Siyosat (Voqeiy hikoya)

Sultonmurod OLIM

 

SIYoSAT

(Voqeiy hikoya)

Osh – o'zbekning joni. Talaba bo'lganimdan keyin onamning oshlarini shunday sog'indimki… Bir gal bir saboqdoshimiz osh damladi, yarmi – qovurmoch, yarmi – shavla bo'lib chiqdi. “Bu gal uyga borganimda onamdan osh damlashni obdon o'rganib olaman!” – deb ahd qildim. Shu-shu, qaerda osh damlanayotgan bo'lsa, iloji boricha, kapgirni birovga bergim kelmaydi. 40 kilogacha damlaganman, ishqilib.

1976 yili o'qishni bitirib, uyga borsam, Olimxon bobom ming chaqirimdan – Farg'ona vodiysidan Buxoroga kelib, hovlimizga fayz kiritib, davraga nur sochib o'tirgan ekanlar.

Bir kuni yonlariga chaqirib:

– O'g'lim, onangiz otangizning topganini qirq yildan beri harom qilib yuribdilar, – dedilar.

Onam sakkiz yilcha farzand ko'rmagan oilaning to'ng'ichi, o'g'il ko'rmagan ota-onaning ikki erka qizidan biri, o'zbek tili va adabiyoti muallimasi, uncha-buncha buxoroliklarda uchramaydigan darajada hazilkash, qaynatalari bilan mutoyiba qilib ketaveradigan erka kelin edilar. “Obbo, – deb o'yladim o'zimcha, – onam biror bundayroq gap aytib yuborib, bobomni ranjitib qo'­yibdilar-da”.

– Xo'sh, nima bo'ldi? Qanaqasiga onam dadamning topganlarini harom qilib yuribdilar? – deb so'radim. “Jurnalist” degan imtiyozli diplom olgan yigitchaning o'sha paytdagi bodiligini tasavvur qilayotgan bo'lsangiz kerak, albatta.

– Onangiz oshni eplab pishirolmaydilar. Lekin: “Oshim ‒ andoq, oshim ‒ mandoq!” – deb maqtanganlari maqtangan. Bir nima deya olmasam. Darrov gapimga gap to'qiydilar. O'lganimning kunidan yeyman-da, bolam. Anavi, rayONO mudiriga kelin bo'lgan singlingiz ham – onasining qizi. Olmaning tagiga olma tushadi-da. Oshni eplolmaydi, desangiz. Pishirgani – naqd shovlaning o'zi. Guruchlari shalvirab ketadi. O'lganimning kunidan yeyman-da, bolam. Yemay, desam ‒ och qolsam. Endi o'zingiz bir g'ayrat qilsangiz. Bundoq piyozlarni qizartirib, a, farg'onacha-toshkentcha qilib bir osh damlamasangiz, bo'lmay qoldi, o'g'lim. Yoshni Xudo asraydi, qarini – taom-da. Sizning oshingiz bosh­qacha-da, o'zi. Dadangiz ayvondagi karavotning tagiga o'rikning o'tinlaridan ham yig'ib qo'ygan ekanlar…

Bu gaplarga erimagan – kesak. Belni “besh joyi”dan boylab, yenglarni yetti shimarib, ertalabdan taraddudni boshlab yubordim-ku. Eng muhimi, bu ish har ikki kunning birida aynan takrorlanib turdi.

Orada Toshkentdan qo'ng'iroq bo'lib qoldi (Qishlog'imizda faqat bizning uyda 1957 yildan beri telefon bor edi). G'aybulla Salomov domla izlashtir­yaptilar ekan. Kaminaga ish topib qo'ygan emishlar.

Bobomdan duo olib, qanot chiqarganday Toshkentga uchdim-ku. Fanlar akademiyasining hozirgi O'zbek tili, adabiyoti va folklori institutining o'sha paytdagi direktori Matyoqub Qo'shjonov universitet kaminani qaerga ishga jo'natganini surishtirdilar. Aytdim. Shunda Buxoro viloyati partiya qo'mitasidan rozilik xati   olib kelishim lozimligini uqtirdilar. O'sha kuniyoq orqaga qaytdim.

Otam hovlimizdan chorbog'imizga chiqadigan joyga bobom uchun maxsus ayvon soldirib qo'ygan edilar. Hech kimga bilintirmay hovliga kirib borib, syurpriz qilish uchun chorboqqa chiqadigan eshikdan mo'ralasam, bobom o'sha “taxt”larida yostiqlarni qo'ltiqlab o'tiribdilar-u, kim bilandir gaplashyaptilar. Quloq tutsam, singlim kelgan ekan. Ayvon atroflarini supirib-sidirib yuribdi.

Mana, boboyu nevara o'rtasida bo'lib o'tgan o'sha suhbat:

– Qizim, onangiz otangizning topganini qirq yildan beri harom qilib yuribdilar.

– Xo'sh, nima bo'ldi? Qanaqasiga onam dadamning topganlarini harom qilib yuribdilar.

– Onangiz oshni eplab pishirolmaydilar. Lekin: “Oshim ‒ andoq, oshim ‒ mandoq!” – deb maqtanganlari maqtangan. Bir nima deya olmasam. Darrov gapimga gap to'qiydilar. O'lganimning kunidan yeyman-da, bolam. Anavi, Toshkentda o'qib kelgan mahmadana jurnalist akangiz ham – onasining o'g'li. Olmaning tagiga olma tushadi-da. Oshni eplolmaydi. Pishirgani – naqd qovurmoch. Guruchlari – toshday. O'lganimning kunidan yeyman-da, bolam. Yemay, desam ‒ och qolsam. Endi o'zingiz bir g'ayrat qilsangiz. Bundoq buxorocha qilib, juvoz yog'iga bir osh damlamasangiz, bo'lmay qoldi, qizim. Yoshni Xudo asraydi, qarini – taom-da. Sizning oshingiz boshqacha-da, o'zi. Siz pishirgan oshni yesam, ochig'i, bir osh yeganday bo'laman-da.

Shu gap ustiga:

– Assalomu alaykum! – deb, bostirib kirdim-ku.

Achomlashib so'rashib bo'linganidan keyin, men ham qo'yadiganlardan emas, mullo Olimxon bobomni “o'q”qa tutdim-ku:

– O'rtoq Topildiyev, To'raqo'rg'on taraflarda ham tut urug'i bo'ladimi?

O'z nevarasining qochirimini o'z bobosi tushunmaydi, deysizmi?

– Tut urug'ini nima qilasiz, bolam, hozir yoz bo'lsa, tutni ko'k­lamda ekadilar-da.

– “Tut urug'i”ni tez aytsangiz, “tuturuq” bo'larkan, deyman-da. Bu deng rayONO mudiriga kelin bo'lgan singlimiz ham onasining qizi edi, olmaning tagiga olma tushgan edi, oshni eplolmas edi, pishirgani – naqd shovlaning o'zi, guruchlari shalvirab ketar edi, o'lganingizning kunidan yerdingiz, yemay, desangiz, och qolib ketar edingiz-ku!?

– Eh, bolam-a, bolam, – dedilar shunda bobom. – Universitetda besh yil ko'p gapni o'qibsiz-u, aql kirmabdi-da, attang-a. Axir, shunday qilmasam, bu qari cholni kim boqadi? Onangiz bilan singlingizning oshini yomonlab, siz pishirgan palovni maqtayman. Bundan erib ketib, sidqidildan pishirasizmi, axir?   Onangiz bilan sizning oshingizni “yomonlab”, singlingiz pishirgan palovni maqtayman. Bundan erib ketib, sid­qidildan pishiradimi, axir? Ertaga, mana, siz ham Toshkentingizga ravona bo'lasiz, sing­lingiz ham erinikiga ketadi. Ana undan keyin onangizga nima deyishimni bitta o'zim bilaman, o'lsam, sizlarga aytmayman.

Nima, shu nevara aytmaganlariga qo'yadiganlardanmi? Ayttirdim:

– Onangizga yana boshqacha gapiraman. Siz – kelinjon, daraxtning tubi, bolalaringiz – shox, deyman. Qachon shox tub bo'libdi, axir?! Ikkalasi pishirgan osh ham bo'lmaydi. Anavi, Toshkentda o'qib kelgan mahmadona jurnalist o'g'lingiz pishirgan osh osh emas, naqd qovurmoch, guruchlari – tosh­day. O'lganimning kunidan yeyman-da, bolam. Yemay, desam ‒ och qolsam. Anavi, rayONO mudiriga kelin bo'lgan qizingiz ham, ochig'i, erining topganini harom qilib yuribdi. Oshni eplolmaydi. Pishirgani – naqd shovlaning o'zi. Guruchlari shalvirab ketadi. O'lganimning kunidan yeyman-da, bolam. Yemay, desam ‒ och qolsam. Endi o'zingiz bir g'ayrat qilsangiz. Bir buxorocha qilib, qizil sabzilardan aralashtirib, guruchini qaynagan suvga obdon ivitib, juvoz yog'iga bir osh damlab bersangiz. Oshni sog'inib ketdim-da, qizim. Anchadan beri osh yeganday bo'lganim yo'q, deyman-da. Shunday qilmasam, bu qarini kim boqadi, axir?..

– Madrasada sizlarga bosh­qacha ta'lim bergan ekan-da, a, bobo? Biz ham “o'qidim” deb yuribmiz ekan-da-a?! ‒ dedim.

– Sizlarga ilm o'rgatgan, bizga siyosatni ham. Ilm haqiqat izlaydi, siyosat maqsad-da, bolam…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − seven =