan: amaldorning gapi – gap, haqiqatni Chiyalining bozoridan top!

Ona zamin bag'ridagi umid qilingan ma'danlarga bozor iqtisodiyoti sharoitida hammaning ham qo'li yetmas, hamma birdan boyib ketmas ekan. Istibdoddan meros muammolar esa tog'day qalashib yotardi.

Bularni ko'rib, ra'yi qaytgan boladay shalvirab qolganlar bo'ldi. Hamma o'qish-o'rganishdan yuz o'girganday: kecha talabgorlar ko'pligidan pufakday yorilish darajasiga yetgan oliy ta'lim muassasalari endi abiturientlarning diydoriga zor. Ishoning, aynan shunday – universitetlardan yoshlarning qadami deyarli uzilib qolgan yillar bo'lgan. Tirikchilik g'amida ko'pchilik o'zini bozorga urgan va shukrki, bari tezda iziga qaytgan.

Go'yo millatning dimog'iga doriyi bahush tekkan. Harqancha mo'l-ko'l bo'lmasin, tabiiy boyliklarga orqayin yashash – gumrohlik. Najot faqat ilmu urfon va tafakkurda ekanini anglash boshlandi. Jahoniy taraqqiyotning xarob bir kunjagida qolib ketmaslik uchun aqlni peshlashdan o'zga chora yo'q edi.

El o'z dardini erkinsib aytolmaydigan, bo'g'ilib-biqtirilgan muhitda ozod va obod Vatan barpo etish amri mahol. Na mamlakat ravnaq topadi, na xalq ro'shnolik ko'radi.

Bunday iqrornomalarni azaldan ko'p eshitganimiz va yuraklarimiz zada bo'lib ketgani uchunmi, hayotda adolatni ma'yus ko'rganimizda so'qirning yo'qolgan hassasi haqidagi naql yodga tushaveradi: “Nahotki? Tag'in-a? Axir “endi aslo ortga qaytmaymiz”, deyilgan edi-ku?”

Uchinchi Renessans poydevorini ta'lim va ilm-fanni rivojlantirish orqali barpo etish g'oyasini ilgari surib, bugungi yoshlarni, demak millatni “rektorlarning bunkeri”dan ozod qilgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevdan minnatdor bo'lishimiz kerak. Yuzlab zamonaviy maktablar, o'rta maxsus va oliy ta'lim dargohlari, o'quv markazlari millionlab yigit-qizlar uchun eshiklarini lang ochmadimi!

Bir mahallar qirq ming studentimiz bor deb qayqayib yurgan o'lkada bugun talabalarning salmog'i millionga yetdi. Hazilakam gapmi!

Xorijda tahsil olayotgan qorako'zlarni aytmaysizmi! 150 mingdan oshibdi! Millatning eng bebaho boyligiyam, davlati-yu savlatiyam o'shalar, bilsangiz! Eslang, o'tgan asrning avvalida Ovrupada ta'lim olgan va bugun biz jadid bobolarimiz deb faxrlanadigan bor-yo'g'i yigirma chog'li yigit-qiz – ma'rifatparvar fidoyilar mudrab yotgan butun Turkistonni o'yg'otib yubormaganmidi!..

Endilikda jamiyatimiz boshidan kechayotgan erkinlik jarayonlari milliy yuksalish sari qo'yilayotgan dadil qadamlardir.

Necha burimu necha qurim, qancha xato-yu qancha uloqish va yo'qotishlar istiqlol baxtiga erishgan har bir millatning boshidayam, qoshidayam bor. Bu jarayonni donishmand Erkin Vohidov “ulg'ayish azobi” deb atagan. Tog' yo'li tekis emas!

 

Eng ulug' ne'mat

 

— Besh-olti yildan buyon bloger deb atalmish qavm hammani og'ziga qaratgan. Jurnalistlar bo'lsa go'yo pana-pastqamda g'imirlab yurishgandek. Sizningcha, bu hol jamiyatda nimalarni o'zgartirdi? “Fuqarolik jurnalistikasi” haqida fikringiz?

— Qonun tili bilan aytganda, ijtimoiy tarmoqda sahifa yurituvchi borki, hammasi — bloger. El-yurtni bugun shu qavm o'z og'ziga qaratayotgan ekanmi, bilingki, aytayotgan gapining hammasi ham tuzsiz-namaksiz emas.

Kimdir fuqarolik, kimdir xalq jurnalistikasi deb atayotgan bu yangi yo'nalishning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi mavqei tobora oshmoqda.

Aslida, el-yurt dardini dadil va asoslab aytayotgan blogerlarning kimligini surishtirib ko'rsangiz, yana o'sha jasur va fidoyi jurnalistlar, adiblar va olimlar bo'lib chiqadi.

Yangi asrda afkor ommaning – muallifu mushtariylarning bosma nashrlardan elektron olamga “buyuk ko'chishi” yuz berdi. Butun dunyoga xos bunday yalpi hijrat asnosida ahli olam internet deb atalmish hududsiz qo'rg'onga hayrat va havas bilan boshini suqdi. Suqdi-yu, nazarimda, es-hushidan ayrilib, mubtalo bo'ldi-qoldi!

“Pana-pastqamda g'imirlab yuribdi” deb ginador bo'layotganingiz esa “snosga tushgan” ko'hna qo'nalg'asini o'sha qo'rg'onga almashtirishga yuragi dov bermay, arosatda qolayotgan jabrdiyda hamkasblarimiz.

Ba'zan o'ylanib qolaman. Kuni kelib, biror yosh tadqiqotchi istiqlol yillarining matbuotini tahlil elagidan o'tkazishga jazm qilsa, qanday xayollarga borar ekan? Jadid bobolarimiz “millat oyi­nasi” deb atagan gazeta-jurnallarimizning bugungi sifat-saviyasiga qanday baho berar ekan? “Mahliyo bo'ldim sanga” qabilidagi bitiklarimizni o'qib, o'sha olim bolaning dami ichiga tushib ketmasin-da deyman, ishqilib.

— Bo'lajak jurnalistlar shaxsiyatida qanday fazilatu ko'nikmalarni rivojlantirgani ma'qul?

— Qani endi, ijodga moyil ko'ngil borki, bariga Xudoyim, avvalo, otash solsa, dard solsa. O'sha dardga qo'shib fidoyilik, fidoyilikning yonida jur'at, jasorat solsa. El-yurtiga, insonga ta'masiz muhabbat, adolatga sidqi sadoqat solsa.

O'zi yonmagan yurak boshqalarga tutantiriq berolmaydi.

Soha sinchilari jurnalist qavmini uch toifaga bo'lishi sababsiz emas. Deylik, bir imoratda yong'in chiqsa, sayoz muxbir o'sha hodisa haqida jo'ngina xabar beradi. O'rtamiyona xabarkash yong'in qanday yuz berganidan, kimlar jabrlanganiyu qancha zarar yetganidan ogoh etadi. Jurnalistning zakiysi hech joyda, hech qachon yong'in chiqmasligi uchun nimalar qilish zarurligini tahlilu tafakkur torozisiga soladi. Xulosalar chiqaradi, hatto muammoning yechimlarini ko'rsatib beradi.

Zarang yerni baronada shunchaki tirnash bilan omoch-plugda palaxsa-palaxsa qilib shudgorlash o'rtasida qanday farq bor? Aynan shunday! Ajratib olavering.

Tahlili chuqur, qo'li pok, shijoati baland jurnalistning sa'y-harakati bilan amaldagi qonun-qoidalar, odatlar, dunyoqarashlar, demak jamiyat o'zgaradi va yuksaladi.

Ammo aytishga oson. O'kinch ham yo'q emas: kallasi joyida odam bu serg'alva ko'chaga kirmaydi. Kirib nima qiladi. Topgani qornidan ortmasa. Haq so'zni aytsa, yoqmasa.

Qalamni o'tinga – qozon qaynatish vositasiga aylantirib umrni zoe ketkazgandan ko'ra, tirikchilikning boshqa yo'lini tutgan ma'qul. Ishini qo'l tegdi, kosov tegdi yo'sinida bajarib, samarayu baraka, obro'-e'tibor topgan odamni ko'rmadim.

Eski zamonlardan meros bir xastalik millatimizning qonida va tutumida qolib ketganday. Uning nomi – alasin-palasin. Kun o'tsa bo'ldi! Kattadir-kichikdir gardanidagi vazifani shunchaki, nomiga, ko'zing qarg'amasin uchun bajarishga ko'nikib qolgan. Yo'qsa, har yili ekilayotgan millionlab daraxt ko'chatlari bugun o'rmondek shovullab, ko'zimizni quvontirib turmasmidi.

Burungilar aytmishlarki, jurnalistikasi xarob xalq faqat yagona fikr – hukumatning rasmiy axborot-targ'ibotini tinglashga mahkum. Muqobil va mustaqil fikrga yo'l yo'q joyda faqat bitta g'oya, bitta fikr, bir xil dunyoqarash to'r tashlaydi. Bu to'rga tushgan jamiyat loqaydlik, labbaychilik, rishvatparastlik botqog'iga botadi. Qalloblik rahbariyatning ko'ziga cho'p tiqish vositasiga aylanadi. Sho'rolar jamiyatining beli chiqib ketgani shundan.

Jurnalistlikning etagini mahkam tutgan fidoyining oldida ochilmaydigan eshik, dardini yormaydigan ko'ngilning o'zi bo'lmaydi. Bo'lmagani uchun ham, uni goh razvedkachiga, goh yer qa'ridan ma'dan izlovchiga, goh jinoyatchilarning dodini beradigan izquvarga mengzaydilar.

Har ne bo'lganda ham, buzruklarimiz vasiyat qilib ketganlaridek, “hech qachon erishgan darajam yetarli demasdan, kuch borki, hayot borki, oldinga intilib yashamog'imiz kerak!”

— Nasriy asarlaringiz adabiy jamoatchilikning e'tiborini qozongan, jahon adabiyotidan tarjimalar qilgansiz. Jurnalistika-yu arboblikka sarf bo'lgan umringizni adabiyotga bag'ishlasam bo'larkan, degan o'ylar o'tganmi hech?

— Biror joyda bozimning balandligi sezilgan bo'lsa, arboblik ta'masidan emas. Qalamimning g'amidan. Har kim haddini va joyini bilgani durust.

Imkonim bo'lganida, boshimga yupqagina kepka, egnimga odmigina ko'ylak, yelkamga yengilgina sumka ilib, erkin qush kabi yurt kezardim. Kezardimu “qo'shnisidan boshqa hech kim tanimaydigan” odamlarning gurungini olardim. Sumkamda daftarchamu qalamim, ixlos qo'ygan kitobim bo'lardi. Men kirolmagan eshik, sirini bilolmagan odam bo'lmasdi. Tilini topardim! Shu paytgacha topganman, axir!

Ustozimiz, rahmatli Odil Yoqubov “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasiga rahbarlik qilgan saksoninchi yillarning avvalida boshlangan va zavq-shavqlarga to'la muxbirlik bahorim tushday tez – uch yilda o'tdi-ketdi. Na yurt kezib, na to'yib yoza oldim.

Xonanishinlik yo'liga kirib, muharrirlik, ya'ni rahbarlik kursisiga ertaroq o'tirdim… Ol-a, topgan gapimni qarang! Rahbarlik emish! Noshukrlikka yo'ymangu, gazeta-jurnalga bosh bo'lish havas qiladigan ishmi? Ishonmasangiz, shunday savdo chekiga tushganlardan so'rang. Rahmatidan ko'ra, minnati, g'urbati ko'p, qip-qizil daxmaza!

Biroq nadomatga ne hojat! Balki boshimdan o'tgan shu kechmishlarim – o'rganganlarim, orttirgan taj­ribam o'laroq bugun badiiyatga daxldor nimalardir yozgim, tarjimalar qilgim kelayotgandir.

— Ma'rifatparvar darg'alarning jamiyatdagi o'rni qanday? Xalqimizning ularga munosabati xususida mulohazalaringizni bilmoqchimiz. Nima deb o'ylaysiz, insonni loqaydlikdan qanday qutqarish mumkin?

— Ma'rifatning o'zi nima? So'z va a'mol birligi. Qonunga itoat va qonun oldida barchaning teng­ligi. Qilmish uchun jazoning muqarrarligi. Bularsiz, ming chiroyli bo'lmasin, qolgani puch gaplar.

Odamga bepisandlik davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan sho'rolar zamonini ko'rdik. Yuksak g'oya­larni bayroq qilib hokimiyatning boshiga kelgan “mehmonlar” – bir to'da lo'ttiboz va ularning izdoshlari xalqni olamonga, podaga aylantirib qo'ymaganmidi? O'sha to'da amal qilgan ayanchli aqidani eslaylik: xalqni qayoqqa boshlasak, haydasak, oldimizga tushib, o'sha yoqqa yo'rtib ketaveradi…

Alhosil, odamlardagi tashabbus, ma'rifat ahliga xos fikrlash so'nib, ishlar chappa-rosta bo'ldi. Fikrlaydigan odamdan jamiyat ahli o'zini olib qochadigan, qo'rqadigan, hatto nafratlanadigan darajaga yetdi. Xalqning qulog'i bitdi. O'ngatoylarning kuni tug'ib, ayshi nihon avjiga chiqdi.

Tomiri haqsizlikdan sharbat ichadigan loqayd­lik epidemiyaga aylandi. Zero, uchalasi qondosh-­egizak. Adolat qahrnok rahbarning dushmanidir. Bunday saltanat ahli hukmdorga, hukmdor xalqqa hamdu sanolar aytarak sarsari kun ko'radi.

Ko'hna tarix saboq beradiki, inson irodasining erkinligi toptalgan jamiyat, siyosat ahli har qancha taraqqos aylamasin, qoqigul kabi to'zishga mahkum. Alal oqibatda peshonasi sho'rlikka do'ngan davlati besohib – sho'rolar ittifoqi bunga yana misoldir. Bir umr bukchayib yashab bo'lmaydi.

Shijoatli siyosiy iroda mahsuli — Yangi O'zbekistonda inson qadrini yuksaltirishga ustuvor vazifa deb qaralayotgani ma'rifatli jamiyat sari qo'yilayotgan ezgu qadamlardir.

— Ko'p yillardan buyon siyosiy davralarga begona bo'lmagan shaxs o'laroq siyosat haqidagi umumiy xulosalaringizni bilsak bo'ladimi? Bu ham bir gurung-da.

— Yolg'onchi dunyoda hamma narsa omonat. Siyosat ham, siyosatdonlar ham. Faqat ezgu ishlar mangulikka daxldor. Ana shu o'tkinchi “kamalak” oldida aqchayu bo'g'chani deb yaltoqlanmasdan, turlanmasdan, tuslanmasdan, o'yinchoqqa aylanib qolmasdan aytilgan haq so'zga ega chiqish, e'tiqodda qoyimlik – mashaqqat. Mashaqqat ahlining joniga to'zim bersin!

Naql borki qulni ozodlikka chiq, deb har qancha qistamang, qimirlamaydi. Lekin unga insoniy erk va ozodlik qanday ulug' ne'mat ekanini ko'rsatib, tasvirlab bersangiz, oyoqqa qalqiydi.

Bandasi bu yorug' olamga zimmasiga yuklangan muayyan missiya bilan keladi. O'sha vazifani bajarib bo'lgan kuni safari qariydi. Tabiatan hudbin yaratilgani vajidan u eng yomon g'animi nafsi ekanini anglab yetolmaydi. Yetganida kech va hech bo'ladi. Azal va abad o'rtasidagi jamiki kulfatu ko'rgilik­larning tag-zaminiga razm solsak, hakalak otgan quldorni – nafsni ko'ramiz.

San'at, adabiyot va jurnalistikaning ishi – insonni ana shu dardi bedavodan mudom ogohlantirib, mukarramlik sari mangu da'vat etishdan iborat.

— Bor bo'ling, ustoz! Mangu da'vat yo'lida aslo tolmang!

 

Sirojiddin IBROHIM

gurunglashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + eleven =