Rag'batga ham bog'liq ekan-da!

Maktabda o'zlashtirishi yaxshi bo'lgan bolalarga o'qituvchilar doimo yaxshi munosabatda bo'ladilar. Ularni boshqa bolalarga ibrat qilib ko'rsatishadi. Yomon o'qiydigan, bo'sh yoki asov o'quvchilarni bilib-bilmay kamsitib qo'yishlari ham ko'p kuzatilgan. Bolalarning bilimi, yurish-turishiga qarab “bashoratchi”lik qiladilar: “Sendan zo'r iqtisodchi chiqadi”, “Sen kelajakda badavlat odam bo'lasan”, “Sening diplomat, prokuror yoki advokat bo'lishingga ishonaman” yoki aksincha, “Sen tepsa tebranmas, ota-onaning sho'ri”, “Sendan faqat olibsotar, chayqovchi chiqishi mumkin”, “Odamlarga har xil xizmatchilar ham kerak”, “Sendaqalar bo'lmasa ko'chani kim tozalaydi?”, “Sen bu yurishda go'r ham bo'lmaysan” va hokazo.

To'g'risi, bunday “bashorat”chilik ko'pincha o'zini oqlamaydi. Ba'zi o'qituvchilarga bilimli hisoblangan, tirishqoq ko'ringan o'quvchilarning turmushda to'g'ri yo'lni topolmay, hayot so'qmoqlarida qo­qil­­­ganlarini ko'p ko'rganmiz. Sinfimizda Muzaffar degan o'rtog'imiz bo'lardi. U o'z ismini yozolmas, ko'paytirish jadvalini maktabni tugatgunimizga qadar ham yodlay olmagan. Ko'p bolalar ta'til chog'lari turli to'garaklarga borib, oliy o'quv yurtlariga kirishga tayyorgarlik ko'rishsa, u mahalliy ustalarga yordamchilik qilardi. O'qishga ishtiyoqmandlarning biri o'qishga kirdi, biri kirolmadi. Muzaffar esa Toshkentga kelib har xil ustalarga yordamchilikni davom ettirdi. Yaxshi bir usta bo'lib yetishdi. Bora-bora o'zi ham ko'p qavatli uylar quradigan quruvchi-biznesmenga aylandi. O'sha o'rtog'imiz bugungi kunda hammamizdan ham yaxshi yashaydi. Oladigan maoshimiz uning daromadlari oldida hech narsa bo'lmay qoldi. Endi ayting, uning taqdiridan xabardor o'sha “bashoratchi” ustozlari uni ko'rganda xijolatdan qay ko'yga tushadilar? Bir o'qituvchi unga: “Sen ertaga maktabga kelma, komissiya keladi, obro'yimizni to'kishing mumkin” degandi. Bugun o'sha o'qituvchi gapini eslay olarmikin? Yoki eslasa ham hech narsa bo'lmaganday Muzaffar bilan ko'rishib ketaverarmikan?

To'g'ri, o'quvchilar orasida rag'batga munosibi ham, nomunosibi ham bo'ladi. Ammo hech bir o'quvchiga past nazarda qarash yaramaydi. Ba'zi bolada o'zlashtirish imkoniyati barvaqtroq, bosh­qalarida kechroq ochilishi mumkin. Ularni qiziqqan sohasiga yo'naltira olish kerak.

Shu o'rinda mashhur qiziqchi Hojiboy Tojiboyevning Napoleon Bonapartning onasi uni qanday uyg'otishini o'zbeklarning farzandini qanday uyg'otishi bilan qiyoslagan kulgili hangomasini eslab ko'raylik-a? Napoleonni ertalab shunday   uyg'otisharkan: “Janob, turing, sizni buyuk ishlar kutayapti”. Bizda-chi, bizda ayrim yurtdoshlarimiz qanday “erkalab” uyg'otishadi bolalarini: “Tureee, odam bo'lmay ket, haliyam yotibsanmi? Soat o'n bo'ldi. Hamma tashqarida yuribdi. Mollar och qoldi. San odam bo'lmaysan. Molga o'xshab yotishingni qara…”

Bu taxlit gaplardan kulamiz. Aslida yig'lashimiz kerak. Axir, bolalarni hayvonlarga qiyoslab so'kish, xo'rlash, hadeb boshqalarga solishtirish, “sendan hech qanday foyda yo'q”, “sendan hech kim chiqmaydi” deya ishonchini yo'qotish, “kelsang boshingni yoraman, qoning­­ni ichaman…” deb tahdid qilish, doim istaklarini rad qilib sababini tushuntirmaslik, “koshki o'lib qolsang…” kabi so'zlar bilan qarg'ash, farzandning sirlari va ayblarini begonalar oldida ochib tashlash, “muayyan bir ishni qilsang, seni yaxshi ko'raman” deya unda ta'maga mayl uyg'otish,   “Jim bo'l, gapirishga hali yoshlik qilasan” deya jerkish kabi hollar ular ruhiyatini cho'ktiradi. Unutmaylikki, har aytgan gapimiz avvalo, o'z ichki dunyo­imizni namoyon etadi. Kaykovus bejiz yozmagan edi: “Har kishining ahvoli o'z so'zida nihondir”. Qani edi hamma ham o'zaro suhbatlarda, ayniqsa, oila va ta'lim-tarbiya muassasalarida mazkur hikmatni hamisha yodda saqlasalar edi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × two =