Surxondaryo yorug' o'zgarishlarga yuz tutmoqda

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug'bek Berdiqobilovich QOSIMOV bilan suhbat

Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlari kabi Surxondaryo viloyatida ham sezilarli o'zgarishlar, islohotlar samaralari yaqqol ko'zga tashlanadi. Bugungi Surxondaryo bundan 8-9 yil avvalgi Surxondaryo emas. Viloyat markazi Termiz nihoyatda obod, chiroyli va go'zal shaharga aylangan. Buni shaharda qad rostlayotgan bir-biridan ko'rkam turli inshootlar, uylar, obod ko'chalar misolida ham ko'rish mumkin. Albatta, bu ishlar Prezidentimizning Surxon vohasiga e'tibori, ko'magi natijasida amalga oshirilmoqda. Qolaversa, islohotlar samarasi, aholining tadbirkorlikka bo'lgan qiziqishlari qo'llab-quvvatlanayotganidan darak beradi. Ammo hayot bor ekan, unda yutuqlar bilan bir qatorda o'ziga yarasha muammolar ham bo'lishi tabiiy.

Quyida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug'bek Berdiqobilovich Qosimov bilan muloqotimiz mavzusi keyingi paytlarda vohada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni va kelgusida ro'yobga chiqariladigan ishlar, yorug' va istiqbolli loyihalar xususida bo'ldi.

— Ulug'bek Berdiqobilovich, o'zingizga ma'lum, Surxondaryo o'zining boy va qadim o'tmishiga, yuksak ma'naviy ildizlariga, mehnatkash va tanti eliga ega bo'lgan yurt. Ushbu viloyatga birinchi rahbar bo'lib tayinlanganingizdan keyin ishni dastlab nimalardan boshladingiz?

— Darhaqiqat, Surxon vohasi juda qadim tarixga, madaniyatga ega o'lkadir. Bu zamin shunchalik qadimiyki, har bir qarichi moziydan so'zlaydi, desak, xato bo'lmaydi. Maktabda, so'ng oliy ta'lim dargohlarida o'qigan manbalarimizdan ham bilamizki, qadim Surxon-Baqtriya davlatchiligining markazi hisob­langan bu zamin hatto insoniyat yaratilishiga oid davrlarda mavjud bo'lgan sivilizatsiya-tamaddun beshiklaridan hisoblanishi sir emas. Moziy xilqatlaridan hikoya qilinishicha, Surxondaryoning Boysun tumaniga tegishli Teshiktosh g'oridan ilk neandertal odam-bola suyak­lari topilgan. Eski Termizdagi Fayoztepa, Qoratepa yodgorliklari yoki bugungi Sho'rchi tumani hududiga tegishli Dalvarzintepa, Denov tumanidagi Qoratepa, umuman, Chag'oniyon tarixiga oid manbalar bilan tanishar ekansiz, bu o'lka o'tmishi necha ming-ming yillarga borib taqalishiga imon keltirasiz.

Bundan ancha yillar oldin o'qiganim hali ham esimda: Surxondaryoning tabiatsevar yozuvchisi Mengziyo Safarovning go'zal bir kitobi bor edi. Adashmasam, “Ona yurt qo'shig'i” deb atalar edi. Unda yozilishicha, butun jahonni zir titratgan Aleksandr Makedons­kiy (bilasiz, xalqda u Iskandar Zulqarnayn deb ataladi) yurtimizga bostirib kelganida, o'z qo'shini bilan Jayxun-Amudaryodan kechib o'tar ekan, hayratdan lolu hayron bo'lib qolibdi. Qarasa, bu qadim Baqtriya yerlari shu qadar go'zal, maftunkor, ko'm-ko'k dalalarga, yaylovlarga ega ediki, u ko'zlari yonib shunday o'ylagan ekan: “Nahot olamda mening Makedoniyamdan ham go'zalroq, obodroq joylar bo'lsa?!”

Ha, shunday edi. Bu yurt tarixi haqida ko'p gapirish mumkin. Necha ming-ming yilliklar zamirida ne-ne kechmishlar, topishishlar-u yo'qotishlar yotganini bir o'ylab ko'raylik. Alpomishlar yurti bo'lgan Surxondaryo XIII asrning boshlarida Chingizxonning halokatli bosqiniga uchraydi. Undan oldingi tarixi Kushonlar davrida, Sosoniylar davrida, so'ng arab­lar istilosi, Qoraxoniylar, G'aznaviylar, Saljuqiylar… ehhe, ne-ne bosqinlarni boshidan o'tkazmagan deysiz. Ammo ona yurtimiz afsonaviy Qaqnus qushi kabi qayta tirilib, yuksalishda davom etaverdi. Qiziqib o'qiganim yurt tarixi xususida hatto Amir Temur saroyiga kelgan Kas­tiliya qiroli Genrix III ning elchisi Klavixo kundaliklarida ham ko'p qiziq ma'lumotlar aytilgan…

— Qoyil, Ulug'bek Berdiqobilovich, hokimlarning tarixdan bu qadar chuqur ma'lumotga, bilimga ega ekanligining guvohi bo'lish juda hayratli va tahsinga loyiq, ochig'i…

— Yurt tarixi haqida so'z ketsa, har qanday kishi “tarixchi” bo'lib ketishiga sal qoladi o'zi. Endi savolingizning eng muhim qirrasiga javob beradigan bo'lsam, Surxondaryo viloyatiga muhtaram Prezidentimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonch tufayli 2022 yilning dekabr oyidan boshlab avval viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi, 2023 yildan esa hokim sifatida faoliyat yuritib kelmoqdaman. Birinchi galda Yurtboshimiz tomonidan qo'yilgan vazifa viloyat aholisining quvonchu tashvishlariga sherik bo'lish, bor imkoniyatlarni ishga solib, voha iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlash, bandligini ko'tarish, daromadlari oshishiga erishishdir. Yaxshi bilasiz, viloyatimiz O'zbekistonning janubi-sharqiy nuqtasida joylashgan bo'lib, Afg'oniston, Tojikis­ton va Turkmanis­ton davlatlari bilan chegaradosh hisoblanadi. Eng muhimi, muhtaram Prezidentimizning Surxon eliga bo'lgan cheksiz mehri, hurmati tufayli viloyatimizga doimiy e'tibor qaratib kelinayotgani tufayli eng og'ir masalalar ham yechib berilmoqda. Men esa birinchi ish kunlarimni viloyatdagi eng og'ir masalalar hisoblangan aholiga ko'proq ish o'rinlarini yaratish, ijtimoiy sohada to'p­lanib qolgan muammolarni hal qilish, yoshlarimizning zamonaviy shart-sharoitlar asosida sifatli ta'lim olishiga doir masalalar, xalqqa birlamchi tibbiy xizmat ko'rsatish sifatining yaxshilanishiga doir muammolarga yechim topish, viloyatga chet el ishbilarmonlarining sarmoya kiritishlarini qo'llab-quvvatlash, buning uchun har tomonlama qulay muhitni yanada yaxshilash, vohaning oltinga teng zaminidagi o'zlashtirilmagan tabiiy konlarni o'zlashtirishga doir ko'pdan-ko'p masalalarni hal qilishni birinchi galdagi vazifam deb e'tibor qaratdim.

Albatta, hamma ishlarni, avvalo, kadrlar hal qiladi. Shuning uchun ham viloyat tarixida avvallari yuz bermagan imkoniyatni Davlatimiz rahbari yaratib berdilar. Deyarli barcha shahar va tuman hokimlari yangidan tayinlandi. Endi ular bilan hamjihatlikda bor imkoniyatlarni ishga solib, Surxondaryoni eng obod viloyatga aylantirishimiz — bosh vazifa.

 — Juda to'g'ri ta'kidladingiz, Prezidentimiz tomonidan Yangi O'zbekis­tonni yuksaltirish asnosida Surxon yurtini ham yanada rivojlantirish, Surxon xalqining turmushini yanada farovonlashtirish maqsadida keyingi yillarda davlatimiz g'aznasidan juda katta-katta mablag'lar ajratilayotganidan xabardormiz. Ana shu boradagi amalga oshirilayotgan amaliy ishlar haqida to'xtalib o'tsangiz.

— Boya aytib o'tganimdek, faoliyatimning ilk kunlaridanoq ijtimoiy sohaga alohida e'tibor qaratgan holda hududlarda bog'cha, maktab, madaniyat uylari va shifoxonalarga birma-bir kirib chiqqanimda, ta'lim muassasalari va shifoxonalarda zarur sharoitlarni yaratish borasida bir qator muammolarni hal qilish lozimligiga shaxsan guvoh bo'ldim.

Aytaylik, maktablarda parta yetishmasligi, bog'chalarda isitish tizimini tubdan qayta ko'rib chiqish, aholiga tezkor tibbiy xizmat ko'rsatishda zamonaviy transport vositalari kamligi va ularga talab yuqoriligi, madaniyat muassasalari uzoq vaqtlardan buyon e'tibordan chetda qolayotganligi, sport ob'yektlarining achinarli holatga kelib qolganligini ko'rib, ushbu muammoli masalalarni yechish borasida alohida tizimli ishlar tashkil etildi va ana shu masalalar keyingi uch yil davomida tubdan ijobiy tomonga o'zgartirilishiga erishildi. Shubhasiz, bunday katta imkoniyatlar bevosita Davlatimiz rahbarining e'tibori, qo'llab-quvvatlovlari tufayli amalga oshirildi. Ayniqsa, oxirgi bir-ikki yil davomida viloyatda tom ma'noda qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish yili bo'ldi, desak, adashmagan bo'laman.

Xususan, keyingi bir yil davomida viloyatda jami 1823 ta ob'yektda qurilish ishlari uchun res­publika va mahalliy byudjetdan jami 2,6 trln so'm mablag' ajratildi (2022 yilda 258 ta ob'yekt­­ga 1,8 trln so'm berilgan. O'sish 144 foiz).

Qurilish ishlari olib borilgan ob'yektlar soni ham oldingi yillardagiga nisbatan 7 baravar ko'p bo'lib, shundan qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilgan ijtimoiy soha ob'yektlarining o'zi ham oxirgi 3 yilda amalga oshirilganidan ortiqni tashkil etadi.

Agarda o'tgan 2023 yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot hajmini keltiradigan bo'lsak, bu ko'rsatkich 2022 yilga nisbatan 104,4 foizga o'sib, 40,9 trln so'mni tashkil etdi. Aholi jon boshiga yalpi-hududiy mahsulot hajmi esa 14,4 million so'mga yetkazilib, o'tgan yilning mos davriga nisbatan 102 foizga o'sishi ta'minlandi.

O'tgan yili 438 million AQSh dollar hajmida xorijiy sarmoyalarni o'zlashtirish belgilangan edi, amalda esa 461 million dollarni tashkil etdi. Bu borada reja ijrosi 105 foizga uddalandi. Davlat investitsiya dasturi doirasida qiymati 503 million dollarlik 17 ta yirik lo­yiha ishga tushirilib, aynan shu orqali 900 ga yaqin yangi ish o'rinlari yaratildi.

Misol uchun, Boysun tumanida “PRB INVESTMENT CO” xorijiy ko'shma korxonasining qiymati 19 mln dollar bo'lgan quvvati 72 ming tonna sement ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.

Aholini elektr energiya bilan ta'minlash uchun To'palang GES modernizatsiya qilindi, Zarchob-2 GES hamda Sherobod tumanida Saudiya Arabistonining Masdar kompaniyasi tomonidan yiliga 500 MVt foto elektrostansiyasi ishga tushdi.

Joriy yil davomida esa 802 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar o'zlashtiriladi (2023 yilga nisbatan o'sish darajasi 174 foizni tashkil etadi).

Sariosiyo, Angor va Jarqo'rg'on tumanlarida 2 330 MVt elektr energiya ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.

30 dan ziyod yirik loyihalar bo'yicha ishlar boshlangan bo'lib, ularning aksariyati, nasib bo'lsa, joriy yilda ishga tushadi.

Xususan, Boysun tumanida “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz zavodi ishga tushiriladi, Bandixon, Qumqo'rg'on va Denov tumanlarida paxtani chuqur qayta ishlash korxonalari tashkil etiladi, Sherobod, Boysun, Oltinsoy, Denov va Uzun tumanlari tog'li hududlarida 30 dan oshiq konlarni o'zlashtirish hisobiga ko'mir, mis, kaliy va boshqa ko'plab mahsulotlar qazib olinib, ularni qayta ishlash korxonalari tashkil etiladi.

Umuman, bu masala alohida nazoratga olingan bo'lib, hali viloyatimizda o'rganilmagan hamda foydalanilmayotgan konlarimiz zaxirasi anchaligi — bu borada salohiyatimiz yuqoriligidan dalolatdir.

Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida aholi muammolarini hal etish, tadbirkorlikni rivoj­lantirish va fuqarolarning turmush darajasini yuksaltirish bo'yicha amalga oshiriladigan katta-katta loyihalarimiz kam emas.

Shuni alohida ta'kidlashni istardimki, o'tgan 2023 yil yurtimizda surxondaryoliklar yili bo'ldi, desak, adashmagan bo'laman.

Xususan, o'tgan bir yil davomida Davlatimiz rahbari viloyatimizga 3 marta tashrif buyurib, aholimizning yillar davomida to'planib qolgan ko'plab muammolarini hal qilib berdilar.

Amalga oshirilgan ishlar bo'yicha ham qisqacha to'xtalib o'tsam.

Bu jarayonda aholining asosiy muammolari hisoblangan yo'l, ichimlik suvi, elektr energiya ta'minoti masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Jumladan, 484 km avtomobil yo'llari asfalt qilindi, 1 200 km tuproq yo'llarga tosh yotqizildi va 14 ta ko'prik ta'mirlandi. 2022 yil bilan solishtiradigan bo'lsak, birgina yo'l bo'­yicha 3 barobar ko'p ishlar amalga oshirildi.

O'tgan yili qish oylarida elektr energiyadagi muammolarni hisobga olib, elektr ta'minotini yaxshilashga katta e'tibor qaratdik.

Jumladan, 823 km elektr tarmog'i tortildi, 376 ta yangi transformator o'rnatildi, 2040 km elektr uzatish tarmoqlari va 580 dona transformator mukammal ta'mirlandi.

Lekin bu borada hali muammolarimiz ko'p: viloyat bo'yicha 2,2 mingta (34 foiz) transformator ta'mirtalab, 317 mingta ustundan 152 mingtasi (48 foiz) yog'och ustunlar bo'lib, shundan 46 mingtasi (15 foiz) yaroqsiz holatga kelib qolgan.

Ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash uchun Yurtboshimiz tomonidan 16 noyabr kuni To'polang loyihasi doirasida 1-bosqichiga start berilib, 4 ta tumanning 1 mln ga yaqin aholisi toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi.

Bu ishlarni davom ettirish uchun hurmatli Prezidentimiz zarur mablag'lar ajratdilar, 2024 yil yakunigacha toza ichimlik suvini Termiz shahriga qadar yetkazib berish choralari ko'rilmoqda.

Bundan tashqari, davlat dasturi doirasida jami 1200 km tarmoq tortildi va 174 ta ichimlik suvi inshooti qurildi.

Natijada, 32 ta mahalladagi 58 ming aholi ilk bor shaffof ichimlik suvi bilan ta'minlandi, 272 ta mahalladagi 390 ming aholining suv ta'minoti yaxshilandi.

Aholining uy-joyga bo'lgan ehtiyojini qondirish uchun 2023 yilda 88 ta (shundan “Yangi O'zbekis­ton” massivlarida 49 ta) ko'p qavatli uylar qurildi va 3400 ta oila yangi uy-joyli bo'ldi. 2000 nafar fuqaroga ipoteka subsidiyalari ajratildi.

Termiz shahrining 37 ta mahallasida obodonlashtirish va tumanlar markazini zamonaviy ko'rinishga keltirish bo'yicha ishlar amalga oshirildi.

4 ta mahallada, xususan, Boysun tumanidagi “Duoba”, Sho'rchi tumanidagi “Xushchekka”, Muzrabot tumanidagi “Bog'i eram” va Uzun tumanidagi “Yangiyo'l” mahallalarida “Obod xonadon”, “Obod ko'cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish ishlari amalga oshirilib, 18 mingga yaqin aholi uchun sharoitlar yaxshilanib, 43 ta ijtimoiy va aholiga xizmat ko'rsatish ob'yektlari foydalanishga topshirildi.

2024 yilda ham bu masalalarga alohida e'tibor qaratilmoqda. 175 ta aholi punktida 470,4 km ichimlik suv tarmoqlari tortiladi, 3 ta ichimlik suv saqlash inshooti quriladi, 1,4 ming km 27 ta avtomobil yo'llari va 10 ta ko'prik ta'mirlanadi;

8400 km elektr uzatish tarmoqlari va 2150 dona transformator punktlari ta'mirlanadi.

Aholining uy-joyga bo'lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 6700 xonadonga ega 153 ta ko'p qavatli uy quriladi.

Bundan tashqari, joriy yilda har bir tumandan 5 tadan sharoiti og'ir mahallalar tanlab olinib, obodonlashtirish ishlari boshlandi, o'zining binosiga ega bo'lmagan 100 ta mahallaga yangi binolar qurish bo'yicha ishlar boshlab yuborildi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan viloyatimizga alohida e'tibor qaratilib, ijtimoiy soha va infratuzilmani yaxshilash uchun qariyb 200 mln dollar mablag' ajratish bo'yicha qaror qabul qilindi. Xususan, “O'rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida Jarqo'rg'on, Qumqo'rg'on, Sho'rchi, Denov, Sariosiyo, Uzun, Boysun tumaniga Jahon bankidan 100 mln dollar ajratildi.

Buning hisobiga:

— 331 km ichimlik suv tarmog'i va 6 ta inshoot quriladi hamda 4 ta ichimlik suvi sifatini nazorat qilish bo'yicha laboratoriyalar tashkil etiladi;

— 100 km oqova suv tarmoqlari va 9 ta inshoot yangidan bunyod etiladi;

— 56 ta maxsus texnika yetkazib beriladi;

— 320 km yo'l ta'mirlanadi, 45 km piyodalar yo'laklari quriladi va ta'mirlanadi, 1,4 mingta ko'cha yoritish tizimlari o'rnatiladi.

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida esa Islom taraqqiyot bankining 97 mln dollar mablag'i hisobidan Sherobod, Muzrabot, Angor, Boysun va Termiz tumanlaridagi 60 ta mahalla kompleks rivojlantiriladi.

Aholiga ko'rsatilayotgan tez yordam xizmatini yaxshilash uchun 90 ta yangi zamonaviy avtomashina olib kelindi.

Tibbiyot muassasalarini jihozlash uchun Davlatimiz rahbari tomonidan 50 mlrd so'm mablag' ajratilib, viloyatga zamonaviy tibbiy jihozlar olib kelinmoqda.

Bundan tashqari, tibbiyotning birlamchi bo'g'inini rivojlantirish uchun alohida e'tibor qaratilib, Angor tumanida tajriba sifatida patronaj tizimi joriy etildi. Bu tizim viloyatning boshqa tumanlarida ham yo'lga qo'yilmoqda.

Buning uchun vaqtincha ishlamay turgan 44 ta oilaviy poliklinikani ta'mirlash ishlari bosh­landi.

Yoshlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 28,1 ming nafar yoshlarga turli yordam ko'rsatildi, 17 mingga yaqin ishsiz yoshlar va 21 mingga yaqin maktab bitiruvchilarining bandligi ta'minlandi.

Ma'lumki, Yangi O'zbekistonda 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili” deb e'lon qilindi.

Yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash maqsadida Termiz shahrida “Yoshlar kichik sanoat zonasi” tashkil etildi va boshqa tumanlarda ham bunday zonalar bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Yana Prezidentimizning alohida qarori bilan viloyatda yosh tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash uchun 40 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit resurslari ajratildi.

Toshkentdan katta tadbirkorlarni taklif etib, yoshlarga biznesni yurtish bo'yicha o'z tajribalari bo'yicha biznes-forum o'tkazdik.

— Prezidentimiz ma'naviyat va ma'rifat sohasidagi ishlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimizda “Ma'naviyat sektori” faoliyatini Surxondaryo viloyati tajribasidan boshlash haqida tashabbus qildilar. Buning sababi nimada deb o'ylaysiz?

— Darhaqiqat, Prezidentimiz o'tgan yilning 16-17 noyabr kunlari viloyatimizga qilgan tashrifi davomida viloyatimiz tajribasi misolida “Ma'naviyat sektori”ni tashkil etish topshirig'ini bergan edilar. Bu birinchi navbatda Surxon eliga, uning ma'rifatli xalqiga, ziyolilariga bo'lgan e'tibori va ishonchi tufaylidir. Bu haqda Davlatimiz rahbari o'tgan yili 22 dekabr kuni poytaxtimizda bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida ham alohida ta'kidlab o'tdilar. Negaki, hozirgi dolg'ali davrda aholining ma'naviy darajasini yanada oshirish, ayniqsa, yoshlarning ongu tafakkurini o'stirish xususida so'z yuritib, “Bugun ma'naviyat boshqa sohalardan o'n qadam oldinda yurishi kerak, ma'naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!” deya ta'kidlab o'tdilar.

Chunki bugungi globallashuv sharoitida ma'naviyat, ma'rifat, ta'lim-tarbiya, ilm-fan yutuqlarisiz yuksak cho'qqilarni zabt etib bo'lmaydi.

Ajdodlarimiz ham bejiz ta'lim va tarbiyaning eng muhim omili sifatida ma'naviyat va ma'rifatga alohida ahamiyat berishmagan. Ma'naviyatli avlod hech qachon yot g'oyalarga og'ishib, o'z Vatanidan, o'zligidan kechmaydi.

Aholi, xususan, yoshlar o'rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning ijtimoiy mohiyatini tahlil qiladigan bo'lsak, ularning aksariyati ma'naviy qashshoqlik oqibatida yuzaga kelayotganligiga guvoh bo'lamiz.

Inson ongida yuzaga keladigan ma'naviy kemtiklikni iqtisodiy yo'l bilan to'ldirib bo'lmaydi. Shunday ekan, ma'naviyat oqsasa, jamiyat tanazzulga yuz tutadi.

Yoshlar tarbiyasi o'ta murakkab va mas'uliyatli, shu bilan birga, natijasi aniq ish bo'lib, bu har bir ota-onadan o'z ustida muntazam ishlashni, farzandlar tarbiyasiga oid barcha ma'lumotdan boxabar bo'lishni talab etadi. Tarbiya o'z-o'zidan bo'lib ketaveradigan ish emas. Ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shuning uchun ham Davlatimiz rahbari yoshlar tarbiyasi, inson kapitalini rivojlantirish, mahallada aholi o'rtasida muntazam targ'ibotni yo'lga qo'yish, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tizimli amalga oshirish zarurligini ta'kidlab, Termiziylardek buyuk allomalarga beshik bo'lgan ko'hna zaminda “Ma'naviyat sektori”ni tashkil etishda Surxondaryo tajribasini yaratish zarurligi bo'yicha topshiriq berdilar.

“Ma'naviyat sektori”ning asosiy vazifasi shahar va tumanlar, hududlarning ijtimoiy-ma'naviy muhitini ta'minlash bo'lib, bu borada tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining ko'maklashuvchi kollegial ishchi tuzilmasi hamda hududiy Ma'naviyat va ma'rifat kengashlarining Ishchi organi hisoblanadi.

Aniqroq aytganda, ushbu sektor oila, ta'lim tashkilotlari va mahallalarda ma'naviy tarbiyaning uzviyligini ta'minlash, shu asosda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini mus­tahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini yuritadi.

Shuningdek, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug'-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas'uliyatsiz yondashish kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Ta'lim muassasalari, mahalla, tashkilot va idoralarning ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish bilan birga, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid bo'lgan yot g'oyalar hamda dabdababoz­lik, ma'nisiz rasm-rusumlar va urf-odatlarga qarshi kurashish tashabbusini ilgari suradi.

Bir so'z bilan aytganda, bu kabi sa'y-harakatlar ma'naviy tahdidlarning mohiyatini, aholining turli qatlamlariga ta'sirini o'rganish hamda tushuntirish ishlarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

— Ulug'bek Berdiqobilovich, viloyatda ishsizlik masalasi eng og'ir muammolardan biri hisoblanishi sir emas. Bu boradagi muammolarni ijobiy tomonga yaxshilash maqsadida qanday amaliy qadamlar tashlanmoqda?

— Rost, ishsizlik masalasi katta muammo. Bu nafaqat Surxondaryo viloyatida yoki mamlakatimizda, balki dunyoning barcha yurtlariga ham tegishli dolzarb muammolardan biri desak xato bo'lmaydi. Ammo biz birinchi navbatda o'zimizning ana shu boradagi masalalarni imkon qadar va tobora ijobiy xal qilish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni ishga solishga harakat qilayapmiz, desak, ishonavering. Shubhasiz, bu masalada Prezidentimizning, ayniqsa, joriy yil 9 yanvar kuni qabul qilingan “2024 yilda yangi ish o'rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko'maklashish dasturi to'g'risida”gi PQ-7-sonli qarori dasturilamal bo'lmoqda. Unga ko'ra joriy yilda viloyat bo'yicha 377 ming 714 nafar aholi bandligini ta'minlash bo'yicha MFYlar kesimida rejalar ishlab chiqilgan. Shuningdek, 152 200 nafar kishini tadbirkorlikka jalb qilish bo'yicha mavjud imkoniyat va dastur doirasida taqdim etilayotgan moliyaviy manbalar ishga solinadi. O'zini-o'zi band qilgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash maqsadida “Biznesga birinchi qadam” loyihasi asosida bank-plastik kartalari orqali har bir ehtiyojmandga 5 million so'mgacha imtiyozli kredit berish va jami shu yo'lda 75 milliard so'm mikrokreditlar ajratish rejalashtirildi. Hozirgi kungacha tijorat banklari tomonidan 3 ming nafarga yaqin fuqarolarimizga ana shu asosda 17 milliard 250 million so'mdan ziyod kredit mablag'lari ajratib berildi. Aholini ish bilan ta'minlash bo'yicha hududlarda kasanachilik faoliyatini yanada kengaytirish, aholiga xizmat sohasini rivojlantirish, dehqon xo'jaligi uchun ijaraga uzoq muddatga yer olgan aholini kooperativlarga birlashtirish va agrigator tizimini yo'lga qo'yish, bo'sh bino-inshootlar va yer maydonlaridan samarali foydalanishni yo'lga qo'yish, eng muhimi, ish o'rinlari hisobotini doimiy yuritish, norasmiy ish o'rinlari va tadbirkorlarni soliq bazasiga kiritish, yashirin iqtisodiyotni kamaytirishga alohida e'tibor qaratish, tadbirkorlarni qog'ozda emas, amalda qo'llash va boshqa zaruriy chora-tadbirlar ko'rilmoqda.

To'g'ri ta'kidladingiz, ishsizlik masalasi, aholining mehnatga layoqatli qismini ish bilan to'liq ta'minlash masalasi juda muhim va og'ir muammo. Lekin har bir inson ishli bo'lishga haqli. Bizning gardanimizda esa ana shu muammoni yildan-yilga kamaytirish, yechish masalasi turibdi.

— Umuman, sizni rahbar sifatida viloyatdagi yana qaysi muammolar ko'proq band etayapti? Ularning yechimlari nimalarga bog'liq?

— Viloyat aholisini qiynaydigan har qanday muammo — birinchi galda mening muammomdir. Ehtimol, bu bir balandparvoz gapdek tuyu­lar. Ammo chindan ham shunday deb hisoblayman. Uzoq yillar davomida Surxondaryo xalqi toza ichimlik suvi bilan ta'minlanmagani uchun qiynalib keldi. Lekin yuqorida aytganimdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy irodasi tufayli bu muammoga yechim topib berildi. Birinchi navbatda aholining ijtimoiy muammolari: ishsiz odamlarni ish bilan ta'minlash, tibbiyotga oid masalalar, ta'lim-tarbiya, yo'llar masalasi yoxud sanoat va qishloq xo'jaligidagi eng og'ir masalalarni aytamizmi? Bugun ekologik masalalar ham har qachongidan ustuvor ahamiyatga ega. Bularning bari bilan har kuni, har doim shug'ullanishga to'g'ri keladi. Qolaversa, Prezidentimiz tomonidan, hukumatimiz tomonidan qo'yilayotgan har bir masala, topshiriq va qabul qilinayotgan farmon va qarorlar ijrosini ta'minlash bu muammo emas, balki bizga yuklatilgan yuksak mas'uliyat, ishonch desam bo'ladi. Afsuski, uzoq yillar davomida Surxondaryo viloyati bu masalalarda ancha e'tibordan chetda bo'lib kelgan edi. Garchi bu zaminda juda katta imkoniyatlar, salohiyat, eng muhimi, mard va tanti, mehnatkash odamlar yashasa-da, turli sabablar ro'kach qilinib, yirik lo­yihalarning amalga tatbiq etilishiga imkoniyat berilmagan. O'ylab ko'rilsa, bundan 7-8 yil avvalgi davrda o'tgan yigirma yilda ham vohada deyarli ko'zga ko'rinarli sanoat korxonasi bunyod etilmagan. Viloyat faqat qishloq xo'jaligiga ixtisoslashgan agrar viloyat bo'lib qolavergan. Bugun esa Rossiya, Germaniya, Avstriya, Xitoy kabi rivojlangan davlatlar bilan hamkorlikda yangidan-yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Avvallari o'ylab topilgan bahona “Surxondaryo chegara hududda joylashgan” degan “ayb” bo'lgan. Qiziq, investitsiyani rivojlantirishga xalaqit berishga chegara hududning nima aloqasi bor ekan? Aksincha, bir qancha mamlakatlar bilan chegara hududda bo'lish, aslida, imkoniyat eshiklarini ham ochib berishi mumkin-ku. Bu imkoniyat Shavkat Mirziyoyev Davlat rahbari bo'lgandan keyingina Surxondaryoga nasib etdi. O'tgan yetti yil davomida Yangi O'zbekistonda Surxondaryo yorug' o'zgarishlarga yuz tutdi. Lekin hali qiladigan ishlar juda ko'p.

— Viloyatda asosan milliy kurash, boks, shaxmat singari sport turlari rivojlangan. Buni sportning ushbu turlarida erishilayotgan natijalar ham aytib  turibdi. Biroq nazarimizda, futbol bo'yicha surxondaryoliklar bugun maqtana olmaydi. Bir zamonlar ancha mashhur bo'lgan “Surxon” klubining bugungi darajasi va ertasi haqida o'ylab ko'rdingizmi?

— Aytish joizki, o'zbek futboli rivojida Surxondaryo viloyatining ham o'z o'rni bor. Surxon vohasidan yetishib chiqqan taniqli futbolchilar o'z davrida mamlakatimizning yetakchi klublarida to'p surishgan. Jumladan, Ravshan Bozorov, Baxtiyor Bozorov, Alisher Bozorov, Abdumajid Tairov, Mas'ud Tairov, Otabek Shomurodov, Ilhom Shomurodovlar o'z vaqtida O'zbekiston chempionatlarida to'p surib, o'zbek futboli rivojiga o'z hissasini qo'shgan.

Bugungi kunda Italiyaning “Kalyari” klubida to'p surayotgan Eldor Shomurodov ko'rsatayotgan yorqin o'yinlar mamlakatimizning, millatimizning barcha muxlislarini birdek hursand qilib kelmoqda.

Afsuski, Surxondaryo salkam 15 yil davomida katta futboldan uzoqda qolib ketgan edi. “Surxon” jamoasi so'nggi bora 2005 yili O'zbekiston chempionati Oliy ligasida ishtirok etgan va moliyaviy qiyinchiliklar sabab, musobaqalarni tark etgan.

2019 va 2023 yillari “Surxon” jamoasi O'zbekiston Superligasi bahslarida ishtirok etib, o'z tarixida ilk bora faxrli 6-o'rinni qo'lga kiritdi. Bundan butun Surxondaryo xalqi xursand bo'ldi.

2022 yili Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Surxon” futbol klubi bosh homiysi etib “Erieel” kompaniyasi tayinlandi. Ushbu kompaniya rahbari Baxtiyor Shuhratovich Fozilov va Surxondaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda hozirgi paytda viloyatimizda sportning futbol turiga juda katta e'tibor qaratilmoqda.

Jahon futbolida yaxshi va sifatli futbol — bu, albatta, birinchi navbatda sifatli o'yin maydonini talab qiladi. Iqtidorli futbolchilarimiz esa kam emas. Shu bois, “Surxon” futbol klubi uy uchrashuvlarini o'tkazadigan “Surxon” arena o'yin­gohini OFK talabiga javob beradigan bir qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan:

— “Surxon” futbol klubi jahondagi eng ilg'or kompaniya hisoblanadigan “PHILIPS” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo'lga qo'yib, “Surxon” arena o'yingohi yoritkichlari OFK talablariga mos tarzda ta'mirlanganini ta'kidlab o'tishim joiz. Ayni paytda “Surxon” arena yoritish tizimi 1800 lyuksni tashkil etmoqda. Bu bevosita OFK talabiga mos deganidir. Shu kungacha stadionning yoritish tizimi 128 lyuksni tashkil etgan edi. Endi bemalol futbol uchrashuvlarini kechki paytda ham o'tkazish imkonini beradi. Uchrashuvlarning kechki paytda o'tkazilishi esa, stadionga muxlislarni ko'paytirishi tabiiydir. Bundan tashqari “Surxon” arenasidagi o'rindiqlar to'liq yangisiga almashtirilmoqda. O'rindiqlar Xitoy davlatidan keltirildi va hozirgi kunda o'rnatish ishlari boshlab yuborildi. Shuningdek, maydon chimi ham butunlay yangisiga almashtirildi. Maydon chimi bo'yicha “Navbahor”, “Andijon”, “So'g'diyona” va bosh­­qa o'yingohlarni OFK talabiga mos ravishda ta'mirlagan O'zbekistondagi eng kuchli mutaxassislardan biri Uchqun Tillayev bilan yaqindan hamkorlik qilindi. Bugun maydon chimi juda ideal holatga keltirilgan va bu futbolchilar to'p surishi uchun juda qulaydir;

— “Surxon” jamoasi uy uchrashuvlarini o'tkazadigan “Surxon” arena o'yingohida mezbon va mehmon jamoa uchun mo'ljallangan kiyim almashtirish xonasi ham OFK talabiga mos ravishda qayta ta'mirdan chiqarildi. O'zPFL monitoring ishchi-guruhi tomonidan o'tkazilgan tekshiruvda kiyim almashtirish xonasidagi zamonaviy o'rindiqlarga yuqori baho berilgan. Uchrashuv hakamlari va uchrashuv komissar xonalari ham qayta ta'mirdan chiqarildi.

Bir so'z bilan aytganda, “Surxon” arena o'yin­gohida juda keng ko'lamdagi ishlar davom etmoqda. Yaxshi o'yin uchun shunga munosib sharoit ham kerak. Biz ishonamizki, yaqin yillar ichida viloyatimizdan yangi Shomurodovlar, Toirovlar, Do'rmonovlar chiqadi.

— Surxondaryo, yuqorida aytganingizdek, yuksak ma'naviy ildizlarga ega yurt. Shuning­dek, yuksak iqtidorli insonlarni kamolga yetkazgan voha hisoblanadi. Viloyatda yetishib chiqqan ma'naviyat fidoyilari, iqtidorli insonlar haqida nima deya olasiz?

— Ha, ulug' Termiziylar vatani bo'lgan Surxon voxasidan juda ko'p iqtidorlar, shoir va yozuvchilar, rassomlar yetishib chiqqan. O'zbek adabiyotida Shukur Xolmirzayev, Tog'ay Murod, Tesha Saydaliyev, Ro'zi Choriyev, Usmon Azim, Erkin A'zam, Mengziyo Safarov, Norqul Hayitqulov, Sirojiddin Sayyid, Nodir Normatov, Shafoat Rahmatulla Termiziy, Mirza Kenjabek, Eshqobil Shukur, Azamat Hotamov singari el tanigan yozuvchi-shoirlar, musavvirlar yoki Mahmud Namozov, Hosila Rahimova, Sayyora Qoziyeva, Ravshan Namozov, Sayyora Qosimova, Samandar Alimov singari mashhur san'atkorlar, Shoberdi baxshi Boltayev, Xushboq baxshi Mardonaqulov, Abdunazar baxshi Poyonov kabi bir qancha O'zbekiston xalq baxshilarini sanab o'tsak arziydi. O'ylaymizki, bugungi kunda ham ko'plab yoshlarimiz orasida iqtidorli hamyurtlarimiz kam emas. Ularning ijodi bilan hamisha faxrlanamiz.

— Bugun matbuot nashrlariga turlicha munosabat bildiriladi. Shu jumladan, bu haqda turli rahbarlarning fikrlashi, munosabati ham har xil. Sizning matbuotga, xususan, gazeta-jurnallarga munosabatingiz qanday?

— Matbuot nashrlariga munosabatim ijobiy. To'g'ri, bugun tezkor davr. Internet misli ko'rilmagan darajada rivojlangan. Bir paytlardagidek yangiliklarni odamlar gazeta va jurnallardan o'qib bilishmaydi. Hozir sanoqli soniyalarda dunyoning narigi chekkasida sodir bo'lgan voqeadan qo'lingizdagi telefon orqali xabardor bo'lishingiz mumkin. Ammo bu degani gazeta va jurnallardan, kitobdan voz kechish kerak degani ham emas. Yurtboshimiz shu sababdan OAVlarni doimiy qo'llab-quvvatlab kelmoqdalar deb o'ylayman. Gazeta va jurnallarning o'rni baribir boshqa. Ularni mutolaa qilgan kishi internet va ijtimoiy tarmoqlardan ba'zi hollarda ustun bo'lgan jihatlarini, farqini darrov biladi. Bilim va tafakkurni charxlayman degan kishi, albatta, vaqtli matbuotni, kitoblarni o'qib borishi kerak. O'zim haqimda gapiradigan bo'lsam, mamlakatimizdagi yetakchi nashrlarni doimiy kuzatib, o'qib boraman.

— Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur.

Suhbatdosh:

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Toshtemir TURDIYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × three =