Rus yozuvchisining mirzacho'llik qahramoni
1982 yilning may oyi oxirlab borardi. Kamina “Sirdaryo haqiqati” gazetasida yangi ish boshlagan kezlarim. O'sha paytlari o'zbekistonlik dehqonlarning asosiy boyligi paxta edi. Shu bois viloyatlar o'rtasida o'zaro “sotsialistik” musobaqa keng yo'lga qo'yilgandi. Bizning Sirdaryo viloyati farg'onalik paxtakorlar bilan musobaqadosh edi.
Bosh muharririmiz Sa'dulla Boqiyev (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) tushga yaqin partiya qo'mitasida o'tgan yig'ilishdan qaytib, qishloq xo'jalik bo'limi xodimlarini xonasiga to'pladi. Ertasiga Farg'onadan qishloq xo'jaligi sohasi mutaxassislaridan iborat katta delegatsiya kelayotganini, ular bir necha guruhlarga bo'linib tumanlardagi xo'jaliklarda ekinlar rivojini ko'zdan kechirajagini bildirdi va bo'limda ishlaydigan xodimlarni uch guruhga bo'ldi. Menga Boyovut rayonidagi Mehnat Qahramoni Tursunboy Latipov raislik qilayotgan “Kommunizm” kolxoziga tashrif buyuradigan farg'onaliklarning faoliyatini yoritish topshirildi. Yig'ilish so'nggida:
— Masalaga jiddiy qaranglar, — dedi rahbarimiz, so'ng menga qarab alohida tayinladi, — Ayniqsa, siz yangi xodimsiz. Mehmonlarni kutib olish marosimiga kechikib qolmang!
Guliston bilan Boyovut tumani orasidagi masofa 30 chaqirimdan ortiqroq. Ertangi tadbirga kechikib qolmay deb, ishdan chiqib o'sha kuniyoq Kotlovandagi (hozir bu shaharcha Boyovut deb yuritiladi) amakimnikiga yo'l oldim. Ertasiga kallai saharlab “Kommunizm” (nomlarni qarang! M.A.) xo'jaligi markaziga yetib bordim. Mehmonlar kutib olinishi kerak bo'lgan choyxona oldiga “Farg'onalik mirishkor paxtakorlarga alangali salom!” deganga o'xshash shiorlar osilgan. Choyxona oldiga shakarob qilib suv sepilgan. Rohatijon tonggi epkindan tanang yayraydi. Bakovullar allaqachon mehmonlarni kutib olishga tayyor bo'lib turishgan ekan. Men qaerdan va nima uchun kelganligimni ulardan biriga aytdim. Oradan uch-to'rt daqiqa o'tgach, haligi kishi kaminani chetdagi ayvonga yetaklab ketdi. Keyin bilsam, dongdor rais shu joyda o'tirib ishlarni kuzatib turgan ekan. Mehmondo'stlik odatiga ko'ra farg'onaliklar avval mehmon qilinib, keyin xo'jaliklarni aylanishi rejalashtirilgan ekan. Men Tursunboy Latipov bilan ilgari uchrashmagan edim. Lekin uning xo'jalik iqtisodiyotini ko'tarish yo'lida qilgan mehnatlari haqida ko'p eshitgandim.
— Saharxez xo'rozlar qichqirmasidan Gulistondan yetib keldim-de. Yangiga o'xshaysan! – sinchil tikildi Tursunboy Latipov. – Hali mehmonlarning kelishiga ancha bor. Biroz gurunglashib o'tiramiz. Konstantin Simonovni o'qiganmisan? O'sha mashhur yozuvchi Mirzacho'lni o'zlashtirishda jonbozlik ko'rsatgan mehnat qahramonlari haqida “Lyudi s xarakterom” degan kitob yozgan. O'ziyam, qotirib tashlagan-da!
So'ngra Tursunboy Latipov Konstantin Simonov bilan uchrashuv chog'idagi voqealarni eslab ketdi. U kishining shahodat berishicha, Konstantin Simonov “kolxoz”ga kelganida raisning “Villis”i orqasiga o'tirib olib: “Kundalik yumushingizni qilavering. Men bilan ishingiz bo'lmasin”, debdi. Yozuvchi kun bo'yi raisning xos mashinasida paxta dalalariga, fermaga, xonadonlarga boribdi. Xumori tutganda trubkasini tutatib qo'yarmish. Tursunboy Latipovni bir narsa hayron qoldiribdi. Simonov kun bo'yi ko'rganlarini biror varaq qog'oz yoki daftarchasiga qayd etmabdi. Ertasiga ham shu hol takrorlanibdi. Simonov safari qarib, rais bilan xayr-xo'shlashib ketibdi. Oradan bir oycha vaqt o'tib, “Pravda” gazetasida Tursunboy Latipov haqida bir betlik ocherk chiqibdi.
— Men o'shanda Konstantin Simonovning xotirasiga qoyil qolganman, — deya gapini davom ettirdi Tursunboy Latipov. — Birorta detal ham e'tibordan chetda qolmagan. Fenominal xotira sohibi ekan.
Shu kuni farg'onalik paxtakorlar bilan birga yurib, gazeta uchun bir reportaj tayyorladim. Keyin Konstantin Simonovning O'zbekistondagi faoliyati haqida materiallar qidira boshladim. Qo'limga “Sovetskiy pisatel” nashriyotida 1984 yilda chop etilgan “Konstantin Simonov v vospominaniyax sovremennikov” to'plamidagi yozuvchi Hamid G'ulomning “Toshkentda” (“V Tashkente”) deb nomlangan xotiranomasi tushib qoldi. Adibning yozishicha, 1958 yilning erta bahorida Konstantin Simonov unga sim qoqib, “Pravda” gazetasining muxbiri sifatda Toshkentga kelayotganini xabarlagan. Ular oldindan bir-birlari bilan yaqin tanish ekan. Shu bois, o'zbek birodaridan o'zi uchun yaxshi mehmonxonadan joy hozirlab qo'yishni iltimos qiladi. Tez orada ayoli ham bu yerga tashrif buyurajagini aytadi.
Hamid G'ulom o'sha kunlar haqida shunday yozgan edi:
“Mening uyim Qizil maydonga yaqin Olmazor ko'chasida joylashgan edi. Ko'cha aylanishga chiqdim-da, birato'la Oliy Sovet Prezidiumiga kirib, Sharof Rashidov bilan uchrashmoqni niyat qildim. O'sha paytda ul zot respublika Oliy Soveti Prezidiumining raisi lavozimida ishlardilar.
Sharof Rashidov xonasi derazasidan yorug'lik tushib turardi. Men u kishining huzuriga kirib K. Simonovning qo'ng'irog'i haqida gapirib berdim.
Sharof Rashidov xursand bo'lib ketdilar. Simonovning O'zbekistonga kelishini katta voqea deb baholadilar. Mehmonxonadan joy ajratishda yordam berdilar…
Ertasi kuni tongda mashinada Mirzacho'lga yo'l oldik”. (Matnda “Uje na sleduyuщee utro na mashine vыexali v Golodnuyu step”, deb yozilgan, aslida ular Yangierga yo'l olishgan). (Bu haqda qarang: “Konstantin Simonov v vospominaniyax sovremennikov” to'plami, 416-417-betlar).
Ma'lumki, K. Simonov 1958-60 yillarda “Pravda” gazetasining muxbiri sifatda Toshkentda yashaydi. Cho'lni o'zlashtirishda jonbozlik ko'rsatgan ajoyib kishilar haqida turkum ocherklar yaratadi. Yozuvchi o'sha paytlarda cho'lda dong taratgan qahramonlardan biri Tursunboy Latipov haqida ocherk yozadi. Aftidan, K. Simonovga Tursunboy Latipovning tadbirkorligi, odamoxunligi, mehmondo'stligi juda yoqib qolgan edi. Boz ustiga, har ikkilasi Ikkinchi jahon urushi frontlarida jang qilgan. K. Simonov 1965 yil 3 oktyabrda Moskvadan Hamid G'ulomga yo'llagan bir maktubida nemis yozuvchisi Rixter Toshkentga borayotganligini, unga haqiqiy O'zbekistonni ko'rsatish kerakligini, choyxonadagi chollar bilan suhbat qurdirishini, eski bozorda palovxo'rlik va lag'monxo'rlik qildirishini o'tinib so'raydi. Germaniyalik adib O'zbekiston haqida kitob yozish maqsadida tashrif buyurayotganini alohida ta'kidlaydi. Va xat orasida: “Rixter – yozuvchi, agar u do'stlarimiz Jo'raqulov va Latipovlar bilan uchrashsa, mamlakatimiz hayotini jonli his etishiga yanada ko'proq yordam bergan bo'lardi”, deb yozadi. (O'sha kitob, 414-bet).
Rossiyaning katta yozuvchisi, asarlari bilan butun dunyoga tanilgan Konstantin Simonov o'z ocherklarida yurtimiz odamlarining mehnatsevarligi va tantiligiga tan bergan. Hassos adibimiz Abdulla Qahhorning “Sinchalak” qissasini rus tiliga o'girgan. Uning Hamid Olimjon tarjimasidagi “Meni kutgil” she'ri sohirnafas hofizimiz Sherali Jo'rayev tomonidan kuylanib, xalqimizning ma'naviy mulkiga aylangan.
Xullas, mirzacho'llik qahramonlar haqida yozilgan K.Simonovning “Lyudi s xarakterom” deb nomlangan ocherklar kitobini kutubxonalar va jurnalist do'stlardan so'roqladim. “Universitet ovozi” gazetasi bosh muharriri, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Munavvar Pardayevda ushbu noyob kitob bor ekan. Ayni paytda u Mirzacho'lni o'zlashtirishda qahramonlik ko'rsatgan insonlarni madh etgan ocherklarni o'zbek tiliga tarjima qilayotganini aytdi. Umid qilamizki, tez orada mashhur adibning ocherklari o'zbek tilida ham chop qilinadi. Va biz yana bir noyob adabiy manbaga ega bo'lamiz.
Muhammadali AHMAD,
“Yangi Sirdaryo” gazetasi bo'lim mudiri