O'ylab topilmagan hikoyalar

Muxtor XUDOYQULOV

 

OTA YeLKASI

Mening bolalikdagi ilk ko'rgan, his qilgan narsam – otam (ya'ni dadam)ning yelkasi edi. Oppoq, top-toza yaktak kiyilgan keng yelka. Dadam meni birinchi bo'lib yelkasiga ko'tarib yurgan paytlar bo'lsa kerak-da. Men o'sha yelkadan turib nimalarnidir – hovlinimi, ko'chanimi, odamlarnimi ko'rganman, ya'ni men otamning yelkasidan turib olamni ko'rganman.

Keyin men bu yelkani maktabda o'qib yurganimda ham, Toshkentga kelib dorilfununda ta'lim olganimda ham, ishlab yurganimda ham doimo sezib turdim. Bu– bilimli, fikrli inson bo'lgan padari buzrukvorimga doim tayanish, u zot bilan faxrlanish,   hamisha u kishidan yaxshi maslahatlar, ma'naviy madad olish edi. Bu yelka menga butun umrim bo'yi tayanch tog'i, ishonch manbai, doimiy ko'mak xazinasi edi. Garchi hozir bu yelka yo'q bo'lsa ham men uni hamon sezib turaman, unga ishonaman, uni qo'msayman, undan doimiy imdod olaman.

Ha, ota yelkasi – olam tayanchidir.

 

KITOB TALAShGANLAR

Buvim (onam)ning aytishlaricha biz, akam ikkovimiz to'qqiz farzanddan o'lmay tirik qolganlari ekanmiz, shuning uchun ota-onamiz bizni juda avaylab, erka qilib o'stirishgan ekanlar. Burxon akam bilan biz bosalqi, ya'ni yoshida farqi kam ekanmiz, shu boisdan doim talashib-tortishib o'sganmiz. O'sha paytda amakilarimdan biri mening nomimdan to'qigan:

Burxon olako'z,

                                           Bo'yningni cho'z,

                                           Senga go'sht yo'q,

                                           Umidingni uz,

 

degan to'rtlikni kula-kula aytib yurishardi. Ammo men akam bilan go'sht talashganimni bilmayman-u, lekin kitob talashganimiz rost. Negaki, akam ham kitobni yaxshi ko'rardi, men ham. Do'kondan biror kitob sotib olgudek bo'lsak akam menga ko'rsatib maqtanardi, men unga. Ammo men – kichkina, injiqroq ekanmanmi, har qanday kitobni oldin men o'qirdim.

Yaqinda qishlog'imga borganimda akamning chevaralari bo'lgan to'rt yoshli qizchaga kitob sovg'a qilsam uning ikki yoshli ukasi kelib talashib, tarmashib qolsa bo'ladimi? Ikki yoshli bola opasini yig'latib bo'lsa ham kitobini olib qo'ydi. Bu talashuv menga huv o'sha, bundan necha-necha yillar bolaligimdagi akam (hozirda marhum) bilan kitob talashganimni esga soldi…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × two =