Kleopatra sohili va tillotoparlar haqida

Bu dunyoda har bir sog'lom odammehnat qilishga majbur. Aks holda, jamiyatda muvozanat buziladi. Ishlaganlar ishlamaganlarni ham boqishiga to'g'ri keladi. Hayot-ku ilmiliq davom etaverar, lekin bunda taraqqiyot yuz bermaydi. Mamlakat boshqalardan orqada qoladi. Rivojlanishda ortda qoldimi, bu yurt xalqi – unaqasiga ham, bunaqasiga ham, yanada aniqroq aytganda, bevosita yoxud bilvosita boshqalarga qaram bo'lishga mahkum.

Har kim – qanday qilib bo'lmasin, jamiyatda o'ziga ish topishi, shu tariqa tirikchilik manbaiga ega bo'lishi, bola-chaqasini, keksarib qolgan ota-onasini boqishi zarur. Jamiyat – menga ish topib berishi kerak, degan odam qattiq adashadi. Oddiyginasi – ishsiz qoladi. Qaysi davlatda, qanaqa ijtimoiy tuzumda yashamasin, ishi yo'q odam baxtsiz hisoblanadi.

40 yilga yetar-etmas davr mobaynida Turkiyaning Antaliya o'lkasi dunyoning eng mashhur dam olish maskanlaridan biriga aylandi. 1984 yildan bu o'lkada turizmni rivojlantirishga qattiq kirishildi.

Biz ham yaqinda uning Alanya ilchasi (tumani) hududidagi mashhurdan-mashhur Kleopatra sohilida dam oldik.

Darvoqe, Kleopatra – Misr malikasi. Misrda tug'ilib o'sgan bo'lsa ham, asli kelib chiqishi turkiylardan, uning ota-bobolari o'zimizdan ekanligini bilasizmi?

Bu haqda yaqinda O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Kleopatra” romani nashr etildi. Rostini aytsam hali o'qib ulgurmadim. Ammo albatta, niyatim bor. Ha, u haqda   qancha-qancha badiiy asarlar yozilgan, filmlar olingan. Buyuk Vilyam Shekspirning “Kleopatra” fojiasi borligini ham bilasiz.

Eri – mashhur Rim qo'mondoni Mark Antoniy malikaga Antaliyadagi ana shu so'lim sohilni sovg'a qiladi. “Kleopatra” nomi shundan qolgan. Bu voqeaga ikki ming yildan oshgan.

Malika, qarasa, sohil katta-katta harsang toshlardan iborat ekan. Bu unga yoqmaydi. Shunda Mark Antoniy Misrdagi mashhur Nil daryosi sohillaridan necha-necha kemada qum keltirtiradi. Bu shunday shirriq qumki, badaningizga aslo yopishmaydi, sochig'ingizni bir siltasangiz, undan gard ham qolmaydi. Olimlar bu qum bilan Nil daryosi sohillaridagi qumni tekshirib, tarkibi bir xilligini aniqlashgan. Shunga ko'ra, tarixchilar bu rivoyatni, haqiqatga yaqin, deb hisoblashadi.

Antaliyada turli-tuman kasblar professional darajada rivojlangan. Har qadamda zamonaviy mehmonxonalar, kafe va restoranlar, chiroyli yo'llar, tik o'sgan palmalari bilan kishining bahri-dilini ochadigan yo'laklar, gullaru chamanzorlar, ko'ngilochar o'yingohlar barpo etilgan. Velosiped, moped, mototsikl, samokat, mashinalar ijaraga beriladi. Eh-he, bu yerda necha ming-ming kishi mehnat qiladi. Axir, shuncha sonli sayyohga zamonaviy darajada xizmat ko'rsatish oson ishmi? Qirg'oqda mehnat bozori qaynagandan-qaynagan. Har kim bu yerdan o'ziga rizq qidiradi.

Sohil bo'yida kunduzi bir eru xotin 10-11 yashar o'g'ilchasi bilan yaxshilab yuvib-taralgan, ustiga gilamchalar to'shab bezatilgan, axlati yo'lakni ifloslamasligi uchun orqasiga brezentdan maxsus xalta osilgan tuyani ushlab turadi. Sayyohlarga, ayniqsa, tabiatdan o'ta uzoqlashib, megapolis shaharlarda yashaydiganlarga bu ekzotika ham alohida zavq-shavq bag'ishlaydi. Pulini to'lab, tuyada sayr qilishadi, suratlarga tushishadi, videolavhalar tayyorlab, ijtimoiy tarmoq orqali tarqatishadi va hokazo.

Xullas, bu yerda, bir o'zbek maqolida aytilganidek, sayyohning “eshagini sug'orib, pulini olishadi”.

Jonajon O'zbekistonimizni ham ana shunday buyuk sayyohlik kelajagi kutib turibdi. Axir, dunyoning hamma yerida ham bizdagi Quyosh – yo'q-ku. Shimol xalqi aynan shu issiqqa intiladi.

Ammo avvalo, million-million sayyohni qabul qilish uchun zamonaviy talablarga har taraflama javob beradigan sharoit yaratish, uylar, mehmonxona, kafe, restoranlar, yo'llaru yo'laklar barpo etish, qolaversa, buncha odamni ko'ngildagidek boqish uchun qishloq xo'jaligini ham yuksak darajada taraqqiy ettirib, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan keng tarmoqli sanoat tizimini shakllantirish, eng muhimi, turizm bozorini dadillik bilan egallay borish – kerak.

Yozning chillasida O'rtaer dengizining Kleopatra sohilidagi suvi – kechasi ham iliqqina. Cho'milib chiqib, qum ustida o'tirib yo cho'zilib, dam olasiz. Cho'zilib o'tirsak, qirg'oq yoqalab sapyorlik uskunalari bilan to'liq qurollangan, hatto, zarur payti ishlatish uchun peshonasiga projektor o'rnatib olgan ikki o'rta yashar kishi bir yarim-ikki qadam oraliq bilan qirg'oqdan nimadir izlab o'tib qoldi. Aytish­laricha, ular cho'milishga kelganlar tushirgan qimmatbaho taqinchoqlarni izlashar ekan. Dengiz to'lqinlari bunday yengil narsalarning hammasini, albatta, qirg'oqqa chiqarib tashlaydi.

– Oltin buyumlar topilarmikan? – deb so'radim yonimdagilardan.

– Topilmasa, aza-baza shu ish bilan shug'ullanisharmidi? – dedi sheriklardan biri. – Bir haftada bitta taqinchoq topsa ham, tuzukkina daromad-da.

Ana sizga o'ziga o'zi ish topish-u, mana, sizga o'ziga o'zi ish topish!

Ko'p o'tmay, “tillotoparlar” orqaga qaytdi. Darvoqe, ularni “oltinizlovchilar”, “oltinqidiruvchilar” deyish ham mumkin edi. Biroq bular aynan yo'qolgan narsalarni topgani uchun shu ma'qul ko'rindi. Bu gal ular orasidagi masofa bir oz yiroqlashgan: biri tizzasigacha suvga kirib, ikkinchisi qirg'oqning sal yuqorirog'ini qo'lidagi iskovich bilan nazorat qilib ketyapti.

Ular plyaj oxirigacha borib, orqaga qaytganiga qadar bizdan sal nariroqda dam olayotgan bir oila a'zolari bezov­ta bo'lib, nimadir qidirishga tushib qoldi-ku. Surishtirsak, polshaliklar ekan. Ayol bo'ynidagi oltin xochini yo'qotibdi. O'g'limiz borib, ularga inglizchalab, tillotoparlar orqaga qaytayotganini, ulardan iltimos qilib ko'rish lozimligini aytdi.

Haligi kishilardan biri naridan-beri shu atrofni tekshirib ko'rgan bo'ldi. Taqinchoq topilmadi. Turkchalab, sayyohlarga bir nimalar dedi-yu, o'z yo'lida davom etdi.

Fikr qurg'ur – uchqur ot-da. Shunda beixtiyor tarjimonlik va oltin bilan bevosita bog'liq mashhur bir hangoma yodga tushdi.

…Qadim-qadim zamonda, yiroq-yiroq tomonda bir podshoning xazinasiga o'g'ri tushib, uning ota-bobosidan meros bo'lib kelayotgan tillo taqinchoqlar solingan bir xumni olib ketibdi. Hukmdor butun mamlakatni oyoqqa turg'azibdi. Bir ajnabiydan gumonsirab, uni tutib, podshoning huzuriga olib kelishibdi. Saroyda uning tilini birgina tarjimon bilar ekan, xolos. G'azabiga chiday olmagan shoh gumondorni tarjimon orqali o'zi so'roq qilibdi. Har qancha so'rab-surishtirilmasin, ne-ne dag'dag'alar qilinmasin, musofir:

– O'limdan xabarim – bor, lekin tillodan xabarim – yo'q, – debdi.

Do'q-po'pisadan charchab ketgan hukmdor oxiri yumshoq muomalaga o'tibdi:

– Bu murtadga ayt, tillolarimni qaytarib bersa, o'ldirmayman – yurtiga chiqarib yuboraman. Aks holda, sapchaday boshini uzaman!

Tarjimon bu shartni yotig'i bilan tushuntiribdi. O'g'ri, bundoq qarasa, tirik qolishning boshqa yo'li – yo'q. Jinoyatini bo'yniga olibdi. Xumni falon tog'ning falon bulog'i boshidagi qadim yong'oqning tagiga katta-katta toshlar bilan ko'mib qo'yganini aytibdi.

Podshoh tarjimonning og'ziga qarab turibdi:

– “O'ldirishsa, o'ldirishsin, men o'g'rilik qilganim – yo'q, agar podshoh mening xunimni to'ksa, qiyomatda, albatta, uning bo'yniga tarmashaman”, – deyapti, – debdi.

Tarjimonning bu “mohirona” tarjimasi bilan o'g'ri o'limdan xalos bo'larmidi?!

Shunga o'xshab, bu tillotoparlar yarim kechasi qaytib kelib, aynan shu yerdan taqinchoq izlamaydi, deb kim kafolat beradi?

Ertasi kechasi yana o'sha joyga bordik. Ammo bu kecha tillotoparlar ko'rinmadi. Taqinchoqni topgan bo'lsa, ko'rinib nima qiladi, axir?!

Bu dunyoning achchiqdan-achchiq qonuniyati – shunday: kimdir yo'qotadi, kimdir topadi. Yo'qotganimni birov topib olmasin, desang, ishingga pishiq bo'l, narsangni yo'qotib nima qilasan? Darvoqe, xalqimizda “O'zingga ehtiyot bo'l, qo'shningni o'g'ri tutma”, degan maqol bejiz aytilmagan.

Sultonmurod OLIM,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 5 =