“Alpomish” — afsona emas!

“Alpomish” – afsona emas, ertak emas, u — asl haqiqat. U — ildizi necha asrlarga tutashgan qadim   o'zbek xalqining uzoq o'tmishi haqida bitilgan dos­ton. Hayoti va kurashi, sevgisi, muhab­bati, azobu iztiroblari, ko'z yoshi-yu, shodligi,   xullas, bir so'z bilan ifodalaganda butun bir xalqning tarixi ifodalangan oltin meros. Shu tufayli ham, necha o'nlab asrlar davomida xalqimiz   o'z qahramonini sevib,   ardoqlab, boshiga ko'tarib kelgan.

Vazirlar Mahkamasining “Alpomish   dostoni yaratilganligini nishonlash to'g'risida”gi qarori   zamirida juda katta   tarixiy haqiqat yotibdi. Va   hech mubolag'asiz aytsak bo'ladi, bu mamlakatimiz barcha   ziyolilari uchun bir   dastur vazifasini o'taydi. Ushbu qarorning qabul   qilinishi “Alpomish”ni shunchaki bir   eslab qo'yish emas, balki, asrlar davomida unutilib, toptalib kelingan   o'tmishning tiklanishi hamdir.

“Alpomish” dostoni to'la   nashrining chop etilishi   xalq og'zaki ijodi   muxlislariga katta sovg'a   bo'ldi. Dostonning akademik   nashrini amalga oshirish   va xorijiy tillarda   chop etish, yuz   jildlik “O'zbek folklori   yodgorliklari” to'plamlarini nashrga tayyorlash va   2001 yildan boshlab uni   chop etishga kirishish   mamlakatimizda xalq ijodini   gullab-yashnatish borasida qilinayotgan   g'amxo'rlikning yana bir   yorqin dalili, desak xato bo'lmas.

Folklorshunos olimlarning   fik­richa, “Alpomish”ning   40 dan ortiq varianti   bor. Endi, to'y sharofati bilan   chop etilmagan lekin   el orasida mashhur   bo'lgan nusxalarini yozib   olish kerak. Oldingi yili “Alpomish” dostonining surxondaryolik baxshi   Xushboq Mardonaqul o'g'li   aytgan nusxasini yozib   oldik. Videotasmaga ko'chirilgan bu   zalvorli doston uzluksiz   ijro etilganda deyarli   bir kechayu kunduz kerak bo'ladi.

Xushboq baxshi — mashhur baxshilar sulolasining   kenja vakili. Sherna baxshi uning   bobosi, Mardonaqul baxshi   esa padari buzrukvoridir.

Xushboq baxshining   tanglayi do'mbira bilan   ko'tarilgan. Endi Alpomishga kelsak,   uning kamon otib, ot   choptirib o'tgan tuprog'i   Boysun qo'ng'irot eli edi. Bu yerlar   hozir ham bor. Mana, Beshqo'ton degan joy bor, Boysari o'z akasi Boybo'ridan zakot uchun arazlagandan keyin besh ming qo'y bilan keladi. Beshta qo'ton qurdiradi. Har qo'tonga mingtadan qo'y soladi. Qalmoqlarning podshosi Toychaxon edi. Sherobodning Turgan degan daryosi Talashqonning ustidan oqqan. Daryoning bir betida — kunchiqar tomonida qo'ng'irotlar yashagan bo'lsa, narigi tomonida, ya'ni to   Xorazmgacha bo'lgan chegaralarda qalmoqlar   yashagan. Ana shu Beshqo'ton boylari daryodan bu tomonga o'tganda, qalmoq choparlari Toychaxonga xabar beradi. Besh ming qo'yli Boysari: “Biz sizdan madad istab yurt tilab keldik, bosh­pana bering, mayli molimizga zakot beramiz”, deb xat yo'llaydi. Toychaxon: “Yordam so'rab keptimi, ko'kragidan itarmayman, insof qilaman. Musulmon, pok, halol odam   ekan. Berganini bersin, zakot so'ramanglar. Mayli, besh ming qo'yi o'tlaydigan yer ajratinglar”, — deb mulozimlariga buyuradi.

Bu voqealar o'tgan yillarda Denovda yozib olingan nusxada aniq berilgan. Biz bu joylarni bejiz keltirmadik. Chunki Toychaxonning qizi Tovkaning qo'rg'oni ham shu yerda, – Surxonda. Talashqon deb bekorga nom berilmagan, Ko'kaldoshning oti Ko'kdo'non bilan Boychiborning bir-biri bilan talashib yurgan joyi shu makon.

Murodtepa degan joy ham bor biz tomonda. Uning ham tarixi g'alati. Boysari bilan Boybo'ri farzandsizlik dog'ida kuyib yurgan paytlari ovga chiqadi va shu tepaning ustida turib, Xudodan zurriyod tilab, yolvorib, qayg'u-g'am bilan uyquga ketadi. Ularning munojoti qabul bo'ladi, Boybo'rining tushida uchta odam kelib: “Tur, muroding   hosil bo'ldi, Xudoyim senga bir o'g'ilu bir qiz, Boysari ukangga bir qiz ato etdi”, — deb uyg'otadi. Shunda Boybo'ri sakrab uyg'onib, ukasini quchoqlab, yig'lab-yig'lab suyunchilaydi: “Shu tepada murodimiz hosil bo'ldi. Kel endi, bu tepaning nomini Murodtepa qo'yaylik. Bolalarimiz ulg'ayib, shikorga chiqsa, eng avval shu tepani ziyorat qilsin” , — deb tayinlaydi.

Bobotog'dan poyga chopganiyu Alpomishning zindonigacha Surxon zaminida   borligi – bularning barisi tarixiy   manba emasmi?

Bunday aniqlik   boshqa qaysi xalq   dostonlarida bor?

Zero, bu tirik manbalar “Alpomish”ning afsona   emasligini, o'zbeklarning tengsiz dostoni ekanligini dalillaydi, bunday mukammal boylikni avloddan­-avlodga yetkazish burchimiz ekanligini har birimiz chuqur his qilmog'imiz zarur.

Toshtemir TURDIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + nineteen =