To'rt “aka-uka” yoki istarasi issiq kitoblar

Ko'pjildliklar nima uchun tuziladi? Ularga jamlangan barcha asarlar avval gazet-jurnallarda, keyin kitob holida nashr etilgan-ku. Kerak odam o'shalarni olib o'qiyveradi-da. Yana qayta chop qilishga ehtiyoj bormi?

Men dastlab shunday fikrda edim. Bir necha yil bo'ldi – fik­rim o'zgargan.

Ko'pjildliklar kerak! Unga ehtiyoj bor!

Bunday fikrga kelishimga Pushkin, Lermontov, Lev Tolstoy, Chexov, Sholoxov kabi rus yozuvchilari, Oybek, Abdulla Qahhor, G'afur G'ulom, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev singari o'zbek adiblarining ko'p­jild­liklari sabab bo'lgan. Ko'pjildliklarni o'qiganda yozuvchining bor-butun qarashi, fikr dunyosi, falsafasi, boringki, mahorati to'la, yaxlit holda namoyon bo'ladi.

Shu o'rinda kichik chekinish. Bir vaqtlar Lev Tolstoy ijodi bilan biroz shug'ullanganman. Ulug' adibning 90 jilddan iborat to'la asarlar to'plamiga havas qilganman. Unda Tolstoyning barcha asarlari, asarlarining variantlari, xatlari, qo'­yingki, bu donishmand cholga tegishli barcha narsa jamlangan. O'shanda shunday fikr kechgan xayolimdan: “Nega bizda shu tajriba yo'q? Nima, o'zbek adiblari asarlarini bir o'tirishda yozib tashlaganmi, variantlari yo'qmi, tahrir qilmaganmi? Ustoz yozuvchilarimiz har bir jumla, hatto har so'z ustida qayta-qayta ishlaganini eshitganmiz, o'qiganmiz, ayrimlariga guvoh ham bo'lganmiz-ku. Yoki bizning yozuvchilarimiz xat-noma yozmaganmi? Yozgan! Bunga misollar ko'p…”

Tasavur qiling: bir yigit voyaga yetib, uylanadi – ro'zg'or quradi, bola-chaqali bo'ladi. Vaqti-soati bilan farzandlari ham uyli-joyli bo'ladi. Yoshi bir joyga borganda o'g'il-qizlarini, kelinu kuyovlarini, nevarayu evaralarini to'playdi. Qarasa, yigirma-o'ttiz chog'liq katta oila. Ular turli yoshda, turli fe'l-atvorli, har xil qiyofada. Ammo barchasining tomiri bir – qirq-qirq besh yil burun siriqday yigit bo'lgan, bugun keksalik gashtini (gasht deyish joiz bo'lsa) surayotgan oqsoqolga borib taqaladi.

Bir joyga to'plangan mana shu katta oilaning yaxlit ko'rinishi qanday go'zal, naqadar havas qilgulik!

Men ko'pjildlikni bir joyga jam bo'lgan ana shu katta oilaga o'xshataman. Zero, ijodkorning asarlari – uning “farzandlari”. Har bir o'g'il-qizi dunyoga kelganda qanchalar suyunsa, har asari bitganda ham shunchalik quvonadi ijodkor…

Yaqinda O'zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A'zam to'rt jildlik “Tanlangan asarlar”ini taqdim etdi. Bu to'rt kitob, yuqoridagi mengzashdan qaralsa, to'rt “aka-uka”dir. Ularning hammasi “serfarzand”. Bu kitob­larni varaqlab o'tirib ko'pjild­liklar kerak, degan fikrim to'g'ri ekaniga yana bir bor iqror bo'ldim.

Avvaldan aytib qo'yay, maqolamizda Erkin A'zam ijodini tahlil qilish, to'rt jild­­likka taqriz bitish maqsadi yo'q. Yozuvchining asarlari haqida maqolalar, ilmiy tadqiqotlar, kitoblar yozilgan. Buni adibning o'zi ham e'tirof etadi. Mana shu ko'pjildlikka yozgan so'zboshida u bunday deydi: “Shusiz ham “menshunos”lar (Erkin A'zamshunoslar – M.H.) yetarli, biri kamina to'g'risida kitob-risolalar bitgan, yana biri dissertatsiya himoya qilgan”. Bunday tadqiqotlar hali ko'p yoziladi. Shu bois “a'zamshunos”likni davom ettirishni o'sha “shunoslar”ga qoldiramiz. Chumchuq so'ysa ham qassob so'ysin-da, nima dedingiz? Ushbu qoralamalarni bitishdan muddao yozuvchi Erkin A'zam ijodiga bir qur nazar tashlash, asarlaridan olgan taassurotlarni oddiy o'quvchi sifatida bayon qilish, shu asnoda ko'ngilda tug'ilgan ba'zi fikrlarni baham ko'rish, xolos.

Avvalo, ko'pjildlikning tartib berilishi e'tiborni tortadi. Nihoyatda did bilan, asarlarning yaratilish davri inobatga olinib tartiblangan. Ortiqcha hasham, be­zaklar, hatto suratlar ham yo'q. Erkin A'zam tutimi, fe'l-atvori bilan tanish bo'lgan kitobxon buning boisini darhol anglaydi. Adibning “Yozuvchining bog'i” kitobiga so'ngso'z yozgan O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid buni chiroyli tasvirlagan: “Dastxat berish uchun ham katta tadbirga hozirlanayotgandek astoydil tayyorgarlik ko'radi. Stol ustini keraksiz qog'ozlardan obdon tozalab, kuldon, choynak-piyola va telefonlarni bir chetga qo'yadi, so'ngra hafsala bilan artib sidiradi. Izidan kaftini bir sidra yurgizib bo'lgach, stolning keng, ozoda sathini yana bir karra erinmay puflab chiqadi. Bu jiddiy tadorik anchagacha davom etgach, nihoyat maqsadga ko'chiladi. Taxminan kichikroq bir hikoyaning tahririga ketadigan vaqt o'tgach, alal-oxir qisqagina dastxat dunyoga keladi: “Aziz inim… Akang senchalik kitob yozolmasa kerak. Bori-da! O'qirsan”.

Shugina dastxatni yozish uchun shuncha tayyorgarlik ko'rgan bo'lsa, bu to'rt kitobni (har biri besh yuz betdan ziyod) tayyorlaguncha qancha tadorik ko'rdi ekan?!

Yo'q, bu injiqlik emas, oliftagarchilik ham emas. Mas'uliyat! So'zga, kitobga va kitobxonga nisbatan mas'uliyat! Har bir so'zning javobi borligini teran anglash mas'uliyati.

O'rnak olgulik, havas qilgulik misolmi?!

Qisqagina dastxat bitish uchun stol obdan tozalangani adib ozodalikka, tartibga nihoyatda qat'iy rioya qilishidan darak. Zero, tozalik, ozodalik, tartib-intizom – barakaning muhim omili.

Shu bois Erkin A'zamning to'rt jilddan iborat “Tanlangan asarlar”ini qo'lga olgan o'quvchining dili ravshan tortadi. Chunki bu kitoblarning istarasi issiq, kitobxonni o'ziga jalb etadi. Va ularni beixtiyor o'qishga kirishadi, ko'nglidan ajib tuyg'ular kechadi. Go'zallikni ko'rganda hayrat ila nimalardir degisi, bir narsalar yozgisi kelgani kabi ushbu kitoblar haqida ham bir nimalar bitgisi keladi. Aslida mana shu qoralamalar ham o'shanday tuyg'u-taassurotlar “mevasi”…

To'rt jildlik hikoyalar bilan boshlanadi. Keyin qissalar, kinoqissalar, dramatik asarlar, roman. To'rtinchi jild “Eski daftar” deb umumiy nomlangan o'n ikkita hikoya bilan yakunlanadi. Ular birinchi marta kitobga kiritilishi. Bu hikoyalar hali adabiyot olamida tanilmagan yosh qalamkash tomonidan yozilgan. Buni hikoyalar yozilgan sana aytib turibdi. Masalan, ushbu turkumdagi birinchi hikoya “Sabil” 1969 yilda yozilgan. Demak, u paytda Erkin 19 yoshda bo'lgan. Qolganlari ham o'sha yillar mahsuli. Bu hikoyalar to'rt jildlikka shunchaki, kitobni to'ldirish uchun kiritilmagan. Tajribali, taniqli, xalq yozuvchisi Erkin A'zam yosh yozuvchi Erkin A'zamov bitiklarini obdon g'alvirdan o'tkazib, yuragi jizillagani, bugungi talab bilan qaraganda ham o'ziga ma'qul bo'lgani uchun kiritgan. Bugun nimani bersam jurnalu nashriyotlar jon deb chiqaraveradi, chunki Erkin A'zam degan nomim bor deb yondashganida ushbu ko'pjildlik to'rt kitob emas, ehtimol yana shunchaga ko'payar edi. Adibning o'zi bu haqda shunday yozadi: “Kechagi mudhish “chilla” (pandemiya karantini) kunlari uyda o'tirib qog'oz bisotimni titkilaganimda dasta-dasta qissayu hikoya chiqdi. Ko'plari tamom xotiramdan ko'tarilib ketgan, xatim tanishligini aytmasa, ayrimlarini o'zim yozganimga ham ishonolmadim. O'ziyam qip-qizil grafoman – yozag'on bo'lgan ekanman-da!”

 

Xo'sh, Erkin A'zam asarlari nega o'qishli, nega kitobxon sevib mutolaa qiladi? Dolzarb mavzular ko'tarilgani uchunmi, hayotiy voqealar tasvirlangani sababmi, “odamlarning tili uchida turgan gaplar” (A.Qahhor) aytilgani boisidanmi? Ha, shunday! Bu ta'rifu tavsiflarni yana davom ettirish mumkin. Men bular qatoriga, balki eng oldiga Erkin A'zam asarlari tilini qo'ygan bo'lar edim. Bu til – ochiq-dangal, dadil, shakaru asali ham, qalampiru murchi ham bor til, “Anoyining jaydari olmasi” deganday jaydari til, sun'iylik yo'q, kitobiylik yo'q. Erkin A'zam qahramonlari inson hayotda qanday gapirsa shunday gapiradi. Har bir personaj o'zi yashayotgan joy shevasida, kasbi-kori leksikonida so'zlaydi. Badiiy asar shunday bo'lishi kerak-da, deysizmi? To'g'ri, shunday bo'lishi lozim, buni hamma biladi, ammo hamma yozuvchi ham bunga amal qilmaydi, aniqrog'i, amal qila olmaydi.

 

Erkin A'zam kitobini o'qisangiz qahramonlari siz bilan gaplashayotganday tuyuladi, ularni “taniysiz”, ie, bu falonchi-ku, yozuvchi bu odamni qaerdan bilar ekan, deb yuborasiz. Bir-ikkitasini esingizga solaymi? Navoiyni o'qigan bolalar (Janob, Malika va asosiy qahramon) sizga tanishmi? Tanish, shunday voqealar kimning boshidan o'tmagan? Asqarni ham bilasiz, Ahmadxonov bilan o'chakishib yuradigan shartaki talaba-chi? Esladingizmi? Ha, barakalla! Bolta Mardonni aniq taniysiz, qish­log'ingizdagi oqsoqol-da, Erkin A'zam o'shani yozgan. Ishonmasangiz o'zidan so'rang. Farhod Ramazonni shaxsan tanimasangiz ham televizorda ko'p ko'rgansiz…

Etarli-ya, hammasini birma-bir sanab chiqish shart emasdir.

Darvoqe, yana bir gap. Bu yozuvchining xohlagan asarini o'qishga tutinsangiz oxiriga yetmaguncha o'rningizdan turolmaysiz. Istasangiz sinab ko'ring. Mana, to'rt jild kitob. Erkin A'zamning deyarli bor bisoti shunda jam. O'quvchilarga qulay bo'lsin degan-da.

Bular hazil emas, chin gaplar, jiddiy mulohazalar.

Ochig'i, bugungi kun adabiyotimizda qahramonlari tirik odam sifatida ko'rinadigan asarlar kam. Ba'zi kitoblarni varaqlab, tilga e'tibor shu darajada susayib ketganidan achinadi odam.

Shularni o'ylaganda Hamza, Qodiriy, Cho'lpon, Oybek, G'afur G'ulom, Odil Yoqubov, Said Ahmad, Asqad Muxtor kabi ustoz­lar qatori Erkin A'zam, Murod Muhammad Do'st, Xayriddin Sulton singari tengdoshlarimiz asarlarini qayta-qayta o'qigingiz, go'zal, boy, jozibador ona tilimiz lazzatidan bahramand bo'lgingiz kelaveradi…

Erkin A'zam dastlabki hikoya, qissalari bilanoq o'ziga xos uslubini namoyon etdi. Bu ozgina kinoya, ozgina yumor, ozgina ramz, ozgina jiddiylik qo'shilgan, yaxlit xolda olib qaraganda, biroz zaharxanda, ammo maqsadi pok, niyati ezgu bo'lgan xalq tili – uslubdir. Bu uslub ustozlardan kimning uslubiga o'xshaydi? Gulxaniymi, Muqimiymi, Hamza yoki G'afur G'ulommi (G'afur G'ulom prozasining tiliga e'tibor bering-a), Ne'mat Aminov­mi? Yo'q! O'ylab-o'ylab topdim. Bu Erkin A'zam uslubiga o'xshaydi, xuddi o'zi! Uning hech kimnikiga o'xshamagan uslubi bor. Demak, bu – Erkin A'zam uslubi! Kim ilk qissasiga “Shartakilik qissasi” deb qo'yishi mumkin? Bunaqa “janr”ni oldin uchratganmisiz? Uchratmagansiz! Buni faqat Erkin A'zam yozishi mumkin. U yigirma yetti yoshida yozgan “Otoyining tug'ilgan yili” qissasini shunday atagan…

Asarlar ham odamlarga o'xshaydi. Ba'zi asarlar omadli keladi. Darrov tilga tushadi, maqtaladi, mukofotlar oladi. Ayrim asarlar esa turli mashaqqatlarni boshidan kechiradi. “Tug'ilganidan” keyin ham yillab dunyo yuzini ko'rmay yotadi, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani kabi. (Yozuvchining o'zi ko'ngli to'lmay tashlab qo'ygani boshqa masala.)

Erkin A'zam to'rt jildligini varaqlab, ulardan joy olgan asarlarning (hammasini emas, albatta) “bosib o'tgan yo'li”ni esladim. “Otoyining tug'ilgan yili” “Guliston” jurnalida bosildi avval, keyin kitob bo'lib chiqdi. Esimda, qancha shov-shuv bo'luvdi. Maqtaganlar bilan birga tosh otganlar ham kam emasdi. U paytlarda hali o'ttizga bormagan yosh yozuvchining bunday kitobi chiqishi voqea edi, bunday baxt kamdan-kam yozuvchiga nasib etar edi.

Yosh yozuvchiga otilgan toshlarga yoshlarning mehribon, haqiqiy ustozi, qalbidaryo adib Asqad Muxtor balogardon bo'ldi. Erkin yozadi: “Andak kechikib bo'lsa-da, so'ngroq to'rt-besh yil unutilmas ustoz Asqad Muxtor panohida yurish nasib etdi. Ul tabarruk odamdan ko'p narsa, avvalo, tubanlikdan hazar qilmoqni o'rgandik, ko'p beg'araz muruvvatlar ko'rdik. Men uchratgan butun odamlar davrasining boshida shu zot turadi. Yosh umrning dastlabki achchiq-chuchuklari shu kishi rahbarlik qilgan dongdor jurnalda kechdi. Muallifiga ko'p mukofotu shu barobari ko'p malomatlar ham keltirgan “Otoyining tug'ilgan yili” asari “Guliston” kunlari yozilgan, “Guliston”da bosilgan”.

Shu o'rinda ustoz Asqad Muxtorning yoshlarga g'amxo'rligi, ularni qo'llab-quvvatlagani haqida ikki og'iz aytib o'tish joiz, deb o'ylayman. U zotning marhamatini ko'rganlar kam bo'lmadi. Ular faqat ustoz bilan birga ishlaganlargina emas. Mahmud Sa'diy, Sulaymon Rahmon, Abdulla Sher, Murod Xidir, Erkin A'zam, Xayriddin Sulton, Sa'dulla Ahmad, Ahmad A'zam singarilar Asqad aka bilan bir idorada ishlagan, Rauf Parfi, Mashrab Boboyev, Anvar Eshonov, Alisher Ibodinov kabi o'sha paytdagi yosh ijodkorlarning biriga oq yo'l tilab, birining asarini jurnalda bosib himoya qilgan. Eng asosiysi, u kishining barcha yordamu marhamati mutlaqo beg'araz bo'lar, iloji boricha oshkor etilmas edi…

Erkin A'zamning boshqa asarlari ham muayyan sarguzashtu tashvishlarni boshidan kechirgan. “Dilxiroj”, “Suv yoqalab”, “Parizod” filmlari turli bahs-munozaralarga sabab bo'ldi. Aytaylik, “Parizod” voqealari millatimiz sha'niga to'g'ri kelmaydi, deyildi, “Suv yoqalab”da film ijodkorlari nima demoqchi, maqsad nima, degan mazmunda fikrlar bildirildi.

 

Badiiy asarda hamma narsani batafsil tushuntirib berish shartmi? Kitobxon ham, tomoshabin ham o'ylashi, fikrlashi lozim. Adabiyot va san'atning vazifasi shu.

E'tiborlisi shundaki, ushbu filmlarning aksariyati turli xalqaro festivallarda yuksak mukofotlar bilan taqdirlandi.

Aslida biron bir asar (u qissami, romanmi, filmmi, spektaklmi) haqida turli, qarama-qarshi fikrlar aytilgani yaxshi. Bu o'sha asarning o'ziga xos targ'ibotiga aylanadi. Ayniqsa, tanqid qilingan asarlar mashhur bo'lib ketadi. Sovet davrida kompartiyaga yoqmagan asar taqiqlab qo'yilardi. Nashrdan chiqqan ba'zi kitoblar yig'ib olingani ham bor gap. Hatto ayrim gazetalar ham. Keyin odamlar o'sha kitobni yashirincha qo'lma-qo'l olib o'qir, narxi ko'tarilib ketardi.

 

Yana bir mulohaza. O'zbekistonimiz mus­taqillikka erishganidan so'ng bir necha ijodkorlar davlat ishlariga jalb etildi. Yurtimiz mustaqil bo'lishini birinchi galda ijodkor ziyolilar istar, bu yo'lda goh oshkora, goho pinhona, asarlari orqali harakat qilishardi. Bu tabiiy jarayon ediki, yaqin tariximizda ham shunday bo'lgan. 1989 yilda, hali kompartiya qilichini qayrab turgan paytda o'zbek tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi qonun qabul qilinishida ham ijodkor ziyolilarning sa'y-harakati muhim rol o'ynagani barchaga ayon. Zero, mustaqillikni mustahkamlash, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo'shish ziyolilarning burchi, vazifasi.

Shunday bo'ldi. O'nlab shoir, yozuvchi va olimlar yuqori idoralarda, turli nufuzli tashkilotlarda ishladi va hozir ham ishlamoqda. Ular mustaqil davlatimizda ijtimoiy sohani, xususan, madaniyat, adabiyot va san'at, ma'naviyat va ma'rifat sohalari rivoji uchun baholiqudrat xizmat qildi va xizmat qilmoqda. Istiqlolning dastlabki yillarida shakllanmagan, izga tushmagan sohalar, ishlar ko'p edi. Bunday hol barchadan fidoyilik bilan, o'zining shaxsiy ishidan, huzur-halovatidan kechib ishlashni talab etardi. O'sha vaqtlarda yuqori tashkilotlarda faoliyat olib borgan ijodkorlarning ko'pchiligi ana shunday sharoitda ishladi. Oqibatda ularning ba'zilari ijoddan biroz uzoqlashdi, ma'lum muddat ijodni bir chekkaga surib qo'yishga to'g'ri keldi. Chunki ijtimoiy faoliyat bilan ijodni baravar olib borish oson emas, hamma ham uddalay olmaydi. Natijada adabiyotimiz xazinasidan munosib o'rin olishi mumkin bo'lgan qancha asarlar yozilmay qoldi. Bunday deyishimizga davlat idoralarida ishlagan adiblarning ungacha yozgan asarlari asos beradi. Albatta, davlat ishida ishlagan va ishlayotgan barcha ijodkorlarni bu toifaga qo'shish fikridan yiroqman. Darvoqe, ulardan ayrimlari keyingi yillarda bir-ikkita kitob chiqarib, “iste'dodi so'nmaganini” (A.Oripov), ijodiy rejalari mo'lligini, vaqti-soati bilan ular qog'ozga tushirilajagini isbotladi. Bu ham so'nggi yillarda ijod ahliga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlikning samarasiga bir misoldir.

Erkin A'zam ham ma'lum muddat o'sha safda bo'ldi. Uning tarjimai holi bilan tanishganlar buni biladi. O'zi shunday yozadi: “O'n yil deputatlik majlisu mashvaratlari va “Tafakkur”ni yo'lga qo'yish bilan o'tdi desa bo'ladi… Oliymaqom davralarda havoyi ot surib yurilganda, adabiyot-san'at yumushlari anchayin bir ikir-chikir bo'lib ko'rinar ekan… Attang!” . Yozuvchi buni “Shovqin” romaniga ham singdirgan. Asar qahramoni Farhod Ramazon o'ylari: “Sen endi faqat o'zgalarga maslahat berasan, aql o'rgatasan, yozuv-chizuv ham, bosh­qasi ham nazaringda pashshadek mayda, keraksiz bir mashg'ulotga o'xshab qolgan. Bari mana bu arboblik savlatiga, shu savlat bergan mayda-chuydalarga almashtirildi, qurbon berildi. Birmuncha ikkilanishlar, o'rtanishlar bilan, lekin ayribosh qilingani haqiqat. Negaki ishni o'zingiz bajargandan ko'ra, unga haybarakallachilik qilmoq, boshchilik qilmoq oson ham maroqli. Bu esa shunday shirin, shunday mazali bir nisholdaki, yalayturib har qanday qalamni sindirib otgingiz keladi”.

Yozuvchi kechroq bo'lsa-da, o'sha “havoyi ot surib yurgan” yillar o'rnini to'ldirmoqqa bel bog'ladi. “Keyingi o'n yillikda o'shaning hissasini chiqarishga baholi qudrat sa'y qilindi. Ko'ngildagi birmunchasi uddalangandek” (E.A'zam).

Shunisiga ham shukr. Aks holda hozir biz fikr yuritayotgan to'rt jildlik bo'larmidi-yo'qmi, Xudo biladi.

Va nihoyat…

Erkin A'zam kaminaga uchta kitobini dastxat yozib bergan. Birinchisi “Otoyining tug'ilgan yili”, 1981 yilda chiqqan. Unda hali A'zamov edi. “Mamatqul jo'ra! Shu kitobni kechikib taqdim etayotganimni ham samimiy tushuning. Imzo. 15.IX.82”. Albatta samimiy tushunganmiz. Ikkinchisi “Yozuvchining bog'i”. 2019 yilda nashr etilgan. Unda quyidagi dastxat bitilgan: “Mamatqul aka! Siz bilan biz Toshkentga kelib bog' barpo etmagan bo'lsak-da, har kun kezadigan bir xiyobon kashf qilganimiz haqiqat. Ko'p yillar ana shu xiyobon fuqarosi bo'lmoqlik nasib etsin deymiz-da, aka! Imzo. 20.12.19”.

Bir-bir yarim yil tahririyatlarimiz (“Guliston” va “Tafakkur”) qo'shni bo'lib turdi. O'sha yillar tushlikdan keyin Navoiy nomidagi teatr atrofidagi xiyobonlarda ikkalamiz sayr qilar edik. Ko'p ajoyib gurunglar bo'lgan edi-da. Taqdir buni bizga ko'p ko'rdi – “Tafakkur” Shahrisabz ko'chasiga, “Gulis­ton” “Navoiy, 30”ga ko'chdi. Natijada “o'zimiz kashf qilgan xiyobon fuqaroligi”dan mahrum bo'ldik. Ammo suhbatu gurunglarimiz kunda bo'lmasa-da, davom etayotir.

Uchinchi kitob – mana shu to'rt jildlik. Bunga uzundan-uzoq dastxat yozgandir, deb o'ylayotgan bo'lsangiz adashasiz. To'rtta kitobning har biriga faqat imzo qo'yilgan, xolos. (Kim ishonmasa suratini olib jo'nataman.) Bunda ham katta ma'no bor, bilsangiz. Yarim asrlik qadrdonlar bir-birini so'zsiz tushunadi, agar haqiqiy qadrdon, chinakam fikrdosh bo'lsa! Ollohga shukrki, biz shundaylar toifasidanmiz.

Mamatqul HAZRATQULOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =