Dunyoga taralgan tafakkur nuri
Buyuk bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniy haqida so'z
(Davomi. Boshlanishi o'tgan sonda.)
Qamchiq dovonidan oshib, Ohangaron – Olmaliqning yangi yo'lidan yurib, Sirdaryo viloyatining markazi Guliston shahrida taniqli matnshunos, navoiyshunos, boburshunos olim, Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining a'zosi, hushsuhbat hamsafar Vahob Rahmonni oldik.
Samarqandga kirib borganimizda allaqachon qorong'u tushgan, lekin ko'hna, ulug'vor shaharning charog'on ko'chalari, ravshan va rang-barang yoritgichlar og'ushidagi yangi, navqiron qiyofasi nihoyatda latofatli, bag'oyat faraxbaxsh edi. Do'konlar gavjum, binolarning peshtoqlari, ustunlar, sim-yog'ochlardagi nurli jihozlar basma-basga o'chib-yonib jilvanalardi.
Shahardagi avvaldan tanish va sinashta, nisbatan xoli, tinch, osuda, shu bilan birga, xonalari fayzli, isitgich, issiq suv va boshqa shart-sharoitlar muhayyo “Shahzoda” mehmonxonasida bir kecha tunab, ertasiga barvaqt yo'lda davom etdik.
Samarqand viloyatining Pastdarg'om, Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqo'rg'on, Narpay tumanlaridan o'tib boramiz. Shu chekka hududlar ham batamom o'zgacha jamol kasb etgan, xususan, har qadamda uchraydigan, ayni bir rangdagi namunali uylar qishloqlarga ham shaharona tus bag'ishlagan edi.
Yo'l-yo'lakay Navoiy viloyatining Nurota tumanida yashaydigan taniqli sangtarosh, Hirotdagi Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, hamyurtimiz Xudoyorxon qabrlari uzra qo'yilgan sag'ana toshlari va yana bir qancha yodgorliklardagi toshbitiklar muallifi Usta Tohir Rahimov bilan telefonlashib, navbatdagi muhim bir ishni ham bitkazish zarur edi. Bobur xalqaro jamoat fondi dasturida o'n tonnalik yaxlit toshga Zahiriddin Muhammad Boburning muxtasar tarjimai holi va nomai a'molini muhrlatish, uni Andijondagi Bobur bog'ining e'tiborli joyiga o'rnatib, kelajak avlodlarga o'lmas-yitmas obida qoldirish rejasi bor edi. Biz sangtaroshga ana shu cho'ng toshga bitilajak matnni yetkazishimiz lozim edi. Yetkazdik.
Gurunglar, muhokamalar bilan vaqt o'tganini, yo'l mashaqqatlarini ham sezmay, shitob yelib borardik. Qolaversa, Buxoroning Romitanidan Qoraqalpog'istonning To'rtko'ligacha bo'lgan qariyb to'rt yuz kilometrlik masofadagi biz 2011, 2012 yillarda azbaroyi nosozligidan “toshbaqa yurish” qilib o'tgan yo'l kapital ta'mirdan chiqarilib, Tinch ummoni sathidek tekis, silliq, o'q chizig'idek ravon, magistral shossega aylantirilgan, biz o'zimizni xuddi havo laynerida suzayotgandek his etardik. Boz ustiga, dam-badam Ellikqal'adan Yangiboy Qo'chqorov, Beruniydan Quronboy Shoniyozov qo'ng'iroq qilishib, qanday kelayotganimiz, qaerga yetganimizni so'rab, har ikki tumanning vakillari bizni Beruniy tumani chegarasida, yo'l bo'yida kutishayotganini eslatib turishardi. Holbuki qish, havo sovuq, ayniqsa, mezbonlarimiz yurtida haroratning anchagina pastligi ayon edi. Shuni o'ylab, biz xijolat chekar, Ahmadjonga “otga qamchi bosishni” buyurardik.
Xullas, ertalab soat sakkiz yarimlarda Samarqanddan chiqib, aytilgan pakkaga yetib borganimizda dekabrning so'nggi, qisqa kunlaridan biri tugab, qorong'u tushganiga bir soatlar bo'lgan edi. Bizni Yangiboy bilan birga mehnat faxriysi Reyimboy Quronboyev, “Beruniy avlodlari” jamg'armasi raisi Quronboy Shoniyozovlar kutib olishdi.
Kelishuvimiz bo'yicha, ertasiga azonda Yangiboy kichik o'g'li Hayotbek bilan kelib, bizni Ellikqal'a tumaniga boshlab ketdi. Tuman mehmonxonasi ko'l, ham har xil madaniy-ma'rifiy anjumanlar maskani sifatida dong taratgan manzil nomini olgan Aqchako'lning shundoqqina qirg'og'ida qad rostlagan va bu yerdan qamishlar aro yaxlab, yaltirab yotgan butun suv havzasi baralla ko'rinib turardi.
Kecha oqshom Beruniy tumanidagi muloqotda bo'lgani singari hozirgi davrada ham nuqul Beruniy va Boburning muborak ism-shariflari tillardan tushmas, nazarimda, yaqin atrofimizda bu ikki buyuk zotning shod ruhlari uchrashib, mashvaratlarimizga, ezgu niyatlarimizga oq fotiha berib turishganday tuyulardi.
Kecha eslab, ta'riflab kelganimiz — ma'rifatparvar tuman hokimi Ne'matilla Xudoyberganov (hozirda sobiq) mezbon sifatida suhbat jilovini boshqarardi. Bo'ydor, basavlat, chehrasi ochiq, yuzlari nurli, ko'zlari chaqnab turadigan, zavqvor, shijoatli bu inson juda dilkash, gurung berish bobida ham ancha mahoratli edi. Uning gap-so'zlaridan chindan-da ilm-fan, madaniyat, san'at oshuftasi ekanligi ayon edi. Ellikqal'ada andijonlik qalamkash, O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasiga muzey bunyod etilgan, asli yon tuman — To'rtko'lda dunyoga kelgan dongdor hofiz, O'zbekiston, Qoraqalpog'iston, Turkmaniston, Tatariston respublikalari xalq artisti Otajon Xudoyshukurov jamg'armasi ham shu tumanda tuzilgan va bu jamg'arma tashkilotchiligi, sa'y-harakati bilan salkam yigirma yildan beri respublika yosh ijrochilarining “Nafosat — bo'stonim mening”, yosh shoirlarning “Aqchako'l ilhomlari” shiorlari ostidagi tanlovlari va boshqa adabiy anjumanlar an'anaviy tarzda o'tkazib kelinadi. Turli sanalar, jumladan, Otajon Xudoyshukurov tavalludining 70 yilligi munosabati bilan chop etilgan, bizga hokim tomonidan tuhfa qilingan kitoblar bir-biridan go'zal va qiziqarli edi. Bu yerlik rahbaru ijodkorlarning o'z yurtlaridan yetishib chiqqan iste'dodli kishilarni bu yo'sinda, baland maqomda ulug'lab-e'zozlashlari havasga arzigulik edi. Madaniy-ma'rifiy, ezgu tadbirlarning barchasida, shubhasiz, Ne'matilla Xudoyberganov bosh-qoshdir. Yonida Yangiboy Qo'chqorovday har jabhada mohiru qodir, tashabbuskor-tashkilotchi, madadkor-maslahatgo'y qalamkash borligidan mamnunu minnatdorligi uning hamdastiga yaqin va samimiy munosabatidan sezilib turardi.
Beruniydagi Bobur xalqaro jamoat fondi rahbari (Z. Mashrabov) tashrifiga daxldor asosiy tadbir soat o'nga belgilandi. Shuning uchun ko'l bo'yidagi maroqli muloqotimizni eng avj pallasida bo'lishga to'g'ri keldi. Biz hali Abu Rayhon Beruniyning ramziy qabr-maqbarasini ham ziyorat qilmog'imiz lozim edi. Beruniy tumani hokimi Farhod Ermanov xonasidagi bir necha daqiqalik suhbatdan so'ng kechagi mezbonlar va yana bir qancha madaniyat xodimlari, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari hamrohligida Asaka avtozavodining uchaman deb turgan “Kaptiva”, “Nexia”larida shaharchaning janubi-g'arb massivi tarafga ketdik. Tartib bilan, maxsus ekilgan archazor xiyobon o'rtasida o'rtacha balandlikdagi tagsupachadan “o'sib” chiqqan, tomi gumbazli, oralari ochiq to'rt ustunli sag'ana Beruniyning ramziy qabri uzra qad ko'targan ekan (Bu mavzuga quyiroqda batafsilroq to'xtalamiz). Qur'on tilovati va bir muddatlik sukunatdan keyin dahma atrofini aylandik. To'g'risi, ko'nglimizdan bu joyga e'tibor yana-da kuchaytirilsa yaxshi bo'larkan, degan istak o'tdi. Balki, qorsiz qish pallasidagi andak nosarishtalik, pardozsizlik tufayli manzara bizga sal xiraroq ko'ringandir.
Xiyobonning kun botish tomonida, maqbaradan 70-80 qadamlar chamasi narida yiqiq devorlar ko'zga tashlanardi.
— Sizlar ko'rib turgan xaroba qadimiy Kot shahrining qoldiqlari, Beruniy bobomiz yorug' olamni ilk bor ana shu joyda ko'rgan. Shuning uchun biz ulug' mutafakkir-olimning ramziy qabriga bu yerni tanlaganmiz, — deya izoh berdi o'sha — ramziy qabr barpo qilingan yillari tuman hokimi bo'lgan Reyimboy og'a. — Bu hududlar bunchalik xarob emas edi, 1969 yilgi Amudaryo toshqini vayron qilib tashlagan. Juda vahimali toshqin bo'lgan. Qancha odam xonu-monidan, bir-ikki nafari jonidan ham ayrilgan…
Biz ilmu fan, kishilik tamadduni yuksalishiga o'zining dengizlar nazariyasi, Yerning sharsimon globusi, Yer radiusining hisob-kitobi, vakuum, ya'ni bo'shliq holati, minerallar tasnifi va ularning paydo bo'lish nazariyasi va boshqa ko'plab tabiiy sohalarga oid yuzlab ilmiy-tadqiqotlari bilan hissa qo'shgan, ayrim tabiiy fanlar, jumladan, geodeziyaga asos solgan, Kolumbdan 500 yil burun ummonlar ortida odamlar yashaydigan quruqlik borligini bashorat qilgan favqulodda iste'dodli, buyuklardan buyuk qomusiy olimni dunyoga in'om etgan mashhur, tabarruk shaharning ayanchli qismatiga juda-juda achindim va davrlarning, goho tabiat kuchlarining shu qadar beshafqatligidan xo'p o'kindim. Lekin axir tug'ilib-o'sgan ona maskani qariyb yo'q bo'lib ketgan bo'lsa-da, olimning o'zi asarlari, amallari, kashfiyotlari misolida hamisha barhayot-ku, qolaversa, qadimgi Kotning shundoq biqinida buyuk vatandoshimiz nomidagi yangi, zamonaviy shahar gurkirab turibdi-ku, degan fikr bizga tasalli berdi.
Shaharchaning bosh maydoniga alohida ko'rk va fayz bag'ishlagan, hali bo'yoqlari ham qurimagan eng yangi inshoot — tuman axborot-resurs markaziga kirib borganimizda binoning foye, yo'lak va zallari yig'ilishda qatnashish, olamga dong taratgan yana bir qomusiy mutafakkir, shoir, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur yurtidan kelgan mehmonlar bilan uchrashish ishtiyoqida qadam ranjida qilgan beruniylik, ellikqal'alik, to'rtko'llik ziyolilar va boshqa soha namoyandalari bilan gavjum edi.
Gapni mukofot tafsilotidan boshlasak. Biz hozir bo'lib turgan tumanda — xalqimiz faxri va iftixori Abu Rayhon Beruniy yurtida “Beruniy avlodlari” degan jamoat fondi o'n yillardan beri faoliyat ko'rsatib keladi. Dovrug'li ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ma'naviy-ma'rifiy, adabiy-badiiy merosni targ'ib etishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan fond ana shu boyliklarni chuqur o'rganish yuzasidan ilmiy-tadqiqotlar olib borayotgan, shuningdek, ulug' allomalarimizning bizga noma'lum asarlarini topish, chop ettirishda, xususan, beruniyshunoslikni rivojlantirish, fondni har tomonlama qo'llab-quvvatlashda alohida o'rnak ko'rsatgan kishilarni, iqtidorli yoshlarni rag'batlantirib borish niyatida o'z mukofoti va Abu Rayhon Beruniy siymosi aks ettirilgan ko'krak nishonini ta'sis etgan bo'lib, 2015 yili mazkur mukofot bilan uzoq vaqtlardan beri Abu Rayhon Beruniy hayoti va ilmiy faoliyatini o'rganish bo'yicha izlanib, shu mavzuda bir qator ilmiy-badiiy kitoblar yaratgan, so'nggi paytda buyuk mutafakkirning “Mineralogiya” asarini o'zbek tiliga tarjima qilgan adib, adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi, akademik Aziz Qayumov taqdirlangan, 2016 yilgi tanlovda esa fond Boshqaruv Kengashi navbatdagi laureatlik nishoni va mukofotini Bobur xalqaro jamoat fondi va Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining rahbari (Z. Mashrabov)ga berish to'g'risida qaror qabul qilgan edi.
Mehnat faxriysi, sobiq tuman hokimi Reyimboy Quronboyev tadbirni kirish so'zi bilan ochib, yig'ilish qatnashchilarini Bobur xalqaro jamoat fondi va uning ekspeditsiyasi faoliyati bilan, shuningdek, laureatlikka nomzodning qisqacha tarjimai holi, ijtimoiy faoliyati bilan tanishtirgach, ularga bundan roppa-rosa o'n to'qqiz yil avval ayni shu izg'irinli mahallarda, yanayam aniqrog'i, 1997 yil 18-19 dekabr kunlari yuz bergan bir tarixiy hodisani eslatib o'tdi va ana shu hodisalar muhrlangan video lavhalarni tomosha qilishga taklif etdi.
Ertasiga butun Beruniy shahri va uning atrofidagi qishloqlardan xosiyatli mujdani eshitib, oshiqib kelganlar tuman markazidagi maydonu ko'chalarga oqib chiqishgan edi. Abu Rayhon Beruniyning G'aznidagi qabridan olingan tabarruk tuproq maxsus qutiga solinib, matolar bilan anbar ko'rinishida jihozlangan ramziy tobutni odamlar qo'ldan-qo'lga, yelkadan-elkaga olib, bir kun oldin qazib, tayyorlab qo'yilgan “lahad” tomonga yurdilar. Har bir beruniylik yoki mehmon tobutga intilib, talpinib, loaqal uning dastasiga qo'lini tekkizib olishga harakat qilar, tobut ortidan kelayotgan xaloyiq xuddiki daryo oqimini, Jayhun to'lqinlarini eslatardi…
Salkam yarim soatlik video rolik zalda o'tirganlar ko'z oldida ana shu hayajonli holatni qayta gavdalantirgan edi. Hamma butun vujudi, ko'zi quloqqa aylanib, ekranga tikilib o'tirar, aftidan, har kim videodagi tobut ko'targanlar yo orqadan ergashib borayotgan olomon orasidan o'zini axtarar va o'sha voqealar ichiga qayta sho'ng'ib ketgan edi. Azbaroyi beruniyliklarning ajdodlariga bo'lgan e'tiqodi, ehtiromidan hayratga tushganimizdan, bizni safar kiyimlarimizdan xijolatlik hissi ham tark etib, aksincha, amalga oshirgan ishlarimizdan qoniqish hosil qilganday bo'lardik.
Biz qoraqalpog'istonliklar, jumladan, beruniyliklar Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi a'zolarining jasoratini (darhaqiqat, buyuk insonlarning xorijiy davlat hududidagi qabridan tuproq olib kelish unchalik jo'n ish emasligini o'zimiz ham o'shanda yaxshi tuygan edik), millatparvarlik, vatanparvarlik, qadriyatparastlik yo'lidagi sa'y-harakatlarini qadrlashayotganidan bag'oyat mamnun edik. Ayni chog'da g'oyatda hayajonda edik, xuddi o'sha kungi voqealarni, Afg'onistonga qilgan safarimiz chog'idagi va qaytishdagi tahlikali hodisalarni qayta boshdan kechirayotganday edik…
OLOVGA BOSh SUQIB…
Respublika ommaviy axborot vositalarida ekspeditsiya safari natijalari haqida hisobot-maqolalar yoritilgan, xorijiy yurtlarda, jumladan, Afg'onistonda umrguzaronlik qilgan buyuk bobolarimiz, xususan, Abu Rayhon Beruniy qabrining ayanchli holati respublika televideniesi orqali namoyish etilgan, ziyolilarimizda qattiq achinish uyg'otgan mazkur ko'rsatuvga davlatimiz rahbarining ham e'tibori tushgan va Bobur xalqaro jamoat fondiga Beruniy qabridagi xokidan olib kelib, u tug'ilib o'sgan yurtga qo'yish yuzasidan topshiriq berilgan edi.
Bu orada goh yonib, goh tutab yotgan o't ichidagi Afg'oniston zaminida siyosiy-harbiy vaziyat keskin o'zgarib, qonli to'qnashuvlar kuchayib ketgan, fuqarolar urushi yuz berayotgan bu mamlakatga besh-olti kishi bilan avtomobilda kirib borish xatarligina emas, olovga bosh suqishning o'zginasi, bunga ruxsat olish, chegara-bojxonalardan o'tish yanada og'ir bir muammo edi.
Lekin tashabbus ko'rsatib, birovning esiga kelmay turgan muammoni qo'zg'ab qo'ygach, orqaga chekinish mardning ishi emas, chora izlash va topish kerak.
Ekspeditsiya a'zolarini yig'ib, masala o'rtaga qo'yildi, ularning roziligi olindi– bundoq xayrli va savobli vazifadan bo'yin tovlab bo'larmidi!
Qish chillasi arafasi, qaysi taraf bilan yurish muammosi ko'ndalang bo'lib turardi. Afg'onistonga eng yaqin yo'l – O'zbekiston yo Tojikiston orqali… Lekin u yoqdan G'azniga yetib borguncha Afg'onistonning xiyla hududini bosib o'tish kerak, qolaversa, bu tomonning boshqa mushkulotlari bor edi. Aylanish bo'lsa ham, o'tgan safargi yo'nalish ma'qulga o'xshardi. Chunki Pokistonning O'zbekistondagi elchisi Shavkat Ali Shayx bilan Bobur fondining salom-aligi bor va bu yaqinlik bizga qandaydir dalda bag'ishlardi.
Shavkat Ali Shayxning Pokiston hududidagi chegara va boshqa muammoli joylarda Bobur fondiga yordam ko'rsatish so'ralgan xatini qo'yinga solib (shunday mazmundagi xat Eron elchixonasidan ham olingan edi), Allohdan madad, omonlik tilab yo'lga tushdik. Darhaqiqat, elchilarning iltimosnomalari Eronga o'tishda, Zohidon va boshqa shaharlarda, Pokistonga kirishda ham ekspeditsiya a'zolarining joniga oro kiradi. Lekin Kvettada baribir muammo tug'ildi. Afg'onistonga o'tishga ruxsat va yordam so'rab kirilgan mas'ul mahkamada ertaga xabar olishlarini aytishadi. Ertasiga “Xatingizni poytaxtga – Islomobodga jo'natdik, ruxsat kelguncha kutasizlar” degan javobni oldik. Kvettada uch kun vaqt bekor o'tdi. Xayolda boshqa tashvishlar, xavotir bo'lgani bois, shahar aylanish, tomosha qilish yo boshqa yumushlar ko'ngilga sig'mas edi.
Uch kundan keyin Tashqi ishlar bo'limidagi barvasta, istarasi issiqqina generalning javobi juda keskin va sovuq bo'ldi:
— Hukumatimizdan mamlakatimiz hududidan zudlik bilan chiqib ketishingiz talab etilgan xat keldi. Binobarin, biz ham xavfsizligingizni ta'minlashga kafolat bera olmasligimizni bayon etishdan xijolatdaman. Afsus….
“Yaxshi!” degan javobni aytib chiqdik-da, sheriklar bilan shaharning chetrog'idagi ko'rimsizroq mehmonxonaga joylashdik. Surishtirib, afg'onistonlik dala qo'mondonlaridan birining qarorgohini topib bordik. Bu, elchiga o'lim yo'q qabilidagi tavakkal bir tadbir edi. Ekspeditsiya ham elchilikday gap-da, faqat siyosiy emas, ilmiy-ma'rifiy elchilik. Zero, mavjud vaziyatda bundan boshqa chora ham yo'q edi.
Bir necha yo'lakdan, dahlizlardan o'tib kiriladigan kenggina xonada to'shaklarda chordona qurib o'tirgan afg'onlar kutilmagan mehmonlarni, ya'ni bizni taajjub bilan qarshi olishdi va takallufsizlik bilan o'tirishga taklif etishdi. Biz ham mulozamat, izzattalab kayfiyatda emas edik, poygohga omonatgina cho'kkaladik. Salom-alikdan so'ng tarjimon (Muhammad Sodiq) orqali o'zimizni tanishtirib, ekspeditsiya haqida, maqsad-muddaolari to'g'risida gapirib, Afg'onistonga o'tish uchun ijozatnoma zarurligini uqtirdik. G'aznidagi muzey, tarixiy yodgorliklarni ko'rish istagida ekanligimizni aytdik.
— Kutib turinglar, — deyishdi mezbonlar va o'z suhbatlari, mashg'ulotlari bilan andarmon bo'ldilar.
Bir ozdan keyin xonaga qirq yoshlardagi uzun bo'yli, sersoqol kishi kirib keladi. O'tirganlardan biri bizning arzimizni yetkazdi.
— Men bilan birga ketaverasizlar, — dedi sersoqol kishi bizga yuzlanib. — Men o'zim sizlarga ijozatnoma.
Favqulodda muruvvatdan va ishimiz o'ngidan kelganidan xavotiru vahimalarni ham butkul unutdik.
Soqolli kishi Chaman tumani hokimi, yetti joyidan o'q yegan zobit ekan.
Kvettadan Afg'onistonga yo'l oldik. Darhaqiqat, hokim Xudoyorning obro'-e'tibori baland ekan, chegara-to'siqlardan surishtiruvsiz o'tib ketdik.
(Davomi kelgusi sonda.)
Zokirjon MAShRABOV,
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi
va ilmiy ekspeditsiya rahbari,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.
Qamchibek KENJA,
Bobur nomli xalqaro
ilmiy ekspeditsiya a'zosi,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi