Sariosiyoda yoshlar bog'i

Vatanparvarlik, elparvarlik, jo'mardlikning maqomi   hamisha   baland bo'lgan. Muborak Ramazon   oyining ilk haftasida voha ahli   ana shunday xayrli   va savobli ishga guvoh   bo'ldi. Sariosiyo tumanining   Mirza Ulug'bek nomli   mahallasida dunyoning eng rivojlangan davlatlarida ham uchratish qiyin bo'lgan, barcha qulayliklarga ega “Yoshlar   bog'i”—ma'rifat majmuasi xalq   xizmatiga topshirildi.

 

Shuni alohida   ta'kidlash lozimki, bu shunchaki el ko'zi, yoki xo'jako'rsinga emas, balki yurtimga, yurtdoshlarimga   bir umrlik esdalik bo'lsin, deb peshona   teri, qalb qo'ri bilan bunyod etilgan   maskan ekanligini   ma'naviyatli kishi darhol   his etadi. Yoshlar bog'ida zamonaviy   bolalar o'yingohi, ellik   o'rinli kinoteatr, ayniqsa, kechki payt bu   yerga tashrif buyuradigan bolalarga,   ota-­onalarga   betakror huzur baxsh etuvchi musiqali favvorani   ko'rib qalbingiz iftixorga limmo-lim bo'lishi tabiiy.

Biz bejiz ma'rifat maskani demadik, bog'ning qoq   markazida savlat to'kib turgan kutubxona ayni paytda yoshlarning   eng sevimli go'shasiga   aylanib ulgurgani ham bunga bir dalil.

Sababi yangi kutubxonada   38 mingdan ortiq har xil badiiy   asarlar, 52 ming nusxadan ziyod   kitoblarning esa elektron   nusxalari mavjud bo'lib, ular   o'quvchilar ixtiyoridadir. Bundan tashqari,   o'quv zalida bir yo'la 120 nafar, kun davomida esa 600 nafar kitobxonga sifatli xizmat ko'rsatish   imkoniyati mavjud. O'quvchilar esa qiroatxonada o'rnatilgan katta   monitor va tunu kun ishlaydigan internet tarmog'idan   bepul foydalanishadi. Xo'sh, kitob   o'qiyman, bilimimni oshiraman, yetuk mutaxassis bo'laman, degan yoshlar uchun   yana nima kerak!

— Bunaqasini hali sariosiyoliklar ko'rmagan, — deydi faxriy   jurnalist Musulmon Tilakov. — Bunday imkoniyatlar bizning davrimizda tushimizga ham kirmasdi. Bu ham yoshlarimizning baxti, omadi. Yoshlarimiz oldidagi   galdagi vazifa bu qulayliklardan oqilona foydalanishdir.

Bu hali hammasi emas.   Yoshlar bog'ini haqiqiy   saylgoh desa ham bo'ladi.   “Yashil makon” umummilliy   loyihasi doirasida 18 ming kvadrat-metrga Turkiyadan   keltirilgan sakkiz yuz tupdan ziyod manzarali va yigirma mingdan ortiq dilochar gul   ko'chatlari ekilgan. Bu   daraxt nihollari va gullar u yerda bunyod etilgan sun'iy ko'lga, ovqatlanish   hamda xizmat ko'rsatish majmualariga alohida fayz, shukuh, tarovat baxsh etib turibdi.

Yana aytmoq joizki,   senator Abdug'ani Sanginov   tashabbusi bilan tashkil etilgan 3 gektarlik Yoshlar bog'i nafaqat Sariosiyo tumani bag'rida uzukka qo'yilgan gavhardek yarashib turibdi, balki kelgusida katta bayram tadbirlarini, xalqaro anjumanlarni   o'tkazadigan barcha qulayliklarga ega betakror maskan bo'lib qolishiga shubha yo'q.

 

“Boysun bahori” dunyoni chorlaydi

 

Mustaqil   O'zbekistonning har bir viloyati   o'zining milliy qadriyatlari, ma'naviy- madaniy ramzlari (brendi)ga   ega ekanligini   dunyo   davlatlari va xalqlari allaqachon e'tirof etganlari   quvonarli   hol. Ana shulardan biri “Boysun bahori” xalqaro folklor fes­tivalining tizimli o'tkazib kelinishidir. Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining qaroriga   ko'ra navbatdagi xalqaro   fes­tivalni joriy yilning 7-8   may kunlari bo'lib o'tishi mo'ljallangan. Ayni paytda Surxon vohasida o'nlab xorijiy davlatlardan mehmonlar kelishi kutilayotgan bu madaniy anjumanni ko'ngildagidek o'tkazishga tayyorgarlik ishlari qizg'in bormoqda.

Xalqaro anjumanni o'tkazishga   mas'ul bo'lgan ijodiy jamoalar, tajribali ssenaristlar, rejissyorlar,   baletmeysterlar, sahna   rassomlari, dizaynerlar bor imkoniyatlari va mahoratlarini safarbar   etishyapti. Maqsad festivalni yanada betakror tarzda tashkil etib, xalqimizga, xalqaro mehmonlar hamda sayyohlarga taqdim etishdan iborat.

— Festivalda har bir   folklor jamoalarining chiqishlari, milliy sozlar, liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san'at asarlari ko'rgazmalari, etnosport bellashuvlari, uloq-ko'pkari, kurash   musobaqalari, dronshoular o'tkaziladi, — deydi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan   san'at arbobi, xalq artisti   Rustam Hamidov. — Shuningdek, ko'rik- tanlovlar, musobaqa   g'oliblarini munosib taqdirlash tadbirlari tantanali   tarzda bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, milliy urf- odatlarimiz, qadriyatlarimiz bu   xalqaro folklor anjumanida   bo'y- bastila namoyish etiladi.

Xullas, Boysun   tumanining Padang qishlog'i kengliklarida yuzta o'tov tikiladi. Mas'ul vazirliklar, boshqarmalar, hokimliklar vakillari xalqaro   folklor festivalini badiiy yuksak   darajada o'tkazishni ta'minlash uchun barcha imkoniyatlarini ishga   solishmoqda, desak mubolag'a   bo'lmaydi.

Ha, xalqaro anjuman tantanalari   boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Aziz yurtdoshlar va aziz mehmonlar, Surxon diyorida   “Boysun   bahori ” xalqaro folklor festivalida   ko'rishguncha, deb qolamiz!

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 3 =