Shogirdlik rutbasi

Ojiz banda sifatida birovning birovga ta'na qilishga aslo haqqi – yo'q.

Lekin hayotda shunday   achchiq-achchiq xulosalarga kelasanki, bir mashhur qo'shiqda kuylanganidek: “Aytsam – o'ldirarlar, aytmasam – o'lam”.

Keling, shunday xulosalarimdan birini aytib qolay…

Yigirma yillar burun bir yigit uchun sovchilikka bordim. Qizning otasi ko'p dono odam edi.

– Hammasi – yaxshi-yu, domodshavanda erkagi yo'q oilada unib-o'sgan ekan-da, – dedi ikkilanib.

Xafa bo'ldim. Bu gapni g'irt qoloqlikka yo'ydim: axir, demokratik nuqtai nazardan olib qaraganda, otasiz yigitning ham yaxshi qizga uylanishga to'la haqqi – bor-ku!

Xullas, to'y bo'ldi. Oradan, mana, shuncha yillar o'tdi. Biroq qachon shu oila haqida o'ylasam, o'sha dono otaning gapi yodimga tushaveradi. Ochig'i, men sovchilik qilgan o'sha qizning oiladagi murakkab holati otasining shu gapini eslashga majbur qiladi.

Otasiz o'sgan ko'p yigitlar randalanmagan taxtaga o'xshaydi: qo'l bilan ushlasangiz, barmoqlaringizga zirapcha kiradi. Bundaylar ko'ngli nimani istasa, qilib, og'ziga nima kelsa, gapirib ulg'aygan. Hech kim unga: “Qilma, qo'yma!” – demagan-da.

Ota tarbiyasini olgan o'g'ilda, istasa ham, nimanidir hech qachon aytmaslik, istamasa ham, nimanidir har zamon-har zamon aytib turish, buzrukvorga bo'ysunish, uning ra'yiga qarash, gapiga quloq tutish, xizmatini qilish, holidan xabar olib turish, doimo qattiq nazoratda bo'lish kabi va hokazo an'analar otasiz voyaga yetgan yigitda shakllanmagan.

Allohga shukr, kamina qariyb ellik yoshimga qadar, hatto, bir narsa yozsam ham, radio yoki televidenie orqali bir narsa desam ham, boringki, ovozimni sal baland ko'tarsam ham: “Otamdan gap eshitmasmikanman?” – degan xavotir bilan yashaganman. Otamiz o'tganlaridan keyin u kishining maslahatlariga zoriqsam, avval: “Shu masalada otam nima degan bo'lar edilar?” – deb o'ylayman, shu tariqa o'zimcha javob topishga urinaman.

Tabiatan otam juda kam qo'ng'iroq qilar edilar. Lekin yigirma yilga yaqin O'zbekiston Fanlar akademiyasining hozirgi O'zbek tili, adabiyoti va folk­lori institutida mehnat qilganimdan keyin Tashqi ishlar vazirligiga mas'ul lavozimga ishga qabul qilindim. Shunda otam rahmatli qo'ng'iroq qilib:

– O'g'lim, nazoratdasiz. Og'ir bo'lasiz. Yerga qarab yuring, osmonga emas! – qabilida nasihat qilgan edilar.

Qat'iy xulosam shuki, otasiz o'sgan yigitlarning ko'pi shogirdlikka yaramaydi. Muridlikni-ku qo'yaverasiz.

Bundaylar, mening fikrimcha, har qancha urinmasin, shogirdlikning baland rutbasiga erisha olmaydi. Chunki unda ustozni ota o'rnida ko'rish ko'nikmasi yo'q-ku. Shuning uchun ishi bitgan zahoti eshagi suvdan o'tgan bo'ladi.

Aziz o'quvchi, bu mulohazalarim hech kimga og'ir kelmasin, aytdim-qo'ydim-da.

Sultonmurod OLIM

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + sixteen =