Chumchuq so'ysa ham…

O'tgan asrning 80- yillari boshlarida kaminani “Sirdaryo haqiqati” gazetasiga ishga chorlashdi. Sababi, gazetaning har ikki sonida jamoatchi muxbir sifatida katta-kichik maqolalarim bilan ko'rinib turardim. O'sha paytlari gazetaga yangi ishga kelgan xodim ko'pincha   qishloq xo'jalik bo'limida sinov muddatini o'tar ekan. Gazeta haftasiga besh marta chiqar, qishloq xo'jaligi — tahririyatdagi eng katta bo'limda ish qaynab yotardi. Chunki o'sha paytlar Sirdaryo agrar viloyat bo'lganligi uchun gazetaning qariyb teng yarmi qishloq xo'jalik materiallari bilan to'lib chiqardi.

Kaminaga ajratilgan stolni tartibga keltirayotib, g'aladonda gazetalar to'la papkaga ko'zim tushib qoldi. Qiziqib ularni birma-bir varaqlab chiqdim. Unda Abdulla Qahhor, Nazir Safarov, Anatoliy Agranovskiy, Valentin Ovechkin, Vasiliy Peskov kabi adib va jurnalistlarning markaziy nashrlarda chiqqan dolzarb mavzudagi maqolalari jamlangan ekan. Keyin bilsam bu joy Sirdaryoning yetuk jurnalis­ti Muhammad Isamurodovga tegish­li bo'lib, qatnab ishlash uzoqlik qilganligi bois o'z tumani ─ Boyovutga qaytib ketgan ekan. O'sha paytlari uning “O'rtamiyonachilik”, “Markazga intilma kuch”, “Akatsiya” kabi problematik maqolalari “Guliston” jurnali, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetalarida bosilib, yaxshi ma'noda shov-shuvlarga sabab bo'lgan edi. Isamurodov o'z maqolalarida qishloq mavzusini maromiga yetkazib yoritardi.

Garchand g'o'za ichida o'sgan bo'lsam-da, Isamurodovga o'xshab yozganlarim tilga tushmadi. Madaniyat bo'limiga o'tgandan keyin ishlarim yurishib ketdi. O'qituvchidan chiqqan jurnalist bo'lganligim uchun ta'lim sohasidagi maqolalarim o'qirmanlar tomonidan yaxshi kutib olina boshladi. Keyingi paytlarda Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan ta'lim sohasiga alohida e'tibor qaratila boshlandi. Tahririyatimizda ta'lim, fan va sport bo'limi shakllantirildi. Ta'limning dolzarb muammolariga bag'ishlangan maqolalarim tilga tusha boshladi. Birgina misol, “Repetitor: olarmonmi yoxud balogardon?” sarlavhali maqolam gazeta sahifasida e'lon qilingach, viloyat hokimining farmoyishi bilan akademik litseylar va umumiy o'rta ta'lim maktablari qoshida bepul to'garaklar ochildi.

Nafsilambirini aytganda, mamlakatimiz OAVda keyingi yillarda jurnalistlarning ixtisoslashishi o'zining sezilarli natijalarini bera boshladi. Ayniqsa, huquqshunoslik va sport sohasida mahoratli jurnalistlar ko'zga tashlanib qoldi.

To'g'ri, viloyatlarda har doim ham o'z ishining ustasi bo'lgan jurnalistlarni topish anqoga shafe. Bunday kezda har bir sohaning mutaxassislariga buyurtma maqolalar berish o'zini birmuncha oqlaydi. Faqat ular yozgan matnni gazeta uslubiga moslash kerak bo'ladi. Qolaversa, tahririyat jamoatchi muxbirlar bilan ishlaganda ularning qiziqish­lariga qarab maqolalar yozishga rag'batlantirishi darkor. O'z tajribamdan bir misol. Akademik eshkak eshish bo'­yicha O'zbekiston chempioni Diloro Ibodullayeva Guliston davlat universitetida o'qib yurgan kezlarida gazetamizga kichik-kichik xabarlar yozib turdi. Talabalik paytlari mazkur sport haqida ikkita risola tayyorladi. Har ikki risola “Ziyo” nashriyotida kitob holida bosmadan chiqdi. Ayni paytda Diloro Boyovut tumani turizm va sport bo'limida xodim bo'lib ishlamoqda. Tahririyatimizga hududdagi sport yangiliklari haqida xabarlar yo'llab turibdi.

So'nggi paytlarda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo'limi qo'shni viloyatlar jurnalistlari bilan qo'shma tadbirlar o'tkazishni taomilga kiritdi. Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatlari jurnalistlari bilan o'tkazilgan anjumanlar ana shular sirasiga kiradi. Mazkur tadbirlarda o'zaro fikr almashilmoqda, bosma nashrlarni o'qish­li qilish bo'yicha taklif-mulohazalar bildirilmoqda. Masalan, Jizzax viloyati jurnalistlari bilan muloqot chog'ida faxriy jurnalist, “Shuhrat” medali sohibi Elmurod Mavlonov viloyat gazetalarida siyosiy sharhlovchi zarurligini o'rtaga tashladi. Darvoqe, bugungi olatasir zamonda dunyoda ro'y berayotgan siyosiy voqealarni mushtariylarga lo'nda va aniq-tiniq tushuntirib berish OAVning asosiy missiyalaridan biri sanaladi.

Xalqimiz bejiz, chumchuq so'ysa ham qassob so'ysin, demagan-da.

Muhammadali AHMAD,

“Yangi Sirdaryo” gazetasi bo'lim

mudiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 2 =