“Adabiyot qismatimga aylangan”

Shoira Sanobar Mehmon va yozuvchi Shahodat Isaxonovaning “Hurriyat” gazetasi uchun suhbati

 

Bugungi suhbatdoshim – yurtimizning taniqli ijodkorlaridan biri, keyingi yillarda adabiyotimizning lokomotivi bo'lgan romanchilik janrida barakali ijod qilayotgan taniqli yozuvchi — Shahodat ISAXONOVA. Suhbatimiz avvalini nasrda ham, nazmda ham o'quvchilar qalbini birday rom etayotgan sevimli adibamizga oid ayrim muhtasar ma'lumotlar bilan tanishing:

Shahodat ISAXONOVA — Samarqand viloyati, Ishtixon tumani, Shayxlar qishlog'ida tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakul'tetini tugatgan. O'zbekiston Davlat radio eshittirish va televideniesida, “Sao­dat” jurnalida muharrir, “Yosh gvardiya”, (keyinchalik “Kamalak” nashriyot-matbaa birlashmasi deb nomlangan) nashriyotida bo'lim boshlig'i, Bosh muharrir o'rinbosari, Bosh direktori vazifalarida ishlagan. 1994 yildan — erkin ijodkor.

Yozuvchining hikoya va qissalardan iborat qator to'plamlari “Kechikkan baxt”, “Ona”, “Sirli tilak”, “Ilinj”, “Laylaklar”, “O'ch”, “Antiqa ziyofat”, “Oyisi aytib bergan ertak”, “Eshim dallol”, “Qirq kokilli kelinchak”, “Zavetnoe jelanie” (rus tilida), “Hikoyalar” (arab va ingliz tilida), “Tosh nok” (hind va ing­liz tilida), “Antiqa ziyofat” (indonez va ingliz tilida) kabi nomlarda chop etilgan.

Keyingi yillarda esa adiba “Bibixonim”, “Sulton Jaloliddin yoxud Chingizxon tuzog'iga tushgan malika”, Nodirai davron” va “Gavharshod begim” nomli tarixiy romanlari bilan kitobxonlar qalbiga yanada chuqurroq kirib bordi.

Samarqand davlat drama teatrida “Bibixonim”, Mudofaa vazirligiga qarashli “Turon” teatrida “O'lan”, “Sulton Jaloliddin”, “Qirq kokilli kelinchak”, Qozog'iston respublikasining Chimkent davlat drama teatrida “Tanovar” spektakllari sahnalashtirilgan.

Adiba qalamiga mansub “Bolakay” nomli hikoyalar to'plami, “Jo'ralar” nomli qissalar to'plami va ikki tarixiy romani — “Chingizxon tuzog'iga tushgan malika” va “Turon malikasi” ingliz tilida, dunyo internet tarmog'iga qarashli mashhur “Amazon” kitob savdosi do'konlarida dunyoning yigirmadan ortiq davlatlari o'quvchilari e'tiboriga havola etildi…  

 

— Shahodat opa, keling, suhbatimizni qalbingizga nafis adabiyot sehrini olib kirgan muhitdan — bolaligingizdan bosh­lasak…

— Bolaligida ertak eshitmagan, ertaklarni yaxshi ko'rmagan bola bo'lmasa kerak. Men o'zim ulg'aygan davrni nazarda tutayapman… Chunki bizning bolalik paytlarimizda ota-onalarimizning bisotida ertakdan boshqa hech narsa yo'q edi.

Na svet, na televizor, na telefon bor edi… Kun kelib shunday   narsalar paydo bo'lishini aytishsa, biz bolalarni qo'ying, hatto, kattalar ishonishi tugul, tasavvur ham qila olishmasdi. Lekin kitob bor edi, bugungiday ko'p bo'lmasa-da, bor edi. Maktab kutubxonasidan nav­bat bilan kitob olib kelib, o'qirdik. Kitob biz uchun sehrli bir dunyo edi va haligacha u mening eng yaqin hamrohim.

Akam birinchi sinfga borganida, “maktab xaltasida”gi kitoblarni ko'rib, “men ham maktabga boraman, menga ham kitob olib bering” deb janjal qilganman. “Maktab xaltasi” deganimga hayron bo'lmang, u paytlarda sumka, papka degan narsalar yo'q edi yoki bor edimi bilmayman yo bo'lmasa ota-­onalarimizning qurbi yetmaganmi, ishqilib, hamma o'quvchilar kitoblarini onasi tikib bergan bo'z xaltachalarga solib borishardi. Oyim janjalimdan bezor bo'lib, bir kuni meni ham maktabga olib borgan. Lekin akamning o'qituvchisi, hali yoshim yetmasligini aytib, bizni qaytarib yubordi. Shundan keyin oyim akamning kitoblaridagi ertaklardan menga ham o'qib bera boshladi. U davrda hali o'zbek adabiyoti darsliklari u qadar rang-barang va boy emasdi. Yozuvchi va shoirlarimizning ko'pi Stalin davri qurboniga aylangan, asarlari yashirib o'qilardi. Mening esimda muhrlanib qolgani Tolstoyning “Filipok”i bo'ldi. Filipok meni adabiyotga olib kirdi deb o'ylayman. Chunki ana shu Filipok orqali Tolstoyni tanidim, unga muhabbat qo'ydim. Ulg'ayganim sari uning asarlarini axtara boshladim va asta-sekin Chexovga, Gogolga, Turgenevga, Dostoyevskiyga va dunyo adabiyotiga oshno bo'ldim.

 — Qo'lingiz ilk bor tutgan qalam qog'ozga nimalarni to'kib solgan edi. O'sha damlarni qanday xotirlaysiz?

— Menimcha, hamma qalamkash ijodini she'r yozishdan boshlaydi. She'r, nasr, umuman, qoralamalar uchun ko'prik vositasini o'taydi deb o'ylayman. Mening ham birinchi mashqim she'r bo'lgan. Albatta, uning darajasi haqida gap bo'lishi mumkin emas. Lekin o'qituvchim Yaxshigul muallim rosa maqtagan… “Zo'r shoira ekansan-ku, jim yurganingni qara, uni ertagayoq e'lon qilamiz” degan. U paytlari maktabda devoriy gazetalar chiqazish rasm edi. Eni ikki quloch, bo'yi bir quloch, chetlari kashtalangan, hozirgi plakatlarga o'xshash gazeta har haftaning dushanba kuni maktabimizning asosiy devoriga ilinardi. She'rimni devoriy gazetada ko'rib, quvonganimni yashirmayman. U tamoman boshqacha quvonch edi, uni tasvirlab berolmayman… Lekin har safar nimadir yozib tugatsam, ko'nglimda hamon o'sha quvonchni tuyaman…

Ijodini she'rdan boshlagan ijodkorning nasriy asarlarga qo'l urishi endi bu boshqa masala. Chunki nasr yaxshigina mehnat talab qilishi bilan birga sizdan mahorat ham talab etadi. Mahorat esa albatta, iste'dod bilan bog'liq.

 — Adabiyot Siz uchun nima: qismatmi, ko'ngil ermagimi yo dunyoda iz qoldirish vositasimi?

— Diniy qoralamalarda qayd etilgan “Bu dunyo sinov maydoni, bandalar bu fanoga sinov uchun yuborilgan…” degan aqidalar ilgari onda-sonda quloqqa chalinardi, bugungi kunda bu mulohazalarni aksariyat odamlarning tilidan ham bemalol eshitish mumkin. Agar hayotdagi insonlarning kasbiga, shug'ullanayotgan yumushiga, qismatiga razm solsangiz bu gaplarda jon borga o'xshaydi. Ya'ni, yaratiq hisoblanmish har bir insonning vujudi, zuvalasi biror-bir kasbga nisbatan mehr, moyillik, badiiyroq qilib aytganda iste'dod bilan ziynatlangan. Yo'qsa, hamma inson bir xilda, she'r yoza olishi, rasm chizishi, qo'shiq aytishi, ustachilik, tikuvchilik va hokazo hunarlarni qoyillatib bajarishi mumkin edi. Demak, bul fanoning mehmoni bo'lmish biz bandalarning yelkamizga o'zimizning layoqatimiz yetadigan alohida yumush yuklangan va o'sha yumushni mohirona bajarish vazifasi qo'yilgan…

Yuragimda adabiyotga va ijodga muhabbat kuchli ekan, demak, u mening qismatim… Maktabni tugatayotganimda jurnalistika fakultetiga topshirishimni eshitgan yaqinlarim menga tibbiyot institutiga kirishimni maslahat berishgan edi. Chunki fizika bilan ximiya va tarix fanini ham yaxshi ko'rardim va faqat a'loga o'qirdim. Shu yerda bir narsani ta'kidlashni istayman. Qaysi fanni yaxshi ko'rsangiz va a'loga o'qisangiz bilingki, bu sizning emas o'qituvchining mehnati va ta'siridan. O'qituvchi sizda o'sha fanga nisbatan muhabbat uyg'ota olgan. Va menda ham shunday bo'lgani tabiiy.

Meditsina inson hayotida asosiy rol o'ynashini yaxshi tushunaman. U har tomonlama, hatto, iqtisodiy jihatdan eng bozorgir kasb va juda ko'pchilik ota-onalar farzandining shifokor bo'lishini xohlaydi. Lekin men ijodni tanladim. Demak, yuragimda adabiyotga va ijodga muhabbat kuchli bo'lgan va u men uchun qismat qilib berilgan. Zero, o'sha paytdayoq men uchun ijodsiz hayot ma'nosiz, fayzsiz va zerikarliga o'xshab tuyulgan. Yozgan she'rlarim, hikoyalarim gazeta, jurnallarda bosilmay, xuddi yetim bolalar kabi qaerlardadir qolib ketishini tasavvur qilib, yuragim achishganini yashirmayman va bu tanlovimdan hozir afsus chekmayman… Bilasiz, adabiyotning vazifasi, yozuvchining burchi insoniyatga ezgulik tarqatish, insonlar qalbida yaxshilik urug'ini undirish, ularni estetik ruhda tarbiyalash… Bu esa Vatan kelajagi, elimiz shon-shavkati, millatimiz qismat-qadarini belgilashda adabiyotning o'rni nechog'li muhim ekanligini bildiradi. Tasavvuf olamining daholaridan biri Najmiddin Kubro hazratlarining ta'biri bilan aytganda “Kitob — sahroda do'st, hayot yo'llarida — tayanch, yolg'izlikda — yo'ldosh, baxtiyor daqiqalarda — rahbar, qayg'uli onlarda — madadkor, odamlar orasida — zebu ziynat, dushmanga qarshi kurashda — quroldir…”

— Men Sizning ijodingizni kitobga oshno bo'lgan davrimdan boshlab kuzatib kelaman. Sizning qahramonlaringiz, asosan, ayollar. Ularning olamini shunchalik tabiiy tasvirlaysizki o'qiyotgan kitobxon ayol beixtiyor, o'zining hayotini, o'zining dardini yoki o'zining quvonchlarini tuyganday bo'ladi…

— Shunday bo'lishi tabiiy, chunki o'zim ham ayolman… Bizni, qalbimizda kechayotgan kechinmalarni, nozik va inja tuyg'ularni hech bir erkak, hatto, eng istedodli ruhshunos ham tasavvur qila olmaydi. Shu sababdan bo'lsa kerak, erkak yozuvchilarimiz ham ko'pincha ayollar obraziga kelganda tasvir va bayon bilan cheklanib qo'yaqolishadi. Ayollar obraziga murojaat qilishimning yana bir sababi erkak qahramonlar, hukmdorlar haqida ko'plab asarlar yozilgan. Lekin aqli, farosati, jasorati, tutimi erkak­lar bilan   teng, ular bilan yelkama-elka turib yurt rivoji, farovonligiga hissa qo'shgan, ma'rifatli, madrasayu masjidlar, shifo uylari, rabotlar qurgan, yo'llar solgan qahramon ayollarimiz, momolarimiz haqida ko'ngil to'larli badiiy asarlar yozilmagan. Tarixchilarimiz ular haqida qo'l­yozmalardagina qayd etib ketishgan xolos. Shu sababli Bibixonim, Turkon xotun, Nodirabegim, Gavharshodbegimlar kabi ulug' momolarimizning sevinch va iztirobga to'la hayotlari, qilgan ishlari, yutuqlari, bizga saboq bo'luvchi xatolari haqida o'zlariga munosib badiiy asarlar yozishga qo'l urganimdan faxr tuyaman…

— Sizga sho'ro davrida yozish oson kechganmi yoki mustaqillik davri hisoblanmish keyingi o'ttiz yildami?

— Men uchun alohida bir davrning ahamiyati yo'q. U xoh moziy, xoh sovet davri va yoki hozir bo'lsin mening uchun asosiy mezon o'sha davr odamlari. Men ularni kuzataman… O'quvchi o'rganishi, o'rnak olishi yoki saboq chiqarishi uchun ularning ezgu ishlarini, yutuqlarini, kamchiliklarini ro'yirost qog'ozga tushirishga harakat qilaman. Chunki yozuvchi har bir davrda o'ziga xos yangi olam, yangi odam, yangi badiiy qahramonlar yaratishi, davr mohiyatini o'quvchiga ochib berishi kerak. “Sho'ro davri” deb ba'zan kinoyali iddao bilan gapiramiz. Lekin u davrning ham o'ziga xos bo'lgan, o'rnak olarli tomonlari ko'p edi. Tartib-intizom, ish yuritish uslubi, odamlarning bir-biriga munosabati, qonun ustuvorligi bular qog'ozdagi gaplar emas, ayni haqiqat edi. Yozuvchilar uyushmasida, gazeta va jurnallar, nashriyotlar tahririyatlarida, radio va televidenieda (o'zim ishlaganim va guvoh bo'lganim uchun misol keltirayapman) asarlar qat'iy navbat bilan va sifat darajasiga qarab bosilar yoki efirga uzatilardi. Dunyo yuzini ko'rgan yangi asar u xoh she'r bo'lsin, xoh roman, adabiyotshunoslarning diqqat   e'tiborida bo'lardi va Yozuvchilar uyushmasida har biriga munosib baho berilardi. Lekin shuni e'tirof etishim kerakki, sho'ro davrida tarixiy asarlar yozish qiyin kechardi. Ustoz yozuvchilar Odil Yoqubov va Pirimqul Qodirovlar “Ulug'bek xazinasi” va “Yulduzli tunlar” tarixiy asarlari uchun qanday zaxmat chekishganidan o'zimning xabarim bor.

Mustaqillik hammamizning orzuimiz edi… Albatta, kechish davrining o'ziga xos qiyinchiliklari, yaxshi va yomon tomonlari bo'lar ekan. Lekin bunga davr emas, o'sha davr egalari, shaxslar sababchi. Keyingi yillarda yaratilayotgan juda ko'p imkoniyatlar so'z erkinligi, ijod erkinligi, ijodkorlarga yaratilayotgan sharoitlar… Bulardan ko'z yummasligimiz kerak.

— Bugun yuzlab do'konlar orasida xaridor ENG kam kiradigan bir do'kon bor, uning nomini yaxshi bilasiz? Holbuki, o'sadigan millatning qo'lidan kitob tushmaydi. Odamlarimiz shunchalik tanbalmi yoki kitob o'qishni xush ko'rmaydigan millatga aylandikmi?

Sobiq ittifoq davrida aholi jon boshiga kitob sotib olish jihatdan Qo'qon shahri mamlakatda birinchi o'rinda bo'lgan. Hozir shaharning uzun ko'chasida Muqimiy uy-muzeyini o'smoqchilab so'rasangiz, 99 foiz aholi Xudayorxon o'rdasini ko'rsatadi. Natija ayanchli: ilgari qahramonlaringiz yashagan Qo'qon hozir jinoyatchilik bo'yicha mamlakatimizda eng peshqadami ekan. Kitobxonlik bilan jinoyatchilik darajasi o'rtasida o'zaro bog'liqlik bo'lishi mumkinmikan?

— Albatta, bog'liq. Chunki barcha johilliklar, gumrohliklar, mutaasibliklar savodsizlikka va chalasavodlikka borib taqaladi. O'qimagan tafakkuri ochilmagan yoshlarni, hatto, kattalarni ham har qanday razillikka osongina yo'naltirish mumkin. Chunki ularning qalbi yaxshilik bilan yomonlikni ajrata olish salohiyatidan uzoq bo'ladi. Ayniqsa, bugungi kunda, ommaviy madaniyat va mafaatlashgan qarashlar o'ng planga chiqayotgan globallashuv jarayonida uning muhimligi yaqqol ayon bo'lmoqda. Turkiy davlatchiligining benazir asoschisi, sohibqiron Amir Temur hazratlari yoshlar tarbiyasiga alohida e'tibor berganini xotirga olsak, bu masala yanada oydinlashadi. “Temur tuzuklari”da Ulug' Amir yosh avlodni yosh niholga qiyoslaydi va ularni tarbiyalashda ehtiyotkorlik bilan yondashishni va ularga, eng avvalo, ilm bermoqni zarur, deb hisoblaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarni o'qib, yuraging uvishadi. Chunki bugungi kunda yoshlar, hatto, yosh bolalar ham e'tiborsiz qolmoqda. Hammaning qo'lida telefon, hammaning xayoli oldi-qochdilarga to'la ekranda. Ota o'zi bilan, ona o'zi bilan, hech kim bilan hech kimning ishi yo'q… Buning oxiri qanday bo'lishini hech kim o'ylamaydi… Oqibat esa ko'rib turganingizday fojia bilan tugaydi. Buni hamma his qiladi, hammaning aqli yetadi. Lekin bu qismat o'zining emas, boshqaning boshiga tushishini taxmin qiladi… Shuning uchun ham Yurtboshimiz avval-boshdan kitob mutolaasini, fikrni to'g'ri shakllantirishni, tafakkurni charxlashni har qachongidan ham dolzarb va siyosiy darajadagi zarur masala sifatida kun tartibiga qo'yganligi bejiz emas. Bu masalani faqat biz — ota-onalar chuqur anglamog'imiz, “attang” deb qolmaslik uchun fursatni o'tkazmasligimiz, etagimizni yig'ishtirib olmog'imiz va “Zararni qaysi tomonidan do'nsang-da, foyda bor” degan ota so'zga amal qilmog'imiz kerak bo'ladi.

— Tarixiy mavzuda asar yozish qiyinmi yoki zamonaviy mavzuda?

— Albatta, zamonaviy mavzuda asar yozish osonroq. Chunki ular sening zamondoshlaring. Ular bilan bir havodan nafas olasan, tashvishu muammolaridan, quvonchu yutuqlaridan voqifsan. Yeganini yeysan, kiyganini kiyasan, ko'rganini ko'rasan va hokazolar… Tarixiy asar esa boshqa bir dunyo. U davr senga mutlaqo begona. “Qirq yilda qozon yangi, to'qson yilda til yangi” deganday davrlarning o'zi ham bir-biriga o'xshamaydi. “Sulton Jaloliddin yoxud Chingizxon tuzog'iga tushgan malika” nomli romanimdagi Xorazmshohlar davrining davlat tuzumi bilan “Bibixonim” romanimdagi Temuriylar saltanatining davlat tuzumi, tutimi, yaso-yusun, qonun-qoidayu urf odatlar bir-biridan mutlaqo farq qiladi. Yoki “Nodirai davron” romanimdagi davrni oling. VIII asr boshlarida O'rta Osiyoda hukmronlik qilgan Ashtarxoniylar davlati tanazzulga uchraydi. Ashtarxoniylar Hoji Tarxondagi xonlar sulolasi bo'lib, Buxoroda hukmronlik qilgan Jo'ji avlodlarining vakillari edi. Ular Shayboniylar sulolasini mahv etib, o'z saltanatlarini qurgan edilar.

Ashtarxoniylar saltanatini barbod qilgan mang'itlar Buxoroda o'z amirligiga, mang'itlar Xorazmda, minglar esa Farg'ona vodiysida xonliklariga asos solishdi. Eng qizig'i, Ho'qand xonligi-yu, Xeva xonligi va Buxoro amirligi bir davrda yashagan, gullab-yashnagan va bir-birlari bilan yaqin munosabatda bo'lishiga qaramasdan, davlat tuzimi, tutumi, qonuni, hatto qo'shin soni va lashkarlarining tartibi, lashkarboshilarning mansabi, mavqei, rutbasi va unvonlari bir-biridan mutlaqo farq qilar edi. Shuning uchun tarixiy asarga qo'l urgan yozuvchi davlat tizimining mohiyatini ochib beruvchi qurol-yarog'larning nomlanishidan tortib, urf-odatlar, rasm-rusm, oziq-ovqat, kiyim-kechak, hatto, oddiygina ko'ringan munosabatlarni ham yaxshilab o'rganishi lozim. Qahramonlar masalasida esa yanada diqqatli bo'lish talab etiladi. Bunda diqqat va mas'uliyatdan tashqari birinchi galda iqtidor va mahorat, badiiy tafakkur, mantiqiy mushohada va xulosalar chiqara olish qobiliyatigina sizga yordamchi bo'lishi mumkin.

“Turon malikalari” seriyasiga kiruvchi “Gavharshodbegim” nomli to'rtinchi romanim Xuroson saltanatini qirq yil boshqargan xoqoni said Shohrux mirzoning bosh malikasi, o'zi ham Shohruh mirzo qabatida turib jilovbardorlik qilgan malika mahdi ulyo Gavharshodbegim hayotiga bag'ishlangan. Malikaning so'nggi yillardagi, aniqrog'i, umrining oxiridagi 5-6 oyiga urg'u bergan bo'lsam-da, uning yosh shahzoda Shohrux mirzo bilan ilk tanishuvidan boshlab umrining oxirigacha kechgan sakson yillik hayotidagi eng esda qolarli, ibratli va sharafga doxil lahzalarini ko'rsatishga harakat qilganman. Gavharshodbegim obrazi nihoyatda murakkab. Malika haqida ijobiy fikrlar bilan birga salbiy, dedi-qo'ydilar ham mavjud. Dedi-qo'ydilar ilmiy asosga ega bo'lmagan, quloqma-quloq, og'izma-og'iz eshitilgan gaplar. Lekin aslida ham Gavharshodbegim fe'l-atvori jihatdan boshqa malikalardan farq qiladi. Nayman urug'iga xos bo'lgan shaddodlik, to'g'riso'zlik, jangarilik kabi xislatlar uning olijanob qalbi, rahimdil ko'ngliga rahna solmaydi, aksincha, saltanat jilovini mahkamroq tutishida, saroy a'yonlari bilan til topishishida yaxshi vosita rolini o'ynaydi. Shohrux mirzo shuning uchun ham shahzodalar tarbiyasiyu haram masalasidan tortib, saltanatga doxil tashvishlarigacha, mahdi ulyo bilan maslahatlashib ish ko'rgan. Hatto, ayrim masalalarda Gavharshodbegimning shaxsan o'zi hal etuvchi qarorlar va farmoni oliy chiqazishi uchun saltanat muhriga ega bo'lgan.

Harb ilmida benazir bo'lgan va o'spirinlik chog'idayoq “Bahodir” laqabini olgan Shohrux mirzoning fe'li boshqa shahzodalarga nisbatan sokin edi. U dinga va diniy ilmlarga ko'proq rag'bat ko'rsatar va saltanatini ham islomiy ahkomlar asosida bosh­qarishga moyil edi. Gavharshodbegim esa diniy ta'lim bilan birga, dunyoviy bilimlar olinishi tarafdori bo'lgan. Ibratli tomoni shundaki, Gavharshodbegim qurdirgan madrasaning bog' va ekinzordan iborat yer qismidan olinadigan daromadlar ta'lim maskanining barcha xarajatlarini qop­lagan. Yaxshi o'qigan tolibi ilmlarga har oyda 24 tillodan maosh, yiliga besh yuk oshlik (1 yuk oshlik taxminan 60 kilo) to'rt mavsumga muvofiq 1 sidradan bepul ust-bosh berilgan. Malika qizlarning ta'limiga alohida e'tibor qaratgan va madrasalarni ilm-ma'rifat, odob-axloq maktabi deb bilgan.

Gavharshodbegimning ma'rifiy qarashlari ta'sirida ulg'aygan Ulug'bek mirzo bilan Boysung'ur mirzo ham xotin-qizlarning ilm olishiga rag'bat ko'rsatishgan. Ulug'bek mirzo Buxoroda qurdirgan madrasasi peshtoqiga hadisi sharifdan olingan “Ilm talab qilish barcha muslim va muslimalar uchun farz…” degan muborak so'zlarni kitoba qildirib yozdirgan.

Shunday faktlar esa yozuvchi uchun asos bo'ladigan yagona qurol va ishonchli manbaa hisoblanadi. O'sha davr va saltanat tarixchisi, malikaning hayot yo'liga bevosita guvoh bo'lgan   Abdurazzoq Samarqandiyning ushbu ta'rifi “Go'zal xulqli, muborak soya­­li, baland martabali, oliy hislatli, inoyat nigohli, ilm va ma'rifatni o'ziga farzi ayn va ayni farz deb bilgan mahdi ulyo…” degan kalimalari esa bitiklarimizni mubolag'adan xolis ekanligini tasdiqlaydi.

— Gavharshodbegim shaxsi haqida gap ketganda, aksariyat hollarda uning hayotidagi fojialarni saidlarning duoibadi bilan bog'lashadi. Bu voqea manbaalarda aslida, qanday talqin qilingan va bunga asos bormi?

— To'g'ri, “duoibad” masalasida har xil fikrlar mavjud. Shu o'rinda, takidlash lozimki, sayyidlarning “duoibad”i haqida ham, jazoni berishda ham Gavharshodbegimning roli va rag'bati haqida na Shomiy va na Yazdiyning “Zafarnoma”larida, hatto o'sha voqealardan voqif bo'lgan Abdurazzoq Samarqandiyning asarida ham aniq bir so'z aytilmagan. Lekin “duoibad” qilingani taxmin etilayotgan voqealar tafsiloti berilgan va voqea shunday bo'lgan. Shohrux mirzoning nabirasi bo'lmish shahzoda   Sulton Muhammad mirzo, ya'ni Boysung'ur mirzoning o'g'li, bobosining betobligidan foydalanib yoki ba'zi bir fitnachilarning qutqusiga uchibmi, o'ziga berilgan mulklarga qanoat qilmasdan, bobosining qo'l ostidagi Isfahon viloyatiga bosqin uyushtiradi. Bundan jahli chiqqan Shohrux mirzo betobligiga qaramasdan unga qarshi lashkar tortadi va Sherozda yengib, shahzodani gij-gijlagan “maslahatchi”larni o'lim jazosiga hukm qiladi. Ular orasida bir guruh sayyidlar bilan birga Amir Temurning tarixchisi mashhur G'iyosiddin Ali Yazdiy ham bor edi. Shohrux mirzo tarixchining keksaligini hisobga olib, uning qonidan kechadi. Lekin sayyidlarni jazolaydi. Shu bois, men mantiqqa asoslanib o'sha voqealarni asarimda jonlantirdim va bu “qoralov”ni Gavharshodbegimning bo'ynidan “soqit” qildim. Chunki boshqa bir voqeada shahzoda Boysung'ur mirzo qattiq jazolamoqchi bo'lgan sohibi devon Sayyid Faxruddinni Gavharshodbegim himoya qilganida Samarqandiy bu voqeani “sayyidlarga e'tiqodi baland mahdi ulyo uni o'z panohiga olib, jazodan qutqazdi” degan so'zlar bilan bayon etib ketgan. Ana shu fikrdan mantiqiy xulosa chiqarilsa, sayyidlarni Gavharshodbegim emas, Shohrux mirzoning o'zi ularni saltanatga qilgan xiyonatlari uchun jazolagan bo'lib chiqadi va bu xulosa to'g'ridir. Chunki ijrochi kim bo'lishidan qat'i nazar gunohi va aybi uchun qonun oldida javob berishi kerak. Shohrux mirzo saltanatining nurashiga “duoibad” emas, balki shahzodalarning noinoqligi, bir-biriga nisbatan riyokorligi, xiyonati, ko'rnamakligi sabab va bundan bosh­­qa yana juda ko'p omillar borki, bularni hisobga olmasdan turib xulosa chiqarish mumkin emas…

— Shahodat opa, samimiy suhbatingiz uchun tashakkur, bundan keyingi ijodingizga ham muvaffaqiyatlar tilab qolaman. “Hurriyat” o'quvchilariga tilaklaringiz…

— “Hurriyat” gazetasi o'z ijodiy faoliyatini avvalboshdan hur fikrlilikka tayanib boshlagan. Garchi har xil taziqlarga, qarama-qarshiliklarga uchrasa-da, o'z mushtariylariga sobitqadamlik bilan haq va haqiqatdan saboq berib kelayapti. Bu yo'lda ularga kuch-quvvat va sabot tilayman. Zero, saodat yo'li haqiqatdadur…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − ten =