“Hali kashf etilmagan qit'a…”
(Atoqli shoir Rauf Parfi ijodiga bir nazar)
Rabg'uziyning “Qissasi Rabg'uziy” asaridan she'r nima, degan savolga javob topganman. Odam Atoning farzandlari Qobil va Hobil o'zaro kelishmay qoldi. Qobil akasi Hobilning joniga suiqasd qilib, nobud etadi. Bu qabohatdan Odam Ato farzandi dog'ida borlig'i tutab, qonli ko'z yosh to'kadi. Ko'z yoshi tuproqqa singadiki, yer ostidan qonli favvora otilib, achchiq nola taratadi. Ana shu nola she'rdir, deydi Rabg'uziy. Demak, inson iztirobining mundarijasi nazmiy tizmalardan iborat ekan. Iztirobni esa inson qalbining bedorligi, Tangriga munojotining ajri deb tushunmoq kerak ekan-da.
Kitob javonimni ko'zdan kechirarkanman, ko'zim atoqli shoir Rauf Parfining “Qaytish” to'plamiga tushdi. Xuddi yangigina tandirdan uzilgan nonday yuragimga o'zgacha taft tutdi. Muqovani ocharkanman, muallifning dastxati yodim mehvarini mayoqdek porlatdi: “Ukam, ajoyib shoir O'raz Haydarga buyuk umidlar bilan Rauf Parfi. 31.07. 1981 yil”. Allanechuk tarzda xayollarim chuvalandi. Umrini eski jandaday sudrab o'tgan shoir bilan suhbatlarim yalang'och o'ylarimga qanot tutdi. Yaxshi she'r tinglasa boladay suyungan, o'z yurtini bolishu qo'nalg'a bilgan, xokisorlik tojini qalb taxtiga ilgan, ulug' ajdodlarning avlodi ekanligidan g'urur tuygan, so'zlarni oltin tangaday jaranglatgan bu kamsuqum shoir she'riyati muhibi bo'lib qolgandim. Ungacha rahmatli akam Nazar Shukur tug'ilgan kunimda shoirning “Tasvir” kitobini tuhfa etgandi. She'rlarini o'qib qalb sayyoram yangi bir galaktikaning parchasiga aylangandi. “Kulrang bulut kezinadi jim…” deya boshlanuvchi she'rini tabiat gimni deya tasavvur etganman.
Kulrang bulut kezinadi jim,
Kulrang bulut o'xshar uyquga.
Kulrang bulut boshlaydi hujum,
Baqirib shivirlar ruhimga.
Kulrang bulut nimaning timsoli ekan deb ko'p o'yladim. Chirkinlik, xiralik, ruhiy zalvor va bo'g'iq havo hislarimda to'lg'ondi. Matohni olov qo'ridan churkashi kabi achchiq taassurot uyg'otdi. Ruhga unsiz baqirishi ong osti sezgilar, tasavvurlar quyunini junbushga keltiradi.
Nafaslari bo'g'ilib go'yo,
Qaldirg'ochlar uchar yer bo'ylab.
G'amgin-g'amgin ko'rinar dunyo.
O'ylarini qiynaydi o'ylab.
Ajabo, savqitabiiy undama “epkin”idan mahzunlik yarador qushdek og'ir qanot silkiydi. Mudroq hujayralarga bedorlik ulashib, uyg'onish azobini qalbga yalovdek tikadi. Dunyoning o'tkinchiligidan o'ylarini o'ylab qiynalishi isyondagina halovat borligini uqadi.
Kulrang bulut quladi oxir,
Parchalandi shu muallaq ko'l.
Sovuq xabarning ko'lankasi bo'lgan kulrang bulut borlig'i nafosat nafasidan oydinlashgan go'zallik qoshida so'ndi. Dilxiralik “chopari” bo'lgan ko'lning parchalanishini sof tuyg'ular tig'i bilan yuksak badiiy chizgilarda mahorat bilan chizolgan shoir.
G'ir-g'ir shamol, g'ir-g'ir yomg'ir,
Suratimni chizib berar yo'l.
“G'ir-g'ir yomg'ir”so'zi bir bo'g'in kam bo'lsa-da misradagi musiqiylikni to'la ta'minlagan. Keyingi misrani ta'riflashga so'z ojiz.
Qalqib-qalqib qo'yadi qarab,
Tabassumlar yozilgan tuproq.
Chapak chalib, sochini tarab
Bosh yuvadi bir hovuch yaproq.
Tiriklikka tabassum ulashishdan yaproqlarning beozor chapak chalishi ko'nglingizdagi g'uborni quvadi. Ruhiyatingiz vodiysida hayotga muhabbat g'unchalari ko'z ochadi. O'ta nozik hislar chiltoridan to'kilgan tizmalar shoirning inja hissiyotligidan dalolatdir.
Yana bulut kezmoqda sarson,
Ta'qib etib borar izimdan.
Nafaslarga to'la bu osmon
Uzilmaydir aslo ko'zimdan.
She'rning so'nggi satrlarida ijtimoiy voqelik ham “ko'z” ochganday nazarimda. Shoir o'z shodligidan quvonib bo'lmaydigan davrda yashadi. Fikri hur, qalbi ozod insonni “kulrang bulut”lar hamisha ta'qib ostiga olgan. Balki bizning izoh botiniy yondashishga xalaqit bergandir. Shoir muddaosi va iddaosini aql kuchi bilan tuyg'ular tilida “o'girish” oson kechmaydi. Binobarin, sodda o'quvchiga sharhlab berish xos o'quvchilarning burchidir. Osmon olamdan ko'z yumganlar ruhlariga mangu oshyondir. Ruh qullikdan emas erkdan nafas oladi. Shu nafas borlig'imizning mangu bitigidir.
Rauf aka bu she'rini yigirma yoshida bitgan. She'riyatimiz maddohlik havosidan dimiqqan, ko'cha gapini vaznga solib qofiyalashtirgan, insoniy dard “g'o'zapoya”ga aylangan bir davrda yozganligi bilan ham ko'ngil ko'zlariga hayrat ulashgan. Chin shoir har qanday zamonda o'z so'zini ayta oladi.
Aslida she'rni sharhlash tarjimani eslatadi. Mahorat bilan o'girilsa-da, asliyatiga o'xshamagan nusxa. Albatta, san'atkorona bitilgan she'rlarga taalluqli bu gap. Shu o'rinda Rauf Parfi bir suhbatida ta'kidlaganidek, “Narsalarga erkimizni bog'lab qo'yganmiz, moddiyatning qulimiz. Bu ayyor aqlning xulosalari, oqil aqlniki emas. Allohni tanigan banda moddiyatga tayanib qolmaydi, u o'zining qorovuli emas. U – O'zining egasi, o'zligini izlayotgan inson… Menimcha, o'z o'limini ko'tarib yurgan odam Allohga, o'ziga, birovga xiyonat qilmaydi. Xiyonat yolg'onlardan tug'iladi”. Shoirning xiyonati shuhratparastlik domiga tushib o'zini ulug'lash “xasta”ligiga chalinganidanoq ayon bo'ladi. Nega bugun shaffof she'rlar kam? O'quvchi she'r o'qimay qo'ydi, degan so'zlar bot-bot qulog'imiz tagida jaranglayapti? O'zicha yozib, o'zi quvonib yurganlar ko'p. Chin shoirning yo'rig'i boshqa. Ammo yozarmanlar aql kushandasiga luqma bo'lishida tuyg'udan ayri soxta bitiklari bitishi sababdir. Rauf Parfi yoshligidanoq bu xavfni anglagan, so'z mas'ulligini qismatga tenglagan, o'z adabiy chizig'ini ilg'agan shoir. She'rlarida so'zlar ohang bilan uyg'unlashib musiqiylik kasb etgan.
1977 yili. Kechagidek esimda, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ga qarashli 2- yotoqxona o'quv zalida shoir bilan ijodiy uchrashuv bo'lib o'tdi. “Qo'y, bo'ldi. Gapirma. Kechirma meni…” deya boshlanuvchi sonetini jim tinglab o'tiribmiz. Shoir so'nggi jumlalarni o'qir chog'i otashlandi:
Bu payt falaklarga sovrilar kulim,
Yerga yiqilaman seni yo'qotib,
Shivirlab shamollar marsiyasini.
deyishi hamonoq muxlislar o'rnidan turib olqishlar yog'dirdi. Ammo shoir jim. Yuzida mamnunlikdan ko'ra jiddiylik qalqidi. Bu sonet hali matbuot yuzini ko'rmagan, siyohi qurimagan. Tinglovchilar yuzu ko'zida yangi so'z va ohangga tashnalik porlardi. Uchrashuv qizg'in o'tdi. Ruhiyatimizda yulduzlar taloto'piga o'xshash mubham isyon barg yozgandi.
Shoir maddohlik ko'chasiga bir bor qadam qo'ymadi. Turfa ritorik ko'rinishdagi madhiyalar bitmadi. U har qanday yolg'on she'rning san'atga daxldor emasligini bilgan. Munaqqid R. Rahmat: “Asli jazo tariqasida yelkamizga ortilgan bu yukdan, hayotdan oshkora nolishning faqat bitta yo'li bor – san'at. Agar shoir o'z g'amini go'zal she'riy shaklda emas, balki og'zaki suhbat shaklida so'zlab bersa, shubhasiz uni yomon ko'rib qolamiz. San'atkor o'z kulfatini pullab kun ko'radi, shon-shuhrat qozonadi. Lekin bu kulfat faqat san'at degan bozordagina tengsiz qimmatga ega. Kimki qayg'u otliq mahsulotini san'at bozoridan tashqarida sotmoqchi bo'lsa, uni darrov: “Buncha mung'aymasang, buncha titramasang, buncha g'arib boqmasang… ket ko'zim oldimdan, ket deyman…” — deb malomat qiladilar”, deya san'at tushunchasiga chuqur urg'u berganda haq. San'at unsurlari inson tanasidagi qon tomirlarday kesishmasdan o'z nuqtasiga birlashsagina adabiyotning billur qandiliga aylanadi. Shuning uchun ham san'atdan yiroq asarlar qumdan tiklangan qo'lbola qasrdir, yillar shamolida to'zib qumtepaga aylanadi.
Rauf Parfi she'riyatidan istagan mavzudagi she'rni topasiz. Shoirning she'r ustida izlanishi osmono'par tog'ni Farhod teshasi bilan yorib o'tishdek buyuk qudratga oshnodir. Birgina “Ona tilim” she'rinig bir nechta nusxasi mavjud. Ilk variantida she'r shunday bitilgan.
Oftob farzandidir oltin dalalar,
Mo'l-mo'l nurin sochar bosh uzra balqib.
U sening tilingda aytar allalar,
Oftobdek ardoqli, ey ona xalqim.
So'nggi variantida keskin o'zgartirilgan.
- Abut-Turk tarixdan, balki, bir hikmat,
Biroq sen borsan-ku Turon elinda.
Shoir, So'z aytmakka sen shoshma faqat,
Ulug' Alisherning qutlug' tilinda.
Qariyb yarim asrlik umrini ushbu she'rni tahrir qilish bilan o'tkazgan shoirning ijodiy laboratoriyasi kenja avlod uchun mahorat maktabi bo'lib o'tishi kerak.
Rauf aka o'z umriga o'zi oqsochlik qildi, desak yanglishmaymiz. Dunyoning moddiy narsalaridan yuz o'girdi, talabalar bilan talabalar yotoqxonasida, qorovullar bilan pastqam qorovulxonalarda qo'noq bo'lib yashadi. Bundan ranjimadi. Insonlar qalbi bilan so'zlashdi, og'riqlarini o'z og'rig'i deb bildi. Balki adabiyot atalmish “yuho” ijodkoridan shuni talab qilgandir? Biz oyog'ini muzdek suvga botirib yoki o'zini stuliga ip bilan chandib tashlab asarlar yozgan Gogolu Emil Zolyalar haqida ko'p o'qiganmiz. Adabiyot qurbon talabdir, uning tuynuksiz qasriga har kim bo'ylay olmaydi-da. Bu achchiq, ammo oydin haqiqat. Muhimi bu ham emas. So'zni vijdon deb bilganlarga adabiyot eshik ochishini tushuna oldik.
Ko'zimga to'qinar malolat, tuman,
Cheksizlik qo'ynida yalang'och sukut.
Ruhimda muallaq jimlik bezabon –
Neki o'tgan bo'lsa barchasin unut.
Hayotning zarbasidan malolatu zulmatga yo'g'rilgan umr o'z toqatiga ovoz berishini tilashi qahramonning o'zligiga isyonidir.
Yoriltosh, ey, yoriltosh yoril, axir,
O'limning qoshida yoril, ayt, baqir,
Chaqmoqlarga aylan endi, sukunat!
Rauf Parfi tarjimon sifatida ham o'zbek adabiyotiga tamal toshini qo'yganlardan. Uning Valerey Bryusov she'rini mahorat bilan o'girganida iste'dodining baland nuqtasini ko'ramiz.
Nebo nad gorodom plachet,
Plachet i sredse moe.
Chto ono, chto ono znachit,
Eto unыnye moe?
Misralarini qo'yidagicha o'girgan:
Shahar uzra osmon yig'laydi,
Va bilmaydi yuragim manim.
Nima demak, o'zi nimaydi,
Qayg'ulidir buncha kuyganim.
Tarjimada ohang ham, rang ham, so'z ham to'liq saqlangan va bo'liq donday mag'izga tuyintirilgan. Uning tarjimasida Nozim Hikmatning “Inson manzaralari” she'riy asari asliga teng darajada o'girilgan.
She'riyat onasini iztirob deb bilgan, “tilida o'zga so'z o'lgan” atoqli shoir Rauf Parfi she'riyati hali kashf etilmagan qit'a kabi o'ylarimizu tasavvurimiz kahkashonida yulduzdek porlab, yangidan-yangi tadqiqotlarni kutayotganligi sir emas.
O'roz HAYDAR