Yasama atamalar
Yaqinda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining nomi O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi deb o'zgartirildi va to'g'ri qilindi. Nufuzli tashkilotning nomidagi “ijodiy” so'zi mazkur atamaga yuzga chiqqan so'galday ortiqchalik qilib turgandi. Chunki “jurnalist” so'zining tagzamirida ijodkor ma'nosi ham mujassamligi ikki o'n besh bir o'ttizdek ayon haqiqatdir. Boshqacha aytganda, “jurnalist” va “ijod” so'zlarining ma'nolari bir-biriga yaqin sinonim so'zlar desak, aslo xato qilmaymiz.
Prezidentimizning professional bayramimiz arafasida imzo chekkan “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorning 7-bandida bu “O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi oliy organi qarori bilan O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi deb qayta nomlangani ma'lumot uchun qabul qilinsin”, deya muhrlab qo'yildi.
Xuddi shu yerda o'zimizning ba'zi bir mulohazalarimizni aytishni joiz deb bildik. Uzoq emas yaqin o'tmishda uyushmamiz yuqorida nomi zikr etilgan qarorda ko'rsatilgandek, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi deb atalardi. Kimlarningdir “bilimdonligi” tufayli risoladagidek atama tupiklab yopishtirilgan “ijodiy” so'zi bilan to'ldirildi. Bunday hol atamashunosligimizda yagona hodisa emas. Keling, misollarga murojaat qilaylik. “Xalq ta'limi bo'limi” atamasi (shahar va tumanlardagi) uzundan-uzoq, aytganda nafasing qaytib ketadigan, yozganda ham ancha joyni egallaydigan (qog'ozni ham tejash kerak), uncha-muncha odamning xotirasida turmaydigan “xalq ta'limi bo'limini metodik ta'minlash va tashkil etish” bo'limi atamasi bilan almashtirildi. Oddiygina, hamma tushunadigan nom o'rnini g'aliz bir atama egalladi. Bu kabi atamalarni o'zgartirish uchun davlat buyudjetidan qancha mablag' sarflanganini hisoblab ko'rsangiz, labingizga uchuq chiqib ketadi.
— O'sha paytlari Guliston shahar xalq ta'limi bo'limi mudiri lavozimida faoliyat olib borardim, — deydi Ra'no Abdujalilova. – Bo'limimiz nomi o'zgarishi bilan muhrlarimiz va shtamplarimiz (ular 7 ta edi), peshlavhalarimiz ham o'zgardi. Eng katta qiyinchilik umumta'lim maktablari gardaniga tushdi. Ular ham muhrlari, peshlavhalari, ichki hujjatlarini to'liq o'zgartirishdi. Respublikamizda 10 mingdan ziyod maktabning boshiga shunday tashvish tushdi. Ularni pulga chaqadigan bo'lsak, million-million so'm mablag' bo'ladi. 2011-2014 yillar miyonasida ana shunday uzun nom bilan yurdik. Haqiqat qaror topib avvalgi sodda, hammaning qulog'iga singib ketgan “XALQ TA'LIMI BO'LIMI” degan atamaga qaytdik.
Eski atamaga qaytilgani adolatdan bo'lgan. Biroq bu yumushni yana amalga oshirish uchun davlat byudjetidan ketgan yana bir necha yuz million (balki milliard)lab so'm mablag'ning joyini kim to'ldiradi? O'zini aqlli deb bilgan bir rahbarning xohishi bilan atamalar o'zgaraversa, mamlakatimizda rivojlanish bo'ladimi?! Xalqning pulini yelga sovirgan bu kimsalar jazo olmaydimi? Hukumat va Atamashunoslik qo'mitasi bu masalada qachon o'z so'zini aytadi?
2021 yil o'g'lim va kelinim O'zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasiga qabul qilindi. Guvohnomadagi shu atamani o'qib ensam qotdi. “Badiiy ijod” keng qamrovli tushuncha. Jurnalistdan tortib, yozuvchigacha, aktyordan tortib, shoirgacha, rejissyordan tortib, rassomgacha bari badiiy ijod bilan shug'ullanadi. Ilgarilari bu atama oddiygina, boz ustiga, aniq-tiniq “O'zbekiston rassomlar uyushmasi” deb yuritilardi. Yangi nomning nihoyatda mavhumligi uyushma a'zolarining ham hafsalasini pir qilgan bo'lsa, ne ajab!
O'tgan yili “Ishonch” gazetasiga “Atama o'zgarishi qanchaga tushmoqda?” sarlavhali kaftdekkina mulohazali maqola yozgan edik. (“Ishonch”, 2021 yil 27 fevral (№27) soni) Unda ikkita atamaning noto'g'ri (bizningcha) o'zgartirilganiga munosabat bildirgandik. Shulardan birinchisi “bolalar va o'smirlar sport maktabi” atamasining “bolalar-o'smirlar sport maktabi” deya o'zgartirilishidir. Til qonunlariga nazar tashlaydigan bo'lsak, “va” bog'lovchisi defis bilan bir xil kuchga ega ekan. Ya'ni sinonimik xususiyat kasb etarkan. Xo'sh, nega unda noto'g'ri o'zgarishdan davlatimiz byudjeti millionlab so'm zarar ko'rishi kerak?! O'zingizga ma'lum: respublikamiz shahar va tumanlarida kamida bittadan, ayrim aholisi va hududi katta regionlarda esa ikki-uchtadan BO'SM (bolalar-o'smirlar sport maktabi) faoliyat yuritadi. Mazkur maktablarning muhri, shtampi, peshlavhalari, ichki hujjatlarini almashtirshga ketgan mablag'ni hisoblab chiqadigan bo'lsak, kattagina raqam kelib chiqadi.
Yana bir misol: shu paytgacha bolalar bog'chalari maktabgacha ta'lim muassasasi deb yuritilar edi. 2020 yildan bu atama maktabgacha ta'lim tashkiloti deb o'zgartirildi. “O'zbek tilining izohli lug'ati”da “muassasa” so'ziga shunday izoh beriladi: “Xo'jalik, savdo-sotiq va shu kabilarning biror sohasini boshqaruvchi yoki ilmiy, ta'lim-tarbiya ishlarini olib boruvchi, belgili shtat va ma'muriyatga ega bo'lgan tashkilot” (qarang: “O'zbek tilining izohli lug'ati”, “O'zbekiston” nashriyoti, 5 jildlik, 2-jild, 622-623-betlar). Shu o'rinda haqli savol tug'iladi: xalqimiz nutqiga singib ketgan maktabgacha ta'lim muassasasi atamasi nega “maktabgacha ta'lim tashkiloti”ga aylantirildi. Bu atamalar orasida katta farq bormi? Yana izohli lug'atga murojaat qilamiz. “Tashkilot – aniq tarkib va vazifasiga, ish dasturiga ega bo'lgan ijtimoiy, xo'jalik birlashmasi yoki davlat muassasasi” (qarang: o'sha kitob, 4-jild, 22-bet) Bunday olib qaraganda bu ikki atamaning orasida Xitoy devori yo'q.
Yuqoridagi misollardan ko'rinib turibdiki, mamlakatimizda atamashunoslik masalalari maqtanadigan darajada yo'lga qo'yilmagan. Iste'moldagi atamalarni sinchiklab ko'zdan kechirsak, bu kabi tishga tegadigan g'alizliklar istalgancha topiladi. Aslida, atamalarni o'zgartirish shu sohaning yetuk vakillari bilan maslahatlashilgan holda respublika Atamashunoslik qo'mitasining (agar shunday tashkilot hozir ham faoliyat yuritayotgan bo'lsa?!) “fotiha”si bilan muomalaga kiritilishi kerak emasmi?! Zero, bu jabhada aslo o'zibo'larchilikka yo'l qo'yib bo'lmaydi. Inchunun, bu yumush davlat ahamiyatiga molik masaladir.
Muhammadali AHMAD,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi