Chilpiq

Ajdodlarimiz undan koinotni o'rganish uchun rasadxona sifatida foydalangan

 

SUKUNAT MINORASI

Amu sohillari juda salqin joy: tog'ni eslatib yuboruvchi kichik-kichik tepaliklar orasidan, quyuq to'qayzorlardan go'yo mohir raqqosdek buralib, eshilib, tosh poyondoz ustidan shoshqin, shovullagan, chopqir Amudaryo oqadi. Sohilga yaqin manzilda, undan xiyla uzoq joyda, konussimon tepalik qad ko'targan: bu yaqinda uy, aholi yashash manzillari yo'q, paxta va g'alla, sholi ekiladigan dalalar bu yerdan xiyla uzoq masofada.

O'tmishda ko'pdan-ko'p voqealarga guvoh bo'lgan bu osori-atiqa ikkinchi, to'rtinchi asrlarga taaalluqli ekan. El-ulus uni “Chilpiq” madaniy yodgorligi deb ataydi. U shahd-shiddat bilan oqayotgan Amudaryoning o'ng qirg'og'ida qad kerib turadi. Atrofi ochiq, yaydoq kenglikdan iborat.

 

“AVESTODAGI NAZOKATLI TUYG'ULAR”

Zardushtiylikning muqaddas kitobi “Aves­to”da o'ta muhim ma'lumotlar uchraydi. Ushbu ma'lumotlar esa yurtimiz tarixini o'rganishda asqotadi. Tarixchi olimlarning aytish­laricha, “Avesto” da tasvirlangan joylar qadimgi Xorazm, ya'ni Chilpiq qal'a barpo etilgan manzilga har tomondan to'g'ri kelar ekan. Bu dalillarning barchasi ilmiy tarzda isbot etilgan.

“Avesto” kitobini vaqti-vaqti bilan qo'lga olib turaman. Uning “Vendidod” deb atalgan birinchi kitobida “Men, Axura Mazda, birinchi navbatda eng yaxshi joyda, Go'zal “Daitya” daryosi sohilida Ayrian Veja mamlakatini ( kishvar) yaratdim” degan qayd uchraydi. Ko'pgina olimlar “Daitya”ning Amudaryo ekanligini e'tirof etishadi. Chunki, “Avesto”da tasvirlangan daryo Amudaryoga har tomondan o'xshaydi, mos keladi. Ana shu dalilga tayangan tadqiqotchilar “Ayrian Veja”ning qadimgi Xorazm o'lkasi ekanligini bot-bot ta'kidlab kelishadi. Tag'in bir gap. “Avesto”dagi “U (yima) uzunligi bir xatr (taxminan ming metrcha) keladigan joyga suv olib bordi”, qaerda mo'l non (bug'doy), shifobaxsh giyohlar, o'simliklar, yeyishga yaroqli mevalar yetishtirilsa, qirg'oq yer sug'oriladi, degan so'zlarga e'tibor qaratilsa, bu o'rinda sun'iy ravishda sug'orish va dehqonchilik xo'jaligini yuritish tartiblari haqida gap borayotganligini anglab yetish mumkin. Ochig'i, bu o'ziga xos nazokatli, tuyg'ularga boy so'zlarni mutolaa qilganingda qadimda ajdodlarimizning ma'naviy dunyosi, tafakkur doi­rasi, so'zlash ohangi go'zal va serma'no, serjilo bo'lganligiga amin keltirasan. Negaki, “Avesto” har doim yuksak g'oyalardan biri bo'lgan vatanparvarlikni, o'z tuprog'iga bo'lgan cheksiz mehr-muhabbatni tarannum, madh etib keladi.

“Shuhrati nomi bilan u keng besarhad,

Uzunlikda barcha suvlarga barobar.

Shu zaminda oqib turuvchi va

                                          ham qudratli…

Hukarya cho'qqisidan boshlanib

Verukasha dengiziga qo'yg'uvchi…”

Ushbu go'zal she'riy satrlarni men “Aves­to”ning “Yasht” kitobidagi beshinchi bobida Ardvisur Anaxitaga bag'ishlangan madhiyasidan (shunday so'zlar bor) oldim. Ros­ti, Anaxitaning bu ta'rifida aynan Amudaryo tilga olinganligini ko'rish mumkin. “Avesto”dagi hayot va saxovat deya ta'riflangan suvlikka yaqin joylashgan “Chilpiq” qal'asi bekorga aynan daryoga yaqin joyda barpo etilmagan.

…Katta yo'ldan, ya'ni Nukus shahri markazidan janubga — Beruniy tumaniga qarab qirq uch chaqirimcha yo'l bosdik. Uzoqdan o'ttiz besh, qirq metrcha keladigan konussimon tepalik cho'qqisida qad kergan, mag'rur “Chilpiq” qal'asi ko'zga tashlandi. Haydovchi yigit ulov rulini o'sha tomonga burdi. Ulovdan tushib, piyoda tepalikka ko'tarildik. Mana uzunligi yigirma metrdan ortiq, yetmish beshta zinaning yon tomonlarida ham qadimda devorlar bo'lgan. Qal'a bo'y-basti bilan mana-men deb savlat to'kib turardi. Bu obidaning eni bir yuz o'ttiz, bir yuz ellik metrcha, balandligi o'ttiz besh, qirq metrcha kelib qoladi. Aylana shaklida. Sinchiklab qaragan odam, ushbu osori-atiqani qadimgi rimliklar, yunonlar, hindlar, shumerlarning ibodatxonalariga o'xshash ekanligini bilib olsa bo'ladi.

* * *

…Elning aytivucha, zardushtiylarning diniy marosimlarini ado etishga mo'ljallab barpo etilgan maskanda sukunat, sokinlik hukmron. Pastlikda daryo suvining yaltirab oqishi ko'zga tashlanadi…

 

SITORALAR JILVA QILAR SAMODA

Qop-qorong'u, zulmat hukmron bir tun. Osmonda son-sanoqsiz yulduzlar jimirlaydi. Sinchiklab qarasangiz, ular sizga ko'z qisayotganday go'yo. Xullas, ko'k toqida ming-ming­lab sitoralar azal-azaldan odamzodni qiziqtirib, sehrlab keladi. Ana shu holat inobatga olinib, “Chilpiq” qal'asidan ajdodlarimiz koinotni o'rganish uchun rasadxona sifatida ham foydalanishgan. Mazkur dalilni haqiqatga yaqin ekanligini, Markaziy Osiyo me'morchiligi tarixi bo'yicha ko'pgina tadqiqotlar olib borgan taniqli olim S.Bo'latov aniq va ishonarli tarzda isbot etgan. Chindan ham bu joy azimuti ellik sakkiz daraja bo'lgan astronomik asbob-uskunalarda qahraton qishda kun bilan tunning teng­lashish payti, quyoshni tutilishini kuzatish uchun har jihatdan qulay ekan.

Buni qarang, bir mahallar, atoqli olim Abu Rayhon Beruniy bobomiz, o'zining sinchkovligi bilan Qiyot bilan Gurganch, ya'ni hozirgi Beruniy tumani bilan Urganch shahri oralig'idagi kuzatuv joyi aynan “Chilpiq” qad kergan joyning o'ziga to'g'ri kelishini aytgandi. Bu ma'lumot olimning qator asarlaridan o'rin olgan.

Olim S. Bo'latovning bir oyog'i “Chilpiq”qal'asidan uzilmadi. Hattoki, ayrim tunlarni shu manzilda bedor o'tkazdi. Tunlari osmondagi son-sanoqsiz sitoralar holatini kuzatgan kunlari ham ko'p bo'ldi. U nihoyat Chilpiq bizning bebaho, topilmas, madaniy yodgorligimiz degan qat'iy qarorga keldi. Darvoqe, o'sha kezlari mahalliy aholi, ya'ni dehqonlar,chorvadorlar tadqiqot ishlari olib borilganda, o'zlari ado etmoqchi vazifalarni shunga qarab bajarganlar.

 

DARAXT TOShGA AYLANDI

“Chilpiq” qal'a tarixi olimlarni uzoq vaqtdan beri qiziqtirib keladi. Shuning uchun ular ilmiy tadqiqotlar, kuzatishlar olib borishdan chekinayotganlari yo'q. Ikki ming oltinchi yil. Osmonda mezonlar uchib yurardi. Havo iliq. Bu mahal qadimshunoslar “Chilpiq” qal'a ostonasida igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli yumush ya'ni arxeologik qazishma ishlari bilan band edi. Shu payt qo'l bilan ishlaydigan lapatka qattiq bir jismga uriladi. Qarashsa, uzunligi bir metru o'ttiz ikki santimetr, belbog'i to'qson santimetr va og'irligi ikki yuz kilogrammgacha keladigan noyob toshyog'och qoldig'i. Sinchkovlik bilan, tikilib qaralsa, o't-olovda yonmaydigan, jigarrang marmar toshdek, qattiq, zanglab qolgan daraxt bo'laklari. Ajablantiradigan jihati shundaki, topilma atrofidagi tosh parchalarida o'simlik va yaproq izlari qurt-qumurs­­qa uyalarining izlari asl holicha, yaxshi holatda saqlanib qolganligi edi. To'g'ri, tabiat beqiyos sir-sinoatlarga serob. Zilzila, tog' va yer ko'chkisi, suv toshqini, qum bosishi singari tabiiy ofatlar tufayli oradan bir necha million yillar o'tishi oqibatida o'simliklar toshko'mirga, torf, gil yoki neft qorishmasiga aylanishi bor gap. Ammo daraxtning harsang toshga aylanishi tabiatda nihoyatda kamyob hodisa hisoblanadi. Buning turgan bitgani ajoyibot va mo''jizaning o'zginasi-ku. Daraxt toshlarining yoshi besh, yetmish milliondan kam emas, balki oltmish besh, yetmish milliondan kam emasdir.

 

VULQONLAR IJODI

Agar Beruniy tumanidan, Nukus tomon (katta trassadan) boraversangiz, to “Chilpiq” qal'asiga yetib borgunga qadar vulqonlar otilishi natijasida paydo bo'lgan tog'simon tepaliklarga, qorayib cho'kkan ba'zi bir hayvonlar shaklini eslatadigan ulkan toshlarga ham ko'zingiz tushadi. Qachonlardir tabiatda vulqon otilishi natijasida erib plastinkaga aylangan temir parchasini ko'rganingizda, tabiat ishiga, uning ijodkorligiga qoyil qolasiz. Biz turgan konussimon qadimiy “Chilpiq” tepaligi ana shunday vulqonlar toshishi natijasida Yer yuzida paydo bo'lgan. U so'nggan ( qadimiy o'lik) vulqon ijodi ekanligini aytib o'tmoqchimiz xolos. Aslida “Chilpiq” qal'a atrofidan yog'och va temir parchalari bu makonda qachonlardir vulqonlar faol, mavjud ekanligidan dalolat beradi.

Zardushtiy ajdodlarimiz o't-olovni aziz, muqaddas bilib, unga sajda qilishgan. Ular yer ostidan chiqib turgan olov qoldiqlarini behad e'zozlab, o'n sakkiz, yigirma metrli bo'lgan, devorli, aylanasimon “Chilpiq” tepaligini bunyod etib, qal'a barpo etganlar. Ilmda Nurota tog' tizmalari Sulton Uvays tog'lari bilan yer ostidan tutashgan degan qarash mavjud. Bunda chindan ham haqiqatni ko'rish mumkin. Umuman olganda, “Chilpiq” qal'a­sidan ikki yuz chaqirim janubiy sharqda osmonga olov purkab turgan tepalik “Uch o'joq” (hozirda unga Sarimoy deb nom berishgan) o'rtasida ilg'ab bo'lmas masofada yaqinlik, uzviylik, bog'liqlik borday nazarimda.

Xulosa o'rnida shuni aytish kerakki, Qoraqalpog'iston zaminida qad kergan “Chilpiq” qal'a vulqonlar ijodi mahsuli bo'lgan son-sanoqsiz toshlar, “Uch o'choq” tepaligi, daraxtning toshga aylanishi dunyoning sir-sinoatli, mo''jizalarga boy ekanligini anglatadi. Qolaversa, mazkur tabiat yodgorliklari “Ayozqal'a”, “Tuproqqal'a”, “Guldirsin”, “Yompiqal'a”, “Mazlumxon suluv” saroyi kabi ko'hna obidalardan, tarixiy yodgorliklardan hecham kam emas. Qolavarsa, Chilpiq ramzi Qoraqalpog'iston Respublikasi gerbida ham munosib joy olgan. Xullas kalom, “Chilpiq” yodgorligi atroflari obod etilsa, odamlarni qadami arimaydigan go'zal bir oshyonga tezroq aylantirilsa degan taklifimiz ham yo'q emas. Zero, o'tmishga, ajdodlari yaratgan obidalarga e'tiborli bo'lgan xalqqina mangu barq urgan daraxtdek gullagusi, shig'il-shig'il meva bergusidir.

…Daryo shovullaydi. U har zamonda tepalikda qad kergan “Chilpiq” qal'asi tomonga ko'z qirini tashlab qo'yadi. Nazarimda ona daryoning shu birgina boqishi, nigohi obida ko'ng­lini tog' misoli ko'taradi. U bir-biridan shirin, totli xayollarga sho'ng'ib ketganligini bilmay qoladi.

Ulug'bek JUMAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − 2 =