Shoh va shoir

Tarix sahifalarida eng ko'p hukm surgan sulolalardan biri sifatida boburiylar sulolasi (332 yil) qayd etiladi. Bu sulola asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur Andijonda shoh oilasida tug'iladi va zamona zayli bilan Hindistonda qo'nim topdi. Bobur o'z zamonasining yetuk qomusiy olimi sifatida tarix sahifalaridan munosib o'rin egallaydi. U asos solgan imperiya podshohlari Hindistondek davlatning gullab-yashnashi uchun bor kuch va imkoniyatini   ayamaydi. Boburiylar avlodining vakili Shohjahon qurdirgan afsonaviy obida – Tojmahal dunyoning yetti mo''jizasidan biri sifatida tan olingan va hozirgi kunda ham eng ko'p sayyohlar boradigan ziyo­ratgoh hisoblanadi.

Bobur shaxsi va avlodlarini o'rganish yurtimizda faxr tuyg'usiga aylangan. Boburni vatandoshlarimiz chin dildan yaxshi ko'radilar, uning siymosida oqil va odil podshohni hamda jasoratli va mard otani tasavvur etadilar. Uning “Boburnoma” asaridek dunyoda shuhrat qozongan memuar-kitob menimcha boshqa bo'lmasa kerak. “Boburnoma” dunyoning 30 dan ortiq, xususan – ingliz, fransuz, nemis, ital­yan, golland, fors, urdu, rus, yapon, turk, tojik tillariga tarjima qilingan. “Boburnoma” — Boburning shoh asari hisoblanadi. Bobur bu asarida o'zining boshidan kechirgan, inson aqli hayron qoladigan darajadagi sarguzashtlari, yo'l qo'ygan xatolarini, iztirob-u alamlari, g'alaba va mag'lubiyatlarini hamda o'z shajarasini ochiq yozadi. O'zi umri davomida yo'l qo'ygan xatolarini mardlarcha tan oladi. Joy nomlari, u yerdagi jonzotlar hamda o'simliklarni atroflicha o'rganadi va yoritadi. O'sha davrning mashhur kishilariga adolatli tarzda ta'rif beradi. Kitobni o'qigan odam Bobur tafakkuriga, bilimiga, uning sarkardalik qobiliyatiga, odil va oqilligiga qoyil qoladi. “Boburnoma”da keltirilgan baytlar, g'azal, ruboiylar esa kitobning shohbezagi sifatida o'quvchi qalbidan muhim o'rin egallaydi. Bu haqda Boburning o'zi bunday yozadi:

 

Bu olam aro ajab alamlar ko'rdim,

Olam elidin turfa sitamlar ko'rdim,

Har kim bu “Vaqoe'”ni o'qur bilgaykim,

Ne ranju… ne mehnatu… ne g'amlar ko'rdim.

 

“Vaqoe'” – “Boburnoma”ni bir necha bor o'qib chiqqanman. To'g'ri, bunga bir necha yillar bo'ldi. To'g'risini aytganda bu kitobni o'qishimga hind aktyori Shishi Kapurga o'xshab ketadigan, hind tilini bag'oyat qadrlaydigan, mohir tarjimon, jurnalist, filologiya fanlari doktori, boburshunos olim Ansoriddin Ibrohimov sabab bo'lgan. O'sha paytlarda men Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani orqali hamda maktabda olgan bilimim darajasida Boburni bilar va uning ijodiga qiziqar edim. Uning ayniqsa:

 

Toli' yo'qi jonimg'a balolig' bo'ldi,

Har ishniki ayladim xatolig' bo'ldi.

O'z yerni qo'yib Hind sori yuzlandim,

Yorab netayin, ne yuz qarolig' bo'ldi.

 

Yoki:

Sen gulsenu men haqir bulbuldurmen,

Sen shu'lasenu ul shu'laga men quldurmen,

Nisbat yo'qtur deya ijtinob aylamakim,

Shohmen elga, vals senga quldurmen.

 

kabi ruboiylarini davraga qarab aytib yurishni yoqtirar va bu bilan go'yoki Bobur haqidagi bilimimni namoyish qilardim. Ansoriddin aka Bobur va uning avlodlari tarixini bilimdoni bo'lgani uchun avvalo “Boburnoma”ni o'qish zarurligini, ana shundagina Bobur haqida bilim darajam oshishini uqtirar va o'zi goho: – Xo'sh, o'qidingizmi?, — deya so'rab qolardi.

Bunday savollarga aniq javobim yo'q edi. Oxiri o'qidim. O'qiganda ham qiziqib qolib takror va takror o'qidim. Ana shunda Boburga va uning shoh asari “Boburnoma”ga e'tiqodim yanada kuchaydi. Bu kitob ta'sirida quyidagicha she'r bitganim yodimga tushdi:

 

O'qiyman “Vaqoe'” bosh ko'tarmasdan,

Ko'nglim qatlarida yosh ko'tarmasdan.

Kutib olar xomush Shosh ko'tarmasdan,

Ona yurt dilbandi – Muhammad Bobur.

 

Asli Samarqanddan dil bo'lib vayron,

Najot istab Shoshda kezgach ko'p sarson.

Bosh olib ketmakka berdingiz farmon,

Ona yurt dilbandi – Muhammad Bobur.

 

Sarsonlik qismatin shamoldek suyib,

Vatan tuprog'ini ko'zlarga surib.

Ketdingizmi unsiz yoshingiz quyib,

Ona yurt dilbandi – Muhammad Bobur.

 

Hijron g'animingiz quvgancha ortdan,

Bir lahza tushirmay qo'ydi-ku otdan.

Qo'nim topmadingiz hatto Hirotdan,

Ota yurt dilbandi – Muhammad Bobur.

 

Qor tepib, yo'l ochib, oshdingiz dovon,

“Qobulda iqomat” – siz uchun hijron.

“Yuz qarolig'” bo'ldi go'zal Hindiston,

Ona yurt dilbandi – Muhammad Bobur.

 

Yurtga podshohsiz-u, ko'ngilga qulsiz

Iztirob sog'inchlar qiynar tinimsiz.

Qovun tilimdan yig'lagan ham Siz —

Ona-yurt dilbandi Muhammad Bobur!

 

Shohlar shoiri siz, shoirlar shohi,

Bu ta'rif kamdayin tuyular gohi.

“Vaqoe'” bosgan yo'l buning guvohi,

Ona yurt dilbandi – Muhammad Bobur.

 

Keyinchalik men Ansoriddin aka yozgan “Boburiylar merosi” nomli kitobga muharrirlik qilish jarayonida Bobur va uning avlodlari Hindistonda masjid-mad­rasalar, hashamatli qal'alar, muhtasham saroylardan tashqari juda ko'p bog'-rog'lar, irrigatsiya inshootlari, gulzorlar ham barpo etganini bilib oldim.

Hindistonning buyuk farzandi Javoharlal Neru “Bobur – dilbar shaxs. Uyg'onish davri hukmdorining haqiqiy namunasidir… Uning Hindistonga kelishi tufayli Hindistonda buyuk o'zgarishlar sodir bo'ldi, san'atda, hayotda, me'morchilikda va madaniyatning boshqa sohalarida yangicha taraqqiyot yuz berdi”, deganida tamomila haq ekanligini anglab yetdim.

Buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur umri davomida yaxshilikni istab yashadi. Qo'lidan kelgancha odamlarga yaxshilik qildi. Endigina 47 yoshni qarshilagan, ayni kuchga to'lgan chog'ida o'z umrini farzandi Humoyunga “sadqa” qilib yubordi. Bir o'ylab ko'ring-chi, jahon tarixi sahnasida yana shunday hukmdor bormikin? Menimcha yo'q! Buning uchun haqiqiy Bobur bo'lish kerak!

Bahrom AKBAROV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × four =