Unsiya (Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning shaxsiy kutubxonasi haqida)
Temuriylar Uyg'onish davri madaniyatiga xos mumtoz uslublardan yana biri bu shonli davrda aql va qo'l ixtirolarining mahsuli sifatida ko'plab muhtasham kitoblarning yozilishi, qayta ko'chirilishi, saqlanishi, o'rganilishi va targ'ib qilinishi masalasidir. Bir tomondan, madrasalarda mudarris va tolibu ilmlar uchun kutubxonalar tashkil qilingan hamda ularning ta'minotiga vaqflar ajratilgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, Temuriy hukmdorlar saroyda, davlat arkonlari, ulug' shoir, adiblar, ulamolar uylarida, tariqat pirlari xonaqolarida kutubxonalar tashkil qilganlar. Shunday kutubxonalardan biri Alisher Navoiyning muhtasham kutubxonasidir. Temuriylar davlat boshqaruvida bo'lgan Xuroson va Movarounnahr davlatining adabiy, ilmiy, madaniy yuksalishida buyuk mutafakkir kutubxonasining ahamiyati baland bo'lgan.
Ushbu ma'rifat maskani to'g'risida, birinchidan, uning o'z asarlari matnida, ikkinchidan esa u haqida yozilgan adabiy va tarixiy xarakterdagi manbalarda muhim ma'lumot, xabar, eslatmalarni o'qiymiz. Chunki, Alisher Navoiy Temuriylar Uyg'onish davrining daho so'z san'atkori, adolatpesha, hunarparvar amiri, katta mulkdorgina emas, balki o'z davrining mashhur kitobxoni sifatida ham ibratga loyiq bo'lgan. Bu haqda tarixchi Mirxond “Ravzat us-safo”da shunday xabar yozgan: “… u Xurosondan behisht monand Samarqandga borib, Xoja Jaloluddin Abullaysiy xonaqosida istiqomat qildi va ko'p vaqtini kitob mutolaasiga sarfladi.”
Unsiya nomi bilan o'z zamonida mashhur bo'lgan va tarix zarvaraqlarida oltin harflar bilan bitib qoldirilgan fayzga to'la uyida dahoning juda katta kutubxona fondi bo'lgan, unda xattot, musavvir, shoir, adib, muarrix, siyosatchi, baxshi, munshiy, olimlar qizg'in faoliyat olib borishgan, ma'rifiy, adabiy majlislar tashkil qilingan. Kutubxona boshqaruvi esa kitobdorlik mansabida o'tirgan mulozim qo'lida bo'lgan. Ularning nomi ishonchli manbalarda ehtirom ila qayd etilgan.
O'zbekiston Qahramoni Suyima G'aniyeva Navoiy o'z asarlarida tilga olgan va daho so'z san'atkori tez-tez murojaat qilib turgan adabiy, tarixiy, ilmiy xarakterdagi kitoblar nomini 271 ta ekanligini aniqlagan va bu haqda “Navoiy tilga olgan asarlar” nomli risola bitgan. Demak, ulug' shoirning durdona asarlarida tilga olingan 271 ta bebaho kitoblar uning boy kutubxona fondida ham bir necha nusxalarda mavjud bo'lgan. Navoiy mazkur kitoblar yoki ularning mualliflari nomini turli badiiy maqsadlarda esga olgan:
- Talmeh badiiy san'ati yordamida mashhur kitoblar yoki ularning muallifiga ishora qilish, hurmat ko'rsatish yoki qiziqtirish ma'nosida.
- Ikki yoki undan ortiq kitobda bitilgan mushtarak ma'lumotlarni tekshirish yo o'zi aytmoqchi bo'lgan dadil fikrga dalil sifatida tamsil qilib keltirish maqsadida.
- Zarur ma'lumotlarni o'qib-o'rganganda, ikkilangan iqtiboslarni ma'lum bir mashhur kitobda yozilgan ma'lumot bilan qayta tasdiqlash sharti uchun.
- Qiyosiy aspektda qilingan turli murojaatlar shaklida.
Shuni mamnuniyat ila ta'kidlash zarurki, Navoiy o'z davrining ulug' shoir, adiblari haqida gapirganda ham ular bitgan qimmatli kitoblari xususida ham alohida ma'lumot berishga harakat qilgan hamda mazkur kitoblarning kutubxona fondida borligiga, avaylab saqlanayotganiga ishora etgan. Masalan, ustozi Abdurahmon Jomiyga bag'ishlab yozgan hasbi hol xarakteridagi “Xamsat ul-mutahayyirin” asarining “Uchinchi maqolat” faslida Navoiy e'tirof tuyg'usi ila “Kutub va rasoyil bobidakim, alarning musannafotining te'dodi (adadi) budurkim” deb buyuk mutafakkirning turli dolzarb mavzularda astoydil yozgan 40 ta qimmatli kitobining nomini birma-bir sanab ko'rsatgan, o'rni bilan axborot ham bergan. Qizig'i shundaki, Navoiy “Muhokamat ul-lug'atayn” asarida o'zi bitgan 30 dan ziyod kitoblarining ro'yxatini tuzgan. Muhimi, daho tasnif qilgan kitoblar ro'yxati, katalogi uning fayzli kutubxona fondida ham bor bo'lgan. Yoki uning Temuriy hukmdorlar haqida yozgan ma'lumotlarini o'qisak, ular bitib qoldirgan kitoblar nomi, xususiyati borasida ham maroqli xabarlarga ko'zimiz tushadi. Navoiy “Majolis un-nafois”ning yettinchi majlisida donishmand hukmdor Mirzo Ulug'bekning “Ziji Ko'ragoniy” asarini yodga olgan bo'lsa, “Farhod va Shirin”dostonida esa buyuk allomaning ushbu ilmiy kitobi sabab ham uni:
Rasadkim bog'lamish – zebi jahondur,
Jahon ichra yana bir osmondur.
Bilib bu nav' ilmi osmoniy –
Ki, ondin yozdi “Zichi Ko'ragoniy,”
deb sharaflaganiga guvoh bo'lamiz.
Alisher Navoiyning kutubxonasida o'tirib uning boy ijodini o'rgangan birinchi tadqiqotchi, nazarimizda, podshoh va shoir Bobur bo'lgan. U 1506 yilda Navoiyning Unsiyasida 20 kun yashagan va uning kutubxona fondida mavjud bo'lgan kitoblarni ko'zdan kechirgan, unumli foydalangan hamda bu borada muhtasham “Boburnoma” memuarida va “Risolai aruz”dek ilmiy asarida muhim xabarlar yozgan hamda vaqt o'tib uning o'zi Agrada shunday muhtasham kutubxona tashkil qilgan. Ta'sirli va ibratli jihati shundaki, Boburning bu kutubxonasida Navoiyning shogirdi tarixchi Xondamir bo'lgan va unda o'tirib ijod qilgan.
Daho shoir ijodini o'rgangan Hamid Olimjon ham o'z tadqiqotida uning kutubxonasi masalasiga diqqat qaratgan. 1939 yilda yozgan “Navoiy o'zbek tilining asoschisi” nomli maqolasida u aynan Navoiyning mashhur kutubxonasi mavzusiga to'xtalgan va hayratlanib jahonda eng boy kutubxonalardan biri – Navoiyning kutubxonasi, degan xulosani olg'a surgan.
Atoqli navoiyshunos Maqsud Shayxzoda esa 1939 yilda jo'shib yozgan “O'rtoq Navoiy” dostonida Navoiy Unsiyada “Xamsa” kabi o'ttizdan ortiq asarlar yaratib, kutubxona fondini boyitganiga ham ishora qilib “Yozarkan “Xamsa”ning eng so'lim bobin,Odamzod zehnining go'zal kitobin,”deb o'qishli baytlar bitgan:
Herining eng tanho bir go'shasida,
Bog'larga eltuvchi tor ko'chasida
Poytaxtning xilvatgoh mahallasi bor,
Unda shinam uyning darvozasi bor,
Bog'chasi yam-yashil, devori sarig',
Boloxonasi-da doimo yorug'.
Bu yerda qalamni yurguzar shoir,
Dunyoi olamni ham kezar shoir…
Yozarkan “Xamsa”ning eng so'lim bobin,
Odamzod zehnining go'zal kitobin.
Agar biz Bobur va H. Olimjon, M.Shayxzoda, S.G'aniyeva yoki boshqa tarixchi, navoiyshunoslar yozgan ma'lumot, fikr, e'tiroflariga hurmat ko'rsatib Navoiy kutubxona fondini bugungi kutubxonashunoslik ilmi va ziyrak kitobxon nazari asnosida baholab shaxsiy kutubxonani juda katta arxiv fondi, ma'lumotlar bazasi va manbai, desak arziydi.
Endi Navoiy kutubxona fondida mavjud bo'lgan Qur'oni karimning juda qadimiy nusxalaridan biri haqida to'xtalmoqchimiz. Mazkur ma'lumotni Alisher Navoiyning shogirdi, mumtoz muarrix Xondamir uning sharafiga atab bitgan “Makorim ul-axloq” nomli durdona asarida yozib qoldirgan. Xondamir Navoiy kutubxonasida arab olamida Qur'oni karim nusxalarini ko'chirish bilan mashhur bo'lgan yakqalam xattot Yoqut al-Musta'sim ko'chirgan Qur'oni majidning bir nusxasi mavjudligi haqida yozgan. Qizig'i shundaki, mazkur ma'lumotda Navoiy kutubxonasidagi yana bir Qur'on nusxasi—Mavlono Shams Ma'ruf qalami bilan ko'chirilgan Qur'on nusxasi haqida ham gap boradi.
Yoqut – arablar orasida va islom olamida shuhrat topgan iste'dodli kotib (tug'ilgan yili noma'lum, 1268 da vafot etgan). U Bag'dodda abbosiy xalifa Musta'sim hukmronligi davrida yashagan. Qur'oni karimni ko'chirishda yagona hisoblangan. Sharq adabiyotida talmeh san'ati vositasida uning ulug' nomiga, xattotlik san'atiga ishora qilib yozilgan baytlar ham uchraydi.
Navoiy “Hayrat ul-abror” kitobida uning muborak nomini tilga olgan. Ammo Navoiyning buyuk shaxsiga bag'ishlab yozilgan Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarida ulug' amir kutubxonasida Yoqut ko'chirgan Qur'oni karim nusxasining borligi va uning yo'qolgan varaqlarini qayta tiklash bilan bog'liq bir hayotiy voqea – kutubxonada olib borilayotgan qizg'in jarayon, amaliy faoliyat haqida hikoya qilingan. Chunonchi: “Hikoya. Bir vaqtlar oliy hazrat Amirning kutubxonasida Yoqut degan kotib xati bilan yozilgan va bir necha sahifasi yo'qolgan Qur'on bor edi. Ul hazratning muborak xotiri o'sha nafis tuhfani takomillashtirishni istab, tushib qolgan sahifalarini qayta yozib chiqishni “…xattotlar yetakchisi va ko'pchilik xushnavislarning donosi bo'lgan, olti xil xat uslubining hammasida yaxshi yozadigan” Xoja Hofiz Muhammad xuffozga topshirdi. Xoja Hofiz Muhammad bir necha kun mobaynida qanday yo'l bilan ortiq-kamlik qilmaydigan, sahifasi-sahifasiga to'g'ri keladigan qilib qay yo'sin bilan yozish chorasini axtardi. Shu payt ul hazratning qo'liga Mavlono Shams Ma'ruf qalami bilan ko'chirilgan Qur'on nusxasi tushdi. Uning xati va ko'rinishini sahifalari yo'qolgan o'sha Qur'on nusxasiga yaqin ko'rib, “tushib qolgan sahifalarini shundan ko'rsangiz, ehtimol mos tushar”, deb Xoja Hofiz Muhammadga yubordi. Ittifoqo, Mavlono Shams Ma'ruf buni ilgari o'sha Xoja Yoqut ko'chirgan Qur'on nusxasidan betma-bet, yo'lma-yo'l, bironta harfini o'zgartirmasdan ko'chirgan ekan. Shuning bilan bu sahifalarni ko'chirish oson bo'ldi.”
Yuqorida bayon qilingan ma'lumotga qaraganda, Navoiy kutubxona fondida ko'plab xattotlar faoliyat olib borgan. Ular, birinchidan, ulug' amirning asarlari nusxasini ko'chirgan bo'lsa, ikkinchidan esa mazkur kutubxonada mavjud bo'lgan kitoblardan ham nusxalar ko'chirgan, ba'zi kitoblarning qo'lyozma nusxalari solishtirilib asarning mukammal matni tuzilgan, uchinchidan, Navoiy Hirotda qurdirgan Nizomiya va Marvda bino qildirgan Xusraviya madrasalari kutubxonasi ham mazkur kutubxona fondi yordamida kitob, o'quv darsliklari bilan ta'minlangan. To'rtinchidan esa o'qishli kitoblarni kitob do'koni, kitob bozoriga sotuvga chiqarishda va qo'shni mamlakatlarga, viloyatlarga hadya sifatida muhtasham kitoblarni tayyorlab yuborishda Navoiy kutubxonasi bosh ta'minotchi vazifasini ham o'tagan.
Biz gapirgan xattot Yoqut bilan bog'liq hikoyada Navoiy kutubxonasida xattotlik qiluvchi Xoja Hofiz Muhammad va Mavlono Shams Ma'ruf kabi usta darajasiga ko'tarilgan xattotlar nomi ham tilga olinganidan xabardor bo'ldik.
Yana shuni alohida qayd etish kerakki, Xondamir o'zining “Xulosat ul-axbor” asarining “Olihazrat kutubxonasida ishlagan ba'zi xushxat kotiblar zikrida” nomli faslida Navoiy tarbiyalagan, undan lutfu ehson ko'rgan, inoyati ostida bo'lgan va ko'p yillardan buyon uning obod kutubxonasida kitobat bilan mashg'ul bo'lgan 10 nafar mahoratli xattotlar xususida qisqacha ma'lumot bitgan. Masalan, Mavlono Sultonali Mashhadiyni Xondamir shunday ta'riflaydi: “Mavlono Sultonali Mashhadiy yaxshi xulq-atvor, latif xislat bilan sifatlangan va yetuk fazilati va yaxshi tabiati bilan mashhurdir. Nasta'liq xatini yozishda Mavlono Ja'fardan keyin unga barobar keladigan kishi yo'qdir, balki, u barcha xushnavislarning xati ustiga nasx raqamini chizib, ko'p vaqtlardan beri oliyhazrat Amir Alisherning kutubxonasida kitobat ishlari bilan mashg'ul va uning behisob in'omu ehsonidan bahramanddir. Hozir ham ul hazratning muruvvatlariga manzur bo'lib, u yozgan har bir kitobni nayqalamda o'xshatib ko'chirishda bel bog'lab xizmat qilmoqda…” Yoki Navoiy e'tirofiga sazovor bo'lgan Mavlono Sulton Muhammad to'g'risida: “Amir Alisherning inoyati ostida bo'lgan kotiblar qatori hunari rivoj topgan; husnixatda yetakchidir. Ul hazrat Amir Alisherning ilhom bayon og'zidan ko'p bor: “Nasta'liq yozishda hech kim unga teng kelolmaydi”, degan so'zlarni eshitganman”, deb yozgan.
Navoiy kutubxona fondidan joy olgan kitoblar qatorida o'z davrida Alisher Navoiyning sharafli nomiga zamondosh olimlar tasnif qilgan kitoblarning borligi hamdir. Xondamir “Makorim ul-axloq”da ularning ro'yxatini ham keltirgan. Chunonchi:
“Sharxi Faroiz”. Oliy hazrat shayxulislom… Sayfuddin Ahmad Taftazoniy asari.
“Ravzat ul-ahbob fi siyar un-nabi val-ashob”. Ikki jildlik… Amir Jamoluddin Atoulloh Asiliy asari.
“Tafsiri forsiy”, Oliyjanob fayz egasi Mavlono Kamoluddin Husayn al-voiz al-Koshifiy asari.
“Sharhi arba'in”. Imom Navaviy asari.
“Hoshiyayi muxtasar”, “Hoshiyayi Chag'miniy”, “Hoshiyayi sharhi”, “Hidoya-yi hikmat”, “Hoshiyayi sharhi ashkol”, “Ta'sis sharhi bist bobi usturlob”, “Hoshiyayi mavoqif”, “Sharhi miat ul-omil”. Bular maxdumiy Mavlono Fasihuddin Muhammad Nizomiy tasniflari.
“Sharhi mishkot”, Fazilat egasi janob xoja Imomuddin Abdulaziz Abxariy asari.
“Xoshiyayi sharhi hikmati ayn”. Janobi marhum mavlono Kamoluddin Mas'ud Shirvoniy asari.
“Risola dar ilmi farosat”. Mavlono Abdurrazzoq Kirmoniy yozgan.
“Hoshiyayi sharhi mo''jizi Mavlono Nafis”. Hikmat egasi Mavlono G'iyosuddin Muhammad asari.
“Tarjimayi adabiyoti nafahot”. Mavlono Nizomuddin Ahmad Pir Shams asari.
“Tazkirat un-nufus”. Mavlono Darvish Ali tabib tuzgan.
“Hoshiyayi Mutavval”. Xoja Abulqosim Abullaysiy qalami bilan yozilgan.
“Hoshiyayi Miftoh”, “Hoshiyayi Talvih”. Xoja Xovand Abullaysiy asarlari.
“Sharhi Mo''jaz”. Sabzavor qozisi Mavlono G'iyosuddin asari”.
Ushbu nurli maskan, ma'rifat o'chog'i haqida yuqorida aytgan tahlil va talqinlarimiz bilan ramziy ma'noda Navoiy kutubxona fondiga sayr qildik, kitoblar olamiga oshno bo'ldik, desak mubolag'a bo'lmas.
Navoiy kutubxonasida mavjud bo'lgan yoki qayta ko'chirilgan, tahrir qilingan kitoblar, ularning qo'lyozma nusxalari va buyuk mutafakkir kitoblarining rangin nusxalari XXI asrda ham dunyodagi ne-ne olamga mashhur bo'lgan ma'qul va maxsus muzey, kutubxona fondlarini boyitib va bezatib turibdi.
Burobiya RAJABOVA,
O'z FA O'zbek tili, adabiyoti va
folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi