Xiva minoralari yoxud asrlar qa'ridagi sinoat
Qadimiy Xivadagi ko'hna obidalarni minoralarsiz tasavvur etish qiyin. Agarki, dunyoga mashhur minoralarni xayolan yo'q deya tasavvur qilsangiz, shahar qiyofasi naqadar g'arib va ko'rimsiz bo'lib qolganligini ko'rishingiz mumkin… Xiva minoralarining ko'pligi va ularning chiroyi, yurtning qudrati, boyligini namoyish qilib, qal'a atrofining doimiy kuzatuvi bilan dushmanni qo'rquvga solgan.
Minora so'zi arab tilida — mayoq, mash'al ma'nolarini bildiradi. Islom dini mamlakatlarida minoralar masjid va madrasalar yonida barpo etilib, unda musulmonlar namozga chorlangan.
Biroq islom dini Xorazmga kirib kelmasidan ham oldinoq vohada minoralar bo'lgan va ular karvonlar uchun “mayoq” vazifasini o'tagan. Bepoyon qumliklar bag'rida faqat minora-mayoq barpo etilibgina qolmay, ular yonida quduq-sardobalar ham qazilgan.
Islom dini kirib kelganidan so'ng esa minoralar masjidlar yonida bunyod etilgan va musulmonlarni namozga chorlash vazifasini bajargan.
Mashhur naqqosh Abdulla Boltayev o'zining Xiva obidalarining qurilishiga bag'ishlangan kitobida minoralarning bunyod etilishi bo'yicha ham o'zining ustozlaridan o'rganganlari asosida yozib ketgan. Asarda bu haqida shunday fikrlar bor: “minorani bunyod etishda usta eng birinchi bo'lib minoraning egasidan so'raydi. Ya'ni, minoraning balandligi, uzunligi qancha metr bo'lajagini bilib, shunga qarab minora solinajak yerini 5-6 metr chuqurligida qazib tuproqlarini olib tashlaydi va poydevorini yaxshilab ohak va sement bilan yangi g'ishtdan ishlab chiqadi. Minora yer yuzasiga yetganida minora qancha metr bo'lishini bilib, shunga qarab yumaloqlab faryor bilan ishlaydi. Yer yuziga chiqib bir metr o'rgandan so'ng, qora qog'oz (suv o'tmas smolali qalin karton) yoki mum ham marmar qo'yadi. Minoraning g'ishtlariga sayqal berib ishlaydi. Minorani reja bo'yicha ishlash uchun katta maydonda qoziq qoqib, qora ip bog'lab minoraning tagini 8 metr, uchini 6 metr qilib, uzunini ham 60-70 metr qilib ipni qoziqqa bog'laydi. Ustani o'zi yuqori yerda ipni ko'rinishiga qarab, usta ko'zi (tajriba, bilimi) bilan qaraydi…”.
Minora qurishda, avvalo, mo'ljallangan joy bir necha metr chuqurlikda va kenglikda qazilar, tagzaminda to yerning ustki qatlamigacha katta-katta tog' toshlari terib chiqilar va bular “tirnoq” deb atalib, har tomondan kamida 20-30 metrlar masofadan o'rab kelinib, yer ustiga yetgach, birlashtirilganicha yaxlit holga keltirilgan.
Shundan keyingina bir tekis g'ishtlardan minora qurila boshlangan. Minoraning har 30-40 santimetrida qattiq o'zakli yog'och (ko'pincha qayrag'och daraxti)dan zinapoyalar qo'yilgan. Bu zinapoyalar minora devorini mustahkamlash uchun ham xizmat qilgan.
Minoraning balandligi oshgan sari baland yog'ochlardan havozalar qo'yilib, tevaragi odamlar ko'zi tushmasligi uchun qamish chiptalar-chiylar bilan o'ralgan. G'ishtni faqat bir kishigina o'lchovlarga asoslanib tergan. An'anaga ko'ra, ustaning ismi minoraning bunyodkori sifatida peshtoqiga albatta yozib qoldirilgan.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, XX asr boshlarida Xivadagi har bir masjid va madrasa yonida minora bo'lib, ular soni 7 tani tashkil qilgan. Afsuski, ularning aksariyati vaqt o'tishi bilan yemirilgan bo'lsa, yana ayrimlari sobiq sho'rolar tomonidan yo'q qilib yuboriladi.
Hozirgi kunda Xivada atigi 12 ta minora saqlanib qolgan. Ular quyidagilar:
1. Masjidi jome minorasi.
2. Islomxo'ja minorasi.
3. To'rt shohboz minorasi.
4. Ko'k-Muhammad Aminxon minorasi.
5. Sayyid Niyoz Sholikorboy minorasi.
6. To'ra Murod to'ra minorasi.
7. Polvon qori minorasi.
8. Abdol bobo minorasi.
9. Kabutarxona minorasi.
10. Chilla avliyo minorasi.
11. Muhammad mahram minorasi.
12. Bikajon bika minorasi.
Ular turli davrlarda turlicha uslub va ko'rinishda bunyod etilgan bo'lib, balandligi ham har xil. Tarixiy qo'lyozmalarda ularning kim tomonidan va qachon qurilgani haqida aniq sana va ma'lumotlar bo'lsa-da, xalq og'zaki ijodi namunalarida minoralar qurilishi bilan bog'liq ko'plab rivoyatlar mavjud.
E'tiborlisi shundaki, minoralar noyob me'moriy yodgorlik sifatida hanuzgacha ko'rku tarovatini ko'z-ko'z qilib, quyoshning zarrin nurlarida jilolanib turganiga qaramay kimyogar, muhandis va olimlar minoralarga ziynatlangan g'ishtu toshlar, turli ranglar tarkibini to'la aniqlay olmayaptilar. Xususan, 1908-1910 yillarda qurilgan, uzunligi 57 metr bo'lgan Islomxo'ja minorasiga feruza, lojuvard, oq, sariq va kumush rangli sopol g'ishtlar ishlatilgan. Ayrim olimlar minoralarga ishlatilgan qorishma tuproq xorijiy davlatlardan keltirilgan desalar, ba'zilari o'sha tuproq biya sutiga qorilgan, qir va adirlarda o'sadigan dorivor o'simliklar qaynatilib, ularning suviga loy qorilgan va maxsus xumbuzlarda uch oy pishitilgan, deya taxmin qiladilar.
Qisqasi, qurilgan davridan hozirgacha tarixning tilsiz guvohi bo'lib, pardozdan chiqqan san'at asariday o'tmish ajdodlarimiz mahoratini olamga namoyish etayotgan noyob me'moriy obidalar hozirgi kunda ham shaharlarning ko'rku tarovatidir, desak xato qilmagan bo'lamiz. Afsuski, sobiq sho'ro mafkurasining qattolligi oqibatida 1930-50 yillarda Xorazm vohasida mavjud bo'lgan quyidagi minoralar butunlay yo'q qilib yuboriladi:
1. Poyanda minorasi.
2. Abdukarim oqsoqol minorasi.
3. Bog'cha,Ibrohim xo'ja minorasi.
4. Musofirxona minorasi.
5. Muhammad Rahimxon 2 minorasi.
Xullas, minoralar — tarix. Ular bugun Xivaga borgan har bir sayyohga o'zining viqor va salobatini namoyish etib turibdi.
Umid BEKMUHAMMAD