“Trollar”. Ularning “yuzi” bormi?
Yashirib nima qildim, men ham el qatori internet jinnisiman. Deyarli hamma ijtimoiy tarmoqda sahifam bor. Ish-u o'qishdan ortinib, vaqt topganimga o'zimga qoyilman. Bir kuni Facebookdan shaxsiyga “Toshkent O'zbekiston” nomli profil egasi yozdi. Ma'lumotlar uning Nyu-Yorkda ekanligini ko'rsatyapti, xolos. Notanish hamsuhbatimning salomiga alik olgach, kimligini so'radim. U esa meni tanishini, men ham uni tanishimni aytdi. Men 3 ta maktabda o'qiganman, 5 marta sinf almashtirganman. Universitetdagi kursdoshlar, tarmoqdagi do'stlar ham yetarlicha. O'zini shahar nomi bilan atagan bu kishi rosa boshimni qotirdi. Kim bo'ldi ekan-a? Keyin o'zini tanitmayotgan “qadrdonim” menga “Odnoklassniki”dagi yozishmalar rasmini jo'natdi. Profilda mening ancha avval ijtimoiy tarmoqqa joylagan suratim turardi. Odatiy suhbatlar, hol-ahvol so'rashlar. Jiddiy biror gap yo'q, ammo mening nomimdan ochilgan profil egasi bilan bu sirli kimsa anchadan buyon tanish shekilli, suhbatlarda yaqinlik sezilib turardi. Hayron qoldim. Qizig'i, men “Odnoklassniki”da hech kim bilan yozishmayman, hech kimni “do'stlik”ka qabul qilmayman ham. Bu ilovadan faqat ba'zida filmlarni tomosha qilish uchun foydalanaman. Asabiylashib, yozishmalarni o'chirdim, kimligini bildirmagan tanishimni qora ro'yxatga tiqdim.
Ancha vaqtdan keyin “Samarqand O'zbekiston”, “Andijon O'zbekiston” kabi sahifalardan do'stlik so'rovlari keldi, bo'lib o'tgan noxushlikni eslab, so'rovga rad javobini berdim. Tushundimki, tarmoqda o'zini shahar nomlari bilan ataydigan kishilar ozchilik emas. Beixtiyor yodimga Ispaniya kinoijodkorlari tomonidan ishlangan “Qog'oz bino” filmi tushdi, serialda bir guruh jinoyatchilar avval Ispaniya Qirollik zarbxonasini, keyin esa Ispaniya Milliy bankini o'marishadi. O'g'rilar o'zaro tanish bo'lmasliklari, qo'lga tushganlarida bir-biri haqida hech qanday ma'lumot ayta olmasliklari uchun o'zlarini shahar nomlari bilan ataydilar, masalan: Tokio, Moskva, Rio, Oslo kabi.
Notanishlik doim kishida ishonchsizlikni uyg'otadi, shaxsini yashirish esa o'zni biroz erkinroq tutishga imkon beradi. Ba'zilar ancha vaqtlar ilgari vafot etgan mashhur kishilar nomlaridan foydalanishadi, Gitler, Napoleon Bonapart, Stalin kabi. (Taniqli aktyor, san'atkorlarning soxta profillari ham qancha?!) Ko'pincha ular jamiyatdagi qusurlar ustidan kulishadi, amaldorlarni jiddiy tanqid qilishadi. Undaylar postlarida ko'pincha so'kinib, keskin haqorat qilishadi, shaxsiyatga tegishadi. Ularning tarmoqdagi bu kabi chiqishlari kulguli bo'lishi mumkin, lekin ko'pincha jiddiy qabul qilinmaydi. Muallifning noma'lumligi ishonchsizlikni uyg'otadi. Tarmoqdagi bunday akkauntlar esa “trollar” deb ataladi.
Tobora virtual munosabatlar maydoni kengayib borayotgan davrda anonimlik qanchalik kerak? Ko'pchilik o'zining rasmiy sahifasidan tashqari ikkinchi yoki uchinchi profillari borligini bildiradi. Aksar kishilar tanishuv chog'ida shaxsiyatini yashirishni afzal ko'radi, ularning fikriga ko'ra bu ancha xavfsizroq. Ijtimoiy tarmoqlarda shovqin, buzg'unchilik qo'zg'ovchilar ham ko'p hollarda yashirin profil egalaridir. Ba'zi davlatlarda anonimlik qonun bilan taqiqlangan. VPN orqali regionlarda bloklangan saytlar, platformalarga kirishda ham foydalanuvchi harakatlari yashiriladi.
Aslida tarmoqdagi anonimlik qanday paydo bo'lgan? Jadal raqamlashayotgan davrda odamlar uchun o'zlarini niqob ortiga yashirish nega bunchalik kerak?
Anonim so'zi yunonchadan olingan bo'lib, “nomsiz” degan ma'noni bildiradi. Ushbu atama dastlab 2003 yilda paydo bo'lgan, dunyodagi eng maxfiy xakerlar internet-guruhi sifatida mashhur. Bu atama internetda anonimlik va erkinlik g'oyasini ideallashtiruvchi submadaniyatni ham anglatadi. “Anonim” xalqaro hamjamiyati internet senzurasi va ta'qibga qarshi kurashadi. Guruh norozilik sifatida turli hukumat, xavfsizlik tashkilotlarining veb-saytlarini buzib kirgan. Dastlab, ushbu guruh o'z maqsadlari yo'lida yashirin harakat qiladigan, odatda turli xil internet hazillari, memlar bilan bog'liq o'yin-kulgi guruhi sifatida talqin qilingan. Keyinchalik esa guruh faoliyati xalqaro xakkerlik bilan bog'lanadi. Ular sanoat, turli xil tijorat, kino va boshqa kompaniyalarga qarshi ko'plab norozilik namoyishlari o'tkazishgan. Bu kabi harakatlar noma'lum shaxslar yoki o'zini tanitmagan bir guruh kishilar tomonidan amalga oshirilardi. Ba'zilar “Anonim” guruhini internet erkinligi kurashchilari, “raqamli Robin Gud” deb atasalar, tanqidchilar “kiberpartizanlar”, “kiberterrorchilar” deya qoralashadi. Qizig'i, 2012 yilda Amerikaning “Time” jurnali “Anonim”ni “Yilning eng nufuzli odami” ro'yxatiga kiritgan.
Ross Eaman o'zining “Jurnalistika A dan Z gacha” kitobida shunday yozadi: “Odamlarga anonim gapirishlariga ruxsat berilsa, xalolroq gapirishadi”. Agar munosabatlar xolis bo'lsa, anonimlik zararsiz, deydi tarmoq foydalanuvchilarining biri. Boshqa bir foydalanuvchiga ko'ra, anonim akauntdan foydalanib ijtimoiy tarmoqqa kirish shubhali, agar harakatlari g'arazli bo'lmaganda, yashirinishga hojat qolmasligini aytadi.
Bizningcha globallashuv axborot olish, uzatish jarayonini tobora jadallashtirib yuborgan zamonda manbaning ishonchliligi muhim omillardandir. So'roqlar ortiga yashiringan axborot beruvchiga nisbatan foydalanuvchida ishonchsizlik, manba haqidagi ma'lumotlar zanjirining to'liqsizligi yoki umuman yo'qligi shubha uyg'otishi mumkin. Real munosabatlar qadrlanadigan bir paytda ishonch, haqiqat yuqori baholanadi.
“Trollar”dan bugungi kunda ayrim yo'nalishlarda samarali foydalanilayotganining ham guvohi bo'lyapmiz. Bu kimlarnidir obro'sizlantirish, qandaydir masalada jamoatchilik fikrini (go'yoki) o'rganishda juda qo'l kelmoqda. Xuddi, xalqni o'ylayotgandek taassurot qoldirish maqsadida kalta o'y-mulohazalarini qoldirib, ko'pchilikda norozilik kayfiyatini oshiruvchi materiallar (post) ni qoldirish juda ommalashdi. Holbuki chindan ham xalqni o'ylaydigan, haqiqatni aytadigan odam shaxsini yashirmaydi. Hayron qolarlisi ba'zi vaqtlarda ular hech kimga ma'lum bo'lmagan axborotlarni ham topib tarmoqqa joylashadi. Demak, bu “trollar” oydan tushgan emas, o'zimizning ichimizdan. Oramizda o'zini hayrixohdek ko'rsatib, orqadan pichoq uradigan kimsalar kammi? Gohida arzimagan narsalarga ham tezda, ko'plab munosabat bildirilib shov-shuv bo'lib ketadi. Bu ham bo'lsa mana shunday “trollar”ning faol harakati natijasida alohida tashkillashtiriladi.
Ha, zamonaviy dunyoda muloqotning yangi shakllari ko'plab o'ylab topilyapti. Masofaviy aloqa vositalari tobora yaxshilanyapti. Kishilik jamiyatining kommunikatsiya imkoniyatlari kengayib bormoqda. Bunday davrda bizdan talab etiladigani umuminsoniy qadriyatlarni saqlab qolishga urinish, o'zaro ishonch va eng asosiysi, ogohlikdir!
Jalol MIRZOZODA