Adashgan ekanmizmi? Yoki daraxtning ham vatani bor

Qishloqdan Guliston shahrining 4-mavzesiga ko'chib kelgan kunlar qo'shnilar bilan endigina foydalanishga topshirilgan ko'p qavatli uyimiz tegrasini obod qilishga bel bog'ladik. Bizga bu ishda bir necha uy narida yashovchi tanishimiz, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi xodimi Abduvali Shonazarov (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) maslahatgo'ylik qildilar.

─ O'tgan yili O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, bog'dorchilik fermer xo'jaligini boshqarayotgan Aliqul hoji Xonimqulovning bog'iga bordik. O'n gektarlik olmazori tegrasiga qator qilib Kaliforniya teragi ko'chatlari o'tqazilgan ekan. Xonimqulovning aytishicha, terak yog'ochidan har yili anchagina daromad olarkan. Tadbirkor va hunarmandlar o'zlari kelib, ko'tara savdo bilan joyidan terak yog'ochlarini olib ketisharkan. Qalovini topsang, qor ham yonadi, deganlari shu bo'lsa kerak-da! Cho'l muhitida daraxt ko'kartirish mushkul. Jaydari daraxtlarimiz besh-o'n yilsiz soya bermaydi. Men ham uyimiz ortiga Kaliforniya teragi o'tqazgandim. Ikki yilda besh-olti quloch o'sib, balkonimizga soya soldi. Yuringlar, istaganlaringcha shoxlaridan qalamcha kesib beraman. Ikki-uch yilda soyasida yonboshlab yotib, choy ichasizlar, ─ deb qoldi.

Bu gapni eshitgach, dunyo topgan darvishdek xursand bo'lib, Abduvali akaning bog'chasidan qalamchalar olib keldik. Ularni uyimiz ortidagi ariq yoqasiga ne-ne havaslar bilan suqib chiqdik. Ancha sho'x, beor nihol ekan. To'liq amal oldi. Bahoru yoz o'tib qalamchalar odam bo'yi daraxtga aylandi. Qo'ni-qo'shni barchamiz xursandchilikdan tanamizga sig'maymiz. To'rt-besh yilda teraklar o'sib, ko'p qavatli uyimizning yarmigacha yetdi. Ammo shunda biz o'stirgan Kaliforniya teragining “qiliqlari” chiqa   boshladi. Har yili aprelning oxirlari mayning boshlarida yerni qor misoli oppoq to'zg'oqlar qoplaydigan bo'ldi. Bu Kaliforniya teragining gullari edi. Eshik-derazalaringizni qattiq berkitmasangiz, uyingizgacha bos­tirib kirishdan toymaskan.

Qani, nima daraxt ekan deya kech bo'lsa ham internetdan Kaliforniya teragi haqida ma'lumot izladim. Ma'lum bo'lishicha, bu tez o'sadigan daraxt aholi yashaydigan joylardan uzoqdagi maydonda o'stirilib, undan Shimoliy Amerikada binokorlik materiali sifatida foydalanilar, shahar va aholi punktlarida manzarali daraxt sifatida foydalanilmas ekan. Qarangki, bir saytda bu daraxt haqida shunday deyilgan edi: “Bu kasofat daraxtning gullari aholida keskin allergiya paydo qiladi. Ko'zlar yoshlanadi, burundan suv Niagara sharsharasidek quyiladi, mening ukam bir oydan buyon allergiyadan qiynalmoqda”.

To'g'ri, bu bir odamning fikri edi. Ammo unda jon borga o'xshaydi. Boshidan o'tkazganki, shunday deb yozgan. Biroq yurtdoshlarimiz bu haqda o'ylashmaydi. Daraxtning tez o'sib, soya berishiga qiziqib, ko'pchilik hovliga ham, ko'pqavatli uyning oldiga ham shu daraxtni ekishni odat qildi. Biz ham adashgan ekanmiz. Daraxtlar avj gulga kirgan bahor oylari mavzemiz aholisi qiynalib qoldi. Yozg'irganlar qancha? Kaliforniya teraklaridan xalos bo'lish uchun ko'plari kesildi. Qolgan ozidan ham odamlar aziyat chekishmoqda.

Sho'rolar davrida shaharlarimizni, istirohat bog'larimizni Rossiyaga moslashgan daraxtlar egallab olgani kabi, istiqlol yillarida ona zaminimizga xuddi “ommaviy madaniyat”ga o'xshab chet el daraxtlari bostirib kira boshladi. O'xshatishim qo'polroq tuyu­lar, lekin bu haqiqat. To'g'ri, daraxtlarda ayb yo'q. Biroq Yaratgan Egam dunyoning barcha go'shalariga mos nabotot olamini yaratib qo'ygan. Boshqa joyda u daraxtlar o'z vatanidagiday emin-erkin o'solmaydi, foyda bermaydi. Ayniqsa, Kaliforniya teragi shahar ko'chalari, xiyobonlari, istirohat bog'lariga aslo mos kelmas ekan. Keyin u o'ta mo'rt. Qattiqroq shamol bo'lsa, qarsillab sinadi. Balki bu muhitimizga moslasholmaganidandir? Ertaga imorat uchun ishlatsak, u yillar sinoviga qanday dosh beroladi?

To'g'ri, keyingi paytlarda mamlakatimizda shaharsozlik landshaftini yaratish bo'yicha katta izlanishlar olib borilyapti. Shaharlar tozaligi, ozodaligini ta'minlash maqsadida ko'chalar va xiyobonlarga qishin­-yozin yashnab turadigan archa ko'chatlari o'tqazilyapti. Archalar yaxshi, soyasida yayrab dam ololmasangiz-da, manzarali daraxt sifatida — bebaho. Havoni ham tozalaydi. Ammo uni ham lozim bo'lgan joygagina o'tqazish kerakmikan?

Ko'chalarni iflos qiladi, deya qanchadan-qancha azim chinorlarga qiron keltirdik. Bu yil Prezidentimiz ko'cha va xiyobonlarga chinor nihollarini o'tqazishni tavsiya qilib, savobli ish qildilar. Agar chinor voyaga yetsa, soyasida bir qur odam bemalol soyalaydi. Bu yil “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o'zimizning jaydari daraxtlarimizni ham emin-erkin ekishga ruxsat berilgani ayni muddao bo'ldi.

Yurtimizda ming yillik azim chinorlar, tut, yong'oq daraxtlari o'sadi. Ular har tomonlama foydali. O'ylab ko'ring, bu daraxtlarning nafaqat umri uzun, balki ular mo'l meva hamda pishiq, mustahkam yog'och ham beradi. Lekin nega bugun bu daraxtlarni o'tqazgimiz kelmaydi?

Bugungi kunda ko'karib turgan har bir daraxt tabiat muhofizlari hamda ekologlar nazoratida. Ularning birortasini beruxsat qirqqan fuqaro kattagina jarimaga tortiladi. Shunday ekan, tabiatni muhofaza qilish tashkiloti mutaxassislari hamda ekologlar joylarga chiqib haqiqiy vaziyatni o'rganishsa, olimlar bilan bahamjihat qaysi daraxtlar iqlim sharoitimizga mosligini aniqlab ish tutishsa, faqatgina yutamiz. Shu o'rinda bir misol. Gulis­ton shahriga Ispaniya davlatidan har tupi falon pul turadiga jo'ka nihollarini keltirib o'tqazishdi. Biroq Mirzacho'l jaziramasiga bu daraxt chidash berolmadi. Saraton pallasi jo'kalarni oftobning 45-50 daraja jazirasidan saqlash uchun ustiga matodan chodir-chaman ham o'rnatishdi. Foydasi bo'lmadi. Ha, yuqorida aytganimizdek chindan ham Yaratgan Egam har bir daraxt, buta va gulga tabiatiga qarab Vatan ato etgan. Iqlimi bir-biriga yaqin davlatlardan keltirilgan daraxtlar, o'simliklar yurtimizga “el” bo'lib ketayotgani ham bor gap. Masalan, Yapon saforasi shunday daraxtlar sirasiga kiradi.

Kaliforniya teragiga kelsak, uni faqat aholi yashaydigan maskanlardan uzoqdagi alohida maydonlarda o'stirilsa, maqsadga muvofiq bo'larkan. Albatta, bu shaxsiy mulohazamiz. Yanayam mutaxassislardan jo'yali tavsiyalar bo'lsa, yaxshi bo'lardi.

Muhammadali AHMAD,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 3 =