“Oltin beshik”dan “Boboso'z…”gacha

Yoki shoir va publitsist Eshqobil Shukur ijodiga bir nazar

 

Televizorda Eshqobil Shukur muallifligida namoyish etilgan “Oltin beshik” ko'rsatuvining har bir sonini kutardik. Ayniqsa, keksa ovuldoshlar zavqlanib ko'rishardi. Bir otaxon: “Shu yigitda bir noyob xislat borki, o'z tug'ilgan yurtidan hikmat izlayapti” degan . Oradan yillar o'tdi. Kuni-kecha Eshqobil Shukurning “Boboso'z izidan” kitobini o'qib, o'sha   nuroniyning gapini esladim. “Oltin beshik”dan “Boboso'z izidan”gacha bo'lgan davrda u o'nlab adabiy, ilmiy-ma'rifiy kitoblar nashr ettirdi. Eshqobil Shukurning ijodini Odil Yoqubov, Asqad Muxtor, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Erkin A'zam va Xurshid Davron kabi adabiyotimizning ulug'lari e'tirof etganlar. Jurnalistikadagi yutuqlari ham doimo mutaxassislar diqqat – e'tiborida. Kamina gapni shoirning televideniedagi ko'rsatuvlaridan boshlagan bo'lsam-da, siz bilan uning nasriy izlanishlari xususidagi taassurotlarimni o'rtoqlashmoqchiman.

Adib “Ko'hna bog' rivoyatlari” kitobidagi “Ziyoratchi yo'lbars” hi­koyasida u yozadi: “To'qayning egasi ziyoratga chiqibdi… Burungilar yo'lbarsni Nurmat deb atashgan. Go'yo Nurmat deb chaqirsa, yo'lbars odamga ziyon yetkazmas emish…” Yoki “Mengim momo hikoyasi” da shunday satrlar bor: “Abdunazar qorovulbegi, – dedi Mengim momo, – bolalaringiz bilan o'rningizdan turing. Qorovulbegi hech narsa demay onasining buyurganini bajardi. – Mening nima bo'lishimni Yaratganning o'zi biladi. Qachon o'laman, qaerda o'laman, O'ziga ayon. Lekin menga bir narsa ma'lum, o'lsam, izlab yo'qlaydigan elim yo'q. Tobutimning ortidan izillab iyaradigan, yo'qlab-yo'qlab yig'laydiganlarim olisda qoldi. Men hozir o'zimga o'zim aza ochib, o'zimga o'zim yo'qlov aytaman. Silar menga qo'shilib tu­ringlar. Yig'langlar, “enam-ov, sho'rpeshona enajonim-ov”, deb yig'lang­lar”.

Birinchi hikoya afsona bo'lib tuyulsa-da, o'quvchi to'qay va to'qay dunyosini tasavvur qila boshlaydi. Ikkinchi hi­koyada Mengim momo taqdiri el orasida bugungacha yashab kelayotgan qadim odatlarimizga uyg'un holda tasvirlanadi. Umuman, to'plamdagi hikoyalar hajman ixcham, mohiyatan esa nihoyatda yukli.

“Ovchi” badiasini olaylik. Unda kishini hayron qoldiradigan ma'lumot mujassam: “…Aytishlaricha, ovchining kelganini sezmay qolib o'qqa uchragan jonivor jon talvasa qilayotganida “Eh, attang, sezmay qoldim-da sezganimda o'lmay qolardim” deb achchiq armon qilarkan.

Men bir gal Qoplondarada katta xarsang soyasida yotgan bo'rini ko'rib qolganimda sezdirmay o'q uzishga ko'nglim sust ketdi. Chunki ovchiga bo'rini olishdan qiyini yo'q. Bu paytda esa shunday zo'r o'lja qo'limda edi. Bo'rini nishonga olib, barmog'im miltiq chaqmog'iga borganda, ichimda nimadir uzilib ketganday bo'ldi. Men o'z-o'zimga xiyonat qilayotganimni sezib qoldim. Chaqmoqni bosdimmi, tamom, men mergan emas, nomard bo'lib qolaman. So'ng yotgan yerimdan shartta turdim-da, bo'riga “Qoch! Qoch!” deb baqirdim. Bo'ri yashin tezligida oldinga tashlandi va qiyalikdan pastga qarab qochdi. U shamoldan tez yelib borardi. Men uzoqlab borayotgan bo'rini nishonga olib o'q uzdim. Bo'ri bir sakrab, uvillab yerga quladi. U mening nasibam ekan. Men jon berayotgan bo'rining boshiga bordim-da, “Senga armon bo'lib qolmadimi? Men nomardlik qilmadim. Mendan rozi bo'l!” dedim.

“Otliq” badiasida esa mehmonnavozlikka yanada yangi ma'no beradi:

“…Sen nimani bilarding, agar shu otliq uyimga tushib, otini hovlimizning o'rtasiga qoqilgan qoziqqa boylaganida, sovlig'im egiz tug'ardi. Otliq yo'lovchi bilan uyga nasiba keladi. Bu notanti o'zi bilan kelayotgan nasibani bizga qiymay ketdi”.

Har ikkala hikoya xalqimizning tanti fe'li   zamirida   hikmatlar yashiringanligi aks ettirilgani bilan ibratlidir.

“Azal gurunglar” to'plamidagi “O'zligim – o'zbekligim” sarlavhasi ostida berilgan lavhani o'qiymiz: “Momolar “tuprog'i almashibdi”, “eri ovushgan” degan iboralarni ishlatib qoladilar. Ular ko'pincha el oshib, bosh­­qa bir joyga ko'chib borgan odamning bolalaridan birortasi kasal bo'lsa, shu bolaga nisbatan shunday so'zlarni qo'llashadi. Go'yoki uning ruhi kindik qoni to'kilgan tuprog'ini tusagan, tomiri ko'kargan yerni istagan. So'ngra ular bola tug'ilgan yerdan bir kaft tuproq keltirishib, tuguncha qilib, uning yostig'i ostiga qo'yadilar”.

“Or” sarlavhali hikoyasida elda dovrug' taratgan mard polvonning g'ururi va uning aksi bo'lgan nomard “polvon”ning g'irromligi qarama-qarshi qo'yilan. Bu yerda o'quvchiga ular o'rtasida kechadigan kurash emas, balki kurashning qoidasi o'ta muhimligi, keksa polvonning tantiligi, shu fe'li uchun ham olqishga sazovarligiga urg'u berilgan: “… Xaloyiq! Men Alining maydonini oralamaganimga o'ttiz yil bo'ldi. Men Toyir polvonga talabgor bo'lib toboqni ko'targanim yo'q. Bosh toboq Toyir polvonniki, buni Xudoyam, bandasiyam biladi. – To'raboy polvon davraning kunbotar tarafiga yo'lbarsqarash qildi. – Hoov, Qarshiboy, sen “Men To'raboy polvonning yelkasini yer iskatganman” deb elga ovoza qilibsan. – Butun davraning nazari Qarshiboy polvon tomonga burildi. – Yolg'on polvonga yarashmaydi. Sening aytgan gapingdan mening orim keldi. Shunga-da, o'ttiz yil o'tib, yana maydon oraladim…”.

“Boboso'z izidan” so'zlar bilan so'zlashuv” kitobiga murojaat qilsak. Undan birgina misol keltiraylik:

“Jigar va bag'ir”

Jigar tushunchasi bizda azaldan qadrli tushunchalardan biri bo'lgan. Jigar tanadagi eng muhim a'zolardan bo'lgani uchun uni ifodalovchi so'z xalq tilida obraz darajasiga ko'tarilgan. Aka-ukani, opa-singilni, eng yaqin qarindoshlarimizni jigarim deymiz. Bunday atov tug'ishganlarga “Men sizlarsiz yashay olmayman” degan munosabatdan kelib chiqqan. Chunki odam jigarsiz bir kun ham yashay olmaydi. Jigar forsiy so'z. Turkiyda bu so'z bag'ir, bovur so'zlari bilan ifodalanadi. Qozoq tilida ham, o'zbek tilida ham jigarim so'zi o'rnida bovurim deyish bor. Tilimizda bag'ir odamning quchog'i mazmunini ham ifodalab keladi. Bag'riga bosdi ifodasi shundan.

Yusuf Xos Hojibda bag'ыrsaq degan so'z “mehribon” ma'nosini anglatadi:

Bag'ыrsaq kishi-ol kishida chыnы

Ma'nosi:

Mehribon kishi kishilarning asilidir.

Mahmud Qoshg'ariy bergan ma'lumotga ko'ra, ayollarning siynabandi qadimgi tilimizda bag'irdaq de­yilgan. Bu narsa ayolning ko'krak, jigar, to'sh qismini yopgani uchun shunday atalgan bo'lishi kerak. Qolaversa, tananing bo'yindan qoringacha bo'lgan oldi qismiga bag'ir deyilgan. Ba'zi turkiy tillarda bag'ir so'zi yurak mazmunida ham keladi. Qadimgi turfon yodgor­liklaridan “Sekiz jukmak”da bag'ыr so'zi “qarindosh, qondosh” ma'nosida qo'llanilgan”.

Mana, guvohi bo'lganingiz bitta so'z mag'zini chaqish qancha izlanish talab qilmoqda. Kitobda yuzlab shunday so'zlar haqida qiziqarli ma'lumotlar jamlangan. Albatta ming yil oldin Mahmud Qoshg'ariy “Devoni lug'ati turk” kitobi orqali turkiy millatlarga bebaho bir xazina meros qoldirib ketgan bo'lsa, bugungi kunda shoir Eshqobil Shukur ham ajdodimizning xayrli ishini davom ettirayotgan ijodkorlardan biri.

“Dunyoning ko'chishi” qissasidagi quyidagilarni o'qigan kitobxon esa xuddi qahramon bilan o'tovda o'tirgandek bo'ladi: “Oysut oltmish bosh­­li oq o'tovning beshikka suyanib uyquli-o'yovli holda bolasini emizib o'tirardi. O'tov tepasidagi ochiq changaroqdan simillab to'kilayotgan oy nurlari ichkarini zarrin shu'lalarga ko'mib tashlagandi. Sariq toldan yasalgan panjarasifat keraga boshiga osilgan qizil-yashil so'zanalarda turfa rangdagi ipak gullar batartib sochilib yotadi, nafis tikilgan tovuslar qanotini yoyadi. O'tovning keragasiga boylanib, tepadagi changaroqni ko'tarib turgan o'tov qovurg'alari, ya'ni oltmishta uviqning poyiga tikilgan ikki qarich enlilikdagi zardevollarda rango-rang chechaklar kuladi. Keraga boshiga uviqlarning oyoqlari barmoq enligida to'qilgan “kelinqoshlar” bilan mahkam bog'langan. O'tovning tepa qismida osilib yotgan to'rliqbovlar, otmabovlar, uviqlarni bir-biriga tortib bog'lab turuvchi charaqaybog'ishlaru qurbog'ishlar, popukli tizmalar – hammasi oy yorug'ida va fonus nurlarida g'aroyib manzarani hosil qiladi. Ayni shu lahzalarda saxovatli to'lin oy ko'kragini beshikka berib mulgiyotgan poshikas­ta Oysutning boshidan o'z nurlarini ayamay to'kardi.

Beshikda bola yig'ladi…”

Tasvirga boy manzara ruhiyatingizni muzeydagi eng jozibador eksponatday o'ziga jalb etgani shubhasiz. Bu ajoyib, xalqona, shirali ohang­larga boy chizgilarni o'qir ekansiz o'zligimiz, tariximizni, aniqroq aytadigan bo'lsak, ming-ming yillar ota-bobolarimiz boshpanasi bo'lib kelgan o'tovni ko'rgan, his qilganday bo'ldingiz. To'g'rimi?

Har bir elning o'ziga xos turmush tarzi, unga singib ketgan qadriyatlari, madaniyati bor. Bu   ijodkorlar nazdida ana shunday badiiy,   ilmiy-ma'rifiy ifodasini topib borsa, bunday asarlar kelgusi avlodga ko'zgu bo'lajak.

Xalqimizning taniqli shoiri, iqtidorli publitsisti Eshqobil Shukur ijodi haqida ko'p so'z aytish mumkin. Uning hech kimga o'xshamagan o'z ijod yo'li bor. Ayniqsa, betakror she'riyati, xalqona va quyma. Ularni o'qigan o'quvchi chinakam ijod bulog'idan bahramand bo'ladi. Chanqog'i qonadi.

Albatta, shoir she'riy san'ati haqida navbatdagi maqolalarimizda to'xtalamiz.

Xolmuhammad Karimiy,

yozuvchi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 2 =