Adabiyotchi akademiklar adadi

Statistikada sir – ko'p. Lekin Sharq hali G'arbchalik buning shirin ta'mini totganicha – yo'q. Holbuki, raqamlar hayotning muayyan sohasini tahlil qilish uchun eng qulay vosita hisoblanadi. Hisob-kitoblarsiz hech bir narsaning saragini sarakka, puchagini puchakka chiqarib bo'lmaydi-da.

1943 yili O'zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etildi.

Xo'sh, o'tgan ana shu   79 yil mobaynida qancha adabiyotchi akademik bo'lgan?

Hozirgi kunda   Fanlar akademiyasida “muxbir a'zo” degan maqom mavjud emas. Shuning uchun biz – ikkalasini qo'shib, “akademik” deb hisoblashga to'la haqlimiz.

Sanog'imizga ko'ra, hozirgacha 16 adabiyotchi akademik bo'lgan.

Bulardan 4 nafari – shoir: G'afur G'ulom (1903-1966), Oybek (1905-1968), Uyg'un (1905-1990) va Hamid Olimjon (1909-1944).

Qolgan 12 nafari – adabiyotshunos: Olim Sharafiddinov (1903-1943), Izzat Sulton (1910-2001), Yusuf Sulton (1911 -1991), Vohid Abdullayev (1912-1985), Matyoqub Qo'shjonov (1918-2005), Aziz Qayumov (1926-2017), Salohiddin Mamajonov (1931-2005), Botirxon Valixo'jayev (1932-2005), Naim Karimov (1932), To'ra Mirzayev (1936-2020), Baxtiyor Nazarov (1945-2021), Ne'matulla Ibrohimov (1945).

Xo'sh, bu adabiyotshunoslar, asosan, qaerda ishlagan? Boshqacha aytganda, qaysi tashkilotlar bizga akademik yetkazib bergan?

Olim Sharafiddinov tadqiqotchi sifatida 1937 yili Fanlar akademiyasining hozirgi O'zbek tili, adabiyoti va folklori institutida mehnat qilgan. Shu ilmiy dargoh mamlakatimizga yana yetti nafar akademik yetkazib berdi. Garchi Aziz Qayumov ko'proq Fanlar akademiyasining sobiq Qo'lyozmalar instituti, keyinchalik esa Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida ishlagan bo'lsa ham, bir muddat ana shu O'zbek tili, adabiyoti va folk­lori institutida direktor ham bo'lgan.

Kamina ana shunday atoqli adabiyotshunoslar, nomdor akademiklarni yetishtirib bergan dargohda 20 yil mehnat qilganim bilan faxrlanaman.

Oliy ta'lim tizimida ishlagan olimlardan faqat Vohid Abdullayev, Botirxon Valixo'jayev va Ne'matulla Ibrohimovlargina akademik bo'lishdi. Bulardan dastlabki ikki olim Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida, Ne'matulla Ibrohimov esa asosan, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida mehnat qilgan. Holbuki, mamlakatimizda adabiyotshunoslikdan dars o'tiladigan oliy ta'lim muassasalari – kammi? Ko'p. Lekin bu ikki oliy ta'lim muassasasi jamoasi akademik yetishtirib bergani bilan har qancha faxrlansa, arziydi.

Xulosa qilish – mumkinki, chinakam tadqiqotchilik akademiya tizimida yaxshi rivojlanadi. Chunki oliy ta'lim muassasasining asosiy vazifasi – kadr tayyorlash. Shuning uchun dars o'tish professor va o'qituvchilar faoliyatining mag'zini tashkil etadi va ular umrining asosiy qismini egallaydi, albatta. Mayli, universitet yoki institutlar huzurida bo'lsin, asosan, tadqiqot bilan shug'ullanadigan tizim shakllantirilishi va kuchaytirilishi – lozim. Shundagina kutilgan samaraga erishish – mumkin.

Xo'sh, bu adabiyotchi akademiklarimiz qaerlarda tug'ilgan?   Ehtimol, mamlakat o'z taraqqiyotining muayyan bir darajasiga erishganida bu savolni o'rtaga tashlashga hech qanday hojat qolmas. Ammo hozircha biz uchun bu ham – qiziq.

G'afur G'ulom, Oybek, Olim Sharafiddinov, Yusuf Sultonov, Baxtiyor Nazarov, Naim Karimov – Toshkent, Hamid Olimjon – Jizzax, Vohid Abdullayev, Botirxon Valixo'jayev – Samarqand shahrida, Aziz Qayu­mov, Ne'matulla Ibrohimov – Farg'ona, Salohiddin Mamajonov – Andijon, To'ra Mirzayev – Buxoro viloyatida tug'ilgan. Izzat Sulton – Qirg'izis­tonning O'shi, Uyg'un – Qozog'is­tonning Jambuli, Matyoqub Qo'shjonov – Turkmanistonning Toshhovuzida tavallud topgan.

Modomiki, olimlik martabasi haqida suhbat boshlangan ekan, shuni ta'kidlash kerakki, ilm ahli uchun akademiklik – eng yuksak rutba. Bahonada olimlikning bosh­­qa pog'onalari haqida ham ma'lumot berib o'tilsa, yomon bo'lmas.

Olimlarga ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar beriladi. Bu ikkalasini aralashtirib yuborish mumkin emas.

O'zbekistonimizda uch maqomdagi ilmiy darajalar mavjud.

Birinchisi – magistr. Uni bakalavriatdan keyin magistraturani bitirganlarga oliy ta'lim muassasasi beradi. Tibbiyot sohasida ordinaturani bitirganlar ham magistr diplomiga teng­lashtirilgan hujjat oladi. Biroq ordinatorlar 5 yillik mehnat stajidan keyingina falsafa doktori ilmiy darajasi olish uchun dissertatsiya yozish huquqiga ega bo'ladi, xolos.

Ikkinchisi – fan nomzodi. Keyingi yillarda bu sohada isloh amalga oshirilib, fan nomzodi o'rniga falsafa   doktori (PhD) ilmiy darajasi joriy etildi. Masalan, o'rtacha 150 sahifa atrofidagi dissertatsiya yoqlaganlarga ilgari, deylik, “filologiya fanlari nomzodi” ilmiy darajasi berilgan bo'lsa, endi “filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori” ilmiy darajasi beriladi.

Uchinchisi – f a n   d o k t o r i.

Ikkinchi va uchinchi o'rinda sanalgan ilmiy darajalarni ilmiy va ta'limiy dargohlar huzuridagi ilmiy kengashlar beradi va uni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi tasdiqlaydi.

Xorijda dissertatsiya yoqlab kelgan fuqarolarimiz diplomlari belgilangan tartib-qoidalar asosida nastrifikatsiya qilinadi, ya'ni o'zimizda qayta tasdiqlanib, tan olinadi.

Mamlakatimizda ikki turdagi ilmiy unvon mavjud.

Birinchisi – dotsent unvoni. Ammo dotsentlik oliy ta'lim muassasalarida ishlayotganlargagina beriladi. Ilmiy-tadqiqot institut va markazlarida mehnat qilayotganlarga dotsentlikka teng­lashtirilgan katta ilmiy   xodim   unvoni beriladi. Dotsentlikni ta'lim muassasasi, katta ilmiy xodim unvonini ilmiy tadqiqot muassasasi beradi. Lekin ularni ham   Oliy Attestatsiya Komissiyasi tasdiqlaydi.

Ikkinchisi – professor unvoni. Buni ham ilmiy va ta'limiy muassasalar beradi, Oliy Attestatsiya Komissiyasi tasdiqlaydi.

Olimlarga beriladigan davlat mukofotlari, ya'ni orden, medal va faxriy unvonlarni bu yerda sanab o'tirishga hojat bo'lmasa kerak. Faqat shuni qo'shimcha qilish mumkinki, adabiyot ahlidan hozirgacha faqat 8 nafariga O'zbekiston Qahramoni faxriy unvoni berilgan. Bular – Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Su­yima G'aniyeva, Ibrohim G'afurov. Bulardan keyingi 3 nafari – adabiyotshunos. Qoraqalpoq adabiyotining 2 zabardast vakili – shoir Ibroyim Yusupov hamda adib To'lepbergan Qayipbergnenov ham O'zbekis­ton Qahramoni bo'lgan.

Shuni ham bir statistik fakt sifatida qayd etib o'tish — zarurki, adabiyotchi akademiklarimizdan faqat Naim Karimov bilan Ne'matulla Ibrohimovgina – hayotlar. Ularning umrlari uzoq bo'lsin, ijodlariga baraka bersin!

Mamlakatimizda bu ilmiy daraja va unvonlar hamda akademiklik uchun muayyan tartib-qoidalar asosida iqtisodiy manfaatdorlik ham yo'lga qo'yilgan.

O'rni kelgani uchun yozilmagan bir qoi­­da haqida ham ma'lumot berib o'tay. Bu shundan iboratki, O'zbekiston Fanlar akademiyasining akademiklarinigina qisqa tarzda “akademik” deb tilga olish – mumkin. Ammo dunyoda, jumladan, mamlakatimizda ham akademiyalar, ularning a'zolari – ko'p. Bu muassasalar a'zolari ham – amalda akademik. Ammo ular tilga olinayotganda, albatta, to'liq qilib, masalan, “O'zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi” tarzida qayd etilishi — shart. Aks holda, anglashilmovchilik kelib chiqadi.

Shu yilning 20 may kuni Samarqand davlat universitetida akademik Botirxon Valixo'jayev tavalludining 90 yilligi munosabati bilan “Akademik Botirxon Valixo'jayev va mumtoz adabiyotshunoslik” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo'lib o'tdi. Ana shu tadbirdagi ma'ruzada keltirilgan statistik tahlilni Siz bilan baham ko'rishni ma'qul topdim.

Qiziqarli bo'lsa, statistika ham hali hech kimga ziyon keltirmagan, deb o'ylayman.

Sultonmurod OLIM,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 3 =