Qit'alarda izi qolgan…

(Birinchi o'zbek irrigatorlaridan hisoblangan Muhammad hoji Aminaddin o'g'li hayotidan tarixiy yodnoma)

 

…1930 yilda “Sredazgidrovod” boshqarmasi tomonidan Janubiy Xorazmning bo'shlov yotgan 400 ming gektar yer maydonlarini qish­loq xo'jaligi ekinlari ekib, foydalanishga yaroqli holga keltirish –o'zlashtirish loyihasi o'rtaga tashlanadi. Bu ulkan loyihani ishlab chiqish uchun shu davrda irrigatsiya bo'yicha mahalliy millat vakillaridan Yevropada tahsil olgan mutaxassislardan biri Muhammad hoji Aminaddin o'g'li ham komissiya tarkibiga kiritiladi. (Komissiya tarkibi asosan moskvalik olimlardan iborat edi).

 

Yurtning istiqbolini belgilaydigan loyiha jozibador edi, ammo… Chor-atrofdan ikki buyuk sahro – Qoraqum va Qizilqum o'rab olgan, tirikchiligi Amudaryodan keladigan suvga qarab qolgan vohada aholining o'sib borishi asnosida ekin yerlariga talab ham oshgandi. Sho'rolarning asosiy maqsadi – paxta yetishtirishni ko'paytirish –shu orqali Rossiyadagi to'qimachilik korxonalarini uzluksiz suv tekin xomashyo bilan ta'minlash va albatta… jahon sahnida raqibi hisob­lanmish Amerikani bu sohada ham quvib o'tish edi.

Muhammad hoji Aminaddinovga ushbu loyihaning Xorazmning sug'orish tarmoqlari joylashish tizimi, suv taqsimoti va sig'imi bo'yicha ilmiy-amaliy xulosalar berish vazifasi yuklatilgandi.

Shu davrda bu tizimni mukammal biladigan boshqa mahalliy mutaxassisning o'zi yo'q edi.

Xonlik davrida vohada 160 chaqirim uzunlikdagi Shohobod, 150 chaqirimga cho'zilgan Qilich Niyozboy, 140 chaqirimdan uzunroq Polvon­yop, 90 chaqirimdan sal ziyod G'oziobod va yetmish chaqirimga yetar-etmas Lavzon arnalari butun vohani suv bilan ta'minlardi. Daryo orqasidagi arnalarni ham qo'shib hisob­laganda vohada jami 128 ta suv taqsimlash inshooti va o'n mingga yaqin kichik suv yo'llari – ariq va solmalar mavjud bo'lib, har yili daryo va boshqa suv yo'llari o'zanlaridan yetti million kub metr tuproq qazib olinardi.

Muhammad hoji 1912-1918 yillarda xonlikning bosh mirobi, keyinchalik tashkil qilingan Xorazm Xalq Respublikasida ziroat (qishloq xo'jaligi) noziri sifatida suv yo'llari va ulardan mukammal miqdor suv olishni besh barmog'idek yaxshi bilar –qish oyog'iyu bahor boshida o'tkaziladigan “begor”, ya'ni suv yo'llarini tozalashda bevosita ishtirok etar, qisqasi fasllar almashinuvi – ob-havoning turqiga qarab, suv taqchilligi yoki suv tosh­qinlari bo'lish-bo'lmasligini bexato ayta olardi.

Aholi soni oshib borishi barobarida 400 ming gektar yerni o'zlashtirish bu ulkan ish. Ammo…

…Ana shu “ammo” loyiha muhokamasi vaqtida yuzaga qalqib chiqadi va vaqt kelib, vohalik mashhur mirob hayotiga nuqta qo'yadigan   hukm vazifasini bajaradi.

* * *

…Loyiha muhokamasi uzoq cho'ziladi. Chekkada o'tirgan Muhammad hoji moskvalik suv mutaxassislari fikrlariga jimgina quloq tutadi, ayrim noo'rin xulosalarni eshitganida e'tiroz aytmaydi, mezbonligini o'ylab, odob saqlaydi. Qachonki moskvalik bir akademik Muhammad hoji chizgan suv yo'llari tuzilishi xaritasini sahnga osib, o'z fikrlarini aytishga tushgach, sukutni buzishga majbur bo'ladi. Sababi, u chizgan xarita tamomila o'zgartirilgan –ustidan qizil chiziqlar tortilgandi.

Akademik loyqa suvdan har mavsumda botil bo'lib qoladigan suv yo'llarini tozalash qiyinligini bahona qilib, uchta arna o'rnida yangidan bir arna tortish taklifini o'rtaga tashlagach, Muhammad hoji o'zini tuta olmaydi va unga savol beradi:

— Siz, kechirasiz, Xorazm suv tizimi tarixidan xabardormisiz?

Akademik gapni boshqa yoqqa buradi:

— Biz hozir tarixni emas, kelajakni o'ylab bu yerga to'plandik.

— Kelajak tarix poydevori ustiga quriladi!

— Nima demoqchisiz?

— Vohadagi suv yo'llari asriy tajriba –puxta hisob-kitob asosida bunyod etilgan. Ularni o'z o'zanidan bir metr ham surib bo'lmaydi.

Soqoldor, boshiga cho'girma kiygan qandaydir “mulla”ning e'tiroz aytayotgani, yana rus tilida fikrlarini ravon bayon qilishi akademikning g'ashini keltiradi. “Bu mullaning dodini beray, ilmsizni ilm bilan mot qilay!” degan fikrlar yodidan o'tib, o'zicha bosiqlik bilan so'z boshlaydi:

— Men Senzerlingning “Oroshenie na Amudare” kitobini jiddiy o'qib chiqdim. Xon zamonlarida ulusni doimo azob-uqubatda saqlash tartibi amalda bo'lgan. Ular muttasil qazuvga majburan jalb qilinganlar. Siz “o'rnidan bir metr jildirib bo'lmaydi” degan kanallarni qazish uchun har yili bir million kishi qazuvga haydalgan. Nima, siz yana xalqni ekspluatatsiya qilish tarafdorimisiz?!

Muhammad hoji ohista gapiradi:

— Senzerlingni men ham o'qidim. Vohada bo'lgan payti ikki marta uchrashib, o'z fikrlarimni aytganman. U esa… yo'q joydan “qazuvga haydalgan bir million kishi”ni topgan. E'tiboringiz uchun hozir vohada 650 ming kishi yashaydi. Xon zamonlarida ham, sovet davrida ham har yili ariq-kanallarni tozalashga har o'n tanob yer hisobidan bir kishi jalb qilinib, ular o'n ikki kun begorda ishlab berishgan. Begorda eng ko'pi bilan 45-50 ming kishi ishtirok etardi.

Akademik “mulla” deb o'ylagan odamning binoyidek olim ekanligini, fakt va raqamlarni mukammal bilishiga g'ayirligi keladi va mavzuni boshqa tomonga buradi:

— Mana bu axmoqchilikka qarang! Shohobod kanali yetti soqadan suv oladi. Shuncha yer o'g'irlashi go'rga, bu inshootlarni har yili mus­tahkamlashga qancha mablag' ketadi?

Muhammad hoji bo'sh kelmaydi:

— Shohobod kanali soqalari shunday mukammal joylashtirilganki, ular daryo o'ltonidagi eng so'nggi suvniyam olishga qodir. Suv toshqini davrida arnada bir yoki ikki soqa bo'lsa, ular daryo bosimiga dosh berolmaydi. Shu yetti soqadan birisini yo'q qilish – ko'mib tashlash ertaga suv toshqinida odamlar hayo­tini xavf ostiga qo'yadi. Men o'ttiz besh yillik ish tajribamda buni ko'p sinab ko'rganman!

Daryodan chiqarilgan arnalar o'rnini belgilashda miroblar qadim sinalgan usuldan foydalanganlar. Ustiga og'ir yuk bosilgan eshakni daryo qirg'og'idan bo'shlov qo'yib yuborishgan. Yuk og'irligidan eshak pastga – quyiga qarab yurishga majbur bo'lgan. Aynan shu eshak yurgan yo'l bo'ylab kanal qazilgan…

…Muhammad hojining xalq tajribasidan keltirgan bu misoli yig'ilish qatnashchilarining damini ichiga tushirib yuboradi. Axir, kimsan moskvalik akademikni “bir eshakcha aqli yo'q” deyish…

Yig'ilish ertasiga Muhammad hojini vohada suv ta'minoti uchun mas'ul “Upradis” tashkiloti bosh muhandisligidan bo'shatib, To'rtko'l shahridagi “Degishstroyga”ga ishga yuborishadi. Ko'p o'tmay esa eng chekka qishloqqa mirob qilib jo'natishadi.

Ushbu loyiha uch yildan so'ng qabul qilinadi va unda Muhammad hoji Aminaddin o'g'li takliflari boricha qabul qilinadi, ammo loyiha mualliflari ro'yxatidan nomi olib tashlanadi. O'sha moskvalik akademik amalda “loyiha muallifi”ga aylanadi…

* * *

Shunisi diqqatga molikki, mana salkam bir asrki butun voha yer maydonlari o'sha loyiha asosida suv bilan ta'minlanmoqda. Xorazm­ning dehqonchilikda shon-sharaflarga burkanishi poydevorini ham o'sha loyiha qo'yib bergan. Ammo tarmoqqa oid asarlarda loyiha muallifi eslanmasligining ham o'z tarixi bor.

* * *

Muhammad hoji 1873 yil bahorida dunyoga kelgan. Hali u beshikda yotgan vaqtida xonlikni Chor Rusiyasi ishg'ol qiladi. Otasi Aminaddin Yoqub rus ist'yelosiga qadar shu hududda hokim bo'lgan edi. Ruslar keyinchalik ham bu tajribali, el kishilari ortidan so'zsiz ergashadigan hokimni o'z vazifasida qoldiradilar.

Muhammad avval qishloq mullasida savod chiqaradi. Keyinchalik Xiva madrasasida tahsil oladi. To'rtko'l (O'sha vaqtda Petro-Aleksandrovsk deb atalgan) shahrida hududda ilk faoliyat boshlagan rus-tuzem maktabiga qabul qilingan birinchi mahalliy millat vakili bo'ladi. Ushbu maktabda u bilan bir vaqtda Xivaning bo'lg'usi xoni Asfandiyor ham tahsil olgan.

Fransiya va Chor Rusiyasi hukumatlari o'zaro kelishuvlariga binoan 1892 yilda bir guruh turkistonlik yoshlar Tuluza shahrida suv kolleji talabasi bo'lishadi. Ular orasida mahalliy millat vakillaridan yagona talaba Muhammad edi. Fransiyaning Tuluza shahrida 1892-1896 yillarda tahsil olish asnosida amaliyotni Turkiyaning Istanbul shahrida o'tkazadi va yigirma uch yashar yigit qadim Sharq mirobchiligini G'arbning amaliy va nazariy bilimlari bilan uyg'unlashtirgan shu sohaning ilk mutaxassisi bo'lib yetishadi.

* * *

Xorazmda ham hamma joyda bo'lganidek, suv tom ma'noda hayot manbai edi. Shundan, xonlikda mirob lavozimi eng nufuzli hisoblangan. Munis va Ogahiy kabi she'riyat darg'alari xonlikda bosh mirob vazifalarida ishlashgani bejizga emas. Aytish kerakki, xonlikda mirobchilikka o'qitadigan alohida dargoh bo'lmagan. Kasbiy mahorat, hayotiy tajribaga suyangan.

Vaqt kelib, Muhammad hoji taqdiriga ham xonlikning bosh mirobi bo'lish yoziladi.

* * *

Muhammad Fransiyada tahsil olish asnosida Turkiyada amaliyotni o'tagan davrida muqaddas haj ziyoratini ham ado qilgan. Yozgi ta'til vaqtida okean oshib, Amerikaga ham sayo­hat qilgan.

U arab, fors, rus, fransuz, turk tillarini mukammal bilgan.

Suv sohasi bo'yicha Yevropada tahsil olgan ilk mutaxassis mehnat faoliyatini To'rtko'l shahridagi Amudaryo flotiliyasida bosh­laydi va darg'a — kema kapitanlari tayyorlashga katta hissa qo'shadi. O'sha davrda vohada yetishtirilgan barcha mahsulotlar Yevropaga suv yo'li orqali olib ketilgan. Amudaryodan turli hajm­dagi kemalar to'xtovsiz Chorjo'yga qatnab turgan.

* * *

1900 yilda otasi – Xonqa bekligi hokimi Aminaddin Yoqub vafot etadi va Xiva xoni Muhammad Rahimxon soniy – Feruz Muhammadni otasi o'rniga beklikka hokimlikka ta­yinlaydi.

Muhammad hoji Xonqada o'n sakkiz yil hokim bo'ladi. Bu davrda beklikda o'nlab zavodlar quriladi. Eng asosiysi butun hududdagi suv yo'llari mukammal tizimga ega bo'ladi.

Sobiq maktabdoshi Asfandiyor taxtga o'tirgach, Muhammad hoji zimmasiga bir vaqtning o'zida xonlikning bosh mirobi vazifasini bajarish ham tushadi. Har yili qish oyog'i–bahor boshlamasida suv yo'llarini tozalash ishlariga rahbarlik qilish, arna va kanallar to'g'onlarini mustahkamlash, daryo toshqini vaqtida vohani suv bosmaligi uchun qochi –dambalarni doimo mustahkam saqlash kabi og'ir vazifa uning zimmasida bo'lgan.

* * *

E'tiborli holat: Muhammad hoji yurt tarixiga Hojiboy hokim nomi bilan kirgan. Xonqada hokim vaqtida xalq uni hurmat qilib, “Hojiboy hokim” deb ulug'lagan. O'sha vaqtda haj ziyoratiga borish o'ta mashaqqat bo'lib, hamma ham bunga jur'at qilavermagan.

Vaqt kelib, unga xalq bergan laqab-martaba farzandlari shariflarida aks etadi –ular Hojiyev deb yangicha familiya oladilar.

* * *

Muhammad hoji Aminaddin o'g'li –Hojiboy hokim haqida yurt tarixidan hikoya qiluvchi ko'pgina tarixiy risolalar guvohlik beradilar.

Rus olimi A. Samoylovich Xonqa hokimi Muhammad hojini o'z xotiralarida ta'riflar ekan, uning uyi ovrupacha qurilgani, uyida kattagina kutubxonasi borligi, Sankt-Peterburg, Moskva, Qozon va Kavkazda chop qilinadigan gazeta-jurnallarni muntazam olib turishini aytadi.

Amudaryo bo'limi boshlig'i polkovnik N. Likoshin esa Muhammad hojini olti tilni mukammal biladigan, zamonasining eng ilg'or kishisi sifatida ta'riflaydi.

Olmoniyalik professor Erik Zigmayer 30 yashar hokimning mehmoni bo'lgan. U “Turkis­tonga sayohat” deb nomlangan yirik asarida Hojiboy hokim haqida shunday yozadi: “Biz yevropaliklar sharqliklarni savodsiz, davrdan orqada qolgan bir yovvoyi qavm darajasida ko'ramiz. Ammo uch kun Xonqada bo'lib, shunga amin bo'ldimki, dunyoqarashi, siyosatni chuqur anglashi jihatdan mezmon biz mehmonlardan ko'p karra ustun edi…”

Moskvada chop qilingan “Novыy vestnik” jurnali 1923 yil 3-sonida Xorazm Xalq Res­publikasining ziroat noziri Muhammad hoji Aminaddin o'g'li va u rahbar bo'lgan nozirlik haqida kattagina maqola e'lon qilgan…

Xiva xonini taxtdan ag'dargan “Yosh xivaliklar” firqasi yetakchilaridan biri Polyoz hoji Yusupov ham Muhammad hoji Aminaddin o'g'li haqida ijobiy fikrlar keltiradi. Bu shunisi bilan ahamiyatliki, “Yosh xivalik­lar” inqilob qilgach, xonlik davridagi barcha hokim va mansabdorlarni badarg'a qilishgandi. Muhammad hoji bundan mustasno bo'lgan. Polyoz hoji Xiva xoni Asfandiyor bilan Sankt-Peterburg, Moskva, Kavkaz, Qrimga birga borishgani, ular safida Hojiboy hokim ham bo'lganligi, Chor Rusiyasi amaldorlari bilan uchrashuvlarda yurt taqdiri yuzasidan muhim takliflarni olg'a surganini o'z xotiralarida yozib qoldirgan.

Yurtimizdan chiqqan birinchi kinooperator Xudoybergan Devonov o'z maslakdoshi bo'lgan insonni tarixga muhrlagan.   Arxivlarda saqlanib qolgan o'nlab suratlarda Muhammad hojini ish jarayonlari va safdoshlari orasida ko'ramiz. Shuningdek, begor jarayoni suratga olingan kinoda ham Muhammad hojining qazuvda odamlar orasida yurgani manzaralari aks etgan…

* * *

Muhammad hoji Aminaddin o'g'li el uchun qilgan xizmatlari evaziga Xorazm Xalq Res­publikasining “Mehnat” hamda sho'rolarning Lenin ordenlari bilan taqdirlangandi.

Eng asosiy mukofot – bu insonning yurt tarixidan o'rin olgani, Istiqlol davrida bu mutafakkir inson haqida she'rlar, dostonlar, roman-esse yozilgani, hujjatli film ishlangani.

* * *

O'tgan asrning o'ttizinchi yillari oxirida sho'rolar o'tkazgan qatag'on bu insonni ham chetlab o'tmadi — 1937 yil 19 oktyabrda qarilik nafaqasida bo'lgan keksa mirobni hibsga olishadi va   ikki oy tergovdan keyin “xon davri amaldori”, “oddiy xalq eksplutatori”. “xorijda tahsil olgan” kabi ayblar bilan “xalq dushmani” sifatida o'n yil qamoq jazosiga hukm qilishadi.

Tergovda uning moskvalik akademikni badnom qilgani voqeasi ham eslanadi…

1938 yilning fevrali oyog'ida nohaq aybdor bo'lgan mahkum Toshkent yaqinidagi Zangiota ziyoratgohida vaqtincha tashkil qilingan qamoqxonada (O'sha vaqtda u Tuyasaroy deb yuritilgan) vafot etadi va ulug' avliyo poyqadamiga dafn qilinadi.

Muhammad hoji Aminaddin o'g'li — o'z davrining siyosiy yetuk oydinlaridan birining ibratlik umri shunday fojiali yakunlanadi va Stalin vafotidan so'ng uning nomi oqlanadi.

* * *

“Oqqan daryo oqmasdan qolmas” deyilmish otaso'zimiz hamisha haq.

Vaqt kelib, Muhammad hojining katta nevarasi, professor Abdulla Xudoyberganov O'zbekiston sog'liqni saqlash vaziri bo'lib ishlaydi.

Bugina emas. Vaqt kelib uning nevaralaridan yetti nafari yelkasiga vazir bo'lmoq yoziladi.

Yana bir nevarasi – Ne'matulla Xudoyberganov salkam yigirma yil hokim bo'ladi.

Uning avlodlari bugun AQSh va Yevropada tahsil olishmoqda. Ular orasidan ko'plab fan doktorlari yetishib chiqqan va chiqmoqda.

* * *

Ushbulik yodnomani vohaning mashhur shoiri Matnazar Abdulhakimning Muhammad hoji haqidagi “Ko'prik” dostonidan bir to'rtlik bilan yakunlashni o'rinli bildik:

 

Muborak niyatlar zavol topmaydi,

Ko'priklar qurilar, yo'llar ochilar.

Qaytar nabiralar qiyofasida

Muhammad Aminaddin hojilar.

Ro'zimboy HASAN

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 10 =