Saviskiy yaratgan mo''jiza
“Qoraqum va Qizilqum oralig'idagi Luvr”, “Sahrodagi durdona” nomlari bilan dunyoga mashhur Nukusdagi san'at muzeyi Igor Saviskiy nomi bilan ataladi. Xo'sh, qoraqalpoq diyoridagi dunyo sayyohlari va san'atsevarlarini jalb qilib kelayotgan mashhur muzeyga nega o'zga millat vakili nomi berilgan?
Igor Vitalyevich Saviskiy asli kiyevlik bo'lib, badavlat advokat xonadonida 1915 yilda tug'ilgandi. O'z davrining eng old, ziyolilaridan bo'lgan ota-onasi enaga, qolaversa, fransuz tilini o'rgansin degan niyatda farang muallimasini yollashgandi. Shu bois Igor fransuz tilini mukammal o'rgangandi. 1920 yilda Saviskiylar oilasi Moskvaga ko'chib kelishadi. Bu paytga kelib Igor texnikaga ham ixlos qo'yganidan peshingacha elektr asboblarini o'rgatish kursida, tushdan so'ng esa R.Mazel, Ye.Saxnovskiy kabi mashhur rassomlardan xususiy saboq olardi. So'ngra Igordagi ixlos san'atga oshuftalikni kuchaytirib yubordi. Natijada u dastlab Moskva badiiy bilim yurtida, so'ngra 1938-41 yillarda Rassomlar malakasini oshirish institutida, buyuk rassom Lev Kramarenko ustaxonasida tahsilni davom ettiradi. Ustozi bilan nafaqat bepoyon Rossiyani, balki Kavkaz va Qrimni ham kezib chiqadi.
Igor Saviskiy 1941 yili Moskva tasviriy san'at institutiga o'qishga kiradi. Ma'lumki, o'sha yili boshlangan urush “hamma narsa front uchun” degan davr da'vatini yuzaga keltirdi. Biroq sog'lig'i yomonligidan Igorni urushga jo'natishmadi. U tahsil olayotgan institut bo'lsa 1942-44 yillari evakuatsiya bois Samarqandga ko'chiriladi. Samarqanddagi tahsil davri, qolaversa, O'zbekistondagi yashash tarzi Saviskiyni sharqqa maftun qilib qo'ydi.
1944 yili Moskvaga qaytgan Igor o'qishni davom ettirarkan hamisha sharqqa talpinib yashadi. Negaki u Samarqanddalik paytida, bu yerdagi K.Istomin, R.Falkom, N.P.Ulyanov kabi rassomlar bilan birgalikda O'rta Osiyoning betakror boy madaniy yodgorliklariga ko'ngil qo'ygandi. Uning O'zbekistonga kelish orzusi Sergey Tolstov bilan uchrashgach amalga oshdi. 1950 yildan u S.Tolstov boshchiligidagi Xorazm tarix va etnografiya ekspeditsiyasida qatnasha boshladi va bu uning hayotida o'zgarish yasadi. Saviskiy rassom sifatida arxeologlarning qadimiy Xorazm sarhadlaridan topgan buyumlarini chizish bilan mashg'ul bo'lardi. Noyob topilmalarda u moziy sirlari yashirinib yotganligini anglab, xalq amaliy san'ati namunalarini to'plash bilan mustaqil shug'ullana boshladi.
Dastlab 1956 yilda Qoraqalpog'iston ilmiy-tadqiqot instituti majmuasida, keyinchalik esa tarixiy o'lkashunoslik muzeyida ishlab turib, ham rassom sifatida qoraqalpoq xalqi hayotini turfa ranglarda tasvirladi, amaliy san'at durdonalarini tadqiq qilish, to'plash ustida faoliyat olib bordi. Shuningdek, Saviskiy ustozi Sergey Tolstov bilan ana shu asarlarni o'z ichiga oladigan san'at muzeyini ochish tashabbusi bilan chiqdi. Taklif Nukusdagi rahbarlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Saviskiy xalq amaliy san'ati durdonalarini to'plash va o'rganish uchun Kegeyli, Chimboy, Qo'ng'irot, Mo'ynoq, Taxtako'pir, Ellikqal'a, Beruniy, To'rtko'l tumanlarini, butun Qoraqalpoq diyorini, Xorazm viloyatini ham eniga, ham bo'yiga kezib chiqdi. Safar davomida to'plagan durdonalarini esa Toshkent, Moskva shaharlaridagi ko'rgazmalarda namoyish qilib, qoraqalpoq xalqini jahonga tanitish yo'lida fidoyilarcha xizmat qildi.
Saviskiyning Moskvadagi mashhur Arbat ko'chasida uyi bo'lsa-da, asosiy vaqtini Nukusda o'tkazar, bu yerdagi hayot tarzi g'oyat og'ir bo'lsa-da, aksincha bu xildagi turmush tarzi unga zavq bag'ishlardi. Aynan ana shu sababli ham Saviskiyni sho'ro mafkurasi, huquq idorasi xodimlari bir necha bor uni tergovga chaqirishdi. Saviskiyning ana shu yillardagi hayotini yaxshi bilgan shogirdi To'ra Quryozov bu haqda shunday eslaydi:
— Saviskiyni Nukus shahrida rasmiy ro'yxatdan o'tmasdan turib yashayotgani va ishlayotgani, Qoraqalpog'istondagi ijara uyi pulini vaqtida to'lasa-da, bu uyga hatto yotishga kelmasligi, kuni va tunini akademiya ixtiyoriga berilgan avtogarajda o'tkazayotgani shubhalantirardi. Odatda Igor Vitalyevich akademiyadagi rasmiy ish joyida soat beshgacha ishlardi. Keyin esa garajga kelardi. Bu yerda uni biz — bir necha yosh rassomlar kutib o'tirardik. Bir kuni odatdagidan kechroq keldi. Dekabr oyi edi o'shanda. Havo nihoyatda sovuq. Izg'irin jon-joningdan o'tib ketadi. Nihoyat, eshikda Saviskiy ko'rindi. Egnida eski kulrang plash, boshida jigarrang beretka, sovuqdan qotib qolgan iyaklarigacha qaltiraydi.
— Yana ichki ishlarga chaqirishdi, —dedi u, — yana imzosiz xat tushibdi. Bu gal ro'yxatdan o'tmay yashayotganimni ro'kach qilishibdi. Olimlar, yozuvchilar doimiy ro'yxatga turmayoq xohlagan joylarida yashashi mumkin, buni ijod erkinligi deyishadi, deb batafsil va'z o'qidim. Avvallari ular bunday ma'ruzamni bosh irg'ab tinglashardi. Aytganimga ko'nardi. Endi esa negadir oyoq tirab turib olishdi. Emishki, mening faxriy unvonim yo'q. Unvon yo'q, demak, imtiyoz ham yo'q! Men hayotimni shu yurtga bag'ishlaganimni, ko'chib ketish niyatim yo'qligini qayta-qayta aytib, o'zimga uy olsam, albatta ro'yxatga turaman, deb zo'rg'a qutuldim.
Asli xorazmlik bo'lgan To'ra Quryozov Saviskiyning shogirdi bo'lib, ustozi bilan bir necha yillar hamkorlik qilgan ziyolilardan. To'ra aka ustozi bilan bog'liq quyidagi voqealarni eslaydi: “Qorong'i tushib qolgan paytda biz ovuldagi birinchi uyning eshigini taqillatdik. Xonada xiragina kerosin chiroq miltillab turardi. Mehmon atoyi xudo deb kutib olgan mezbon xotiniga beshbarmoq — tansiq taom tayyorlashni buyurdi. E'tibor qilsam, Igor Vitalyevich dasturxonga qo'yilgan jihozlarning har birini qo'liga olib, diqqat bilan tekshirayotir. Boshini sarak-sarak qilib qo'yayotir. Ularning bari, hatto qoshiq, kosa, lali, piyola ham tolyog'ochdan o'yib yasalgandi. Chetlarida yosh bolalarning tishi tegib, uchgan joylari bilinib turibdi. Faqat qozongina metaldan yasalgan. Ertasiga o'n-o'n besh chaqirim piyoda yurib, ovullarni aylandik, eski buyumlarni qidirdik. Arzigulik narsa topilmadi. Eng chekka ovuldagi eng oxirgi xonadonga yetdik. Bor-yo'g'i birgina xona. Tomi pastak — odamning boshi tegay deydi. Hovlida esa ko'pchilikning uyidagi kabi oq o'tov tikilgan. Mezbon chol bizni shunga taklif qildi. Shinamgina o'tovga kirgach, bizning ham qaddimiz sal tiklandi, soddalik va ozodalikdan ko'nglimiz yorishdi. Men qariyaga maqsadimizni tushuntirganimcha, Igor aka hovliga chiqib ketdi.
Cholning bolalari yaylovga mol haydab ketgan ekan. Huv narida bog'lab qo'yilgan eshakday bo'ribosar itni demasa, boshqa jonzot ko'rinmaydi. Atrofda ibtidoiy sukunat hukm surmoqda.
Oqsoqol bilan suhbatim hali ichkarilamay turiboq, to'satdan tashqarida Saviskiyning jon holatda qichqirig'i-yu itning vajohat bilan hurgani eshitildi. Yugurib chiqsak, Igor aka qop-qora qonga bo'yalgan qo'lini silkitib voy-voylamoqda, hovli aylanib qochmoqda. It yer timdalagancha vajohat bilan vovvullayotir. Bilsak, Saviskiy itning yalog'iga qiziqib qolib, shuni ko'rmoqchi bo'libdi. Tabiiyki, it o'zining mulkini birovga indamasdan berib qo'ymaydi. Beso'roq cho'zilgan qo'lni shart tishlagan. Uzib olmabdi haliyam.
Jarohatga yod surtib, bog'lab qo'ydik. Men tezroq tuman markaziga borib, vrachga uchrashishni, quturishga qarshi em olish zarurligini aytdim.Chol esa kaltak olib, ko'ppagini quvalay ketdi. Saviskiy uni hay-haylab to'xtatdi va o'zining aybi uchun jonzotning kaltaklanishiga toqat qilolmasligini bildirdi. Ammo u vrachga borishdan bosh tortdi, “menga hech narsa qilmaydi” deb kuldi. Chindan ham hech narsa qilmadi.
Men qiziqish bilan itning yalog'ini olib, yuvdim. Singan sopol tovoq chetida arabiy imloda bitilgan naqshu nigor ko'rindi. Saviskiy cho'ntagidan lupasini chiqarib, yozuvni o'rganmoqqa tutindi, choldan shu yaloqni sotishni so'radi. Yaxshigina haq aytdi. Biroq mezbon pulni rad qildi. Lekin itga yaloq bo'lib kelayotgan noyob asarni tekinga oldik. Keyingi ovullardan yana bir nechta so'zana va boshqa kashtalar xarid qildik.
Ovul adog'ida yashaydigan chol va kampirning kulbasini taqillatdik. Chol nima bilandir andarmon edi, kampiri esa ko'hna bir sholchada o'tiribdi. Saviskiy sholchani ko'rishi bilanoq, “Bu XVII asrdan qolgan, shuni olamiz!” dedi. Men momoga shu eski sholchani sotib olmoqchi ekanimizni aytdim. U ko'nmadi. Aytdiki, sholcha menga momomdan, momosiga esa uning momosidan meros qolgan. Men aytdimki, bu sholchaning egasi siz bo'lganingizni yozib qo'yamiz. “Nega mening otimni yozasizlar, dedi onaxon, sholcha momomga momosidan qolgan bo'lsa, eng katta bobomning mulki bo'lsa!?”. Ularning ham ismini yozib qo'yamiz dedim. Men ularning ismini bilmaymanku, dedi. …Xullas, uzoq tortishdik, kampir sira ko'nmadi. U momolaridan yodgor buyumni birovga berishni sira istamasdi. Saviskiy u paytlar qoraqalpoqchani bilmasdi. Savdoga aralasholmaydi. O'rischalab bir nimalar deb gapirindi-da, sholchaning bir chetidan o'ziga torta boshladi. Kampir sholchadan turmaydi, qo'li bilan bir chetidan ushlab olgan. Saviskiy bolaligida tomog'ini shamollatib olgan, shunga uning ovozi qizlarnikiday ingichka edi. Ularning baqiriq-chaqirig'i olamni tutgan deng. O'la-a, deb kuladigan odam yo'q.
Bir mahal kampir sholchani qo'ltig'iga qistirib, suv bo'yiga yugurib ketdi. Uni shu yerga yozib, ustiga o'tirgancha bor ovozda ho'ngrab yig'lay boshladi. Saviskiy ham uning yoniga cho'kka o'tirib, yig'i boshladi. Biz hayronu lolmiz. Ikkovlari rosa to'yib yig'lashdi. Oxiri kampir zarda bilan o'rnidan turdi. “Shu sholcha boshginangdan ordona qolsin. Tilanchi!”, deb sholchani bizga berdi. Saviskiyning ham ko'z yoshlari quridi. Sholcha esa muzey uchun noyob eksponat edi.
Xullas, To'ra Quryozov eslaganidek muzeyga eksponatlar to'plash jarayonida shu kabi voqealar ham bo'lib turgan.
Saviskiy o'zi to'plagan manbalar haqida 1965 yilda “Fan” nashriyotida “Qoraqalpoq xalq amaliy san'ati: yog'och o'ymakorligi” nomli kitobini nashr etdirib, bu borada yana bir yangilikka qo'l uradi.
Ana shundan keyingina Qoraqalpog'iston Respublikasida davlat san'at muzeyini ochish amaliy tus olib, unga ilk rahbarlik Igor Vitalyevich Saviskiydek xassos rassom va san'atshunosning zimmasiga tushgandi. Natijada 1966 yil 5 fevralda tashkil qilingan muzeyda qisqa muddat ichida Saviskiy boshchiligida to'plangan eksponatlar soni 50 mingdan oshib ketdi. Bu haqda xorij matbuoti o'sha kezlari “Sahrodagi durdona”, “Qoraqumlar oralig'idagi Luvr” sarlavhali maqolalar chop etgan edi.
Saviskiyning qadimgi Xorazm san'at asarlarini to'plash faoliyati tufayligina ko'plab durdonalarning yo'qolib ketishi oldi olindi va qoraqalpoq xalq amaliy hamda tasviriy san'ati ham rivojlanib, yuqori bosqichga chiqdi.
U tabiat manzaralari — peyzajchi rassom bo'lgani bois, K.Saipov, J.Qutimuratov, D.To'raniyozov, A.Ataboyev singari qoraqalpoq rassomlari uni ustoz deb bilishardi.
Kezi kelganda shaxsga sig'inish davri bilan bog'liq yana bir tarixiy hodisani eslamasdan o'tib bo'lmaydi. O'tgan asrning boshlarida Yevropada paydo bo'lgan avangardizm oqimi ko'plab rassomlarni o'ziga jalb etgandi. Biroq sho'ro mafkurasi bu tarzda ijod qiluvchi rassomlarni va ularning ijodini nomaqbul asarlar deb topadi. I.Saviskiy eng chekka hudud hisoblangan qoraqalpog'istonlik rahbarlarni avangardizmga doir san'at asarlarini arzon garovga sotib olishga ko'ndiradi. Natijada mamlakatning Moskva, Kiyev va boshqa shaharlaridagi avangardchi rassomlar asarlari aynan Igor Vilatyevich sabab sotib olinadi va Nukusga keltiriladi. Vaqt o'tib butun dunyoda bebaho antikvarga aylangan asarlar bugun Nukus san'at muzeyini boyitib turibdi. Yuqoridagi singari 1950-60 yillarda yaratilgan nodir rasmlar hatto Moskva, Sankt-Peterburg, Kiyev shaharlarida emas, bugun aynan Nukusda saqlanib turibdi. Bu esa Saviskiyning mehnatlari tufaylidir.
Nukusdagi muzeyda avangard, postavangard yo'nalishlariga mansub noyob asarlarning majmui to'plangan bo'lib, Moskva, Kiyev kabi katta shaharlarda pol tagiga, qaznoqlarga yashirilgan, uni chizgan rassomlar esa qamoq, surgunda azob tortib yotgan paytda, sho'ro mafkurasi inkor qilgan ellik mingdan ziyod rasmlarning Saviskiy tomonidan Nukusga keltirilganining o'zi jasorat edi. Aynan birgina insonning fidoyiligi bilangina dunyo san'atsevarlarini hayratlantirayotgan noyob asarlar saqlanib qolinibgina qolmay, dunyoga mashhur muzeyga asos solindi.
Qoraqalpog'iston xalqi o'z farzandidek bo'lib qolgan I.V.Saviskiyni Berdaq nomli mukofot bilan taqdirladi. 2002 yilda muzey uchun yangi zamonaviy bino qurildi.
Ha, rassom, arxeolog va san'atshunos I.Saviskiy (1915-1984)ning qoraqalpoq xalqi oldidagi xizmatlari unutilib ketmadi. Zero, u shunday e'zozga sazovor ishlar qilib ketgan edi.
Umid BEKMUHAMMAD