Buxoro amirining bolsheviklardan dodi

1911 yildan 1921 yilgacha Buxoro taxtida o'tirgan va bolsheviklarning zulmi, harbiy istilosi tufayli o'z mamlakatidan quvilib Afg'onistonga ketgan va u yerda vafot topgan Sayyid Amir Olimxon o'zining “Tarixi xuzni millati Buxoro” (“Buxoro xalqining hasrati tarixi”) kitobida Buxoroda XX asrning boshlarida ro'y bergan voqealar hamda o'zining boshidan o'tmish kechmishlarini qalamga olgan.

U kitob debochasida shunday deb yozadi:

“O'z ahvolim va boshdan kechirganlarimni yoshlik chog'imdan olib borilgan to Buxoro poytaxtida saltanat uchun bolsheviklar bilan olib borilgan janglarda bo'lib, o'zimning Qobul dorussaltanatiga ko'chishim voqealarini tahrir ipiga tizib ushbuda bayon qildim, tokim o'quvchilar va unga ko'zi tushgan zotlar bu faqirning bayon qilgan hollaridan va Buxoro saltanati poytaxti va unga taalluqli bo'lgan ma'lumotga ega bo'lsalar va bolsheviklar bilan bo'lgan muhoraba va Afg'onis­tonga ko'chishim sabablarini mutolaa qilib, unga insof nazari bilan boqsalar”.

Amir Olimxon otasi Sayyid Amir Abdulahad vafotidan so'ng Buxoro hukmdori bo'lganligi va mamlakatda tartib-intizom, obodlik ishlariga rahbarlik qilganligi, jumladan bir necha masjid, madrasalar qurdirganligi, o'zi qurdirgan madrasada o'quvchi talabalarning sarf-xarajati, yemak-ichmak, ki­yim-kechaklarini tayyorlab berganligi, bozorlar va yo'llarning obodligi borasida ham qator ishlarni amalga oshirganligini yozadi. Ammo bu orada qo'shni Rossiyada bo'lib o'tgan inqilobiy harakatlar natijasida rus podshosining taxtdan mahrum etilishi va eng muhimi – bolsheviklarning hokimiyat tepasiga kelishi Buxoro davlatining ijtimoiy-siyosiy hayotini ham butunlay o'zgartirib yuboradi.

“Bolsheviklardan bo'lgan bu jamoaning tartib-qonunlarini na ko'rib bo'lindi, na bilib bo'lindi, – deb yozadi Amir Olimxon. –Chunki hamisha beqarorlik yuzaga keldi, bu jamoa hukumatni xarob etib, mamlakatni vayron qilishga yo'l qo'ydi, dinlarni, ibodatxonalarni yo'q qilishdi, mo''tabar va davlatmand bo'lgan har bir guruh mol-mulkini bosib olib, talon-toroj qildilar, o'zlarini qatl etishni burch deb bilardilar. Ularning so'zlariga ishonilmaydigan darajaga kelindi”.

Bolsheviklar hukumati mustaqil davlat bo'lgan Buxoroni bosib olish uchun ham g'oyaviy, ham harbiy ishlarni amalga oshira boshlaydilar, buning uchun ular Buxoro aholisi ichidan o'zlari uchun hamfikrlar, ko'makchilar topadilar. Bu haqda Amir Olimxon shunday deb yozadi:

“Bolsheviklar jamoasi beasl qonun-qoidalar chiqarib, yolg'on-yashiq ishlar bilan, buzuq yo'l-yo'riqlarni to'g'ri yo'l deb bildilar. Shu tariqa ish tutib, ularning bu tartiblari muqaddas Buxoro davlatiga ham tarqalib birmuncha johil va ilmsiz kishilar beasl Rusiya bolsheviklari yo'l-yo'rig'ini qabul qilishdi, o'zlarining buzuq ishlarini joriy etishga intildilar. Taxminan 117 nafar samarqandlik, toshkentliklar birlashib ittifoq tuzishdi, bu jamoa ichidan chiqqan ikki nafar kattakonlari – Fayzulla Xo'jayev va Mirzo Muhiddin Mansurov buzg'un bolsheviklarga o'z maqsadlarini bayon qilib, ulardan yordam istashdi. Bolsheviklar ham bu jadid buzg'unchilarga ko'mak berib, temir yo'l orqali Kolesov degan kimsani Buxoroga chaqirib, urush e'lon qilib, Buxoro davlatiga yurish boshladilar. Allohning inoyati, payg'ambar shariatining madadi bilan harbiy qurollarning kamligiga qaramay, Buxoro islom ahliga zafar kulib boqdi, bu banda g'alabaga erishdi. Bolsheviklar o'z maqsadlariga erisholmay sulh tuzishga rozilik bildirishdi”.

Ammo bolsheviklarning Buxoro davlati bilan tuzgan sulhi oddiy bir nayrang bo'lib, rus bolshevistik hukumati sharqdagi bu mustaqil davlatni qanday qilib bo'lsa ham buysundirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan edi. Oradan bir necha yil o'tgach bu maqsad amalga oshirildi. Bu haqda Amir Olimxon shunday deb yozadi:

“Ammo dushmanlarimiz nayrang bilan bizni g'aflatda qoldirib, misoli bir yo'lto'sarlar kabi, urush e'lon qilmasdan hijriyning 1339 yili (1920) zulhijja oyining o'n beshida yakshanba kechasi soat o'n ikkida Buxoro askarlari ustiga yopirilib kelib hujum uyushtirdilar, shu bilan urushni boshlab yubordilar. Natijada vaqt yarim kecha soat ikkida ancha askar va harbiy qurollar jamlab, to'p otish va o'q yog'dirish bilan birga temir qolqonli aravalar-broneviklar, temir qop­langan motorlar – bronepoezdlar bilan urush boshlab yubordilar. Ular o'n bitta tayyora bilan Buxoro shahri ustida havoda parvoz etib, bomba yog'dirdilar. Bu bandayi ojiz o'z askarimni majburan oldinga –   frontga chiqarib, ixtiyorni taqdiri ilohiyga topshirib, to'rt kechayu to'rt kunduz urushdik. Bu urush asnosida dushman taxminan Buxoroning yarmini to'p va pulemyotdan o'qqa tutib, ko'p talafot yetkazdi. Musulmon bechoralar dushman dastidan mol-dunyosini, o'z farzandlarini tashlaganlaricha, nima qilishlarini bilmay, har tomonga qocha boshladilar. Shunga qaramay, bu bandayi ojiz to'rt kechayu-to'rt kunduz dushmanga qarshi urushdim, qattiq jang qildim. To'p o'qlarining ko'pligi, bomba yog'dirishlar, talafot va xarobaliklar Buxoro shahrida ortib ketib, kambag'al beva-bechoralarni qattiq tashvishga solib qo'ydi. Shunda o'zimcha o'yladim. Bu bandayi ojiz ushbu Buxoroyi sharif shaharidan ko'chishni ixtiyor etsam, shoyad shu sababdan xarobalikka bo'lgan sabablar yo'lini to'sib, faqiru fuqaro bechoralarni bu jabr-sitamlardan ozod qilsam va osoyishtalik baxsh etsam, degan andishada chahor shanba kuni foytunga o'tirib ko'chishni ixtiyor etdim va G'ijduvon tarafga ravona bo'ldim”.

Amir Sayyid Olimxon o'z kitobining davomida Sharqiy Buxoroda turib bolsheviklarga qarshi urushgani va keyinchalik Afg'onistonga ko'chib o'tishga majbur bo'lganini va shunda ham bu kurash o'n yillarcha davom etganligini yozadi. U o'z asarini: “yodgorlik tariqasida shu vo­qealarni ko'rib turganlar uchun bu boradagi tariximni tahrir ipiga tizdim, toki ular boshimdan o'tganlardan xabardor bo'lsinlar”, deb tugallaydi.

Buxoroning so'nggi amiri Sayyid Olimxon odil hukmdor bo'lganmi yoki zolimmi – bu tarixga havola. Va bu xususda turli mulohazalar bor. Ammo u o'z davrida shu yurtning, shu mamlakatning qonuniy taxt egasi, hukmdori edi. Bolshevistik tuzum zo'ravonlik bilan uni o'z taxtidan va mamlakatidan judo qildi, buni tarix tan oldi. Biz o'z yurtidan quvilib, musofir yurtda vafot etgan bu zot va uning mazkur kitobini topib, o'zbek tiliga o'girib, nashr ettirgan atoqli olim marhum Abdusodiq Irisovning xotiralarini eslab hikoyamizga nuqta qo'yamiz.

Muxtor XUDOYQULOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 5 =