“Yugurma” xabarchilar yoxud ayrim matbuot xizmatlari “ijodi” xususida

Tan olish kerak, ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi axborot olishni bir qadar yengillashtirdi. Bugun qo'l telefoningiz orqali dunyoning qay burchagida ro'y berayotgan voqea va hodisalar haqida tezkor va hatto to'g'ridan-to'g'ri uzatilayotgan tasvirlar orqali xabardor bo'lishingiz mumkin. Bu xabarlarning qay darajada xolis,   biror tomon manfaatini ko'zlab tayyorlanayotgani albatta, boshqa masala. Qolaversa, bu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining dunyoqarashi, tarix hamda hozirgi zamon dunyo siyosatidan qay darajada xabardor ekanligiga ham bog'liq.

…Uch yil muqaddam hokimliklar va boshqa tizimlarda axborot xizmatlari tashkil qilindi. O'z navbatida hokimliklar hamda boshqa tashkilotlar ijtimoiy tarmoqlarda o'z saytlariga ega bo'ldilar. Shu yangilik orqali bugun mahalliy hokimliklar hamda boshqa tashkilotlar faoliyati bilan imkon qadar tanishish mumkin. Ammo…

Bir qator   mahalliy hokimliklarning saytlarida berib borilayotgan xabarlar bilan tanishib…kelajakda jurnalist bo'lishni orzu qilgan, hozirda talabalar safidan o'rin olish uchun sinovlarga tayyorlanayotgan soha havasmandi sifatida shaxsan mening hafsalam pir bo'ldi.

Nega deysizmi?

Negaki, mahalliy hokimliklar axborot xizmatlari tayyorlayotgan xabarlar bir-biriga o'xshash — misli egizak. Barchasida mavzular barmoq bilan sanarli. Xabarlar tuman hokimining kunlik ishini yoritishdan iborat. “Sayyor qabul bo'lib o'tdi” rukni ostida beriladigan barcha xabarlarda tuman hokimi qachon, qaysi mahallada sayyor qabul o'tkazgani aytiladi hamda nechta fuqaroni qabul qilgani beriladi, xolos. Va albatta, murojaatlar turi sanaladi. Yarim varaqcha matnga o'nta surat ilova qilinadi. Barcha suratlarda qo'r to'kib o'tirgan hokim siymosi…

Shu tariqa bir kunda hokim qaerlarga bordi, nimalarni ko'rdi, qabilidagi xabarlar son-sanoqsiz suratlar bilan “yoritiladi”.

Shubhasizki, bu xabarlarda tahlil yo'q, muammoni paydo qilgan muhit haqida hech qanday gap yo'q. (Tanqid esa umuman ko'zga tashlanmaydi).

Yanada ajablanarlisi, kunda-kun­aro mahalliy hokimliklar saytlarida “Tuman hokimi hokim yordamchisi bilan uchrashdi” qabilidagi xabarlar ham beriladi.

“Bugun tuman hokimi falonchi mahalladagi hokim yordamchisi bilan uchrashdi. Uchrashuvda mahalladagi muammolar haqida fikr almashildi” mazmunidagi gap (yana hokim va hokim yordamchisining o'nlab suratlari) ayting-chi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisiga nima beradi?

Aslida hokim yordamchilari ish kunining yarmisi tuman hokimligida axborot berish, majlislar bilan o'tishini yaxshi bilamiz. Shunday ekan…hokimning hokim yordamchisi bilan uchrashuviga bunchalik urg'u berilishi nimaga kerak?

Bir so'z bilan aytganda, bugunda hokimliklar matbuot xizmatlari bajaradigan ish – kun bo'yi hokim qadamini kuzatish va uni yoritishdan iborat. Boshqa tashkilotlar axborot xizmatlarida ham shunga o'xshash holat. (Sektor rahbarlari haqida haftada bir-yarim qog'oz ma'lumotnoma-xabar berilishini ham aytib o'tish kerak).

Matbuot xizmatlari rahbarlarining ko'pchiligi menimcha jurnalist bo'lmasa kerak. Yo'qsa, yozganlarida oz-moz bo'lsa-da, shira bo'lar edi. Ularda esa o'ta quruq, rasmiy ko'pchilik hatto o'qishni xohlasada, o'qib bo'lmaydigan statistikaga o'xshash allambalo matnlarga ko'zingiz tushadi.

Bu xizmatlarda ishlayotgan xodimlar agar chindan qalam ahlidan bo'lishsa, jurnalistikaning boshqa bir qator janrlaridan nega foydalanishmaydi? Saytlardan foydalanuvchilarga bu xabarlar qay darajada ma'naviy ozuqa beradi?

Axir jurnalistikaning vazifasi faqatgina quruq xabar tarqatishdan iborat emas-ku!

…Nasib qilsa, jurnalist bo'laman, ammo hech qachon bunaqa “yugirma xabar”larga umrimni sarflamayman!

Madina QILIChEVA,

abiturient.

Xorazm viloyati

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 4 =