Gazeta bir kun yashaydimi?

Men yaxshi muxbirlarni yaxshi ko'raman.

“Yaxshi muxbir” deganda gapning to'g'risini yozadigan muxbirlarni nazarda tutaman. Lekin “To'g'ri gap tuqqaningga yoqmaydi” degan maqol behudaga aytilmaganligini ham yaxshi bilaman. To'g'risi, to'g'ri gap o'zimga ham yoqmaydi – og'ir botadi. Lekin bu dunyo­­da to'g'ri gapsiz yashab bo'lmas ham ekan. “Do'st achitib gapiradi” degan naql haq bo'lgani bilan ota-onaning, do'stning,   birodarning senga bergan dakki va tanbehlari odamga baribir malol keladi.

Balki, bu bizning ojizligimizdandir. Balki, shuning uchun odam umrbod komillikka intilar. Ammo bunday muhtasham va munavvar manzilga yetishgan odamlar ko'p bo'lmaganligini tarix va tarixiy kitoblardan o'qib bilganimiz bor haqiqat. Bunday paytlarda o'zimizga taskin beramiz: “Har to'kisda bir ayb!”

Garchi odam bolasining, ya'ni bizning to'g'ri gapni eshitishga toqatimiz yo'q ekan, unday bo'lsa, nega to'g'ri gaplarni yozadigan muxbirlarni yaxshi ko'ramiz? Chunki odamzodning haqiqatga bo'lgan ehtiyoji to qiyomatgacha qonmasa kerak. Shuning uchun haqiqatning poyoni yo'q deb o'ylayman. Ya'ni haqiqatni aytishdan, uni… yozishdan hech qachon… tugamaydi: bu yo'lning adog'i yo'q!

Ko'ryapsizmi, el boshida ko'taradigan muxbir bo'lish qanchalar… qiyin!

Mening xomcho'tlarimga qaraganda hozir mamlakatimizda o'n ming bo'lmasa ham 5-6 ming nafardan ziyod muxbir yozganlarini gazeta va jurnallarda, elektron nashrlarda chop etish bilan mashg'ul. Maktab o'quvchilari bir yoqda qolib, bog'cha tarbiyalanuvchilari she'r yozib, kitob chiqarishga kirishib ketishdi. Demoqchimanki, mustaqilligimizdan so'ng barcha ommaviy axborot vositalari va nashriyotlarning eshiklari qalam ahli uchun lang ochilib ketdi: sho'ro zamonda har 3-4 yilda bir kitob chiqaradigan adiblarning ayrimlari hozir bir yilda 3-4 ta kitob chiqarmoqdalarki, buni faqat olqishlamoq kerak. Va nihoyat, xuddi xorijdagi singari mamlakatimizda ham kitob yozib, uni chop etish tijorat maqomiga erishdi.

Bu – yaxshi, hatto juda yaxshi!

Lekin… lekin, “bemaza qovunning urug'i ko'p bo'lar” degan gaplar ham ba'zan to'g'riga o'xshab qolyapti-da, nazarimizda: ayrim gazetalarni qo'limga olib, (o'qib emas) bo'yoqqa emas, qog'ozga ichim achiydi. Gazetxon, ya'ni bizga o'xshagan oddiy fuqarolar xuddi qushga o'xshaydi. Bilasiz, qush o'zi xushlagan daraxtga qo'nadi: biz ham ko'nglimiz xush ko'radigan gazetani sotib olamiz va so'ngra unga obuna bo'lamiz.

Shu yerda juda achchiq gap aytaman: shaxsan o'zim yaxshi ko'radigan jurnalistlarning ismi-familiyasini sanay ketsam, ularning sanog'ini o'n-o'n beshtadan oshira olmayman. Vaholanki, men bu masalada “oq” bilan “qora”ning farqiga boraman. Esimni tanibmanki qo'limdan gazeta, jurnal, kitob tushgan emas. Ha, xuddi ilgarigidek, hozir ham gazeta-jurnallarning ahvolini, adabiy jarayonni bir o'quvchi sifatida va, o'z imkoniyatim darajasida, bilaman.

Nimasini aytayin, gazeta-jurnallar qanchalik ko'p bo'lgani bilan, odam o'qib huzur qiladigan, ko'ngli taskin topadigan nashrlar nainki kam, judayam kam-da.

Sezib turgan bo'lsangiz, gap ma'naviyat, ma'rifat, ma'rifiy ehtiyoj haqida bormoqda.

Shoirlar ko'nglini daryo, ummon deb ta'riflashadi. Mening nazarimda odamning ko'ng­­li dunyoga, judayam moddiylashtirib yuboradigan bo'lsak, bosh adog'i yo'q ekin maydonlariga o'xshaydi. Bu ko'ngil olamining tog'lari, cho'llari, daryolari, ko'llari, bog'u-bo'stonlari, hatto paxtazori, ko'rkam qasrlari, obod shaharlari bor. Odam bolasi esini taniganidan ana shu olamni obod qilish bilan mashg'ul bo'ladi va ana shuni ma'naviy-ma'rifiy ehtiyoj deydilar.

Masalan, Alisher Navoiy hazratlarining hali bolalik chog'laridagi zehni-zakosiga mo'ysafid Sharafiddin Ali Yazdiy ofarinlar o'qigan ekan.

Yana: maktab yoshida Alisher Navoiy hazratlarining qo'liga Fariduddin Attor hazratlarining “Mantiq ut-tayr” deb nomlangan kitobi tushib qolganligi va bu kitob Alisherbekka yod bo'lib ketganligini maktab darsliklaridan bilamiz.

Husayn Boyqaro Alisher Navoiy hazratlarining bolalikdan do'sti bo'lganligini hamma biladi. Va shuning uchun ham Alisherbek do's­tiga “Mantiq ut-tayr”ni o'qishga albatta bergan bo'lishi kerak. Lekin manbalarda Husayn Boyqaroning bu kitobdan qattiq ta'sirlanganligi haqida hech qanday ma'lumot yo'q.

Bu tarixiy tafsilotlarning talqinidan shunday xulosa chiqadiki, demak, ayni bir narsa, masalan, bizning misolimizdagi “Mantiq ut-tayr” har kimga har xil ta'sir qiladi va har xil taassurot qoldiradi. Qarang, manba bitta, ammo uning ta'siri, ya'ni, ko'ngilda suratlanishi turlicha. Lekin bu dunyoda hamma o'zini yaxshi odam deb hisob­laydi. Shuning uchun ham birovga yaxshilik qilsangiz, hech qachon rad etmaydi. Har kuni o'nlab yomon odamlarga ro'para kelganimiz bilan bu dunyo yaxshi odamlar bilan oboddir.

Demak, odam bolasi tabiatan ezgulikka, moyil ekan-da. Bilsangiz, bangidevona ham gullaydi. Ammo bu gulga, masalan, asalarining qo'nib turganligini tasavvur qilish qiyin.

Hozir dunyoni bangidevona bosib ketdi – men informatsion xurujlarni nazarda tutmoqdaman. Bu xurujlar bizning milliy qad­riyatlarimizga tahdid solmoqda. Hatto bir jinsli nikoh dunyoning juda ko'p mamlakatlarida… rag'batlantirilmoqda. Agar biz ma'naviy olamimizda bo'shliq qoldirsak, haligi bangidevonaning urug'lari ana shu joylarga tushib, tez orada gullaydi va shu tariqa milliy qadriyatlarimiz zavol topadi. Ko'nglimizdagi ma'naviy olamni bog'u bo'stonga aylantirish esa ma'naviyat ahli, ommaviy axborot vositalarining… asl vazifasidir.

“Gazeta bir kun yashaydi”, deyishadi. Lekin, men o'zimga yoqqan bir qancha gazetalarni sonma-son tikib boraman, bu taxlam tobora qalinlashib bormoqda. Shuning uchun men “Gazeta bir kun yashaydi” degan gapni yaxshi jurnalistga, yaxshi gazetaga nisbatan ayta olmayman. Shu jihatdan, ma'naviyat – ma'rifat, adabiyotni mayoq qilib, odamlar qalbiga ezgulik urug'ini ekayotgan nashrlarni alqayman.

Toshtemir TURDIYEV,

Denov tuman ma'naviyat va ma'rifat bo'limi rahbari,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × two =